Po‘lat BOBOJONOV: Odamlar tinch- xotirjam yashashi uchun harakat qilyapmiz

Tinchlik va osoyishtalikni saqlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Ayniqsa, bugungidek dunyo tahlikalar ichra qalqib turgan, siyosiy nizolar, axborot, xalqaro terrorizm va ekstremizm xurujlari avj olgan bir davrda ichki ishlar organlarining mas’uliyati yanada oshadi. Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichini boshlab bergan 2017 yildan e’tiboran barcha sohalar faoliyati tubdan isloh qilinib, “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ezgu g‘oya hayotimizning bosh  — mezoniga aylandi. 

 

Quyida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat BOBOJONOV bilan “Hurriyat” gazetasi Bosh muharririning suhbati IIV va tizimlarida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayoni xususida kechdi.

— Po‘lat Razzoqovich, bugun barcha sohalarda bo‘lgani kabi, ichki ishlar organlari tizimida ham islohotlar jarayoni davom etmoqda. Mamlakat tinchligi, aholi xavfsizligini ta’minlash vazifalari ijrosini yuqori bosqichga ko‘tarish  borasida keyingi yillarda qanday ishlar amalga oshirildi?

— Jamoat tartibini saqlash, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlashda ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish maqsadida 2017 yildan buyon 90 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat, 18 ta idoralararo qo‘shma qaror hamda 122 ta idoraviy hujjat qabul qilindi. 

Islohotlar jarayonida zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarni, bajarilayotgan ishlar muhimligi va ko‘lamini e’tiborga olgan holda ichki ishlar organlari barcha darajadagi bo‘linmalarining vazifa va funktsiyalari aniq belgilandi hamda taqsimlandi, tashkiliy-shtat tuzilmasini maqbullashtirish, kuch va vositalardan oqilona foydalanish choralari ko‘rildi. Bunda asosiy e’tibor ichki ishlar organlarini aholiga yaqinlashtirishga qaratildi. Shu maqsadda Vazirlik va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari apparati shaxsiy tarkibi 70 foizga qisqartirildi. Buning hisobiga quyi tizimdagi ichki ishlar organlari xodimlari to‘rt barobarga ko‘paytirildi.

Aholiga qulaylik yaratishni ko‘zlab hududiy ichki ishlar bo‘limlari tashkil etildi. Ilgari shahar sharoitida bitta ichki ishlar bo‘limiga 50-60 ta mahallaning hududi to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni o‘rtacha 5-6 tani tashkil etmoqda. Bu esa o‘z samarasini berib, fuqarolar bilan yaqindan muloqot qilinib, ularning muammolari qisqa vaqt ichida  hal etilmoqda, aksar jinoyatlar “issiq izidan” fosh etilyapti. 

Prezidentimiz oldimizga qo‘ygan vazifadan kelib chiqib jinoyatchilikni va huquqbuzarliklarning erta oldini olish choralarini ko‘ryapmiz. Bu borada asosiy mas’uliyat profilaktika inspektorlari zimmasiga tushgani uchun ular xizmat funktsiyasiga kirmaydigan ishlardan ozod etilmoqda. Profilaktika inspektorlariga o‘zi ishlaydigan hududdan xizmat uyi ajratilmoqda. Bu kechayu kunduz o‘ziga biriktirilgan mahalladagi kriminogen vaziyatdan xabardor bo‘ladi degani. 

Markaziy va o‘rta bo‘g‘inning shtat birliklari qisqartirilib, profilaktika inspektorlari soni 22 foizga ko‘paytirildi. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 3 avgustdagi qaroriga muvofiq, profilaktika inspektorlarining 7024 nafari imtiyozli kredit asosida avtomashinalar bilan ta’minlandi. Bugungi kunda ular hech bir qiyinchiliksiz fuqarolar murojaatlari yuzasidan manzillarga tezkorlik bilan yetib borib, ko‘tarilgan muammolarni o‘z vaqtida hal qilishmoqda.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev profilaktika inspektorlari kelgusida o‘z xizmat faoliyatini “Ichki ishlar organlarining mahalladagi vakili emas, balki mahallaning ichki ishlar organlaridagi vakili sifatida olib borishi va o‘z hisobotlarini ana shu tamoyildan kelib chiqqan holda taqdim etishi lozim” degan edilar. Ana shu talabdan kelib chiqib hozirgi paytda profilaktika inspektorlari fuqarolar yig‘ini kengashi tarkibiga kiritildi. Har oyda yig‘in tomonidan ularning hisobotini eshitish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.

Mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida faoliyat ko‘rsatib kelgan ichki ishlar organlari tayanch punktlari soni ko‘paytirildi. Tayanch punktlarining mahalla fuqarolar yig‘ini bilan bir binoda bo‘lishi huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish va jamoat xavfsizligini ta’minlashda ijobiy samarasini berayotir.

Yaqinda mahallalarda profilaktika inspektorlarining yordamchilari ham o‘z faoliyatini boshladi. Ular maxsus kiyim bosh bilan va bosqichma-bosqich velosipedlar bilan ta’minlanishi alohida e’tiborga molik. Bu o‘z nomidan ham ko‘rinib turibdiki, jamoat tartibini saqlashda, huquqbuzarliklarning oldini olishda profilaktika inspektorlariga ko‘maklashadi, “Fidokor yoshlar” guruhi va “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi faoliyatiga rahbarlik qiladi.

Yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish muhim vazifa hisoblanadi. Shu sababli davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga ko‘ra shahar-tuman ichki ishlar organlari boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. Xotin-qizlar qo‘mitalari bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Respublikamiz bo‘ylab 6496 ta “Jamoatchilik nazorati maskanlari” tashkil etildi. Ularda xizmat olib borishga har kuni 21 mingdan ortiq jamoatchilik vakillari jalb qilinmoqda. Bunday sa’y-harakatlarning samarasi o‘laroq, 2018 yilda 2 301 ta yoki 25 foiz, joriy yilning birinchi choragida esa 7038 ta yoki 78 foiz mahallalarda jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi. 

Jamoat tartibining ishonchli saqlanishini ta’minlash maqsadida, 

2018 yilning iyul oyidan Toshkent shahrida, sentyabr oyidan barcha viloyat markazlarida uch smenali, ya’ni tunu kun patrullik xizmati tashkil etildi. Har kuni ichki ishlar organlari xodimlari, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va jamoatchilik vakillaridan iborat patrul-post naryadlari xizmat o‘tamoqda. Patrullar soni Toshkent shahrida 2 barobar, viloyat markazlarida 4 barobarga ko‘paydi. Jamoat joylarida patrullik xizmatini o‘tashga “Fidokor yoshlar” guruhi a’zolari ham ko‘maklashmoqda.

Jamoat joylarida tezkor vaziyatni doimiy ravishda kuzatib borish, patrul naryadlari ishini muvofiqlashtirish maqsadida, 250 mingdan ortiq video kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Ularning 2214 tasi ichki ishlar organlari navbatchilik qismlariga ulandi. Situatsion markazlar ishga tushirildi. Mahallalarda esa kriminogen vaziyatni o‘zida aks ettiruvchi geoinformatsion xaritalarni bosqichma-bosqich joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda. Shu yo‘nalishda Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon viloyatlarida ish boshlangan. 

Endilikda patrullik xizmatining kuch va vositalari bevosita odamni yuzidan tanib olish maxsus moslamasi va aloqa vositalari bilan jihozlangan avtobus, patrul-post xizmatining ko‘chma budkalari bazasida tashkil etilgan mobil punktlar orqali boshqarilmoqda. O‘tish qiyin bo‘lgan hududlardagi patrul-post xizmati xodimlari motoskuter bilan ta’minlandi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida, jamoat joylarida sodir etilgan jinoyatlar 2018 yilda 42 foizga kamayishiga erishildi.  

Mamlakatimizga tashrif buyuruvchi mehmonlarning xavfsizligini ta’minlash ham diqqat markazimizda. Toshkent, Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz shaharlari, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlarida xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari tashkil etildi. Ana shu yangi sohaviy xizmat xodimlarining sa’y-harakatlari bilan o‘tgan qisqa vaqt ichida yurtimizga tashrif buyurgan 131 ta xorijiy davlat delegatsiyalari va 7 milliondan ortiq turistning xavfsizligi ta’minlandi.

