ASRGA TATIGULIK YILLAR

Nabiram Dildoraning kutilmagan savoli o‘ylantirib qo‘ydi.

— Bobojon, siz tutgan kundalikni qiziqib o‘qiyotgandim. Bir joyini yaxshi tushunolmadim. Unda “Moskva vaqti bilan soat 6 da Toshkentdan Buxoroga uchdim” deb yozibsiz. O‘zbekis­tonning o‘zida Moskva vaqti nima qiladi?

 - Sen mustaqil mamlakatning farzandlaridan biri sifatida bu kabi gaplarni tushunmasliging tabiiy. Bilsang, o‘sha davrda Moskvada soat 6 bo‘lsa, Toshkentda 9, Buxoroda 8 bo‘lardi. Tushunmading-a. Mayli, misollar yordamida tushuntiraman. SHo‘rolar hukmronligi davrida samalyotlar, poyezdlar Moskva vaqti bilan harakat qilardi. Erta tong­da eshittiriladigan gimn ham Moskvaga qaratilardi. Kulgilisi shu ediki, o‘sha gimn «Assalom rus xalqi...» deb boshlanardi. Undan ham yomoni biz salom berganimizda ular hali dong qotib uxlab yotgan bo‘lishardi. Shunday qilishga biz majbur edik. O‘z erkimiz o‘z qo‘limizda emasdi. Hatto yurtimizning qaysi joyida qanday inshoot qurilishi sobiq ittifoq poytaxtida o‘tirgan, umrida O‘zbekis­tonda bo‘lmagan amaldorlar xohish-irodasiga qarab hal bo‘lardi.

- O‘qituvchilarimiz mustaqillik bizga nima berdi, shu savolga har bir o‘quvchi o‘z javobini topib kelsin, deb bizdan talab qiladilar. Rostdan ham qiziq voqyealar bo‘lgan ekan. Shu haqda to‘laroq ma'lumot bering.

- Eh-he, bunday savollarga bitta so‘z bilan javob berib bo‘larmikan. Hozirgi sen ko‘rib turgan hayot bilan o‘tmishdagi ahvolni solishtirish orqali tushuntiraman. O‘zbekiston azal-azaldan ulug‘ mutaffakirlar, aziz avliyolar vatani bo‘lgan. Bu haqda mustaqillikka erishganimizdan keyin baralla gapiryapmiz. Mustabid zamonda o‘z zaminimizdagi buyuk zotlar haqida gapirib bo‘lmasdi. Maktabdagi o‘quv dasturlarimiz o‘zga tilda gaplashadigan hukmdorlar tomonidan tuzilar, Amir Temurdek buyuk ajdodimiz ham qonxo‘r, bosqinchi deb talqin qilinar edi. Alpomish, Muqanna, To‘maris kabi xalq qahramonlari haqida bilishimizni istashmasdi. Ana shu tartib butun bir tizim sifatida, qizil saltanat nomidan hukm surardi. Unga qarshi chiqqanlar turli bahonalar bilan yo‘q qilinardi. Hammaning dardi ichida edi...

Mustabid zamonda yurtimiz tuprog‘idagi muqaddas qadamjolar e'zozlansa, millat o‘zligini taniydi, kelajagiga ishonchi oshadi deb cho‘chishardi. Zimdan shu niyatda aziz-avliyolar dafn etilgan joylar oyoq osti qilinar, odamlar erkin fikr yuritishiga yo‘l qo‘yilmasdi. Aytaylik, bir shahardagi masjidga qamoqxona joylashtirilgan bo‘lsa, boshqa yerdagi ziyoratgoh o‘rni mineral o‘g‘itlar omboriga aylantirilgan. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Qo‘qon kabi qadimiy shaharlarimiz faqat mustaqil zamondagina qadr-qimmat topdi.

