VATAN ISTIQBOLI

Xizmat safari bilan yaqinda ulug‘ o‘tmishi va porloq buguni bilan butun dunyoni hayratga solayotgan qadim Samarqand shahriga boradigan bo‘ldim. Ertalab soat 7:30 lar chamasi “Afrosiyob” poezdiga chiqish uchun vokzalga yetib bordim. Bahor nafasi dilga huzur bag‘ishlaydi. Mamlakatimiz  bayrog‘i ranglariga hamohang bo‘yalgan tulpor kabi uchmoqqa shay bo‘lib, manzilni ko‘zlab turgan “Afrosiyob” poezdiga chiqdim. 

Ertalabki salqin havodan biroz junjikkan et issiq va shinam, toza va qulay vagonga kirishingiz bilan rohatlanadi. O‘zlariga yarashib turgan bir xil xizmat kiyimidagi vagon kuzatuvchilari yo‘lovchilarni samimiy kutib olmoqda.

Haqiqiy o‘zbekona lutf. Nihoyat juda yoqimli ovoz bilan “yuqori tezlik bilan harakatlanuvchi Afrosiyob poezdiga xush kelibsiz, keyingi bekat — Samarqand” deya e’lon qilindi. Va “Afrosiyob” shahd bilan yo‘l tanobini torta boshladi. Yonimda o‘tirgan ko‘rinishidan 80 yoshlarni qoralab qolgan otaxon o‘zini Ismat bobo deb tanishtirdi. U kishi  Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida yashar ekan. Tetik, fikrlari teran Ismat boboning ziyoli inson ekanini darrov fahmlaysiz. Suhbatimiz tez qovushdi.

— “Qarang o‘g‘lim, xudo xohlasa 2 soatu 10 daqiqada Samarqandga yetib olamiz” deya hayajonlanib gap boshladi otaxon. Siz bir tasavvur qiling, 1970-80 yillarda sabil qolgur bu poezd Samarqandga 8 soat deganda arang kirib borardi. Kechasi bilan yo‘l bosardik. Vagonlar ham eski va juda iflos bo‘lardi.  Bugun-chi, mana bunday shinam va toza, eng muhimi zamonaviy, qulay vagonlarda atigi 2 soat 10 daqiqada Samarqandda bo‘lasiz. E, bolam, bu mustaqilligimiz sharofatidan emasmi? Hozirgina bularning mana bu “Temiryo‘lchi” gazetasidan o‘qidim, birgina 2014 yilda 180 mingdan ortiq yo‘lovchilar o‘z manziliga yetkazilibdi. Kasb taqozosiga ko‘ra jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida sekingina savolga tutaman. — Qani otaxon, sir bo‘lmasa Toshkentga qanday yumushlar bilan keldingiz, deya usmoqchilay boshladim. “Sanatoriyadan, dam olishdan qaytayapman bolam. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan e’lon qilingan “Keksalarni e’zozlash yili” munosabati bilan imtiyozli ravishda sanatoriyaga yo‘llanma berishdi. Xudoga ming shukr. Mazza qilib dam oldim. Tan olib, to‘g‘risini aytish kerak, umuman O‘ZBEKISTONimiz insonning qadr-qimmati ulug‘lanadigan yurtga aylandi. Yoshlarga berilayotgan e’tiborga qarang. Biz ham yosh bo‘lganmiz. Afsuski, u zamonlar bunday sharoit yo‘q edi. Mening bu gaplarimni samimiy qabul qilishingizni so‘rayman. Noshukrchilik bo‘lmasinu ba’zan mening ham yoshligim mana shu davrga to‘g‘ri kelmaganligiga afsuslanaman. O‘tgan yilning yozida Pastdorg‘amlik oddiygina maktab o‘qituvchisining o‘g‘li Buyuk Britaniyaning Kembrij universitetini tamomlab qaytdi. Hozir Toshkentda nufuzli bir dargohda tarjimon bo‘lib ishlaydi. Ko‘rib turibsizki, O‘ZBEKISTONning bunday bilimli yoshlari anchagina. Biz maktabda o‘qib yurgan paytlarimiz chet tilini o‘rgatadigan malakali mutaxassisning o‘zi yo‘q edi. Zamonga qarangki, bugun ingliz tilini o‘rgatish bog‘chalarda ham yo‘lga qo‘yilgan. Buning qadri biz yoshi ulug‘ keksalarga rosa bilinadi. Ishoning, chunki bizning yoshlik chog‘larimizda bugungilar uchun ertakday bir gap. Qaysi kuni bir olim gazetada mustaqillikgacha o‘zining ingliz tilini qanday qiyinchilik bilan o‘rganganini yozibdi. O‘sha davrda olimimiz Moskvadan bir dona lug‘at qo‘llanma keltirish uchun ikki oylab kutganini u qo‘llanmani tez va qisqa muddat ichida foydalanib qaytarish shart ekanini yozibdi. Shu juda to‘g‘ri... U davrda bugungiday til o‘rgatish markazlari qaerda edi, deysiz.

