ERKIN VA FAROVON JAMIYAT E'TIROFI


29 mart kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tadorik qizg‘in pallaga kirdi. Yuksak demokratik talablarga javob beradigan mamlakatimiz saylov tizimi fuqarolar eng muhim siyosiy huquqini to‘liq amalga oshishiga xizmat qilayotir. Asosiy Qonunimizdagi fuqarolarning saylovga oid huquqlari kafolatlarida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega ekanligi qayd etilgan.

 Ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi. Mazkur kafolatlar O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “O‘zbe­kiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi qonunlarda o‘z ifodasini topgan.

“Fuqarolar saylov huquq­larining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunimizda mamlakatimiz fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekani qayd etilgan. Yurtdoshlarimizning bunday imkoniyatlardan keng foydalangani 2014 yil dekabrda o‘tkazilgan parlament saylovlarida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasida to‘rtta siyosiy partiyadan nomzodlar ko‘rsatilib, ular tomonidan saylovchilar o‘rtasida tashviqot ishlari olib borilmoqda. Ta'kidlash joizki, saylovoldi tashviqoti davrida Prezidentlikka nomzodlarga ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng huquq ta'minlanmoqda.

Kampaniya davomida fuqarolar saylovga oid butun jarayondan to‘liq xabardor etilib, nomzodlarning dasturlari bilan batafsil tanishishmoqda. Bu saylovchilarning kelgusida munosib nomzodni tanlab, unga ovoz berishiga xizmat qiladi, albatta. Aytish kerakki, fuqarolarimizning saylov huquqi ularning ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy ahvoli, irqiy yoki milliy mansubligi, jinsi, tili, diniy e'tiqodi, kasb-kori turiga qarab biron-bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklanmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishning prinsiplari oshkoralik, erkinlik, tenglikka to‘liq rioya etishga asoslanadi. Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini saylash bo‘yicha saylovoldi kampaniyasida va ovoz berishda erkin qatnashadilar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha ovoz berish yashirin bo‘lib, fuqarolar tomonidan bevosita amalga oshiriladi.

* * *

Bugungi kunda xalqaro hamjamiyatda Prezident saylovi arafasida turgan O‘zbe­kistonga, uning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga nisbatan qiziqish tobora ortmoqda. Har tomonlama izchil taraqqiyot kuzatilayotgan hamda fuqarolik jamiyatining roli kun sayin o‘sib borayotgan sharoitda mamlakatimizdagi saylovoldi jarayonlari xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritilayotgani ana shundan dalolat beradi.

Taraqqiyotning «o‘zbek modeli» sifatida dunyoda tan olingan, chuqur o‘ylangan va uzoq muddatli islohotlar dasturi, jamiyatimizni demokratlashtirish hamda liberallashtirish, tubdan va tizimli asosdagi o‘zgartirishlar hamda modernizatsiyalash jarayoniga xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy mamlakatlar davlat arboblari va siyosatchilari alohida e'tibor qaratishmoqda.Buni quyi­dagi mutaxassis va ekspertlarning fikr-mulohazalari yaqqol tasdiqlab turibdi.

 

Jeffri GORDON, «Protect America Today» tashkiloti ijrochi direktori:

- Bugungi kunda O‘zbekistonda keng miqyosli ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Buni sarmoya sohasida ham kuzatish mumkin. So‘nggi yillarda mamlakatingizda qonun ustuvorligini ta'minlash, ishbilarmonlik muhiti va sarmoya sohasidagi qonunchilikni liberallashtirish bo‘yicha diqqatga sazovor o‘zgarishlar ro‘y berdi.

Qabul qilinayotgan me'yoriy-huquqiy hujjatlar esa xorijlik sarmoyadorlarning qiziqishini sezilarli darajada orttirdi. Buni AQSH hamda Yevropa Ittifoqi davlatlari sarmoyadorlarining amaliy sa'y-harakatlari, shuningdek, reyting agentliklarining ijobiy baholari ham tasdiqlaydi.

O‘zbekiston mustaqillik yillarida erishgan ulkan muvaffaqiyatlardan yana biri ko‘p millatli mamlakatda millatlararo va dinlararo totuvlikning ta'minlanishidir. Etnik hamda diniy omil ta'siridagi mojarolardan yiroqligi bilan ham O‘zbe­kis­ton dunyoning ko‘pgina davlatlari uchun namuna bo‘la oladi. Aytish mumkinki, bo‘lajak Prezident saylovi va uning natijalari kelajakda sarmoyaviy muhitning yanada yaxshilanishi hamda ichki siyosatdagi barqarorlik bundanda mustahkamlanishini ta'minlaydi.

