BUGUNGI HARAKAT - ERTANGI BARAKAT

Bir paytlar oqibatini o‘ylamasdan ekin maydonlariga tonna-tonnalab kimyoviy moddalar bilan “ishlov berilgan”ini ko‘pchilik yaxshi eslaydi. Natijada, yillar o‘tib yerlarimizning meliorativ holati yomonlashdi, ekologiya buzildi... Faqat istiqlol yillariga kelib mulkka munosabat butkul o‘zgardi.

 Ayni kunda yer bilan tillashib, qishning qor-yomg‘irli kunlarida bo‘lg‘usi hosil g‘amini yeb dalasiga o‘g‘it jamlayotgan fermerlar qo‘lida tayyor tavsiya va qo‘llanmalar bor. Sohaning malakali mutaxassislari tomonidan, usta dehqonlar bilan hamkorlikda tavsiya etilayotgan ayni tabiiy va kimyoviy o‘g‘itlarni berishda yurtimizda ming yillardan buyon davom etib kelayotgan dehqonchilik an'analari va yerning tabiiy sharoiti inobatga olinmoqda.

Ushbu sa'y-harakatlar tufayli ham keyingi yillarda paxtachilik, g‘allachilik va meva-sabzavotchilikda mo‘l hosil yetishtirilmoqda. O‘tgan yili dehqon va fermerlarimizning mardonavor mehnati, sohaga zamonaviy agrotexnologiyani joriy etishi tufayli 3 million 400 ming tonnadan ziyod paxta, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tarixida birinchi marta 8 million 50 ming tonnalik yuksak g‘alla xirmoni bunyod etildi. Meva va sabzavot yetishtirish esa 16 million tonnaga oshdi. Bunday salmoqli natijalarga erishish osonlikcha amalga oshgani yo‘q, albatta. Buning zamirida davlatimiz tomonidan 23 yil davomida qishloq xo‘jaligida tub islohotlar samarasi va dehqonlarimizning beminnat xizmatlari yotibdi.

Qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishning samaradorligi, mamlakatimizning iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, butun O‘zbekistonimiz aholisining moddiy farovonligini oshirish omili yerlarimizning unumdorligini oshirish, uning sifatini muntazam yaxshilab borish bilan uzviy bog‘liqdir.

Ekinlardan mo‘l va sifatli hosil olishning muhim omillaridan biri - bu yer-suv resurslaridan unumli foydalanishdir. Bunda ayniqsa, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini barqaror saqlash muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2007 yil 29 oktyabr­da qabul qilingan «Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini yanada bar­qaror rivojlantirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, unumdorligini oshirish va shu asosda qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini ko‘paytirish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda Qish­loq va suv xo‘jaligi vazirligi yerlarni meli­ora­siyalash boshqarmasi boshlig‘i Ne'mat Allaberganov shunday deydi:

- Mavjud holatni tubdan yaxshilashga qaratilgan melioratsiya tizimlarini rekons­truksiya qilish, ta'mirlash va tiklash kompleks tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Davlat dasturi bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etilmoqda. Bu ishlar Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jam­g‘armasi tomonidan moliyalashtirilmoqda. Alohida ta'kidlash joizki, meliorativ texnikaning ko‘p profilli parkini yangilash va shakllantirishni rag‘batlantirish, suv xo‘jaligi qurilishi va eks­pluatatsiya tashkilotlarini zamonaviy melioratsiya texnikasi va asbob-uskunalar bilan ta'minlashga ixtisoslashtirilgan “O‘zmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasi tashkil etildi. Ayni damda kompaniya ko‘plab korxonalarni melioratsiyada foydalaniladigan zarur texnika vositalari bilan ta'minlashga ko‘maklashmoqda. Melioratsiya va suv xo‘jaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashtirilgan pudrat tashkilotlarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va raqobatbardoshligini oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda melioratsiya va boshqa suv xo‘jaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashtirilgan 50 ga yaqin davlat unitar korxonalari tashkil etildi.

Bevosita amaliy ishlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash Davlat dasturiga ko‘ra o‘tgan yil davomida meliorativ ob'­yektlarni qurish va rekons­truksiya qilish ishlariga 127,6 milliard so‘m, ta'mirlash-tiklash ishlariga 112,8 milliard so‘m, melioratsiya va suv xo‘jaligi ishlariga ixtisoslashtirilgan pudrat va eks­pluatatsiya korxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 29,0 milliard so‘m, tomchilatib sug‘orishni joriy etishga 0,2 milliard so‘m yo‘natirildi.

O‘tgan yil dasturga asosan 201 ta ustuvor loyihada tizimli ta'mirlash-tiklash ishlari amalga oshirildi. 11112,6 km. ochiq va 490,6 km. yopiq-yotiq kollektor drenaj tarmoqlari, 356 dona vertikal drenaj quduqlari, 27 dona meliorativ nasos agregatlari, 1143 ta kuzatuv quduqlari va 1327 dona boshqa meliorativ inshootlar ta'mirlandi.

Ko‘rilgan choralar natijasida bir million 700 ming gektar sug‘oriladigan yerning meliorativ holati yaxshilandi. Bu jami ekiladigan maydonlarning yarmidan ziyodi demakdir. Ana shu ishlar tufayli sizot suvlari eng og‘ir darajada, ya'ni 2 metrgacha yuzada joylashgan yerlar qariyb 500 ming gektarga yoki uchdan biriga kamaydi, kuchli va o‘rtacha sho‘rlangan yerlar esa 100 ming gektarga yoki 12 foizga qisqardi. Melioratsiya tadbirlari amalga oshirilgan ekin maydonlarida paxta hosildorligi gektariga o‘rtacha 2-3 sentner, boshoqli ekinlar esa 3-4 sentnerga oshdi.

Joriy yilda ham meliorativ ob'yektlarni ta'mirlash va tiklash bo‘yicha 11430,9 kilometr ochiq va 947,7 km. yotiq-yopiq drenaj tarmoqlarini, 21 dona meliorativ nasos agregatlari, 315 dona vertikal drenaj quduqlarini, 199 dona gidrotexnik inshootlarni va 1017 dona meliorativ kuzatuv quduqlarini ta'mirlash va tiklash ishlarini bajarish ko‘zda tutilayotir. Bu ishlar amalga oshsa respublika bo‘yicha 285 ming gektardan ortiqroq sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati yaxshilanadi.

Melioratsiya tadbirlarini sifatli o‘tkazish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishni yanada ko‘paytirish, fermerlar daromadini oshirish, xalqimiz turmushini farovonlashtirish, davlatimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlantirish imkonini beradi.

 

Bobur MUHAMMADIYEV,

“Hurriyat” muxbiri