BOLALAR SPORTI:TURMUSH TARZIMIZNING BIR KO‘RINISHI

Mamlakatimizda sog‘lom avlod tarbiyasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Kelajak avlodning ta'lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, sog‘ligini ta'minlash borasida istiqlol yillarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Ayniqsa, ta'lim sohasida olib borilgan islohotlar jahon jamoatchiligining e'tirofiga sazovor bo‘layapti. Shuningdek, yurtimizda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sportning ommaviyligini ta'minlashga ham katta e'tibor qaratilayotir.

 

Bu borada nafaqat markaziy shaharlarda, balki chekka qishloqlarda yaratilayotgan sharoitlar ham kishining havasini uyg‘otishi aniq. Jumladan, mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan 2002 yilda tashkil etilgan Bolalar sportini rivojlantirish jam­g‘armasi faoliyatini alohida ta'kidlash zarur. Jam­g‘arma mablag‘lari evaziga har yili joylarda yuzdan ortiq sport inshootlari, musiqa maktablari qurilib topshirilayapti. Mazkur ob'yektlarda sport sir-asrorlarini puxta egallagan bolalar esa xalqaro maydonda davlatimiz obro‘-e'tiborini yuksaklarga ko‘tarayapti.

O‘tgan «Sog‘lom bola» yilida Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, AQSH, Angliya, Fransiya, Ukraina, Rossiya, Braziliya davlatlarida o‘tkazilgan 56 ta xalqaro musobaqada 469 nafar o‘quvchi yoshlarimiz o‘z imkoniyatlarini sinashdi. Ular og‘ir atletika, yengil atletika, sport gimnastikasi, badiiy gim­nas­tika, suzish, karate, boks, kikboks, futbol, voleybol, basketbol, erkin va yunon-rum kurashi, dyuzdo, sambo sport turlari bo‘yicha jami 391 ta medalni qo‘lga kiritgani e'tiborga molik. Shundan 126 tasi oltin, 105 tasi kumush, 160 tasi bronza medalidir.

2014 yilda mamlakatimizda 115 ta sport ob'yekti va 48 ta bolalar musiqa va san'at maktablari qad rostladi. E'tiborlisi, ana shu ob'yektlarning aksariyati qishloq hududlarida bunyod etilgan.

Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Jizzax viloyatida qad roslayotgan sport inshootlari farzandlarimizning sevimli maskaniga aylanib borayapti. Binobarin, «Sog‘lam bola» yilida Zomin tumanidagi 1-sonli bolalar olimpiya sport maktabi hududida suzish havzasi qurilib foydalanishga topshirildi. Endilikda chekka tuman, chekka qishloqlarda yashayotgan suv sportiga qiziquvchi yoshlar bu yerda malakali murabbiylar yordamida o‘z mahoratlarini oshirib borayapti. Bundan tashqari, viloyat o‘quvchilari  joriy yilda Xorazm viloyatida o‘tkaziladigan uch bosqichli sport musobaqalarining birinchi tizimi - «Umid nihollari» turniriga jiddiy hozirlik ko‘rmoqda. Oldingi xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqargan viloyat sportchilari Urganchda bo‘lib o‘tadigan kichik olimpiadada munosib ishtirok etishga bel bog‘lashgan. Qo‘l to‘pi bo‘yicha viloyat jamoasi Respublikaning eng kuchlilaridan sanaladi. Ushbu jamoa o‘tgan yili Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro musobaqada birinchi o‘rinni egallagan. Ular ham hozirgi paytda «Umid nihollari» musobaqasiga jiddiy hozirlik ko‘rishayapti. Bundan tashqari, Jizzax viloyati kollej o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan «Barkamol avlod» sport musobaqalariga mezbonlik qiladi. Ayni paytda unga qizg‘in tayyorgalik ko‘rishyapti. Bolalar sporti jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan viloyat markazida musobaqalar o‘tkaziladigan bir nechta sport inshootlari qurilmoqda.

Andijon viloyatida barcha sohalar qatori sport jadallik bilan rivojlanayapti. Buni viloyat sportchilari erishayotgan natijalar bilan izohlash mumkin. Viloyatda boks, suzish, og‘ir atletika, badiiy gimnastika singari sport turlariga qiziqish o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida juda yuqori. Ayniqsa, Andijon boks maktabining dovrug‘i hozirgi kunda butun dunyoga ayon. Olimpiada chemponi Muhammmadqodir Abdullayev,  O‘tkirbek Haydarov, To‘lashboy Doniyorov kabi sportchilarni voyaga yetkazgan zaminga har qancha ta'zim qilsang arziydi. Ularning izdoshlarini tarbiyalash borasida viloyatda barcha imkoniyatlar mavjud. Faqat boks bilan cheklanib qolmasdan viloyatda sport gimnastikasi va badiiy gimnastikani rivojlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yaqinda Andijon sport gimnastikasi olimpiya zahiralari maktabi qayta rekonstruksiya qilinib, tubdan yangilandi. Xalqaro talablarga monand ikkita sport zali qurildi. Mazkur majmuada endilikda 520 nafar bola uchun shug‘ullanish imkoniyati mavjud. Ayniqsa, gimnastika sport turiga qiziquvchi qiz bolalar uchun ushbu majmua ajoyib sovg‘a bo‘ldi. Shuning­dek, Bolalar sporti jamg‘armasi ko‘magida qurilayotgan sport inshootlarini jihozlash va ularni ishlab chiqarish bo‘yicha Andijon tajribasini ta'kidlab o‘tish zarur. Sport jihozlarini ishlab chiqarishda viloyat tadbirkorlarining o‘z uslubi bor. Ular tomonidan bugungi kunda 18 turdagi sport inventarlari ishlab chiqarilayotgani so‘zimiz isbotidir.          

Muxtasar aytganda, muhtaram Prezidentimiz tomonidan hayotga tatbiq etilgan mazkur jamg‘arma faoliyati buloq ko‘z ochgani kabi yurtimizning chekka go‘shalarida ham farzandlarimizning salohiyatlarini namoyon etishda kamarbasta bo‘layotir.   

 Jobir XO‘JAQULOV,

«Hurriyat» muxbiri