ISLOHOTLAR SAMARASI

O‘tgan yil sarhisobida kelajak avlod barkamolligi borasida amalga oshirilgan sa'y-harakatlar ustuvorlik qildi. Bu xayrli ishdan biror bir tashkilot, idora va boshqa mehnat jamoalari chetda qolgan emas. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi ham shular jumlasidandir.

“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi yakunlari bo‘yicha Federatsiya tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida qayd etilishicha, yil davomida kasaba uyushmalari tizimida mazkur dasturni hayotga tatbiq etish borasida salmoqli ishlar qilingan.

 

Xususan, Sog‘lom bolalar tug‘ilishi va ularni barkamol etib voyaga yetkazish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish maqsadida uyushma tizimidagi sanatoriylarda ijtimoiy himoyatalab 408 nafar ayol, 151 nafar tibbiyot xodimi, 202 nafar ta'lim xodimlarining bepul sog‘lomlashtirilishiga erishildi. 217 ta yosh oila a'zolariga “Umid gulshani” sanatoriysiga imtiyozli yo‘llanma berildi. Ushbu maqsadlar uchun kasaba uyushma mablag‘lari hisobidan 678,5 million so‘m yo‘naltirildi. Shunisi yangilik bo‘ldiki, tizimdagi barcha sanatoriylarda «Ona va bola» bo‘limlari, bolalar xonalari hamda yozgi bolalar o‘yingohlari tashkil etildi. Ona davolanayotgan paytda bolalarning ham mutaxassislar nazoratiga olinishi maqsadga muvofiq ishdir.

Shuningdek, yoz mavsumida 1099 ta (212 ta statsionar, 753 ta kunduzgi oromgoh, 134 ta «mehnat va dam olish» oromgohi) bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda 296 ming nafar bolaning ta'til davomida maroqli dam olishiga erishildi. 

Bundan tashqari, ijtimoiy himoyatalab oilalar farzandlari, imkoniyati cheklangan va qarovsiz qolganlar hamda Orolbo‘yi mintaqasidan 4 ming 950 nafar bola bepul sog‘lomlashtirildi. Mehribonlik uylarining 3 ming 658 nafar tarbiyalanuvchisi, kam ta'minlangan oilaning 70 ming 600 nafarga yaqin farzandlari hamda 3 mingdan ortiq iqtidorli bolalarga kasaba uyushmalari tomonidan imtiyozli yo‘llanmalar berildi.

Xalqimiz azal-azaldan bolajon bo‘libgina qolmay, keksalarga hurmat-ehtirom ko‘rsatishda, ularning roziligini, duosini olishga intilib yashashda avlodlarga ibrat ko‘rsatib keladi. Qaysi xonadonda nuroniy otaxon yoki onaxon bo‘lsa, albatta, bu oilada fayzu baraka, ahillik, saranjom-sarishtalik bo‘lgan. Shu bois, “Qarisi bor uyning parisi bor” deyishgan. Farzandlarimizning elu-yurt koriga yaraydigan, sog‘lom va mustaqil fikrli yetuk avlod bo‘lib yetishishida keksalarimizning xizmatlari beqiyos. Zero, Vatanimizning tinchligi, osoyishtaligi, osmonimiz musaffoligi otaxon va onaxonlarimizning necha yillik mehnatlari samarasi hamda duolarining ijobatidir.

Yurtboshimiz tomonidan joriy yilga “Keksalarni e'zozlash yili” deb nom berilishida ham chuqur ma'no bor. Ota-onaga, keksalarga-ehtirom, mehr-oqibat ko‘rsatish, millatimizga xos bo‘lgan fazilatlardandir. Nuroniylarimizning qarilik gashtini farog‘atda o‘tkazishlari uchun mamlakatimizda barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Ularning madaniy dam olish va sog‘ligini tiklashlari uchun yanada samarali chora-tadbirlar belgilanmoqda. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ham ushbu yo‘nalishda tizimli ishlar amalga oshirildi. Faxriylarning barchasi ularning doimiy e'tiborida. Davlatimiz rahbarining 2014 yil 13 oktyabrda qabul qilingan “1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirdi. Unga asosan faxriylarni ijtimoiy himoyalashni kuchaytirish, xususan, yilda bir marta o‘zlari uchun maqbul sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida davlat hisobidan imtiyozli davolanish imkoni yaratildi. Bu haqda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashining madaniy-ma'rifiy va sport ishlari bo‘limi bosh mutaxassisi E'tibor Rahimova bizga quyidagilarni so‘zlab berdi.

- Kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda urush va mehnat fronti faxriylari uchun tibbiy hamda sanatoriy-sog‘lomlashtirish ishlarining darajasi va sifatini oshirish uchun bir qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Tizimdagi barcha sanatoriylarda “Urush va mehnat faxriylari bo‘limlari” tashkil etilib, nuroniy otaxonu onaxonlarimizga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda.

Mazkur bo‘limlardagi har bir xonani ta'mirlash, yumshoq jihozlar bilan ta'minlash, qo‘shimcha yorug‘lik moslamalarini o‘rnatish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri nav­batchi shifokor bilan bog‘laydigan aloqa vositasini joylashtirish ishlari amalga oshirildi. Shu bilan bir qatorda har bir sanatoriy qo‘shimcha nogironlik aravachalari bilan ta'minlandi. Ularga malakali tibbiyot xodimlari biriktirilib, kundalik salomatligini nazorat qilish uchun maxsus muolaja xonalari tashkil etildi.

2015 yil - Keksalarni e'zozlash yilida nuroniylarimizning manzilli ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda tarixiy shaharlarga sayohatlarni tashkil etish kabi vazifalarni yanada kuchaytirish ko‘zda tutilgan. Qisqasi, 2015 yil savobli ishlar yili bo‘lishi kutilayotir. Unda har birimiz faol ishtirok etib, o‘z hissamizni qo‘shsak, kelgusi avlod vakillari uchun ibrat namunasini ko‘rsatgan bo‘lamiz.

 

Boburjon MUHAMMADIYEV,

“Hurriyat” muxbiri

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.