— Davlatimiz rahbari “Odamlar ichki ishlar organining har bir xodimida o‘z himoyachisini ko‘rishi kerak”, degan edilar. Bunday talabga yarasha yuqorida aytganingizdek, tizim xodimlariga munosib shart-sharoitlar yaratib berildi, ular moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bugun tizimda davlatimiz rahbarining ushbu da’vatiga munosib kadrlar yetarlimi? 

— Har qanday sohada ham yaratilgan shart-sharoitlar, mustahkam moddiy-texnika bazasi qanchalik ahamiyatga ega bo‘lmasin, ishning muvaffaqiyati birinchi galda kadrlar salohiyatiga bog‘liq. Shu boisdan davlatimiz rahbariyati ichki ishlar organlari uchun zamon talablariga javob beradigan, malakali kadrlar tayyorlash borasida muntazam ravishda g‘amxo‘rlik qilib kelmoqda. 

Ha, shubhasiz, jinoyatchilikka qarshi kurashishda kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi muhim ahamiyat kasb etadi. Islohotlar jarayonida hozirgi zamon talablariga to‘liq javob beradigan, sifatli kadrlar tayyorlashning professional tizimi tashkil etildi. Vazirlik Akademiyasiga nomzodlarni qabul qilish kvotalari 200 nafarga oshirildi. Ushbu ta’lim muassasasida yangidan “Yo‘l-harakati xavfsizligini ta’minlash faoliyati”, “Xizmat faoliyatini psixologik ta’minlash faoliyati” va “Jinoiy jazolarni ijro etish faoliyati” mutaxassisliklari tashkil etildi. Hozirda 7 yo‘nalishda mutaxassislar qayta tayyorlanadi. Akademiyada 29 nafar fan doktori va 56 yuridik fanlari nomzodi kursant va tinglovchilarga bilim beradi, ikkita ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatadi. 

IIV tasarrufida ikkita ichki ishlar organlari xodimlarini boshlang‘ich tayyorlash va malakasini oshirish markazi mavjud. Xodimlarimizning bilimlarini boyitish va chuqurlashtirish, xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rgatish maqsadida Malaka oshirish instituti faoliyat ko‘rsatmoqda. Belgilangan reja asosida Institut tomonidan joylardagi ichki ishlar idoralarining sohaviy xizmatlari xodimlari bilan sayyor  o‘quv yig‘inlari o‘tkazilmoqda.

Tizimdagi profilaktika inspektorlari lavozimlarini huquqshunos xodimlar bilan to‘ldirishga qaratilgan ishlarni jadallashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 fevraldagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida yuridik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali tashkil etildi.

Filial bakalavriatiga qabul kvotasi yiliga 225 kishi, kadrlarni qayta tayyorlash dasturi bo‘yicha esa har olti oyda 50 kishi etib belgilandi. Jizzax politexnika instituti negizida Jizzax viloyati ichki ishlar organlarining oliy noyuridik ma’lumotga ega bo‘lgan xodimlarini qayta tayyorlash sayyor kursi tashkil etildi. Hozirgi kunda 49 nafar profilaktika inspektori ushbu kursda malaka oshirmoqda.

Joriy yilda IIV Akademiyasini huquqbuzarliklar profilaktikasi yo‘nalishida bitiruvchi 108 nafar tinglovchini profilaktika inspektorlari lavozimiga jamlash rejalashtirildi. 

Har bir viloyatda, Qoraqalpog‘iston Respublikasida va Toshkent shahrida IIVning akademik litseylari tashkil etilganidan ham ayni Prezidentimizning da’vatiga “labbay” deb javob bera oladigan kadrlar tayyorlash maqsadi ko‘zlangan. Kelasi yildan IIV Akademiyasiga ana shu litseylarning bitiruvchilari orasidan eng munosiblari tanlab olinadi. O‘qishga kira olmaganlari esa ichki ishlar organlari safdor xodimlari safiga qabul qilinadi. Chunki ular litseyda uch yil davomida tahsil olish jarayonida sohaga oid muayyan bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishadi. Ko‘rib turganingizdek, sohamiz uchun malakali kadrlar tayyorlashning izchil tizimi yaratilgan.  Bundan tashqari, akademik litseylarda IIV Malaka oshirish instituti bilan ichki ishlar organlari xodimlarini masofaviy o‘qitish rejalashtirilgan. 

