Mahorat shevasi

Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!

Hazrat Alisher Navoiy “Farhod va Shirin” dostonining o‘ttiz beshinchi bobida ziyoli xotin-qizlarga quyidagicha ta’rif beradi:

Kelib har qaysi bir fazl ichra mohir,

Mahorat shevasi har birda zohir.

 

Ushbu misralarni o‘qiganimizda ko‘nglimizdan hayajonli, buyuk tuyg‘ular kechadi. Hazrat o‘z davrida xotin-qizlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, ularning kasb-hunar tanlashi, ijtimoiy sohalarda faol bo‘lishi, mamlakat kelajagining jonkuyarlari sifatida ularga yaratib berilishi kerak bo‘lgan imkoniyatlar, sharoitlar haqida fikrlagan, orzu qilgan. Bir kun kelib ayollar hayotini yaxshilashga, ular mehnatiga adolatli baho berishga, jamiyatda ular mav­qeining oshishiga katta umid bog‘lagan, ishonch bildirgan. Bu satrlar zamirida tarix, bugun va kelajakni yaratuvchilar fazlu fazilatlarida mujassam.

Agar bugun Hazrat mamlakatimiz rahbarining xotin-qizlarga hurmati, ularning mehnatiga bo‘lgan e’tibori, baxtli yashashlari, quvonchdan ko‘zlari yashnagan onalarning yosh avlod tarbiyasidagi o‘rnini yanada mustahkamlash, zarur sharoitlarni yaratish uchun olib borayotgan siyosatlariga guvoh bo‘lganida, bundan-da go‘zal dostonlar bitgan bo‘lardi, shubhasiz.

Mamlakatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “beshta tashabbus” ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olindi. Respublikamizning har bir qishloq, tuman va shaharlarida beshinchi tashabbus — xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar shuni ko‘rsatadiki, bugun jamiyatda o‘z o‘rnini topishi kerak bo‘lgan g‘ayratli, iste’dodli, hayotiy tajribaga ega — 5 775 nafar, o‘rta darajadagi — 8 792 nafar, qo‘lida to‘liq o‘rta ma’lumotliligi haqidagi hujjati bo‘lmagan — 9 696 nafar xotin-qizning turli kurslarda o‘qitilib, ishga jalb etilishi birgina mamlakat rahbarining emas, balki barcha bugungi kun fidoyilarining zimmasida turgan muhim vazifadir.

Ijtimoiy tarmoqlarda farzandi og‘ir kasalga chalingan, bor budini sotib davolatayotgan, saxiy insonlardan yordam so‘rayotgan onalar ahvolidan voqif bo‘lib, ham fikr qilmayotgan,yengil-elpi yo‘llar bilan mo‘may pul topish maqsadida bani bashariyat yuzini qaro qilgulik darajada jinoyatga qo‘l urayotgan xotin-qizlar ham bor. Millatimiz tarixida quloq eshitib, ko‘z ko‘rmagan tubanlik, ya’ni o‘zining va o‘zgalar farzandini sotayotgan, shohona hayot ilinjida uyini tashlab boshqa davlatlarda yurib, xorlik azobini tortayotgan, millatimiz sha’niga dog‘ tushirayotgan xotin-qizlarning ayanchli taqdiri ana shunday tashabbuslarning amalga oshirilishiga ehtiyoj tug‘dirmoqda. Yaqindagina Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev topshiriqlariga ko‘ra Suriyadan O‘zbekistonga qaytarilgan xotin-qizlarning o‘zga yurt­da o‘tkazgan fojiali hayotlari bunga yaqqol misoldir. Bu haqdagi ko‘rsatuv va eshittirishlar ommaviy axborot vositalari, internet tarmoqlarida berildi va ko‘pchilikni o‘yga toldirdi.

Kuni-kecha Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi qoshida tashkil etilgan “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolaridan bir guruhi bilan joylarda bo‘ldik. “Besh ijobiy tashabbus”ning hayotimizga tatbiq etilishi yuzasidan Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon, Quvasoy, Qo‘qon, Far­g‘ona shaharlarida va Farg‘ona, Yozyovon tumanlarida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlarda ishtirok etdik. Unda yoshlarimizning, xotin-qizlarning ma’rifatli bo‘lishi uchun kutubxonalarning qayta tiklanib, bugungi kun talablariga javob beradigan badiiy asarlar bilan boyitilayotgani aytib o‘tildi. Tumanlarda beshinchi tashabbus borasida qilinayotgan ishlar haqida berilgan ma’lumotlar orqali fikrlashildi, takliflar berildi. Hayotimizning har lahzasida yangi sahifalar ochilmoqda. Yurtdoshlarimiz ongida yuksalishni ko‘rish ishtiyoqi turli soha fidoyilari bo‘lgan insonlarning shioriga aylandi.

