YO‘LSOZLIKDA SHAXDAM ODIMLAR

Yurtimizda azaldan yo‘llar ravonligi, ko‘chalar obodligiga alohida e'tibor bilan qaralgan. “Ko‘chani iflos qilma”, “Ko‘changni orasta tut”, “Yo‘l sol­ganni duo qil” degan purma'no hikmatlar, nasihatlarni eshitib voyaga yetganmiz. Qolaversa, Amir Temur, hazrat  Alisher Navoiy, Mirzo Bobur davlatdorlik, arboblik faoliyatida yo‘lsozlik, ko‘chalar obodligiga katta ahamiyat qaratishgani tarixiy manbalardan ma'lum. Xususan, hazrat sohib­qiron qayerda madrasa, maqbara qurdirsa, avvalo, raiyatning bu maskanga kelib-ketishi uchun yo‘l qurishni buyurgan ekan. Muqaddas kitoblarda, chunonchi, hadislarda ham kimki, ko‘chani ravon qilsa, yangi yo‘l solsa, ayniqsa, ko‘prik qursa, unga bisyor savob yozilishi ko‘p o‘rinlarda ta'kidlangan. Binobarin, yurtimiz bo‘ylab safarga chiqqan kishi orasta va shinam, keng va ravon, kunduzlari nurafshon, kechalari charog‘on yo‘llardan yurganda baayni yuqoridagi o‘y-xayollar yodidan o‘tsa ajab emas... 

“O‘zavtoyo‘l” davlat aksiyadorlik kompaniyasi respublikamizda sohaga mas'ul tashkilot sifatida ulkan bunyodkorlikka, yirik xalqaro yo‘llardan tortib, kichik mahalla ko‘chalarigacha bo‘lgan qurilish va rekonstruksiya ishlariga bosh-qosh bo‘layotir. Kompaniya jamoasi mamlakatdagi avtomobil yo‘llari tarmoqlari sozligini ta'minlash hamda transport vositalari qatnoviga qulaylik yaratish kabi yumushlarni bajarib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida tizimdagi korxona va tashkilotlar tomonidan umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo‘llarining texnik holatini yaxshilash bo‘yicha ta'mirlash va saqlash, ularning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasida ko‘pgina ishlar qilindi.

Mamlakatimizda yuk va yo‘lovchi tashishning asosiy qismi avtomobil yo‘llari ulushiga to‘g‘ri keladi. Xususan, yuklarning qariyb 85 foizi, yo‘lovchilarning 95 foizdan ortig‘i shu yo‘llar orqali o‘tadi. Mana shuning o‘zi ham avtomobil yo‘llari mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida naqadar muhim o‘rin tutishiga yorqin misoldir. E'tiborlisi, istiqlolning ilk yillaridanoq yo‘l, transport-kommunikatsiya sohasiga alohida e'tibor berilib, yangi yo‘l va ko‘priklar qurish, yo‘l infratuzilmasini xalqaro andozalar, zamon talablari darajasida rivojlantirish borasida keng ko‘lamli va izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Olib borilayotgan islohotlar haqida kompaniya moliya-iqtisodiyot bosh  bosh­qarmasi boshlig‘i Jamshid Tursunov shunday deydi:

- Bugungi kunda respublika avtomobil yo‘llari tarmog‘ining umumiy uzunligi 183 685 kilometrdan iborat. Jumladan, umumiy foydalanishdagi yo‘llar 42 654 kilometr­ni (shundan, xalqaro yo‘llar - 3979 kilometr, davlat ahamiyatidagi yo‘llar - 14066 kilometr, mahalliy yo‘llar - 24609 kilometr), shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalari 61 664 kilometrni, hamda xo‘jalik yo‘llari 79 367 kilometrni tashkil etadi. O‘tgan yilda kompaniya tomonidan 42 654 kilometr uzunlikdagi umumiy foydalanishdagi yo‘llar va undagi barcha muhandislik inshootlari texnik soz holatda saqlanib, yo‘l harakati xavfsizligi va uzluksizligi ta'minlandi. Jumladan, 540 kilometrga yaqin masofadagi avtomobil yo‘lida qurilish va ta'mirlash ishlari o‘tkazilgan bo‘lsa, 299,1 kilometr yo‘l kapital ta'mirlandi. Chunonchi, 116 kilometr­dan iborat ikki yo‘nalishli yo‘l kengaytirilib, to‘rt yo‘nalishli qilib qayta qurildi, bu esa o‘z nav­batida ushbu yo‘llarda qatnovni uch barobar oshirish imkonini berdi.

Joriy yilda ham yo‘lsozlikdagi ishlar sur'ati jadal davom ettirilmoqda. Chunonchi, O‘zbek milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan yo‘llar uchastkalarini qurish va rekonstruksiya qilishning strategik ahamiyatini inobatga olgan holda, «O‘zavtoyo‘l» davlat aksiyadorlik kompaniyasi, Respublika yo‘l jamg‘armasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda yo‘llar qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash, yo‘llar bo‘yidagi infratuzilmalarni rivojlantirish yuzasidan tegishli dasturlar ishlab chiqilib, ular amaliyotga joriy qilinmoqda.