— Po‘lat Razzoqovich, Siz vazir sifatida ish boshlaganingizdan so‘ng tizimda, quyi bo‘g‘inlarda muayyan kadrlar almashinuvi ham amalga oshirildi. Bunda asosan nimalarga e’tibor qaratildi? Avvalgi qanday jihatlar sizga ma’qul tushmadi?

— Endi eskichasiga ishlab bo‘lmaydi. Kabinetda o‘tirib buyruqbozlik qilish zamoni o‘tdi. Rahbar xalqning ichida bo‘lishi, uning dardu tashvishini yaxshi o‘rganishi, o‘z dardu tashvishi deb bilishi lozim. Bu borada Yurtboshimizdan o‘rnak olishimiz kerak. Boshqalarga “boshchilik qilaman” degan odam izlanuvchan, tashabbuskor, talabchan bo‘lishi, kezi kelganda g‘amxo‘rlikni ham o‘rniga qo‘yishi, sohaga innovatsion yondashishi, yangicha fikrlashi lozim. Ana shu talablarga javob bera olmaydigan rahbarlar bilan “xayrlashyapmiz”. Qolaversa, yosh kadrlarga ishonch bildiryapmiz. Ammo ishni eplolmasa, ularni ham ayab o‘tirmaymiz.

Nafaqat rahbarlar, balki oddiy xodimlarga nisbatan ham talab yuqori. Bugungi kunda o‘z ustida ishlamaydigan, kasb mahoratini, bilimlarini tinimsiz oshirib bormaydigan, “kunim o‘tsa bo‘ldi” deydigan xodim tizimimizda ishlay olmaydi. U fidoyi, halol, g‘ayrat-shijoatli, eng asosiysi xalqqa xizmat qiladigan xodim bo‘lishi darkor. Faqat o‘zining manfaatini, tinchini o‘ylaydigan xodim ham, rahbar ham bizga kerak emas. Zamonning talabi — shu.

— Tizimda jinoyatlarni tezkor yo‘llar bilan fosh etishda xalqaro tajribalarni o‘rganish masalasi qanday? Sizningcha, soha xodimlari yana nimalarni o‘rganishi kerak?

— Avvalambor shuni alohida ta’kidlash joizki, jinoyatga jazo muqarrarligini ta’minlash jinoyatchilik kamayishining muhim omillaridan biridir. Joriy yilning to‘rt oyi davomida 12935 ta jinoyat ishi tergov qilindi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2722 ta, ya’ni 17,4 foiz kam demakdir. Bunday natijaga olib borilgan profilaktik chora-tadbirlar tufayli erishildi. Shundan 9414 ta jinoyat ishi tamomlangan, 6113 tasi sudga, jumladan yarashuv qaroriga asosan 870 ta, amnistiya aktiga asosan esa 41 ta jinoyat ishi  sudga yuborildi. 3301 ta jinoyat ishi tugatildi. To‘xtatilgan jinoyat ishlari 616 tani tashkil etdi. Fuqarolar, davlat, tashkilot va muassasalarga yetkazilgan zararning 87,5 foizi dastlabki tergov jarayonida qoplangan. 

Bugungi kunda ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishda xorijiy mamlakatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlik qilish har qachongidanda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ichki ishlar vazirligining xalqaro hamkorlik ko‘lami ikki tomonlama va ko‘p tomonlama doirada jadallik bilan kengayishda davom etmoqda. Jumladan, bugungi kunda Vazirligimiz O‘zbekiston Respublikasi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan deyarli barcha mamlakatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan aloqalarni o‘rnatgan.

Birgina, 2018 yil va joriy yilning birinchi choragi tahliliga qaraydigan bo‘lsak, MDH ishtirokchi davlatlari ichki ishlar organlari, yaqin va uzoq xorijiy mamlakatlar (Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur, Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston, BAA, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Isroil, AQSh, Germaniya, Frantsiya, Angliya, Italiya, Vengriya, Norvegiya va boshqa) davlatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamda bir qator xalqaro tashkilotlar va tuzilmalar bilan hamkorligimizni mustahkamlash va rivojlantirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, o‘tgan davr mobaynida xorijiy hamkorlar bilan birgalikda respublikamizda 200 dan ortiq konferentsiya, seminar, trening va turli darajadagi uchrashuvlar o‘tkazilib, ularda 780 nafar ichki ishlar organlari xodimlari ishtirok etdilar. Shuningdek, 700 ga yaqin ichki ishlar organlari xodimlari xorijiy mamlakatlarda tashkil etilgan turli darajadagi 230 dan ortiq tadbir va uchrashuvlarda ishtirok etdilar.

Joriy yilning 30 may — 1 iyun kunlari Toshkent shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlarining ichki ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda. Ushbu nufuzli tadbirda Hamdo‘stlik mamlakatlari ichki ishlar organlari, politsiya hamda xalqaro tashkilot va tuzilmalardan 80 dan ortiq yuqori martabali vakillar ishtirok etishi kutilmoqda. O‘ylaymanki, mazkur tadbir xorijiy mamlakatlar ichki ishlar vazirliklari bilan barcha yo‘nalishlarda, shu jumladan tezkor yo‘llar bilan jinoyatlarni fosh etish borasida o‘zaro tajriba almashishni, hamkorligimizni yanada yuqori darajaga olib chiqadi.

Jinoyatlarning oldini olish, fosh etish va tergov harakatlari o‘tkazishda kriminalistik vositalardan foydalanish katta ahamiyat kasb etadi. Ana shu omil nazarda tutilib, IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazida maxsus tadqiqotlar yo‘nalishidagi ekspertizalarni o‘tkazishda qulaylik yaratish, fizika-kimyo, portlash texnikasi, avtotexnika ekspertizalarini o‘tkazish, tadqiqotlarning ilg‘or usul va uslublarini joriy etish uchun O‘zbekistonda yagona Maxsus ekspertizalar markazi tashkil etildi. Bundan tashqari, barcha hujjatlarni va dunyo mamlakatlari pul birliklarini haqiqiyligini aniqlash, texnik-kriminalistik ekspertiza o‘tkazishga mo‘ljallangan “Regula 4305 DMH” videokomparatori va ma’lumotlar bazasidan tadqiqotlar o‘tkazishda foydalanilmoqda.

IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq qilish va rivojlantirish bo‘linmasi tashkil etilib, xalqaro «Assess Data» kompaniyasi tomonidan markazning ikki nafar xodimiga raqamli tadqiqotlarni mustaqil o‘tkazish huquqini beruvchi xalqaro namunadagi sertifikatlar berildi. Bosh markazga Koreya Respublikasi Bosh prokuraturasi Raqamli ekspertizalar milliy markazi tomonidan mobil qurilmalarni (telefon, smartfon, planshet) ekspert tadqiq qiluvchi kompleks taqdim etildi. Undan mobil qurilmalar xotirasidan o‘chirib tashlangan ish uchun ahamiyatli ma’lumotlarni tiklashda foydalanilmoqda.  IIV EKBM va hududiy bo‘linmalarini maxsus kriminalistik laboratoriya avtomashinalar bilan ta’minlash rejalashtirilgan. 

Hozirgi kunda yurtimizda turizm rivojlanmoqda. Demak, tezkor xizmat xodimlari chet tillarini ham bilishi lozim. Xodimlarimiz uchun til o‘rganish kurslarini tashkil qilishimiz zarur.

— Hech kim jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Lekin jinoyatga jazo muqarrar. Ammo... Jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlarning ham o‘ziga yarasha huquqlari bor. Bundan besh-o‘n yil avvalgi JIEMlar bilan bugungi muassasalar o‘rtasida qanday farq bor? Ushbu yo‘nalishdagi o‘zgarishlar haqida ham to‘xtalsangiz.

— Xalqchil siyosat va aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan jarayonlar jazoni ijro etish tizimini ham chetlab o‘tgani yo‘q, albatta. O‘tgan davr mobaynida bu sohada ham qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ularning tub negizida bilib-bilmay jinoyat sodir etgan shaxslarning qonunchilikda belgilangan huquq va manfaatlarini to‘liq ta’minlash, jazo muddatini o‘tashi uchun qulay muhit yaratish maqsadi mujassam. 

Aytib o‘tishim joiz, Toshkent shahridagi 1-son Tergov hibsxonasi xalqaro standartlar asosida qurilgan yangi binoga ko‘chirildi. Bu yerda tergovchi va advokatlar xonalari tashkil etilib, advokat xonalaridan tashqari zamonaviy videokuzatuv moslamalari bilan jihozlandi. Inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan ishlar samaradorligini oshirish, uni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida nafaqat mazkur hibsxona, balki respublikamizdagi mavjud barcha tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalariga zamonaviy videokuzatuv moslamalari o‘rnatildi. Bu esa jazoni ijro etish joylarida saqlanayotgan va jazo muddatini o‘tayotgan fuqarolarning jinoyat-ijroiya qonunchiligida belgilangan huquq va manfaatlarini to‘laqonli himoya qilish, ular bilan bo‘ladigan o‘zaro munosabatlarda belgilangan qonun talablaridan chetga chiqmaslik, tergov jarayoni va saqlash sharoitlarining shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi. 

2017 yil 11 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lgan jazolarni ijro etish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish  chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorda belgilangan vazifalar doirasida o‘tgan davr mobaynida jazoni ijro etish tizimi faoliyati tubdan takomillashtirildi. Jumladan, bir qator koloniyalarda mahkumlar yotoqxonalari va yordamchi binolar bugungi kun talablari asosida yangidan qurilib foydalanishga topshirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli  farmoyishiga asosan 16 ta mahkumlar yotoqxonasi, uchta yordamchi bino va inshootlar qayta ta’mirlandi. Ayni paytda  bu kabi qurilish-ta’mirlash ishlari jadal davom ettirilib, jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar yotoqxonalari, yordamchi binolar bosqichma-bosqich bugungi kun talablari asosida qayta qurilib, xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilmoqda. 

Bilib-bilmay jinoyat sodir etib, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning ba’zi huquqlariga to‘xtalib o‘tsak. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksiga muvofiq, mahkum jazoni ijro etuvchi muassasa yoki organ ma’muriyatiga, boshqa davlat organlari va jamoat birlashmalariga o‘z ona tilida yoki boshqa tilda taklif, ariza va shikoyatlar bilan murojaat etishi mumkin. Bundan tashqari, o‘quv, badiiy va boshqa xil axborot materiallaridan foydalanishi, sog‘lig‘ini saqlash, tibbiy xulosaga ko‘ra, ambulatoriya-poliklinika va statsionar sharoitda tibbiy yordam olishi belgilab qo‘yildi.

Hayot yo‘llarida bilib-bilmay sodir etgan jinoyati sabab ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni qayta tarbiyalashda kitobning o‘rni beqiyosdir.  Shu bois, jazoni ijro etish muassasalarida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, kutubxonalar faoliyatini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda.

Jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni ozodlikka tayyorlash va kasbga o‘qitish ham e’tiborda turibdi. Joriy yilning 16 aprel kuni “Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar uchun umumiy ta’lim va kasb-hunarga o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi. Bugungi kunda, jazoni ijro etish muassasalarida 6 ta idoraviy umumta’lim maktablari va maktablarning filiallari faoliyat yuritmoqda. Qarorga muvofiq, Toshkent viloyatida joylashgan Tarbiya koloniyasida Zangiota tumani 35-maktabning filiali tashkil etildi. Kasb-hunar ta’limi markazining jazoni ijro etish muassasalari hududidagi 4 ta kasb-hunar ta’limi muassasalari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga o‘tkazilib, kasb-hunarga o‘rgatish markazlariga aylantirildi. 

— Joriy yilning 2 aprelida imzolangan “Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan ma’muriy nazorat to‘g‘risida”gi qonunda JIEMlardan ozodlikka chiqqan, afv etilganlar huquqlarini himoya qilish borasida qanday yangilik kiritildi? Bunday shaxslarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha zaruriy ishlar olib borilyaptimi?

— Mazkur qonunga muvofiq endi tekshirish uchun ma’muriy nazorat ostidagi shaxslarning xonadoniga soat 06.00dan 22.00gacha kirish taqiqlanadi. Ularni ishga joylashtirish, uy-joy bilan ta’minlash haqida ichki ishlar organlari tegishli davlat organlariga, boshqa tashkilotlar, korxona va muassasalarga iltimosnomalar yuboradi. Nazoratdagi shaxsning talabiga ko‘ra u bilan profilaktik suhbatlar bundan buyon advokat, jamoatchilik, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi vakili yoki uning yaqin qarindoshlari ishtirokida o‘tkaziladi. JIEM ma’muriyati ozod etilayotgan nogiron yoki og‘ir xastalikka chalingan shaxslarni davolash masalasini oldindan hal etish to‘g‘risida tegishli mahalliy davlat hokimiyati, ichki ishlar organlariga, sog‘liqni saqlash muassasalariga iltimosnoma jo‘natadi.