Aslida esa ajdodlarimiz bizga buyuk meros qoldirgan bo‘lib, u bilan har qancha faxrlansak arziydi. Bugungi kunda insoniyat taraqqiyotiga asos bo‘lgan matematika fani sarchashmasida bobomiz Al Xorazmiy turganligini dunyo tan oladi. Beruniydek ulug‘ allomamiz Kolumbdan 500 yil avval ummon ortida Amerika qit'asi mavjudligini bashorat qilgan. Hozirgi farmokologiya, tibbiyot Ibn Sino nomi bilan bog‘liq. Bu ulug‘ inson XI asrda birinchi bo‘lib odamlar dardini jarrohlik yo‘li bilan davolagan. Mirzo Ulug‘bek nomi dunyo fanlari solnomasida Kopernik bilan yonma-yon tilga olinadi. Bugungi o‘sib kelayotgan avlod o‘z ajdodlari bilan haqli ravishda faxrlanishi, faqat ulug‘larimiz yaratgan kashfiyotlarga mahliyo bo‘lib qolmasdan o‘zlarini ham buyuk ishlarga chog‘lashi, o‘qib, o‘rganib katta-katta kashfiyotlar qilishi lozim. 

- Aytishlaricha, bir vaqt­lar O‘zbekistonda mashina ishlab chiqariladi, desa, hech kim ishonmagan ekan-a, bobo?

- Hozir necha yoshdasan?

- O‘n ikkida.

- Sen tug‘ilmasingdan yetti yil avval Asakadagi avtozavodda ilk mashina konveyerdan chiqqan. O‘shanda mustaqilligimizga atigi besh yil to‘lgandi. Shuncha yillar ichida bu yerda o‘nlab rusumdagi yengil mashinalar ishlab chiqarilmoqda. O‘shanda ham bu soha avj olishiga ishonmaganlar bo‘lgandi. Umuman, dunyo­da avtomobil chiqarmaydigan davlatlar juda ko‘p. O‘zbekiston shu sohani muttasil taraqqiy ettirib kelayotgan sanoqli mamlakatlar safida turadi. Hozir o‘zimizda nafaqat yengil mashinalar, “MAN” rusumli yuk tashuvchi, “ISUZU” rusumli yo‘lovchi tashuvchi va boshqa maxsus xizmatlarni bajarishga mo‘ljallangan mashinalar chiqarilyapti. Bunday o‘zgarishlarni xalqimizning o‘zi mustaqil bo‘lganidan so‘ng yaratyapti. Ilgari bu haqda o‘ylash, hatto orzu ham qilish kulgili edi. Chunki ahvolimiz nihoyatda nochor edi. Shuning uchun mustaqil davrimizning har yilini asrga tenglashtirish mumkin.

 Shu o‘rinda yana bir muhim mavzu xususida gaplashamiz. Sobiq ittifoq O‘zbekistondan asosan paxta talab qilgan. Xom ashyoning biror tonnasi ixtiyorimizda emasdi. Tolaning asosiy qismi yurtimizdan olib ketilar, uni qayta ishlashdan tushadigan daromad bizga nasib qilmasdi. Shunday zamonlar bo‘lganki, o‘zimiz yetishtirgan paxta tolasidan olinadigan oddiy chit ham taxchil matohga aylangan.

Faqat mustaqillik tufayli paxta yakkahokimligiga barham berildi: dalalarimizda g‘alla, meva-sabzavot yetishtirildi. Paxta tolasining katta qismi o‘zimizdagi yengil sanoat korxonalarida tayyor mahsulotga aylanyapti. Xom ashyoning ehtiyojdan ortiqchasi o‘zimiz istagan narxda chet mamlakatlarga sotilyapti. Kimlarga sotishni ham o‘zimiz hal qilamiz. Har yili sentyabr oyida - ayni yig‘im-terim boshlanayotgan paytda paxta yarmarkasi o‘tkazilishi an'anaga aylangan. Buyam mustaqilligimiz sharofatidan. Bu yerga yuzlab chet ellik savdo korchalonlari kelib paxta, undan chiqadigan mahsulotlarni sotib olib ketishadi.

