DAVLATCHILIK SALOHIYATI

Dunyoda vaziyatning shiddat bilan o‘zgarishi, siyosiy va iqtisodiy kuchlar joylashuvida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar  O‘zbekistonning shundoq yonginasida mavjud bo‘lgan tahdidlar, terrorchilik xavf-xatarlari va keskinlikning kuchayishi xal­qaro hamda mintaqaviy voqyelikka o‘z vaqtida va munosib javob qaytarish mustaqillik yillarida davlatimiz tashqi siyosatidagi ustuvor vazifaga aylandi.

 Eng avvalo, O‘zbekiston tash­qi siyosiy munosabatlarining asosiy tamoyillari, ya'ni kelgusidagi amaliy qadamlarimizning nazariy poydevori belgilab olindi. Shunisi e'tiborga molikki, respublikamiz xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik qilishda xalqaro munosabatlarni har to­monlama hisobga olgan holda teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, mafkuraviy qarashlardan qat'i nazar, hamkorlik uchun ochiqlik, umuminsoniy qadriyatlarga, tinchlik va xavfsizlikni saqlashga sodiqlik, xalqaro huquq normalarining davlat ichki normalaridan ustuvorligi, tashqi aloqalarni  ikki tomonlama kelishuvlar asosida ri­vojlantirish kabi tamoyillarga qat'iy amal qilmoqda.

O‘tib borayotgan 2014 yilda ham mamlakatimiz xalqaro maydonda umumbashariy va mintaqaviy ahamiyatga molik bir qator tashabbuslarni ilga­ri surdi. Respublikamiz jahon maydonida o‘z mustaqil siyosati bilan qatnashar ekan, mintaqaviy va umum­bashariy miqyosda qabul qilinayotgan qarorlarda uning tashabbuslari ko‘proq inobatga olinmoqda.

Ayniqsa, xavfsizlikka tahdidlar, Afg‘onistonni barqarorlashtirish va qayta tiklash, ommaviy qirg‘in qurollari tar­qalishiga qarshi kurashish, ekologik muammolarni hal qilish, chunonchi, Orol dengizi inqirozi oqibatlarini yengil­lashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish kabi yo‘nalishlardagi tashabbuslari shular jumlasidandir. 

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasida mamlakatimiz tashqi siyosati uchun Markaziy Osiyo ustuvor mintaqa hisoblanadi, zero u davlatimizning hayotiy manfaatlari bilan bevosita bog‘liqdir.  O‘zbekiston o‘zining yaqin qo‘shnilariga nisbatan ochiq, do‘stona munosabatda bo‘lish bilan bir qatorda mintaqaning mavjud siyosiy, iqtisodiy va ekologik muammolarini, o‘zaro manfaatlarni hisobga olgan holda, konstruktiv muloqot hamda xalqaro huquq qoidalari asosida hal qilishga intiladi.

Yurtboshimizning Turkma­niston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan shu yil 23-24 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘lishi ham shu jihatdan muhim o‘rin tutadi.

O‘zbek va turkman xalqlarining tarixi, madaniyati va qadriyatlari mushtarak, til va urf-odatlari o‘xshash. Ikki xalq azaldan bir-birining madaniyatini boyitib, savdo-sotiq qilib keladi, bir daryo­dan suv ichadi. Ajdodlarimizning ilmiy, madaniy-ma'naviy va adabiy merosi xalqlarimizning umumiy mulkidir. Hyech bir mubolag‘asiz aytish mumkinki, Turkmanistonda Alisher Navoiy, O‘zbekistonda Maxtumquli asarlari katta qiziqish bilan mutolaa qilinadi.

Bugungi kunda O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi munosabatlar yuksak sur'at­lar bilan rivojlanmoqda. Bunda avvalo ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi yaqin do‘stlik, ishonch va samimiyat muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mamlakatlarimiz ikki va ko‘p tomonlama asosda transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. Xususan, Prezident Islom Karimov tashabbusining amaliy ifodasi bo‘lgan O‘zbekiston - Turkmaniston - Eron - O‘mon yangi xalqaro transport-kommunikatsiya koridorini barpo etish bo‘yicha 2011 yili imzolangan bitim muhim geostrategik ahamiyatga egadir. Ushbu g‘oya­ning hayotga tatbiq etilishi Markaziy Osiyo davlatlarini YAqin Sharqning iqtisodiy faol ko‘rfazlaridagi bandargohlar bilan bog‘lash imkonini beradi. Bu kelgusida bojxona sohasida, avtomobil, temir yo‘l va dengiz transporti orqali yuk tashish va tranzit qilishda qulayliklar yaratilishiga yo‘l ochadi.