Navro‘z bayrami kuni ham sanatoriyada edim. Prezidentimizning Navro‘z bayrami tantanasidagi tabrigini televizor orqali eshitib, “O‘zbek xalqiga tinchlik va omonlik kerak”, degan fikrlari menga juda qattiq ta’sir qildi. Menimcha, buni Prezidentimiz bejiz aytgani yo‘q. Bugungi murakkab vaziyat, ayrim mamlakatlarda ro‘y berayotgan voqealar sabab aytdi, deb o‘ylayman. Haqiqatdan ham O‘zbek xalqiga faqat tinchlik va omonlik kerak. Boshqasini xalqimiz qilayapti. Bugungi o‘zgarishlarga qarang, taraqqiyotga qarang. Qaerga bormang ulkan o‘zgarishlar, bunyodkorlik va obodonchilik. Kundan-kunga mamlakatimiz go‘zal va chiroyli bo‘lib bormoqda. Tinchlikda, osoyishtalikda gap ko‘p bolam. Mana Samarqandga borayapsiz, agar imkoningiz bo‘lsa, albatta Samarqand shahridagi Doniyol alayhissalomning qabrini ziyorat qiling”. Bobo oldin borganman va ziyorat qilganman deb gap qo‘shdim. “Hozir u ziyoratgoh mutlaqo boshqacha. Juda obod joyga aylangan”, deya gapini davom ettirdi bobo. Men sizga aytsam bolam, Samarqand yaratganning nazari tushgan joy”. Samarqand YuNYeSKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya Kengashining 99-sessiyasini o‘tkazish uchun aynan Samarqand tanlangani bejiz emas. Mana deb o‘zi bilan olib yurgan “Zarafshon” gazetasidan quyidagilarni o‘qib berdi bobo. “Mazkur xalqaro anjumanda dunyoning yetakchi ekspertlariga jahon sayyohlik bozorining bugungi ahvoli va istiqbollari xususida tajriba almashish, bu boradagi yangi tendentsiyalar, dolzarb sayyohlik muammolarini muhokama qilish, yangi imkoniyatlarni namoyish etish ko‘zda tutilgan. Binobarin, sessiya jahon jamoatchiligini O‘zbekistonning sayyohlik borasidagi yuksak salohiyati bilan keng tanishtirish, yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashish imkonini ham beradi. Shuningdek, sessiya qatnashchilari Samarqand va Buxoro shaharlaridagi tarixiy, ilmiy va madaniy obidalarni ziyorat qilib, istiqlol yillarida yurtimizda amalga oshirilgan bunyodkorlik hamda obodonlashtirish ishlarining guvohi bo‘ladilar”. “Men buni sanatoriyada birga dam olgan boshqa viloyatdan kelgan dam oluvchilarga ham o‘qib berdim”, deb maqtandi Ismat bobo. Ochig‘i boboning chin ma’nodagi vatanparvarligiga tan berdim. Rosa havasim keldi...

“Prezidentimiz tashabbusi bilan 2014 yil may oyida tashkil etilgan “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy tsivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzuidagi xalqaro konferentsiyani misol qilib oling. Dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan mashhur olimlar ishtirok etdi. Dunyoning mana man degan olimlari ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahri betakror sharqona ruhi va qiyofasi, boy tarixi, bu yerda saqlanib qolgan noyob, har qanday odamni hayratga soladigan obidalari bilan sayyoramizning turli mintaqalarida afsonaviy shahar sifatida ma’lumu mashhurligini e’tirof etishdi. O‘shanda ularning tilidan televizorda eshitdim. Moviy gumbazlari millionlab sayyohlarni o‘ziga maftun etadigan Samarqand Rim bilan bir qatorda “Abadiy shahar” degan nom bilan butun dunyoda shuhrat qozongan. Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan Samarqandda keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Xususan, Registon, Amir Temur, Ruhobod maqbaralari, Shohi Zinda yodgorligi, Hazrati Xizr va Bibixonim masjidlari, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi rekonstruktsiya qilindi. Ular atrofida ko‘rkam bog‘ va xiyobonlar yaratildi”.

Ismat bobo shu darajada berilib gurung berganidan ikki soat qanday o‘tganligini bilmay qoldim. Hademay shamolday yelib borayotgan “Afrosiyob” poezdi Samarqanddagi uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan Afrosiyob xarobalarini ortda qoldirib temir yo‘l vokzaliga yetay deb qoldi. Ochig‘i bir tomondan juda qisqa muddatda shuncha olis salkam uch yuz kilometr yo‘lni bosib o‘tganimizga xursand bo‘lgan bo‘lsamda, ikkinchi tomondan ko‘pni ko‘rgan Ismat boboning samimiy va ma’noli gurunglari bo‘linib qolganligiga biroz achindim. Ehtimol yana uzoqrog‘ yurganimizda bobo qancha ibratli gaplarni gapirib berardi. Menga bir fikr taskin berdi. Bobo bunday gaplarni mahalla-ko‘yda, do‘stlari davrasida ham aytib, yurtimiz kamolini targ‘ib qilib yuradi. Zero, «Kim edigu kim bo‘ldik» degan savolning mazmun mohiyati, shu kabi suhbatlarda ochiladi. Haqiqatdan ham qaysi xonadonda nuroniy otaxon yoki onaxon bo‘lsa, bu oilada albatta fayzu baraka, farovonlik, ahillik bo‘ladi, deb bejiz aytishmaydi.

Belgilangan muddatda “Afrosiyob” Samarqand shahrining temir yo‘l vokzalida to‘xtadi. Vagondan tushdik. Ismat boboga samimiy suhbati uchun tashakkur bildirib xayrlashdim.

Shu kuni soat 11:00 da Samarqand shahridagi Yoshlar markazida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi “Yoshlar qanoti” tomonidan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etib, kunning ikkinchi yarmida butun dunyo musulmonlarining muqaddas ziyoratgohlaridan biriga aylangan, buyuk vatandoshimiz, islom dunyosining ulug‘ muhaddis olimi Imom Ismoil al-Buxoriy bobomiz muborak qabri qo‘nim topgan Chelak tumanining Xartang qishlog‘iga yetib bordik. Mustabid zamonda kimyoviy o‘g‘itlar saqlanadigan omborxonaga, xarobaga aylantirilgan bobomiz maqbarasi obod bir manzilga aylangan. Ko‘rib, ziyorat qilib ruhingiz ko‘tariladi. Samarqand shahriga qaytib yo‘l-yo‘lakay Maxdumi Azam hazratlarining qabrlarini ziyorat qildik. Bu zot ham islom dunyosining azizlaridan biri hisoblanadi. Undan chiqib, Ismat bobo gapirib bergan Doniyol alayhissalom qabriga keldik. Nihoyatda hayratlanarli. Ziyoratchilar bilan gavjum. Bobo gapirib berganidek obod bir manzilga aylanibdi. Ziyoratchilar uchun chiroyli ayvonchalar barpo etilgan. Mashinalar uchun alohida to‘xtash joyi mavjud. Xullas, obod bir maskan.

Shohi-zindani ziyorat qildik. Haqiqatdan ham “Samarqandda Shohi-zinda avliyoning bori shunda” deb bejiz aytilmagan. Bu yerda ko‘plab aziz avliyolarning qabrlari qo‘nim topgan. Yonginasida Hazrati Xo‘jai Xizr maqbarasi va ziyoratgohi undan qadim Samarqandning juda ko‘p joylari ko‘rinadi. Ruhobod, Go‘ri Amir, Xo‘ja Ahrori Valiy ziyoratgohlarini ham borib ziyorat qildik. Barchasi obod. Ruhiyatimiz ko‘tarildi. Buyuk ajdodlarga ko‘rsatilgan yuksak ehtiromdan hayajonga tushdik. Ehtimol, Yaratganga sevimli allomayu fuzalolarni yetishtirgani, ularning xokini e’zozlab, qadr qilayotgani uchun ham xalqimiz shunday ro‘shnolik, shunday obodlik ko‘rayotgandir, rizqiga fayzu baraka yog‘ilayotgandir...

Soat o‘n beshta kam 17:00 bo‘ldi. Ziyoratlarni tugatib Samarqand shahrining temir yo‘l vokzaliga qaytib keldim. Yana “Afrosiyob” poezdiga o‘tirdim. Tanish ovoz yoqimli ohangda “yuqori tezlik bilan harakatlanuvchi Afrosiyob poezdiga xush kelibsiz, keyingi bekat Toshkent” deya e’lon qildi. Belgilangan vaqtda, ya’ni 19:10 da “Afrosiyob” Toshkent shahriga yetib keldi. Men uyga kelib ertalab uydan chiqib, Samarqand shahriga borib, yig‘ilishda ishtirok etib, o‘nga yaqin ulug‘ avliyolarning qabrlarini ziyorat qilib yana kechqurun soat 19:30 da oilam bag‘riga qaytganligimga ishongim kelmasdi. Ismat boboning “1970-80 yillarda sabil qolgur bu poezd Samarqandga 8 soat deganda arang kirib borardi. Kechasi bilan yo‘l bosardik”, degan gaplari qulog‘im tagida uzoq jaranglab turdi...

Xayriyat, u kunlar ortda qoldi. Istiqbolda esa nurli kelajak, yashashga, yaratishga chog‘laydigan orzu-umidlar qanot bag‘ishlaydi, kishiga.

Arslon ESHMURODOV

jurnalist