MARDGA MAYDON TOR KELMAS

Osiyo kubogi musobaqalari haqida mulohazalar

Avstraliyada davom etayotgan Osiyo kubogi musobaqalarining guruh bosqichi o‘yinlari yakuniga yetdi. 16 jamoadan 8 tasi chorak finalga yo‘l oldi. Chorak finalning dast­labki uchrashuvida «A» guruhi g‘olibi Janubiy Koreya «V» guruhida ikkinchi o‘rinni egallagan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan maydonga tushadi.

Yakuniga yetgan guruh uchrashuvlaridan keyin qit'amiz futbolining bugungi nufuzi hamda bosh jamoamizning maydonda ko‘rsatayotgan mahorati borasida mulohaza yuritsak.

 Osiyo dunyoning 1/3 qismini egallagan, jahon aholisining yarmidan ko‘pi istiqomat qilayotgan ulkan hudud. Unda yashovchi halqlarning o‘ziga xos mentaliteti va an'analari mavjud. Binobarin, ularning sportda ham o‘z qarashi shakllangan. Futbol esa barcha xalqlarni birlashtirishga, yanada yaqinlashtirishga xizmat qilayotir. Osiyo futbol konfederatsiyasi qit'ada sportning mazkur turini yanada ommaviylashtirish va rivojlantirish maqsadida milliardlab mablag‘larni sarflayapti. Har yili qit'a miqyosida turli yoshdagi terma jamoalarning chempionatlari tashkil etilyapti. Klublar miqyosidagi Osiyo chempionlar ligasi, OFK kubogi singari musobaqalar ham muxlislar e'tiborida. Ammo Osiyo futboli jahon miqyosida muhim mavqyeni tashkil etmay, Yevropa, Janubiy va Shimoliy Amerika, Afrika futbolidan ancha ortda qolmoqda. Buni o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan jahon chempionati misolida izohlash mumkin. Katta mundialda Eron, Yaponiya,  Janubiy Koreya hamda Avstraliya jamoalaridan birontasi guruh bosqichidan nariga o‘ta olmadi. Maydonda ular ko‘rsatgan o‘yin esa eng zerikarli uchrashuvlar sirasiga kiritildi.

Endi o‘ylab ko‘raylik, jahon chempionatidek yirik musobaqalarda muxlislarni o‘ziga qarata olmagan Osiyoning eng kuchli terma jamoalari qit'a miqyosidagi turnirda buni qanday amalga oshirishi mumkin. Mutaxassislar XXI asrni Osiyo futboli asri bo‘ladi, deb bot-bot ta'kidlashayapti. Biroq amalda buni ko‘rayotganimiz yo‘q. To‘g‘ri, futbol uchun milliardlab mablag‘lar sarflanayapti. Ayniqsa, arab davlatlarining bu boradagi saxiyliklarini ta'riflab ulgurmaysan kishi. Ular Yevropada katta obro‘ topgan «qariya» futbolchilarni milliy chempionatlarga jalb etmoqda. Balki, ular shu yo‘l bilan o‘z futbollarini rivojlantirmoqchidir. Osiyo kubogining o‘tgan guruh bosqichidan ma'lumki, arab davlatlarining futbolni rivojlantirish yo‘lida qilayotgan bu tarzdagi ishlari samara bermayapti. Qatar, Iordaniya, Quvayt, Bahrayn, Ummon, Saudiya Arabistoni jamoalarining musobaqadagi ishtirokidan muxlislarning ko‘ngli to‘layotgani yo‘q. Ushbu jamoalarni musobaqaga xorijlik murabbiylar tayyorlashgan bo‘lsada, ular ham jamoaga yangicha ruh, tezlik, taktik usullarni singdira olishmadi. Jahon va Yevropa chempionatlarida kuchli jamoalar ishtirokida har bir qarich maydon uchun keskin «jang», taktik hiylalar ostida kechgan o‘yinlarni ko‘raverib ko‘zi pishgan muxlis Osiyo miqyosidagi hamin­qadar futbolga vaqt sarflamasligi turgan gap.

Chempionatda Avstraliya milliy terma jamoasining imkoniyati boshqalarga nisbatan ancha yuqori ekani bashorat qilingandi. Avstraliya futboli Yevropa futboliga ancha yaqin. Bundan tashqari, u Osiyo qit'asiga kirmaydi. Ular ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun ushbu qit'a chempionatiga qo‘shilishgan. Joriy yil Osiyo kubogi Avstraliyada o‘tkazilayotgani ularning musobaqada g‘olib chiqish imkoniyatini ancha oshiradi. 2011 yilda Qatarda o‘tkazilgan Osiyo kubogida Avstraliya milliy terma jamoasi finalda Yaponiyaga yutqazgan edi. O‘sha mag‘lubiyat alami g‘alaba nashidasini surish. Bu safar asosiy maqsad - muxlislar ko‘z o‘ngida kubokni boshlari uzra baland ko‘tarish. Guruh bosqichida avstraliyaliklar Quvayt va Ummon jamoalari darvozasiga to‘rttadan to‘p kiritib, ko‘pchilikda chempionatda ularni yengadigan jamoa yo‘qdek tasavvur uyg‘otishdi. Biroq Tim Keyxil jamoadoshlari Janubiy Koreya oldida ip esha olishmadi. Gapning indallosini aytganda, mezbonlarni qaysi usulda mag‘lub etishni janublik koreyslar amalda namoyon etishdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining dastlabki turda qo‘lga kiritgan g‘alabasi borasida avval to‘xtalgan edik. Xitoy bilan o‘tkazilgan ikkinchi tur uchrashuvi yurtdoshlarimizning bugungi imkoniyati, kuchiga baho berishimiz uchun ayni muddao bo‘ldi. Musobaqadan avval muxlislaru mutaxassislar tomonidan bosh jamoamiz ushbu guruhda birinchi o‘rinni egallab keyingi bos­qichga chiqishi aytilgan edi. Ikkinchi tur yakunlari shuni ko‘rsatdiki, bunday farazlar faqat tilda ekan. Chin yurti futbolchilari o‘sha kuni Mirjalol Qosimov shogirdlarini tezkor o‘yini bilan esankiratib qo‘yishdi. Futbolchilarimiz ulardan bunday o‘yinni kutishmagan edi-da. Uchrashuvda hisobni 22-daqiqada vakillarimiz ochishdi. Shundan so‘ng, futbolchilarimizda sarosimalik boshlandi. Xitoyliklar esa o‘tkazib yuborilgan to‘pdan ruhan tushkunlikka tushmay Ignatiy Nesterov darvozasi tomon hujum uyushtirishni kanda qilmadilar. Raqib har ikkala qanotdan turib o‘yin oxirigacha ancha tezkor va mazmunli o‘yin namoyish etdi. Bunday hujumlarni kutmagan yurtdoshlarimiz tushkunlikka tushib qoldi. Buni oldindan sezgan xitoyliklar murabbiysi zaxiradan tezkor hujumchilarni maydonga tashladi. Aynan mana shu o‘yinchilar darvozabonimizning xatosidan foydalanib hisobni tenglashtirdi.