Jahon ayvonida yuz berayotgan voqyealar tinchlik va bar­qarorlikni saqlashda ikki va ko‘p tomonlama asosdagi davlatlararo munosabatlarni mus­tahkamlash har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatmoqda. Bunday hamkorlikda o‘zaro manfaatdorlik, bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik, o‘zaro hurmat va ishonch muhim o‘rin tutadi.

Ayniqsa, O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlarda ana shunday ruh hukmron desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Mamlakatlarimiz nafaqat ikki tomonlama, balki Shanxay Hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash doirasida ham aloqalarni davom ettirmoqda. ­Yurtboshimiz Islom Karimovning Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning IV sammiti yig‘ilishida ishtirok etish uchun Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi va tashrif doi­rasida XXR Raisi Si Szinpin bilan o‘tkazgan ikki tomonlama uchrashuvlari bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Yurtboshimizga Chin yurtida ko‘rsatilgan ehtiromni kuzatar ekanmiz, Xitoy tomoni O‘zbekistonimizning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarini, uning nafaqat Markaziy Osiyo, balki jahonda o‘zining munosib o‘rniga ega ekanini e'tirof etayotganiga shohid bo‘ldik. So‘nggi yillarda O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari keng ko‘lam kasb etib, strategik sheriklik yuksak darajaga ko‘tarildi. Mamlakatlarimizning milliy manfaatlariga, O‘zbekiston va Xitoyning iqtisodiy taraqqiyotiga, jahondagi nufuzi yuksalishiga xizmat qiladigan bu aloqalar, avvalo, ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi do‘stlik, mustahkam ishonch negizida, shuningdek, Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi qo‘shma deklaratsiya ruhida taraqqiy etmoqda.

Quvonarli tomoni shundaki, dunyoning qudratli davlatlaridan biri Xitoy O‘zbekiston rahbariyatining mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlash borasidagi hamda mamlakatda ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida olib borilayotgan islohotlar samaradorligiga yuksak baho beryapti.

E'tirof etish joizki, bugungi notinch dunyoda har qaysi davlat yoki har qaysi sarmoyador ham investitsiyani istalgan davlatga kirgizavermaydi. Buning uchun o‘sha davlatda tinchlik, osoyishtalik, barqarorlik hukm surishi, sarmoya uchun bexavotir sharoit yaratilgan bo‘lishi kerak.

Rossiya O‘zbekistonning yetakchi savdo sherigi. Mamlakatimiz jami tashqi savdo aylanmasining beshdan bir qismi, MDH davlatlari bilan savdoning yarmidan ko‘pi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Eng muhimi, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro hamjamiyatning o‘z so‘zi va o‘z qat'iy pozitsiyasiga ega bo‘lgan nufuzli a'zosiga aylandi. Bugun dun­yoda besh mingga yaqin til, ikki mingdan ziyod millat, ikki yuzdan ortiq davlat bo‘lsa-da, ular orasida o‘z qiyofasi, jahon mamlakatlari o‘rtasidagi o‘rni va mavqyeiga ega bo‘lganlar qatori haligacha o‘z yo‘lini, mustaqil taraqqiyot tamoyillarini belgilay olmayotgan davlatlar ham bor. O‘zbekiston ayrim davlatlar siyosatidan kelib chiqayotgani yoki ularning izmu ixtiyori bilan ish yuritayotgani yo‘q, balki o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘lini tanlab olib, ana shu yo‘lda sobitqadamlik bilan ilgarilab bormoqda. O‘zbekis­tonning tinchlikparvar siyosatiga, xavfsizlikni ta'minlash sohasida mamlakatimizda olib borilayotgan ishlariga dunyo jamoatchiligi yuksak baho bermoqda. Bu yil jahon miqyo­sida qonun ustuvorligining navbatdagi indeksi e'lon qilindi. «The world justice project» xalqaro tashkilotining yillik ma'ruzasida xuquq tartibot va xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha O‘zbekiston 5 yetakchi mamlakat qatoridan o‘rin olgan. Holbuki, tahlil dunyoning salkam 100 ga yaqin mamlakati bo‘yicha olib borilgan. Demak, bugun o‘z qadr-qimmatini, g‘ururini ang­lab yashaydigan, yurtini himoya­lash qudratiga ega davlatni jahon ham tan olmoqda.

Samarqand shahridagi Qabullar uyida 15 may kuni “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilishi ham xalqaro maydonda taraqqiyotning o‘zbek modeliga nisbatan mustahkam ishonch­ning e'tirofidir. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu xalqaro anjumanda AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Germaniya, Yaponiya, Hindiston, Misr, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Quvayt, Rossiya, Ozarbayjon kabi ellikka yaqin mamlakatdan olimlar, nufuzli xal­qaro tashkilotlar rahbarlari, oliy ta'lim muassasalari professorlari, ilmiy markazlar va institutlar mutaxassislari, ekspertlar ishtirok etdi.