Safarimiz oxirida Erkin Vohidov nomidagi ijtimoiy fanlar yo‘nalishidagi iste’dodli yoshlar maktab-internatining direktori Nigoraxon Mannopova:

— Poezd jo‘naguncha yarim kun vaqtimiz bor. Men sizni Buvayda tumaniga olib borsam. Chunki yaqinda besh tashabbusning ilk ijrosi sifatida tuman markazida “Yoshlar bog‘i” barpo etildi. Yoshlarimiz ilmga chan­qoq, kitobsevar. Hozir, ta’til paytida bizni ko‘rishsa, xursand bo‘lishadi. Siz ham bir ko‘rib, tanishib ketasiz, — deya taklif bildirib qoldi.

Nigoraxon opaning taklifi ko‘nglimga sariyog‘day yoqib tushdi. Birgalikda Marg‘ilondan Buvayda tumaniga qarab yo‘l oldik. Yengil mashina Farg‘onaning tekis va ravon, go‘zal va ko‘rkam ko‘chalari bo‘ylabyelib borar ekan, “Yangi Far­g‘ona”ning oyjamoliga hamohang Nigoraxon yo‘l bo‘yi goh Haziniy, goh Uvaysiydan g‘azallar aytib, bizni to‘lqinlantirganidan Buvayda tumani markaziga qandayyetib borganimizni ham bilmay qolibmiz. Mashinadan tushishimiz bilan o‘z nomi bilan navqiron ko‘rinish kasb etib turgan, 14 gektar joyga barpo etilgan, bag‘rida donishmand chinorlar, ilk navnihol archalar bo‘y ko‘rsatayotgan “Yoshlik bog‘i” darvozasi ko‘rindi.

— Xush kelibsizlar, Nigoraxon, Farog‘atxon, bizning Buvayda tumanimizga. Kelganlaringiz, ayni muddao bo‘ldi, buni nasiba deydilar. Biz aslida sizlarga xabar berishga ulgurolmadik, uzr. Endi faol ayollar, tuman rahbarlari bilan boshchi bo‘lib o‘tkazamiz-da, deb turganimizda eng qizg‘in tadbirlarimizning ustiga keldingiz, — deya bizni kutib oldi chehrasi yorug‘, xushchaqchaq ayol — tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Olyaxon Asqarova.

Buyerda xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha mehnat yarmarkasi boshlangan ekan. Darvozadan kirganda besh tashabbus nomiga qo‘yilgan beshta bekat ham o‘z iqtidor egalari bilan band edi. “Musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’at”, “Sport”, “Axborot texnologiyalari va internet”, “Kitobxonlik”, “Xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash” bekatlari o‘ziga xos ma’no kasb etuvchi bannerlar bilan bezatilgan. Yosh rassomlar surat chizish bilan birga, “Kitobxonlik” bekatidan kelgan bolalarga dars ham o‘tayotir. Ayniqsa, oxirgi sanagan bekatimizda 400 dan ortiq xotin-qizning mehnat yarmarkasida ishtirok etayotgani, bog‘ o‘rtasida turgan “Tez yordam” mashinasi yonida o‘ndan oshiq shifokor ayollarni ko‘rikdan o‘tkazayotganini, UZI apparatiga tushish, qon tahlillarini topshirish uchun safda turgan opa-singillarimizni ko‘rib, ular bilan suhbatga kirishib ketdik.

— Men “Har bir oila — tadbirkor” loyihasi bo‘yicha 16 mln. so‘m kredit olib, trikotaj mahsulotlari tikib bozorga olib chiqayapman. Yolg‘iz onaman, boquvchim yo‘q. Uyda ochgan tseximda uch nafar ishchim bor. Hozir yoz fasliga mo‘ljallangan futbolka, paypoq, ichki kiyimlarga ko‘proq talab tushayapti. Buning uchun qo‘shimcha ikki nafar ishchi olishim va ularga tikishni o‘rgatishim kerak, — deydi yosh tadbirkor Mavludaxon Azimova. — Oyiga bankka 108 mingdan to‘lab boraman, mahsulotlarimning turini ko‘paytirsam, buni to‘lash qiyinlik qilmaydi, — deydi u ichimdagi savolni o‘qib turgandek.

Ushbu mehnat yarmarkasida ishtirok etgan 447 nafar ayol orasida 107 nafarining turli tashkilotlarga va haq to‘lanadigan jamoat ishlariga qabul qilinganidan suyungan Olyaxon opaning “Yoshlar bog‘ida” har 15 kunda “sayyor qabul” o‘tkazishni yo‘lga qo‘yganini, natijada qanchadan-qancha ayollarningyechim topmay turgan muammolarining hal etilishida yordam berayotganini tibbiy ko‘rikka kelgan ayollar bir-birlariga gapirib o‘tirishdi.