Shundan so‘ng ham vakillarimiz nimagadir o‘zlarini qo‘lga olish o‘rniga qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘ya boshladilar. Server Jeparov maydonni tark etgandan so‘ng esa  hujumchilarga bironta ham aniq to‘p yetkazib beradigan «dispetcher» topilmadi. Qanotlarni kuchaytirish uchun maydonga tashlangan futbolchilar ham hech bir jabhada aniq harakat qila olmadilar. Odil Ahmedov raqib darvozasini ishg‘ol etdi. Biroq butun uchrashuv davomida uning harakatlari ham samara bermadi. Xitoy milliy terma jamoasi ustozi Odilni ham «zararsizlantirish» imkonini topdi. Aytish lozimki, o‘yindagi eng katta xatolar himoyachilarimiz tomonidan sodir etildi. Ular bo‘lar-bo‘lmasga jarima maydonchamiz yaqinida to‘pni raqibga «hadya» etib turishdi. Bundan tashqari, himoya bilan hujumni bog‘lovchi yarim himoyachining topilmagani uchrashuvga salbiy ta'sirini ko‘rsatdi. Mazkur uchrashuvni futbolchilar jangi emas, murabbiylar kurashi bo‘ldi, desak xato emas. Bu kurashda raqib ustozining bilimi va saviyasi ustun keldi. Yurtdoshlarimiz 2:1 hisobida mag‘lub bo‘lishdi. Bir narsani tan olish kerak: O‘zbekiston milliy terma jamoasi shu holatda ham Xitoy terma jamoasidan ustun. 

Saudiya Arabistoniga qarshi hal qiluvchi uchrashuvda Mirjalol Qosimov yo‘l qo‘ygan xatolardan xulosa chiqara oldi va keskin o‘zgarishlarni amalga oshirdi. U bir emas, naq besh nafar asosiy tarkib a'zolarini almashtirdi. Bu o‘zgarish o‘yin avvalida muxlisu mutaxassislarni hayron qoldirgani aniq. Murabbiyning mazkur qarori o‘yinda o‘zini to‘la oqladi. Birinchi va ikkinchi turdan farqli o‘laroq, arablarga qarshi uchrashuvda vakillarimiz shiddatli va mazmunli futbol o‘yinini ko‘rsatishdi. Ayniqsa, yarim himoyachi Sardor Rashidovning nostandart harakatlari raqib himoyachilarini xato qilishga majbur etdi. Sardor uchrashuvning ikkinchi daqiqasida ajoyib driblingi evaziga arablarning uch nafarini aldab, darvozani ishg‘ol etdi. Bu gol jamoamizga keyingi bosqichga chiqish uchun umid uchqunlarini uyg‘otdi. Butun o‘yin davomida ochiq futbol namo­yish etgan har ikkala jamoa vakillarida yana darvozani ishg‘ol qilish imkoniyati bo‘ldi. O‘yinning 52-daqiqasida esa hakam himoyachimiz Vitaliy Denisov o‘yin qoidasini buzgani uchun darvozamizga o‘n bir metrli jarima belgiladi. Bunday imkoniyatdan arablar unumli foydalanib, hisobni tenglashtirdi. Shundan so‘ng Qosimov yosh yarim himoyachi Jamshid Iskandarov o‘rniga hujumchi Vohid Shodiyevni maydonga tushirdi. Hujumchi o‘ziga berilgan imkoniyatdan foydalanib 62-daqiqada saudiyaliklar darvozasiga jamoamizning ikkinchi golini kiritdi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay yana «katta sahna»ga Sardor chiqdi. Jamoadoshi tomonidan raqib jarima maydoniga chap qanotdan yetkazib berilgan to‘pga barchadan oldin yetib kelib muxlislarimizga quvonch bag‘ishlagan uchinchi golni darvozaga joylab qo‘ydi. Mazkur g‘alaba Qosimov shogirdlariga  chorak final eshiklarini ochdi.

Ertaga o‘tadigan chorak final o‘yinida ham futbolchilarimizdan g‘alaba kutib qolamiz. Bunga ularning imkoniyati ham, kuchi ham yetadi. Faqat yanada jipslashib, bir kuch bo‘lib raqibga qarshilik qo‘rsatilsa bas!

 

Jobir XO‘JAQULOV

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.