Tadqiqotchi-olimlarning fikricha, Sharq, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasi IX-XII va XIV-XV asrlarda bamisoli po‘rtanadek otilib chiqqan ikki qudratli ilmiy-madaniy yuksalishning manbai hisoblanib, jahonning boshqa mintaqalaridagi Renessans jarayonlariga ijobiy ta'sir ko‘rsatgan Sharq uyg‘onish davri - Sharq Renessansi sifatida dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan haqli ravishda tan olingan. Shu bilan birga, ko‘plab tadqiqotchilar qayd etganidek, agar Yevropa Uyg‘onish davrining natijalari sifatida adabiyot va san'at asarlari, arxitektura durdonalari, tibbiyot va insonni anglash borasida yangi kashfiyotlar yuzaga kelgan bo‘lsa, Sharq Uyg‘onish davrining o‘ziga xos xususiyati, avvalo, matematika, astronomiya, fizika, ximiya, geodeziya, farmakologiya, tibbiyot kabi aniq va tabiiy fanlarning, shuningdek, tarix, falsafa va adabiyotning rivojlanishida namoyon bo‘ldi.

Qadimiy va hamisha navqiron shahrimiz - Samarqandda bo‘lib o‘tgan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti (YUNVTO) Ijroiya kengashi 99-sessiyasi O‘zbekistonning xalqaro ­miq­yos­­dagi obro‘-e'tibori tobora oshib borayotganining yaqqol tasdig‘i va mamlakatimiz ulkan sayyohlik salohiyatining yana bir e'tirofi bo‘ldi. Shu bilan birga mazkur xalqaro forum xorijiy sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish va yanada mustahkamlash, jahonning yetakchi eks­pertlariga xalqaro turizm bozorining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr va tajriba almashish, sohadagi yangi tendensiyalar va dolzarb masalalarni muhokama qilish imkonini yaratib bergani bilan ham ahamiyatlidir.

Sessiyada so‘zga chiqqan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti bosh kotibi Taleb Rifaining «Ushbu afsonaviy shaharga maftun bo‘lgan shoir dunyoda gar jannat bo‘lsa, u shubhasiz Samarqanddir, deb ta'riflagan», degan so‘zlari barchamizning qalbimizga cheksiz g‘urur bag‘ishladi.

Mazkur anjumanda ishtirok etgan Yurtboshimizning ma'ruzasi ishtirokchilarning qiziqishiga sazovor bo‘ldi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining bugun shiddat bilan o‘zgarib borayotgan dunyoda xalqaro turizm rivojiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar haqidagi fikrlari, turizmni rivojlantirishga qaratilgan takliflari ekspertlarning e'tirofiga sazovor bo‘ldi.

Prezidentimiz yana bir bor dunyoda xalqlar va millatlararo tinchlik, barqarorlikni ta'minlashning dolzarbligiga e'tibor qaratar ekan, aynan ushbu omil, ya'ni butun dunyo­da, turli mintaqalarda, sayyohlarni qabul qiladigan har bir davlatda tinchlik, xavf­sizlik, siyosiy va iqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, hech shubhasiz, xalqaro turizmni rivojlantirish va uning samaradorligini belgilaydigan eng muhim omillardan biri bo‘lib qolayotganini ta'kidladi. Suriya yoki Iroqdagi fojeali voqyealar misolida xavfsizlikni ta'minlash va turizm o‘rtasidagi aniq o‘zaro bog‘liqlikni, tinchlik va xalqlar o‘rtasidagi bag‘rikenglik bugungi kunda qanchalik hal qiluvchi omil ekanini qayd etdi.

Darhaqiqat, tinchlik - ulug‘ ne'mat, buyuk saodat. Bugun mamlakatimiz turli sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishayotgan ekan, bu avvalo tinchlik va osoyishtalik tufaylidir. Osoyishta yurtda yuksalish bo‘ladi, farovon eldan xotirjamlik ketmaydi. Istiqlol sharofati, mamlakatimizning izchil ichki va tashqi siyosati tufayli saodatli, fayzli kunlarga musharraf bo‘lmoqdamiz. Aynan tinch­lik va osoyishtalik tufayli mamlakatimizda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan ochiq demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lidagi izchil islohotlar o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Mamlakatimizdagi obod­lik, to‘kin-sochinlik, rivojlanish, bunyodkorlik - bularning bari tinchlik tufaylidir. Tinchlik tufayli yurtimizda barqaror taraqqiyot va ijtimoiy-iqtisodiy yuksalish hukm­ron. Shahar va qishloqlarimiz qiyofasi tubdan o‘zgarmoqda, yangidan-yangi sanoat korxonalari qurilmoqda, temir yo‘llar ishga tushmoqda, ta'lim, tibbiyot, madaniyat, sport ob'yektlari barpo etilmoqda, aholi turmush darajasi yuksalmoqda.

 

Abduvali SAYBNAZAROV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.