O‘Z ERKIGA EGA MULKDORLAR

Xalqimiz muhim siyosiy jarayon qarshisida turibdi. Mart oyining oxirida mamlakatimizda prezidentlikka saylov bo‘lib o‘tadi. Ma'lumki, sobiq ittifoqdosh respublikalar orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda prezidentlik instituti joriy etilgandi. Bunga osongina erishilgani yo‘q, albatta. Mustabid tuzum parokandalikka yuz tutayotganiga qaramay, jilovni qo‘ldan bermaslikka intilgan kuchlar bunga bor imkoniyatlarini ishga solib, qarshi chiqdilar. Murakkab va tahlikali vaziyat yuzaga kelgan, xalqning hukumatga ishonchi so‘nib borayotgan bir paytda maydonga chiqqan ulug‘ Yo‘lboshchi qat'iyat va tashabbus bilan o‘z yo‘lida davom etdi.

 Zahmatkash xalqning uzoq yillik Istiqlolga erishish orzusi ushaldi. Mana, 24 yildirki, yurtimizda hurlik quyoshi nur sochayotir. Ko‘hna tarix oldida o‘tgan bu qisqa davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar yuz yilliklarga tatiydi. Tilimiz, dinimiz, qadriyatlarimiz qayta tiklandi. Shaharu qishloqlarimiz obod bo‘ldi. Qancha-qancha ulkan inshootlar barpo etildi. Yil sayin respublikamiz bo‘ylab yangi-yangi inshootlar qad rostlamoqda. Barcha sohalarda katta islohotlar olib borilmoqda. Xususan, o‘z haq-huquqini tanigan, ishbilarmon mulkdorlar safining kengayib borayotgani xalq­ning farovon hayotidan darakdir. Zotan, mamlakatimizda “Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyili asosida ish olib borishdan maqsad ham shu. Davlatimiz rahbari bu ulug‘ maqsadni hali mus­taqillikka erishmay turib, olg‘a surgandi. Ya'ni, o‘sha yillardagi yig‘ilishlardan birida: “Bizning asosiy talabimiz mulkchilik to‘g‘risida. O‘zini mus­taqil deb bilgan davlat o‘z hududida bo‘lgan barcha yer ostiyu, yer usti boyliklariga, ishlab chiqaruvchi kuchlarga hech so‘zsiz faqat o‘zi egalik qilmog‘i kerak. Shu bilan birga, O‘zbekiston o‘z boyliklaridan va ishlab chiqariladigan mahsulotdan foydalanish masalasida ham erkin bo‘lishi zarur”, deya qat'iy masala qo‘ygandi. Bugun ushbu talab o‘zini to‘la oqladi. Yer-suvimiz, boyliklarimiz o‘zimizga qaytarildi. Endilikda mahalliy xom ashyo asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bozorlarimizni to‘ldirib turibdi. Sanoat, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoj topdi. Tadbirkorlaru ishbilarmonlarimiz hech bir davlatnikidan kam bo‘lmagan mahsulotlari bilan jahon bozoridan munosib o‘rin egallayotir. Keling, ushbu sohani Navoiy viloyati misolida ko‘rib chiqaylik.

Hozirgi vaqtda viloyatda 14 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yekti faoliyat yuritmoqda. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 762 ta kichik biznes va tadbirkorlik sub'yekti tashkil etilgan. Mazkur sohaning viloyat yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 36,9 foizga yetgan. 2014 yilning o‘zida kichik biznes sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 384,9 milliard so‘m kredit ajratildi. Shu o‘rinda aholini 15 yildan buyon sut mahsulotlari bilan ta'minlab kelayotgan “Karmana sut” ishlab chiqarish korxonasi faoliyatiga e'tibor qarataylik. Ayni payt­da korxonada sakkiz turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Ushbu mahsulotlar Zarafshon, Navoiy shaharlari ahlidan tash­qari, bir qator sanoat korxonalari va ta'lim muassasalariga yetkazib berilyapti.

- Dastlab 11 nafar xodim bilan ish boshlagandik, - deydi korxona rahbari Mahmud Bopilov. - Mana, bugun 25 nafar kishi ish bilan band. 30 bosh naslli sigirlarimizdan kuniga 500 litr sut olamiz. Uchta tumanning chorvachilikka ixtisoslashgan fermerlari, shuningdek, 100 dan ziyod xonadon sohiblari bilan shartnomamiz ham bor. Ulardan bir kunda 10 tonnagacha sut qabul qilib, qayta ishlaymiz. Yoz mavsumidan boshlab muzqaymoq tayyorlashni mo‘ljallab turibmiz. Ishlab chiqarish hajmini kengaytirish hisobiga yana beshta ishchi o‘rni yaratiladi. Ham oilangning to‘kis bo‘lishiga erishib, ham xalqqa foydang tegsa, buyam katta baxt. Topgan mablag‘imizdan mehribonlik uylari, ko‘zi ojizlar jamiyati, xayriya tashkilotlari, bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armalariga ozmi-ko‘pmi ajratib turibmiz. Axir, xayr-saxovat, bir-birimizni suyash, qo‘llash azaldan qonimizda bor. Davlatimiz tomonidan tadbirkorlikka yo‘l ochib berilgandayoq qilgan niyatlarimiz amalga oshayotganidan mamnunmiz.