— Ayollar qabulimga kelishganida har ikki oyda mana shunday bepul ko‘rik tashkil qilib turilsa, degan talablarini aytishayapti. Qishloq hayotining o‘z tarzi bor. Gohida bir ayolni ko‘rikdan o‘tkazish uchun uning oila a’zolarini yaxshi gap bilan yo‘lga solishga to‘g‘ri keladi, — deydi Olyaxon opa. — Ayniqsa, ayollarimizda sog‘lom turmush tarziga rioya qilish madaniyatini shakllantirishimiz kerak. Ishsiz ayollarimizni bola tarbiyasi bilan shug‘ullanib, ham ishlashlari uchun uylarida tsex ochishlari, hunarmandchilik, qandolatchilik bilan shug‘ullanishlari uchun nimaiki yordam kerak bo‘lsa, ko‘maklashyapmiz. Bu imkonsiz ish emas aslida. Davlatimiz rahbari boshchiligida xalqimiz hayotini yaxshilash uchun zarur imkoniyatlarni yaratishga harakat qilishimiz kerak. Har bir ayolning bir ishning boshini tutib, ro‘zg‘origa ko‘makdosh bo‘lishi, qo‘li halol pul ko‘rishi uchun o‘zida jonkuyarlik bo‘lishi lozim. Ba’zan esa huzuringga ko‘z yosh qilib kelgan ayollarning muammolariniyechishga kirishganingda ularga achinasan, kishi. Ana shunday paytlarda vazifamizning nihoyatda mas’uliyatli ekanini yanayam chuqurroq anglayman. Oldingi davr o‘tib ketdi, lekin bugungi kunning talabini oddiy, ilmi, hunari yo‘q ayollarga anglatish bos­qichlari oson kechmaydi.

To‘g‘ri-da, rahbar vaqti kelsa rahbar sifatida emas, balki jonkuyar do‘st sifatida eldoshlari bilan suhbatlashishi, dardiga mal­ham bo‘lishi, sirdosh bo‘lishi kerak. Buni esa Olyaxon opaning xotin-qizlar bilan qilayotgan suhbatlaridan ko‘rib, eshitib quvondik.

Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning: “Bir narsani tan olish kerak: ayollar xalqning dardini boshqalardan ko‘ra chuqur his qiladi. Bu yil dekabr oyida Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda mehnatkash va oqila ayollarimiz qanchalik ko‘p saylansa, bundan davlatimiz ham, jamiyatimiz ham faqat naf ko‘radi”, degan so‘zlari yangradi. Ushbu so‘zlar o‘zbek ayollarining yuragini buyuk mash’ala bo‘lib yoritdi. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboevaning O‘zbe­kiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisligiga saylanishi mamlakatimiz tarixida misli ko‘rilmagan tarixiy voqea bo‘ldi. Bunday yuksak ishonch mamlakatimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarga, yangilanishlarga o‘z hissasini qo‘shayotgan ayollarimiz qatorida oddiy uy bekasi bo‘lmish opa-singillarimizni ham ruhlantiradi, shubhasiz. Kechayotgan o‘zgarishlarga nisbatan barchamizning qalbimizdan o‘tayotgan xursand­chilik, umid va ishonch bu xalq­imiz hayotiga kirib boradigan bundan-da yaxshi kunlardan darakdir. Bir payt­­lar chet davlatlardagi siyosat olamida nom chiqargan lider ayollarga qarab, bizning o‘zbek xotin-qizlari ham havas qilar edi. Opa-singillarimiz goh pin­hona, goh oshkora orzu qilgan va kutgan kunlar mana shu damlar edi, aslida...

Ota-bobolarimiz daraxt eksang, uning mevasini o‘zing ko‘rmasang, kelajak avlod ko‘radi, degan o‘git bilanyerga nihol qadagan. Zero, har bir ezgu tashabbusni amalga oshirishda bir tanu bir jon bo‘lib, faqatgina son emas, balki avvalo sifat darajasini ko‘tarishga erishmoq, fidoyi xalqimizning eng oliy maqsadidir.

Farog‘at XUDOYQULOVA.

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MEHR RISHTASI

2019-08-21 06:21:09

Kasallikni davolagandan ko‘ra...

2019-08-21 10:27:02

O‘zbekiston

2019-08-21 11:19:53

“Axborot”da kechgan yillar

2019-08-21 05:30:04

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2019
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31

.