Yo‘l qurilishida xom ashyo masalasi, albatta, muhim. Shunga muvofiq, kompaniya tizimidagi sanoat va yordamchi ishlab chiqarish korxonalari tomonidan o‘tgan yilda yetarli miqdorda yo‘l qurilish materiallari yetkazib berildi. Natijada tizimdagi sanoat va yordamchi ishlab-chiqarish xo‘jalik korxonalari tomonidan o‘tgan davrda 156,0 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Kompaniya tasarrufidagi Qo‘yliq ko‘priklar, temirbeton qurilmalar tajriba zavodi esa o‘tgan yili 117,3 ming tonna yig‘ma temir-beton konstruksiyalari va jihozlari ishlab chiqardi. Toshkent viloyatida joylashgan “Toshvilyo‘lsanoat” sanoat korxonasi tomonidan 231,7 ming tonna asfalt-beton mahsuloti ishlab chiqarilib, yo‘llarni ta'mirlash uchun yetkazib berildi. Ta'kidlash kerakki, kompaniyadagi zavodlarning ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish maqsadida modernizatsiya das­turi asosida 10 ta korxonada 20,7 milliard so‘mlik ish boshlangan. Bu to‘liq ro‘yobga chiqarilsa, ishlab chiqarish hajmi yanada oshishi kutilmoqda.

Kompaniya tizimidagi yirik sanoat korxonalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirishga va mahsulot bahosini 11,5 foizga pasaytirishga erishildi. Shu bilan birga, barcha viloyatlarda bruschatka va kichik bordyurlar yasash sexlari barpo etilib, yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Ta'kidlash joizki,  bugungi kunda har qanday sohani zamonaviy texnikalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Xalqimiz bejiz “Ish quroling soz bo‘lsa, mashaqqating oz bo‘lur”, demagan. Zotan, zamonaviy texnikalarsiz davr talablariga mos mustahkam yo‘l qurish amrimahol. Shuning uchun o‘tgan yilda tizimdagi korxona va tashkilotlar tomonidan 536 dona yo‘l qurilish texnikalari xarid qilindi. Ular, asosan, o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan MAN va ISUZU avtoulovlaridir. Xususan, MAN rusumidagi 113 ta ag‘darma va 38 ta yo‘l qurilishiga moslashtirilgan mashina, ISUZU rusumidagi 32 ta avtogudronator va 14 ta avtokran, HEW-Holland savdo belgisi ostida ishlab chiqariluvchi 29 ta ekskavator shular jumlasidan. Joriy yilda esa 1160 dona yo‘l texnikasini sotib olish mo‘ljallangan. Umuman, 2015-2020 yillar davomida tizim korxonalari uchun 5815 dona zamonaviy yo‘l qurilish texnikasini xarid qilish ko‘zda tutilayotir.              

Yo‘lsozlik tizimidagi yuqorida keltirilgan dalil va raqamlar aslida maqtovdek tuyulishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, o‘zingiz bir mulohaza qilib, yon-atrofni kuzating, qanday o‘zgarishlar yuz berayotganiga guvoh bo‘lasiz.

Bu haqida uzoq yillar haydovchilik qilgan Bahodir Asqarov shunday deydi:

- Necha yillardan buyon yuk mashinasi haydayman. Shu kasb sabab bir qator chet davlatlarda ham bo‘ldim. Ilgarilari boshqa yurtdagi yo‘llarni ko‘rib havasim kelar, qani endi, bizning yo‘llarimiz ham shunday bo‘lsa, derdim. Buni qarang­ki, ko‘p o‘tmay, yurtimizda ham salmoqli ishlar amalga oshirila boshlandi. Yildan-yilga ko‘chalarimiz ravon, keng bo‘lib borayapti. Shahar markazlari yoki xalqaro qatnov yo‘llari deysizmi hammasi yangilandi. Ayniqsa, markaziy shaharlarimiz tamoman o‘zgarib borayotir. Beton to‘siqlar bilan ajratilgan ravon yo‘llar barpo etilyapti. Zarur yoritish asboblari, zamonaviy kuzatuv texnikalari o‘rnatilmoqda. Bu biz kabi haydovchi, qolaversa, yo‘lovchilarning xavfsizligini ta'minlashda muhim ahamiyatga ega.

Darhaqiqat, bu kabi bunyodkorliklar: yangi yo‘llar, ko‘priklar, ularga mos ravishda qurilayotgan zamonaviy uylar majmuasi, infratuzilma ob'yektlari, bir so‘z bilan aytganda, keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlarini ko‘rib, har qanday kishining ko‘ngliyu ko‘zi quvonadi, kayfiyati ko‘tariladi. Shunday dorulomonlikda yashayotganingdan ruhlanasan kishi.

 

Bobur MUHAMMADIYEV,

“Hurriyat” muxbiri

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.