“UNING NOMI O‘ZBEKISTONDIR”

Jurnalist kasbi ko‘pchilikka ma'lum. U omma­ni xolis va haqqoniy axborot bilan ta'minlovchigina emas, elning vijdoni hamdir. Shu asno o‘zi bilmaganlarini hayotdan izlab topadi, xulosa chiqaradi va mulohazalarini gazetxonga ilinadi. Afsuski, topganlarining hammasi ham yoqimli bo‘lavermaydi.

Qo‘limda fotoapparatim bilan dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, ba'zan alg‘ov-dalg‘ovli joylarida bo‘lganman. YAqin kunlarda esa Sharq mamlakatlaridan Xitoy, Turkiya, Ozarboyjonda bo‘lib qaytdim.

 Ko‘p o‘tmay, shu yilning 29 mart kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish uchun Toshkentga  otlandim. «Qohi­ra-Istambul», «Istambul-Toshkent» yo‘nalishida manzilga yetib kelganimizda oqshom tushib qolgandi. Ochig‘i, to O‘zbekiston zaminiga qadamim tekkuniga qadar «odatiy safarlardan biri-da», degan o‘yda edim. Aeroportda mehrli tabassumlari bilan bizga peshvoz chiqqan mezbonlar “Xush kelibsiz, Vatanimizga!” deya kutib olayotganlarida men ham ko‘ng­limda beixtiyor iliq tuyg‘ular tuydim. Mehmonxonaga kelgunimcha ko‘chalar, minglab xonadon derazalaridan taralib turgan nurlarni ko‘rib, odamlarning osoyishta hayotini sezdim. Bu yurtda ular xotirjam, oilalari davrasida, xavotirsiz, kechki dasturxon atrofida emin-erkin jam bo‘lishayotganini qalban his etdim. YOqimli, kishiga orom bag‘ishlaydigan makonga tushganday sezdim o‘zimni. Yo‘l charchog‘i tufaylimi yoki haqiqatan ham ko‘zlarim bilan ko‘rib, quloqlarim bilan eshitib turgan rohatbaxshlikdan qoniqqanim uchunmi, har qalay “funduk”da (bizda mehmonxonani shunday atashadi) ko‘zim ilinibdi. Ishonsangiz, yaqin orada bunday miriqib uxlamagandim.

Sahar chog‘i Toshkent meni o‘zining bahoriy tabassumi bilan qarshi oldi. Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha  Respublika matbuot markazi tashkiliy ishlari bilan tanishdim. Zamonaviy texnikalar, qimmatbaho mebellar bilan jihozlangan katta-kichik  majlislarga mo‘ljallangan zallarda xorijlik va mahalliy OAV vakillari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgani diqqatimni tortdi.  

Xalqaro kuzatuvchilar uchun tuzilgan rejaga asosan Toshkentdagi Inxa universitetida bo‘lganimizda va rektor Sherzod Shermatovning ma'ruzalari bilan tanishib, bu yerda talabalarning saboq olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘rganimda, O‘zbekistonning kelajagi haqiqatan buyuk ekanini angladim. Dunyoning ilmiy va madaniy yuksalishiga salobat bag‘ishlagan Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Misrda ma'lumu mash­hur Ahmad al-Farg‘oniy kabi allomalarni bergan bu zaminning istiqbolga intilishi, ilmu ma'rifatni qalbiga jo qilib olgan yosh do‘stlarimning zukkoliklarini ko‘rib, fikrim yanada oydinlashdi. Yosh avlodning puxta ta'lim-tarbiya olishi uchun yaratilgan ushbu shart-sharoitlar O‘zbekistonda uzoqni ko‘zlab olib borilayotgan ishlar mevasidir. Men buni mamlakatning Mustaqillik maydonida bo‘lib, Ona sharafiga o‘rnatilgan haykal timsolida ham ko‘rdim. O‘zbekiston o‘z farzandlarini mehribon ona kabi o‘z bag‘riga bosib, xavfu xatarlardan himoya qilib, uning kelajagiga katta umid bog‘lab turgan mamlakat. Ulg‘ayib voyaga yetgan har bir farzand o‘z onasini har xil balo-qazolardan asraydi. Bularning hammasini ko‘rish, his etish maroqli. Chetdan tashrif buyurgan kishining nuqtai nazari bilan qaraladigan bo‘lsa, bularning hammasi rohatbaxsh. Tinch-osoyishta yashash, bilim olish, Vatan ravnaqi, uning istiqboli yo‘lida jonni fido qilish chinakam baxt ekanini dunyo kezib yurgan jurnalist sifatida yaxshi bilaman.

Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘da bo‘lganimda olgan halovatni hech bir lazzat bilan tenglashtirib bo‘lmasdi. Mazkur bog‘ni  yolg‘iz aylandim. Xotirada qolarli suratlarni fotoapparatimga muhrladim. Yam-yashil maysalarga bir dam cho‘zilib orom oldim. Tiniqdim. O‘zbekiston mehr-muhabbatga to‘la Vatan ekanini angladim. Bog‘dagi pannolardan birida shunday so‘zlarni o‘qiganimda esa tamoman to‘lqinlandim: “Yagonasan, muqaddas Vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, go‘zal O‘zbekistonim!” O‘zbek xalqining yakdil fikru mulohazasi edi bu. Vatanni sevish qanday bo‘lishini ifoda etgan, harorati daryoday shovullab qalblarda ufurib turgan ushbu iborani yozajak maqolamga sarlavha qilib olishni qalbimga tugib qo‘ydim.

