Kunduzgi chiroq: talab o‘zgardi

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 9 apreldagi “Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, barcha transport vositalariga kunduzi yaqinni yorituvchi yoki signal chiroqlarini yoqib yurish bo‘yicha talab qo‘yilgan edi.

 

Mazkur tartib joriy etilganidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari, jumladan, gazetamizda (“Hurriyat”,  2019 yil 1 may 7-son, 29 may 12-sonlar)  yurtdoshlarimiz — haydovchilar, mutaxassislar, deputatlar  tomonidan ushbu masalaga doir ko‘plab e’tirozli fikrlar bildirildi. Ulardan eng muhimlaridan biri — mamlakatimiz iqlim sharoiti, xususan, yozning jazirama issiq kunlarida avtomobil chirog‘ini yoqib yurish transport vositalarining qizib ketishi va buning oqibatida turli noxush hodisalar, jumladan, yong‘inlar  sodir bo‘lishi mumkinligi bot-bot ta’kidlandi. Bu masala turli doiralarda keng muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan Adliya vazirligi bilan hamkorlikda ushbu yangi tartib atroflicha o‘rganildi. Tahlillardan kelib chiqib, nihoyat joriy yilning 4 iyunida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘­shimcha chora-tadbirlar to‘g‘­risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat ko‘pchilik tomonidan iliq kutib olindi.

Xo‘sh, unda nimalar ko‘zda tutilgan?

Birinchidan, 2021 yil 1 yanvarga qadar kunning yorug‘ vaqtida yaqinni yorituvchi yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi bo‘yicha talab avtomatik yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlanmagan avtomototransport vositalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Ya’ni kunduzi chiroqlarni yoqib harakatlanish shartligi to‘g‘risidagi talab faqatgina avtomatik yonib turuvchi kunduzgi chiroqlari bor mashinalarga nisbatan tatbiq etiladi.

Ikkinchidan, kunning yorug‘ vaqtida quyidagi hollarda yaqinni yorituvchi chiroqlar yoqilishi kerak:

— transport vositalari tashkiliy jamlanma safida harakatlanayotganda;

— yo‘lovchilarni tashiyotgan avtobus va yo‘nalishli transport vositalarida;

— bolalar guruhini tashkiliy tashishda;

— xavfli, katta o‘l­chamli va og‘ir vaznli yuklarni tashishda;

— mexanik transport vositalarini shatakka olishda (shatakka olib ketayotgan transport vositasida);

— mototsikl va mopedlarda.

Uchinchidan, “faralar” bo‘yicha qat’iy talab haydovchilarga emas, ishlab chiqaruvchilarga qo‘yiladi. Xususan, 2020 yil 1 yanvardan boshlab, ichki bozor uchun ishlab chiqarilayotgan avtomobillarga sutkaning yorug‘ vaqtida avtomatik yonadigan chiroqlar o‘rnatish majburiy etib belgilanadi. Import avtomobillarning avtomatik yonadigan shunday chiroqlari bo‘lmasa, mamlakat ichkarisiga olib kirilishiga ruxsat berilmaydi.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘­risidagi kodeksga ham tash­qi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdorini (hozir 101 ming 365 so‘m) kamaytirishga oid tegishli qonun loyihasi ishlab chiqiladigan bo‘ldi.

Kiritilayotgan yangiliklar yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlashga hamda yuz berishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisa va muammolarning oldini olishga xizmat qiladi, albatta.

Faqat, bir mulohaza: Hukumat qarorlari avvalo puxta o‘ylanib, tahlil qilinib, har tomonlama o‘rganilgandan keyin qabul qilinishi kerak emasmi?

Feruza BERDIYEVA,

jurnalist

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MEHR RISHTASI

2019-08-21 06:21:09

Kasallikni davolagandan ko‘ra...

2019-08-21 10:27:02

O‘zbekiston

2019-08-21 11:19:53

“Axborot”da kechgan yillar

2019-08-21 05:30:04

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2019
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31

.