Vatanga askarday fidoyi qalam

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi O‘zbekiston faxriylarini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi bilan hamkorlikda 9 may — Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan «Vatanga  askarday fidoyi qalam» mavzuidagi davra suhbati o‘tkazildi.

 

Faxriy jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, talaba-yoshlar ishtirok etgan anjumanda Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan hamda front ortida mehnat qilgan jurnalistlar  xotirasi yodga olindi. Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tomonidan urush qatnashchilariga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani alohida ta’kidlandi.

Darhaqiqat, insoniyat tarixida eng dahshatli kechgan Ikkinchi jahon urushida 1,5 milliondan ortiq o‘zbekistonlik qatnashgan. Ularning yarim milliondan ziyodi halok bo‘lgan, 133 ming nafarga yaqini bedarak ketgan. 60 mingdan ortiq vatandoshimiz esa urushdan nogiron bo‘lib qaytgan.

Albatta, bular — shunchaki statistik ma’lumotlar emas. Bu raqamlar zamirida xalqimiz boshidan kechirgan mudhish urush oqibatlarini hech qachon unutmaslikka da’vat mujassam. Shu bilan birga, bugungi tinch va go‘zal hayotning qadriga yetib, doimo hushyor va ogoh bo‘lishga, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

— Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 74 yilligiga bag‘ishlangan tantatanali tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev  urushning og‘ir oqibatlari borasida batafsil to‘xtalar ekan,  xalqimizning qalbidagi jarohat izlari aslo bitmasligini alohida ta’kidladi, — dedi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov. — Bu urushda qalam ahli, jumladan, o‘zbek jurnalistlari ham old qatorlarda turib, fidoyilik ko‘rsatdilar. Buni tarixdan ko‘p bor o‘qiganmiz. Ularning xotiralarini yod etish siz-u biz uchun ham qarz, ham farzdir.  

— Urush yillarining qiyinchiliklarini men ham o‘z boshimdan o‘tkazganman, —dedi O‘zbekiston faxriylarini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi raisi Shuhrat Jalilov. —  Otam urushda halok  bo‘lgan. Urush yillari amakim, tog‘alarim — jami 11 nafar jigarimizdan judo bo‘lganmiz. Shukr, qahatchilikni, yetimlikni yengib o‘tdik. Bunday og‘ir kunlarni hech kimning boshiga solmasin. Bugun mamlakatimizda urush qatnashchilariga va ularning oila a’zolariga e’tibor har qachongidan oshdi. Lekin urush qatnashchilarining safi yildan yilga siyraklashib borayapti. Biz, nuroniylar va jurnalistlar, ota-bobolarimizning jasoratini yoshlarimizga yetkazishimiz kerak. Bu borada hamkorlikda ishlasak, o‘ylaymanki, barchamiz uchun foydali bo‘ladi. «Nuroniy» jamg‘armasi fashizm ustidan qozonilgan o‘alabaning 75 yilligiga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan qator tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha kelishib oldi. 

Urush yillarida respublika ommaviy axborot vositalari xalqni front uchun, g‘alaba uchun safarbar etishga, elni g‘oyaviy-siyosiy jihatdan tarbiyalashda muhim vosita bo‘lib xizmat qildi. O‘sha yillari O‘zbekistonda ikki yuzga yaqin gazeta, shundan, 124 tasi o‘zbek tilida, 52 jurnal, shundan, yigirmaga yaqini o‘zbek tilida nashr etilgan. 

Gazetalar va jurnallar sahifalarida frontdagi vaziyat, respublika mehnat jamoalarining fidokorona mehnati, qiyinchiliklarni yengish borasida xalqimiz ko‘rsatayotgan mislsiz jasorat keng yoritib borilgan.  O‘zbekistonning bir guruh jurnalistlari frontga yuborilgan. To‘lqin Rustamov, Rasul Muhammadiy, Jalolxon Azizxonov, Rustam Abdurahmonov, Adham Rahmat, Sharif Bo‘latov, Muhammadjon Murodov shular jumlasidandir. Ular front gazetalarida xizmat qilganlar. Ibrohim Rahim, Sharof Rashidov, Nazir Safarov, Mirzakalon Ismoiliy, Zinnat Fatxullin, Meli Jo‘ra, To‘g‘on Ernazarov, Sulton Jo‘ra kabi taniqli adib va publitsistlar o‘z asarlarida urush suronlari hamda o‘zbek jangchilarining jasoratini qalamga olishgan. 

Harbiy jurnalistlarning Vatanga muhabbat ruhi bilan yo‘g‘rilgan ijodi yosh avlod uchun doimo ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.

Tadbirda yurtimiz ommaviy axborot vositalari rivojiga munosib hissa qo‘shgan faxriy jurnalistlar — Saydi Umirov, Alinazar Egamnazarov, Sa’dulla Hakimov,  Qaldibek Seydanov, Irismat Abduholiqovga Prezidentimiz tomonidan ta’sis etilgan  “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari  topshirildi.

 Jobir XO‘JAQULOV.

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2019
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.