Meni ko‘proq Toshkentning qadimiy osori-atiqalari, me'moriy obidalari qiziqtirardi. Hamrohlarimdan biron bir masjidga olib borishlarini iltimos qildim. Ko‘kcha dahasidagi Shayx Zayniddin  masjidida bo‘ldik. Bu yerda ko‘rganlarimni yozibgina ta'riflash qiyin. Shundan so‘ng Xastimomda bo‘ldik. Muzeylardagi ma'lumotlar bilan tanishdik. Bu qutlug‘ zaminda tug‘ilib, dunyoda islom dini rivojiga munosib hissa qo‘shgan Imom al-Buxoriy, at-Termiziy kabi buyuk ulamolarga tafakkur bergan bu maskanga hurmatim yanada oshdi. Bu yurt dunyo kelajagi uchun ibrat ekanini ich-ichimdan his qildim. Minor nomli, xalq orasida esa «Oq masjid» deb ataladigan muqaddas dargohga borganimda tamoman aqlim shoshdi. Ko‘plab maskanlarni ko‘rganman. Ammo bunaqasini… Uni oppoq, xuddi poyonsiz samodan kelib qo‘nayotgan bir juft laylakka o‘xshatdim. Ichkarisiga kirganimda Yaratganning o‘ziga  shu o‘lkani ko‘rsatgani uchun tavallolar qildim.

Oqshomgi madaniy dam olishimiz ham o‘zgacha bo‘ldi. YAqinda o‘zining yuz yilligini nishonlagan O‘zbekiston Milliy akademik teatrida bo‘ldik. Bizni teatrning rahbari Fathulla Ma'sudov kutib oldi. Xalqaro teatr kuniga bag‘ishlangan madaniy tadbir endigina nihoyalangan ekan. Mazkur teatrning salobatida ham o‘ziga xos mazmun bor. O‘zbekistonda har bir inshootning kelajakka daxldor ekanini anglash qiyin emas. Mamlakat taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan biron bir soha unutilmagan. Hammasi o‘z rasamadi bilan faoliyat ko‘rsatmoqda.

Sahnada “Ko‘ngil” spektakli namoyish etilayotgan ekan. Garchi uning tilini bilmasam-da, ijrochilarning xatti-harakatlaridan angladimki,  mavzu oila, ayolga muhabbat, inson qadr-qimmati  haqida edi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari faoliyati bilan tanishish ham menda katta taassurot qoldirdi. O‘zbekiston Respublikasi Senati muzeyidagi mamlakat mustaqilligini e'lon qilish bilan bog‘liq  hujjatlarning asl nusxasi, bu yerga kelgan xorijlik mehmonlarning esdaliklar daftariga yozib qoldirgan fikr va mulohazalaridan bildimki, ushbu mamlakat mustaqilligining ahamiyati, avvalo, Markaziy Osiyo respublikalari, qolaversa, dunyo hamjamiyatida ham  kattadir. 

Qator saylov okruglarida, saylov uchastkalarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha  Respublika matbuot markazida bo‘lib, saylov jarayonini diqqat bilan kuzatdim. Nomzodlarning targ‘iboti bilan bog‘liq ko‘chalardagi mahobatli belbordlar hamda matbuot sahifalarida ularga berilgan teng huquqli imkoniyatlar bilan tanishib, saylov haqiqiy siyosiy raqobat asosida bo‘lib o‘tganiga amin bo‘ldim. Saylov kuni  poytaxt shaharning Uchtepa tumanidagi 84-maktabda joylashgan 498-saylov uchastkasida bo‘lib, saylovchilar uchun yaratilgan sharoitlar, ovoz berishga kelayotgan odamlarning uyushqoqligini ko‘rib, har kim o‘z ovozining qadriga yetishi, inon-ixtiyori bilan burchini ado etayotganiga guvoh bo‘ldim. Ko‘rganlarimning barcha-barchasi xalqaro saylov qonun-qoidalari me'yorlari asosida bo‘lib o‘tdi. Hyech qanday qonunbuzilish holatlariga duch kelmadim. Uyda o‘tirib qolgan keksalar, kasalmand fuqarolarning o‘z burchlarini ado etishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar meni tamoman lol qoldirdi. Men O‘zbekistonda bo‘lgan paytimda ham, o‘z yurtimga borganimdan so‘ng ham saylov jarayonlari haqida aytgan so‘zlarimga sodiq qolib, faqat ko‘rganlarimni gapiraman. Bu xalqdan o‘rganadigan, fikr almashiladigan jihatlar borasida maqolalarimda, safar taassurotlarimda albatta qayd etib o‘taman.

Orzuim  shu yerga kelganimda O‘zbekistondagi ko‘hna shaharlarni ko‘rish edi. Ayniqsa, Sharq gavhari Samarqand­da bo‘lib, Imom al-Buxoriy qadamjosini ziyorat qilishni niyat qilgandim. Istagimni aytganimda, ishlari ko‘p bo‘lishiga qaramay, meni muqaddas qadamjoga olib borishdi. Bu ko‘hna kentda hayratimni yashirolmadim. Ko‘z ­yoshlarimni hamrohlarim sezishdi.

Samarqandga yetguncha “Afrosiyob” tezyurar poyezdida o‘y surib ketdim. Hamrohlarimning aytishicha, o‘zbekistonliklarning har bir oilasi, o‘z uyi - mulkiga ega ekan. Birovga qaram bo‘lmagan xalq, shubhasiz, baxtlidir. Zamonaviy loyihadagi yangi uylarni ko‘rib havasim keldi. Har bir fuqarosi manfaatlarini ko‘zlaydigan, kelajagi uchun qayg‘uradigan bu kabi Vatan yagona - uning nomi O‘zbekistondir. Bunday gulgun Vatanning qadriga yetib yashayotganlarga havasim keladi.

 Abu Bakr Muhammad ABULMAJID,

«Al Misriya» gazetasi mas'ul kotibi, xalqaro kuzatuvchi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.