 

Ron FILLIPS, «Republic Consultants LLC» konsalting kompaniyasi prezidenti:

- O‘zbekistonga birinchi marotaba 2004 yili borgan edim. O‘shanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi saylovlarini kuzatish sharafiga muyassar bo‘lganman. O‘sha saylovlar yangi parlament hamda demokratik jarayonlarning shakllanishida mustahkam poydevor yaratgan edi, deb o‘ylayman. Men ushbu safarim chog‘idayoq O‘zbekiston hukumati o‘z xalqi bilan birgalikda mamlakat kelajagi, yangilanishi va taraqqiyoti yo‘lida bahamjihat harakatlanayotganiga ishonch hosil qilgandim. Oradan 10 yil o‘tdi. Bugungi kunga kelib, ana shunday demokratik jarayonlar yanada rivoj topmokdaki, buni O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidan, mamlakatda turli sohalarda erishilayotgan muvaffaqiyatlardan ham bilish mumkin.

Bo‘lajak Prezident saylovi nafaqat O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bardavomligini ta'minlaydi, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining siyosiy-iqtisodiy barqarorligiga ham o‘zining ijobiy ta'sirini ko‘rsatadi.Shu o‘rinda alohida ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Amerika Qo‘shma Shtatlarining Markaziy Osiyodagi muhim hamkori sanaladi. Vashington O‘zbe­kiston bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash uchun barcha imkoniyatni ishga solmog‘i zarur, deb o‘ylayman.

 

A.Kazi, J.Xopkins universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti katta ilmiy xodimi:

- Mustaqillik yillarida O‘zbekiston yuksak taraqqiyot yo‘liga kirdi, «o‘zbek modeli»ning asoslari yaratildi. Mamlakatda ikki palatali parlament shakllantirilib, saylov jarayonida oshkoralik va fuqarolarning o‘z huquqlaridan erkin foydalanishlarini ta'minlash uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar uchun ularning Saylovoldi dasturlari qoidalarini, mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy rivojlanishining muhim masalalariga taalluqli mustaqil nuqtai nazarini saylovchilarga, jamoatchilikka yetkazish uchun ommaviy axborot vositalaridan saylovoldi tashviqotini olib borish maqsadida foydalanishda keng va teng imkoniyatlar yaratilganiga hech qanday shubha yo‘q.

 

Ye.Yakobson,

«GBD» konsalting kompaniya­si ijrochi direktori:

- O‘zbekiston mustaqillik yillarida ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yuksalish yo‘liga kirdi. Iqtisodiyotda erishilayotgan muvaffaqiyatlar mamlakat barqarorligining kaliti vazifasini o‘tamoqdaki, bu omil O‘zbekistonning kelajakda yanada gullab-yashnashi uchun zamin bo‘ladi. O‘zbekiston o‘zining namunali ta'lim tizimi, yosh mutaxassislari bilan ajralib turishi xorijlik sarmoyadorlarni mamlakatga jalb etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

 

Ramanatan Teyvendran,

Singapur menejmentni rivojlantirish instituti bosh kotibi:

- Keyingi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotining yillik o‘sishi barqaror ravishda 8 foizdan ziyod ko‘rsatkichni tashkil qilayotgani diqqatga molikdir. Hatto jahonda ro‘y bergan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz sharoitida ham O‘zbekiston barcha qiyinchiliklarni ishonch bilan yengib o‘tgani holda, o‘sishning barqaror sur'atlarini ham­da pul qadrsizlanishi va ishsizlikning avvalgi darajasini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Bu taraqqiyotning «o‘zbek modeli» nomi bilan butun dunyoda o‘z e'tirofini topgan, ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosatning samarali hamda yashovchanligini, bundan keyin ham izchil taraqqiy topish uchun ulkan salohiyatning mavjud ekanini tasdiqlaydi.

Saylov tizimi xalqaro ekspertlik markazi prezidenti Aleksandr Sinker ham so‘nggi yillarda O‘zbekis­ton Respublikasining Kons­titutsiyasiga va konunchilik hujjatlariga fuqarolar hamda siyosiy partiyalarning saylov jarayonida erkin va faol ishtirok etishini ta'minlaydigan o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritilganiga e'tibor qaratib quyidagi fikrlarini bayon etadi:

- Mazkur islohotlar hokimiyatning yagona manbai sifatida xalqning saylov huquqi hayotga to‘la tatbiq etilishini kafolatlaydi. Ularning samaradorligi 2014 yili bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari chog‘ida yaqqol namoyon bo‘lgani barobarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining adolatlilik, ochiqlik va shaffoflik muhitida muvaffaqiyatli o‘tishiga zamin yaratdi, - deydi u.