Profilaktik hisobda turgan muqaddam sudlanganlar, shu jumladan ustidan ma’muriy nazorat o‘rnatilgan shaxslarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Jumladan, joriy yilning to‘rt oyi ichida ulardan 

3309 nafariga ishga joylashishi uchun mehnat bo‘limiga yo‘llanma berilgan, 2312 nafariga esa moddiy yordam ko‘rsatilgan. 

— “Ishonch telefonlari” jinoyatlarning oldini olish, odamlar xavfsizligini ta’minlash va xalqning tizim xodimlariga bo‘lgan ishonchini oqlashda ham muhim o‘rin tutadi. Ushbu yo‘nalishda aholidan tushgan murojaatlar bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildi? Joriy yilning o‘tgan davrida qancha jinoyatning oldi olinib, xavfsizlik ta’minlandi?

— Og‘zaki murojaat etish huquqini amalga oshirish uchun fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida, 2017 yil 1 maydan boshlab Ichki ishlar vazirligida yagona qisqa “1102” raqamli “Ishonch telefoni” tashkil etilganini aytish joiz. Mazkur telefon tunu-kun uzluksiz faoliyat ko‘rsatib turibdi. Vazirlikning “Ishonch telefoni”ga sutkaning istalgan paytida respublikamizning barcha hududlaridan qo‘ng‘iroq qilish mumkin. 

“Ishonch telefoni”ga kelib tushgan murojaatlarni qabul qilish, zudlik bilan ijroga yo‘naltirish uchun maxsus elektron tizim joriy etilgan. Har bir murojaat alohida nazoratga olinadi. “Ishonch telefoni”dan nafaqat Vatanimiz fuqarolari, balki chet elliklar ham xabardor. Ushbu imkoniyat tashkil etilganidan buyon jami 65 735 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 56 tasi chet elliklar tomonidan yo‘llangan. 

Muhimi, kelib tushgan murojaatlarning 13 381 tasi yoki 20,5 foizi ijobiy hal qilingan. 47372 tasi yoki 72 foizi bo‘yicha malakali tushuntirishlar berilgan. Yo‘llangan murojaatlar tezkorlik bilan ko‘rib chiqilgani bois 289 ta minnatdorlik mazmunidagi murojaatlarni ham oldik. Umuman, tizim tubdan qayta ko‘rib chiqildi. Birinchi galda Vazirlik qabulxonasi tunu-kun ishlashi yo‘lga qo‘yildi. Qabulxona zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlandi. Vazirlik faoliyati bo‘yicha ma’lumotlarni olish va murojaatni yuborish imkoniyatiga ega bo‘lgan “infokioska”lar joriy etildi. Bundan tashqari, Vazirlik rahbariyati va viloyat ichki ishlar organlari boshliqlari sayyor qabul o‘tkazish amaliyotini joriy etishdi. Bu esa fuqarolarning muammolari bo‘yicha aniq choralar ko‘rish imkoniyatini yaratdi.

Joriy yilning o‘tgan davrida, Vazirlik rahbariyati o‘tkazgan sayyor qabullar jarayonida mingdan ortiq fuqaro qabul qilinib, ularning muammolari shu joyning o‘zida hal etildi. Joriy yilning 3 oyi mobaynida “Ishonch telefoni”ga qilingan qo‘ng‘iroqlar yordamida mamlakatimiz bo‘yicha jami 116 jinoyatning oldini olishga erishildi.

— Prezidentimiz soha xodimlari bilan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishlarida ayrim hududlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatlarni barvaqt aniqlash ishlari qoniqarli emasligini ta’kidlagan edi. Hozirgi kunda jinoyat va huquqbuzarliklar soni va turlari bo‘yicha qaysi hududlarda qanday muammolar bor?

— Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, har qancha choralar ko‘rilishiga qaramay, jinoyatga moyil shaxslar bo‘ladi. Ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati xodimlari, boshqa sohaviy xizmatlar xodimlari, jamoat tashkilotlari vakillari bilan birga joriy yilning o‘tgan davrida respublikamizda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va ularning oldini olish bo‘yicha bir qator tizimli profilaktik tadbirlar o‘tkazdi. Bular natijasida jinoyatchilik keskin kamayishiga erishildi. Joriy yilning birinchi choragida mamlakatimizda barcha yo‘nalishlarda 6577 jinoyat sodir etilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31,6 foizga yoki 3043 taga kamaydi. Shundan, og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar 17,1 foizga, yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 39,5 foizga, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 13,1 foizga, ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 20,9 foizga qisqardi. 

Biroq jinoyatlarning oldini olish, sodir etilganlarini “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati” tamoyili asosida muhokama qilish hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlar samarali tashkil etilmagani oqibatida ayrim mintaqalarda muayayn turdagi jinoyatlarning oshishi kuzatildi. Masalan, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar respublika bo‘yicha 13,1 foizga kamaygan bir paytda, Toshkent shahrida 7,7 foizga, Jizzax viloyatida 25 foizga, Surxondaryo viloyatida 36,4 foizga oshgan.

— Po‘lat Razzoqovich, hammamizga yaxshi ma’lum, tizimda ish ko‘lami katta, vaqt hamisha tig‘iz. Soha xodimlarining kitob, gazeta-jurnal o‘qishi uchun ham vaqt topiladimi? O‘zingiz qaysi nashrlarni kuzatib borasiz va qay biri sizga ma’qul? 

— Albatta, mutolaasiz hayot zerikarli bo‘lardi. Ishimiz har qancha tig‘iz bo‘lmasin, kitob, gazeta-jurnal o‘qishga vaqt ajratishimiz kerak. Busiz rivojlanish bo‘lmaydi. Shuning uchun ichki ishlar organlari xodimlarining ma’naviy-ma’rifiy dunyosini boyitish, ularning kasbiy, siyosiy-huquqiy bilimlarini  yanada oshirish, shaxsiy tarkib o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish masalasi e’tiborimizdan chetda qolayotgani yo‘q. Avvalo, Vazirlikning Ma’rifat va axborot-resurs markazi tashkil etilgani fikrimizni tasdiqlaydi. 

Ushbu Markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 

29 noyabrdagi “Ichki ishlar organlari kadrlari bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish 

chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablari asosida IIV muzeyi va kutubxonasi negizida tashkil qilindi. Markaz Ichki ishlar organlari tarixi muzeyi, 5 mingdan ortiq adabiyot jamlangan o‘quv zali va 6 mingdan ortiq elektron resursdan iborat elektron kutubxonani o‘z ichiga oladi. Kutubxona “Sharq ziyokori”, “Yoshlar matbuoti” va “O‘zdavkitobsavdota’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, “O‘zbekiston” va “Yangi asr avlodi” nashriyot matbaa ijodiy  uylari, “O‘zbekiston Milliy entsiklopediyasi” nashriyoti, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi ixtisoslashtirilgan “Adolat” nashriyotidan sotib olingan turli janrdagi adabiyotlar, o‘quv qo‘llanmalari bilan boyitilgan. Kutubxona tarmoq orqali Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi elektron resurslar bazasiga ulangan. Xodimlarimiz shu yerdan turib, Milliy kutubxona resurslaridan foydalanishlari mumkin.

Kutubxona uchun markaziy davriy nashrlar, gazeta va jurnallar, qonun hujjatlari to‘plamlari, Oliy Majlis va Hukumat qarorlari axborotnomalari, Oliy sud plenumi qarorlariga obuna tashkil etilgan. Undan IIVning barcha xodimlari, ishchi va xizmatchilari foydalanadilar.

Yuqoridagi ishlarning davomi sifatida kitob xarid qilishni xohlovchilar uchun vazirlik hududida tashkil etilgan kitob do‘koni ham xodimlar uchun xizmat qilmoqda. Xodimlarning kutubxonaga tashrifini, kitobxonlik madaniyatini oshirish maqsadida har yili “Eng yaxshi kitobxon” ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinyapti.

Shubhasizki, o‘zim ham OAVlarni doimiy o‘qib, kuzatib boraman. 

 

— Suhbatingiz uchun katta rahmat.

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2019
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.