“KO‘NGLIMGA ORZULAR SOLGAN QISHLOG‘IM...”

Poytaxtdan vodiy tomon ketib borayapmiz. Uzoqdan qaraganda tog‘lar boshiga bulutlardan qalpoq kiyib olganga o‘xshaydi. Nahotki, hozir shu bulutlar orasiga kirib ketsak, deb o‘ylayman ichimda. Tog‘ning yon bag‘rini kesib o‘tgan ravon yo‘lda ketib borar ekanmiz, shu dam odamzotning qudrati, zakovatiga tahsin aytgimiz keldi. Shunday katta tog‘ni o‘yib, undan yo‘l ochish uchun qanchadan-qancha Farhodlar ter to‘kmayapti, deysiz. Ular tog‘ni o‘yib, toshni talqon qilib, vodiyga po‘lat iz solayaptilar.

Qishgi ta'tilni o‘tkazish uchun Qamchiq dovoni osha uyga - Namanganga o‘zbekona mo‘'jizalardan biri bo‘lmish “Kobalt”da g‘urur-la ketar ekanman, yuqoridagi o‘y-xayollar ko‘ngildan o‘tdi. Mashina yumshoq, qulay, tog‘ yo‘llari bo‘ylab goh u tomon, goh bu tomon chayqalib borarkan, o‘zingizni xuddi belanchakdagidek tasavvur qilasiz. 

Ota yurtim Yangiqo‘rg‘on Namangan viloyatining eng shimoliy tumani hisoblanadi. Odamlari soddadil, beg‘ubor... YAqinlarim mehmondek izzat ko‘rsatib, meni uyning to‘riga o‘tqizishdi - nima deysiz endi, vodiycha takalluf, odob shunday. Boshqa tomondan olganda bu izzat-ikrom meninggina sharafim uchun emas, poytaxt shabadasini olib kelgan, azim kentdagi ishlardan xabardor odamga havasmandlik, ehtiromning ham belgisi edi. Salom-aliqdan so‘ng, ular Toshkent haqida, o‘qishim haqida juda ko‘p so‘rashdi. Ukam tizzamga o‘tirib olgancha chuchuk tilchasi bilan “Toshkent-Toshkent” deya biyron-biyron takrorlardi. Men ham borini oshirib, yo‘g‘ini yashirib javob beraverdim.

Uyimiz qishloqning chetrog‘ida joylashgan. Darvozadan chiqishingiz bilanoq, bepoyon kengliklar uzoqdagi tog‘larni, tog‘lar esa osmonga ulanib ketganini ko‘ramiz. Quyosh erinibgina nur sochib turibdi, atrof oppoq qor.

Qishloqning yonidan anhor o‘tgan bo‘lib, suvni ana shu anhordan olamiz. Deyarli barcha aholi dehqonchilik va chorvachilik bilan mashg‘ul. Qishlog‘imizning o‘ziga xos jihatlaridan biri uning nomi bilan bog‘liq. Odatda, qishloqlar tarixan tarkib topishi, aholining mehnat, faoliyat shakli, hududning jo‘g‘rofiy joylashuviga ko‘ra nomlanadi. Misol uchun “Pichoqchi”, “Baliqchi” faoliyatga, “Oltiariq”, “Buloqboshi” jo‘g‘rofiy o‘ringa, “Uchqo‘rg‘on” toponomikasi esa tarixga bog‘liq nomlardir. Ularni bir qarashda anglash, ajratish qiyin emas.

Lekin bizning qishloq umuman o‘zgacha atalgan: “Yalan­g‘och”. Ochig‘i, do‘stlarim ba'zida qishlog‘im nomini so‘­rashsa, aytishga bir oz hijolat tortaman. Negaligini ang­lab turgandirsiz... Buning yanayam qiziq tomoni bor, aytaylik yigitlar-ku, joy nomini bemalolroq aytaveradilar, lekin qishlog‘imiz qizlariga qiyin-ov... Shu qishloqlik qizni yoqtirib qolgan yigitlar sovchi yuborish uchun manzilni so‘rasa sho‘rlik qanday javob beradi? Aytmay desa yigit manzilingni ayt, sovchi jo‘natay deb turibdi, aytay desa tili bormaydi. Bunday hollarda qanday javob berishlariga men ham qiziqdim. Ko‘pincha qo‘shni qishloqni nomini aytishar ekan.

Qishloq katta bo‘lib, ikkiga bo‘lingan. 2 kilometr tosh yo‘l ularni shimol va janubga ajratib turadi. Nomlar ham shunga yarasha: “Tepayalan­g‘och” va “Pastyalang‘och”. Bunday holat dunyoning aksar mo‘'jizalarini ham ortda qoldiradi. Past va tepa deb atalishi uning jo‘g‘rofiyasiga bog‘liq bo‘lsa, “Yalang‘och” nomi qanday berildi ekan? O‘sha yerliklarning aytishicha, avvallari bu yerda hech kim yashamagan, atrof baland-pastliklar va kengliklardan iborat bo‘lgan. Shuning uchun ham u yerni shunday nomlashgan bo‘lsa kerak. Boshqacharoq bir talqinga ko‘ra, shu atrofdagi soylikda devsifat bir odam yashagan. U hech qachon kiyim kiymagan. Bu nom shundan qolgan deyish ham mumkin.

Ana, tashrif bahona bo‘lib, qishlog‘imiz haqida hikoya qilib berdim. Hozir qishlog‘imizning ko‘rinishi butunlay o‘zgarib ketgan. Ko‘plab yangi uylar qurilgan, har birining o‘z maktab va bog‘chasi bor. Katta-katta yer maydonlari bog‘zorga aylantirilgan. Ko‘cha bo‘ylarida turli-tuman daraxtlar: olxo‘ri, olcha, olma, shaftoli, terak va tollar ekilgan. Bugun bu yerda hayot qaynaydi. Kishilari bir-biriga mehribon va yelkadosh, nafaqat bir-birini, balki ota-bobolarigacha taniydi. Shu dam qishloqdoshlarim bilan faxrlanib ketdim. Ularning ma'naviyati “yalang‘och” emasligi shundoqqina so‘zlaridan bilinib turadi.  Sodda va samimiy, chuqur mulohazali, keng dunyoqarashga ega inson ular. Soddadil, samimiy va oqko‘ngil odamlar qishloq ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turadi.

 Muxtorbek ABDULLEV,

O‘zDJTU talabasi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.