Mustabid zamonda bir million rubldan ziyod xarajat talab qilinadigan qurilish faqat Moskvaning ijozati bilan amalga oshirilardi. Ijozat esa o‘z-o‘zidan bo‘lmasdi. Istiqlolni qo‘lga kiritganimizdan keyin o‘z ixtiyorimiz o‘zimizda qoldi. Agar xo‘jalik yili yakuni chiqarilganda ko‘p sohadagi o‘sishlar foizda hisoblansa, qurilishda erishilgan ko‘rsatkichlar bir necha baravarda ifodalanadi. Bilasan, hozir dunyoning juda ko‘p mamlakatlarida moliyaviy-iqtisodiy inqiroz hukm surmoqda. Tanglik ro‘y berganda, tabiiyki, qurilish oqsaydi. Bizda esa yangidan-yangi bunyodkorlik inshootlari jadal sur'atlarda qad rostlayapti. Birgina Toshkentimizda keyingi yillarda Xalqaro Anjumanlar saroyi, Ma'rifat markazida Simpoziumlar saroyi va Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona, yaraqlagan saroylar va imoratlar mehmonlar hayratiga sazovor bo‘lyapti. Nafaqat poytaxtda, chekka-chekka tumanlardagi qurilishlarni daf'atan tasavvur qamroviga sig‘dirish qiyin. Aytaylik, islohotlarni joriy etishda bayroqdorlik qilayotgan Ellikqal'a tumanida mustaqillikning 23 yilligi arafasida 20 dan ziyod bunyodkorlik maskanlari tantanali ravishda ishga tushirildi. Bir tumanda shuncha bo‘lsa, viloyatlar, mamlakat miqyosida qancha bo‘lishini tasavvur etish qiyin emas.

Birgina 2014 yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida maqsadli davlat dasturi doirasida 11 mingta yangi turarjoylar barpo etildi. Shiftlari baland, xonalari shinam va yorug‘ pishiq g‘ishtdan qurilgan uylar odamlarimiz uchun yangi hayotni ato etmoqda.

Maktablarimizdagi o‘zgarishlarni, ta'lim sohasiga munosabatni bugungi yoshlarimiz yaxshi bilib olishlari, qadriga yetishlari kerak. Dunyodagi eng rivojlangan, boshqalardan ilgarilab ketgan mamlakatlar islohotni, avvalo, ta'limdan boshlashgan. Chunki yangicha qarashlar, yondoshuvlar asosan insoniyat erishgan so‘nggi yutuqlarni o‘zlashtirgan avlod tomonidan amalga oshiriladi. Davlatimiz rahbari uzoqni ko‘zlab, yuksak marralar, strategik maqsadlarni belgilashda eng birinchi e'tiborni ta'limga qaratdi. Mustaqillikning ilk yillarida O‘zbekiston Respublikasining “Ta'lim to‘g‘risida”gi Qonuni ishlab chiqilib, zudlik bilan hayotga tatbiq etildi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturida barkamol avlodni tarbiyalashning aniq yo‘nalishlari belgilandi. Bu das­tur millatning taqdiri bilan, ertangi kuni bilan bog‘liq edi.

Bundan bir necha yil muqaddam Prezidentimiz Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universitetiga tashrif buyurib, ta'lim sohasidagi islohotlarimiz haqida gapirib berganlarida uncha-muncha narsaga hayratlanmaydigan olimlar O‘zbekistonda qilinayotgan ishlarga qoyil qolishgandi. “Mening nazarimda Siz, - degandi tarix fakulteti dekani, mashhur tarixchi Sergey Karpov, - ta'limning asl mazmunini yurakdan anglagan kamdan-kam davlat arboblaridan biri bo‘lsangiz kerak. Bu borada har qanday islohot nihoyatda ehtiyotkorlik bilan, avaylab joriy etilishi lozim. Shunday qilinmasa, 300-400 yil yo‘qotish hech gap emas. Sizlarda qilinayotgan ishlar Rossiya uchun yaxshi namunadir”.

Bunday e'tirof keyinchalik jahonning manaman degan akademiklari, allomalari tomonidan ham aytildi. 2012 yilda ta'lim bo‘yicha Toshkentda o‘tkazilgan Xalqaro konferensiya qanchalik yuksak marralarga yetganimizni yaqqol ko‘rsatdi. Ushbu anjuman ta'lim va bilim egallash naqadar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ta'kidladi. Yurtimizda ta'lim tizimida eng yuksak standartlar amal qilinayotgani e'tirof etildi.