Tadbirkorlik ortidan viloyat iqtisodiga munosib ulush qo‘shib kelayotgan bunday ishbilarmonlar bugun har bir tumanda o‘nlab topiladi. Mamlakatimizda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti tufayli o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan ichki bozorni to‘ldirish imkoni borligi kishini quvontiradi.

So‘nggi yillarda hududda sanoatni rivojlantirish borasida ham ko‘plab yangi loyihalar ishga tushirildi. Viloyatda mus­taqillikning dastlabki yillarida 46 turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, tarmoqni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning amalga oshirilishi natijasida, bugungi kunga kelib, bunday mahsulotlar turi 300 dan oshdi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, 460,4 million so‘mlik 47 turdagi tayyor mahsulot eksporti yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirgi kunda mamlakat bo‘ylab keng quloch yoygan bunyodkorlik ishlarida zarur bo‘ladigan qurilish materiallari ham o‘zimizning tadbirkorlar tomonidan yetkazib berilayotgani ayni muddaodir. Qiziltepa tumanidagi “Qurilish ta'minotchi” mas'uliyati cheklangan jamiyati shu yo‘nalishda ish olib borayotganlarning oldingi safida turibdi, desak mubolag‘a emas. Turli ko‘rinishdagi tom yopish plitalari, temir-beton quduq (kolodets)lar, yo‘l chetiga o‘rnatiladigan bordyurlar, yo‘l o‘rtasiga qo‘yiladigan beton to‘siqlar, poydevor bloklari, devor plitalari singari jami 20 xil qurilish materiallari mazkur MCHJga qarashli sexlarda ishlab chiqarilmoqda.

- O‘tgan yili tosh maydalash va yog‘ochni qayta ishlash sexlarining o‘zida bir milliard so‘mlik, jami olti milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, - deydi korxona rahbari Botir Toshev. - 2000 yildan beri ishlab chiqarish hajmini yiliga 1,5 baravar oshirishga erishyapmiz. Buning uchun mahalliy xom ashyodan foydalanayotganimiz ham bizga qulaylik tug‘diradi. Qurilish materiallarimiz Navoiydan tashqari Samarqand, Buxoro, Xorazm viloyatlariga chiqarilyapti. Jami 100 nafar ishchi-xodimimiz bor, ularning o‘rtacha oylik maoshi bir milliondan to‘g‘ri keladi. O‘tgan yilning o‘zida 20 kishi ish bilan ta'minlandi. Imkoniyatlarimiz kengayib, ishbilarmonlar o‘rtasida sog‘lom raqobatning vujudga kelayotgani bizga yanada kuch-g‘ayrat bag‘ishlayotir. Prezidentimizning 2013 yil 8 avgust­dagi “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim qadam bo‘ldi. Bugun ko‘plab tadbirkorlar qatori men ham ishlab chiqargan mahsulotim eksportga chiqarilishini orzu qilaman. Orzuga ayb yo‘q, deyishadi. Hozirgi kunda respublikamiz pillapoyadan asta-sekin ko‘tarilib borayotgan nav­qiron yigit misoli. U kuchga to‘lib borgan sari ertamizdan ham ko‘ngil to‘lib boraveradi. Mana, o‘z yutuqlarimiz, boyligimiz, o‘z erkimizga ega mulkdor bo‘ldik. Inson orzu-umidining cheki bo‘lmasa kerak. Qay biriga biz erisholmasak, farzandlarimiz erishishiga ishonaman...

Ha, ertangi kunga ishonch bilan yashash bu bizning tolei baland xalqqa xos. Umid, yaxshi niyat insonga hamroh ekan, uni hech bir kuch yengolmaydi. Zotan, “ulug‘ ishlarga qodir bo‘lgan buyuk xalq yashaydigan qadimiy ma'rifatli davlatning to‘la huquqli fuqarosi” boshqacha bo‘lishi mumkinmi?! Tadbirli, ishbilarmon insonlar barcha zamonlarda xalq­ning, yurtning tayanchi bo‘lishgan. Buyuk jahongir Amir Temur ta'biri bilan aytganda, bitta tadbirli kishi mingta loqayd, befarq kimsadan afzaldir. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotimizni bar­qaror rivojlantirish va xalqimiz farovonligini izchil yuksaltirib borishning bosh omili bo‘lib turgan bir paytda, ulug‘ Sohibqironning bu so‘zlari o‘zgacha jaranglaydi. Buyuk siymolar o‘giti esa hamisha yuksalish pillapoyasi bo‘lib kelgan.

 Xolida FAYZIYEVA,

“Hurriyat” muxbiri

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.