Shu bilan birga, raqobat asosidagi ko‘p partiyaviylik tizimini shakllantirish, erkin ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, parlamentarizm institutini kuchaytirish, uning vakolatlarini kengaytirish hamda saylov tizimini takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi jahon ekspertlar hamjamiyati tomonidan atroflicha o‘rganilmokda. O‘zbekistonning zamonaviy saylov tizimi eng yuksak xalqaro demokratiya mezonlariga mos ekanligi xorijiy davlatlar ilmiy-akademik doiralarining ko‘pgina vakillari tomonidan e'tirof etilmokda.

Mamlakatimizda saylov kampaniyasi avj pallaga kirgan hozirgi paytda har bir ekspertning fikr va mulohazalari muhim ahamiyatga ega. Chunonchi, «JMH Group» ekspert tashkilotining hukumat ishlari bo‘yicha vitse-prezidenti Charlz Yessaian mamlakatimiz tarixan qisqa davrda davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ijtimoiy institutlar va fuqarolik jamiyatini shakllantirish hamda mustahkamlash borasida salmoqli o‘sishga erishganini ta'kidlaydi. Uning fikricha, O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, aholining fuqaro sifatidagi faolligi, ularning huquqiy madaniyati darajasi oshgani va yoshlar katta intellektual salohiyatga ega ekanligi mamlakatda barqarorlikning saqlanishi hamda davlatning yanada gullab-yashnashi kafolati hisoblanadi.

Shuningdek, «Sapiyenza» Rim universitetining (Italiya) huquq bo‘yicha professori Tito Marchi ta'kidlaganidek:

- O‘zbekiston yil sayin jadal rivojlanib bormokda. Respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z natijalarini berayapti. Shu jumladan, mamlakatda saylov sohasida ham ko‘plab ijobiy qadamlar tashlandi, rivojlangan saylov tizimi shakllantirildi va u bugungi kunda amaliyotda keng qo‘llanilmokda.

O‘zbekiston mustaqillikning ilk kunlaridayoq o‘zi belgilab olgan «o‘zbek modeli»ning asosiy tamoyillariga og‘ishmay amal qilib kelayotir. Uning asosidagi bos­qichma-bosqich rivojlanish zamonaviy shart-sharoitlarda universal ekanligini namoyish qildi hamda xalqaro miqyosda e'tirofini topdi.

Mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishini tahlil etar ekan, «Pathfinder Trade and Investmant» (Buyuk Britaniya) kompaniyasi raisi Maykl Tomas ham quyidagi fikr­larini bayon etdi:

- Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun imkoniyatlar nuqtai nazaridan O‘zbekiston noyob hamda istiqbolli mamlakat hisoblanadi. Respublika qishloq xo‘jaligi, sanoat, transport singari sohalarda ulkan salohiyatga ega. Byudjet, moliya-bank va kredit tizimi, iqtisodiyotning real jabhalarini barcha choralar bilan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha islohotlar ijobiy natijalarini bermoqda. Ichki hamda tashqi bozorda raqobatbardoshlikni oshirish maqsadida mamlakatda ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va uni texnologik jihatdan yangilash ishlari izchil olib borilmoqda.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, bugungi kunda O‘zbekiston yangi cho‘qqilarni zabt etgan va jamiyatdagi siyosiy birdamlikni asragan holda, o‘zining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yo‘lidan ishonch bilan oldinga intilmoqda. O‘zbek xalqi birdamlikda hamda ko‘tarinki ruh bilan o‘z mamlakatining yanada taraqqiy topishi va gullab-yashnashi maqsadida tanlab olingan rivojlanish yo‘lini qo‘llab-kuvvatlayapti.

Yгqorida tilga olingan masalalar yuzasidan xalqaro hamjamiyat vakillarining xolis baholari esa mamlakatimizning dunyo afkor-ommasi oldida obro‘-e'tibori tobora oshib borayotgani hamda uning muvaffaqiyatlari umum­jahon miqyosida e'tirof etilayotganidan dalolat beradi. Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi o‘z oldiga qo‘ygan ezgu maqsadlarga erishishi uchun zarur salohiyat va zaxiraga ega ekanligini yana bir karra tasdiqlaydi.

 O‘zA va «Jahon» AA matbuotda e'lon qilingan materiallari asosida tayyorlandi.

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.