Maktablarimizdagi bugungi ahvol ko‘z o‘ngimizda. Endi shu manzaraga maktablarning mustabid zamondagi holatini taqqoslaylik. Men o‘zim maktab deganda eshiklari yaxshi yopilmaydigan, devorlari omonat binoni tasavvur qilardim. Sinf xonalari yetishmaganidan ikki-uch smenada o‘qirdik. Ayniqsa, qish faslida dars­ga borish azob edi. Yodimda, o‘quvchilar dars payti o‘z partasida emas, sinf burchagidagi pechka yonida qo‘nishib o‘tirishardi.

Mana, endilikda dunyoning turli tomonlaridan kelgan nufuzli ekspertlar O‘zbekiston tajribasi o‘rganishga, tatbiq etishga loyiq, degan xulosaga kelishyapti. Shuni aytish kerakki, shunday fikr tug‘ilishining o‘zi bo‘lgani yo‘q.

Umuman, ekspertlar tabiatida hamma narsaga shub­ha bilan qarash odati jo bo‘lgan. Nega shunday, jahon amaliyotida bu narsa qanday yechilgan, inson huquqlari kafolatlanganmi? Shu kabi qarshi savollar bilan yondashib, pirovardida ijobiy natijaga kelinsagina e'tirof etishadi. Masalan, mahalla institutini olib qaraylik, u asrlar mobaynida ahil-inoq yashab kelayotgan xalqning ezgu qadriyatlarini saqlab kelayotgan, o‘zlik panoh topgan maskan bo‘lgan. Mahalla odamlar bir-birlariga ehtirom ko‘rsatib yashash, quvonchli va tashvishli kunlarida bir-biriga madad bo‘lish, to‘y va ma'rakalarni rasamadi bilan o‘tkazish, buning nimasi yomon?! Mahalladagi maslahatning o‘zi ko‘pchilikning fikr-mulohazasiga tayanadigan demokratiya­ning oliy cho‘qqisi, bag‘rikenglik timsolidir. Bularni dunyo tan olayotgani, o‘ziga andaza sifatida qabul qilayotgani chinakam g‘alabadir.

Bugungi kunning qadriga yetish uchun xalqimizning kechagi kunini yaxshi bilib olishimiz kerak. Axir yorug‘ kunning qimmati qorong‘ulik bilan taqqoslanganda yaqqol bilinadi. Ba'zan yoshi ulug‘ bobolarimiz “Eh-he, bir burda non topish bizga oson bo‘lmagandi” deb eslasalar, bu holdan ayrim yoshlarning ensasi qotishi mumkin. Xo‘sh, bu to‘g‘rimi? Albatta, noto‘g‘ri. Inson yaxshi, farovon hayotga intilar ekan, o‘zligini yaxshi anglashi zarur. 

Tarixan qisqa muddatda shunday olamshumul muvaffaqiyatlarga erishishimizning bosh omili nimada? Savolni shunday qo‘ysak, mantiqli va adolatli bo‘lsa kerak. Dunyoning eng ibratli jihatlarini o‘zlashtirish uchun, xalqimizning azaliy qadriyatlarini tiklash va boyitish uchun, birinchi navbatda, tinchlik va osoyishtalik zarur. Tinch hayot bo‘lmasa, hech narsa tatimaydi. Ko‘ngilga bezovtalik rahna solsa, odamning yegani ichiga tushmaydi. Osoyishtalik barqaror yurt­ga yaxshi udumlar, quvonchli tadbirlar yarashadi.

Biz tinchlikni bebaho boylik deymiz. Darhaqiqat, uning qiymatini dollarda ham, so‘mda ham ifodalab bo‘lmaydi. Yana bir haqiqat shundaki, dunyoning turli joylarida, yaqin o‘tmishda bizga yondosh bo‘lgan o‘lkalarda urush holati ro‘y berayotgan zamonda tinchlik-omonlikni ko‘zimizga surtsak arziydi. Xulosa qilaylik: shunday tinch-osoyishta hayot o‘z-o‘zidan bunyod bo‘lib qolgani yo‘q.

“Vatan ozodligi, xalqimning omonligi, yurtimning ravnaqi, har bir oila farovonligi - men uchun oliy saodat”. Bu so‘zlar O‘zbekiston mustaqilligining me'mori, Yurtboshimiz Islom Karimovga tegishli. Shu oliyjanob niyat, oliy saodat O‘zbekistonimiz uchun abadiy bo‘lsin.

  

Shuhrat JABBOROV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist