SANOATDAN SAN’ATGA QAYTISH

“Hayotda...” 
Film nomi bizni o‘ziga tortdi. “Hayotda... nima bo‘lishi mumkin?” Savolga javob topish uchun, garchi boshlanishiga qariyb bir soatcha vaqt bo‘lsa-da, chipta oldik. Poytaxtimizning Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyi kassasi yonida do‘stim bilan yarim soatcha gurunglashib turganimizdayam, so‘ng foyega o‘tib, favvora atrofidagi o‘rindiqlardan ikkitasini tag‘in yarim soatcha band qilib o‘tirganimizdayam, ushbu filmga na birovning qiziqqani, na chipta olganini ko‘rdik.

“Hayotda...” qo‘yilayotgan zalga yaqinlashdik. Kinoateatr xizmatchilaridan biri qarshiladi:

– Yigitlar, sizlardan boshqa hech kim bu kinoga bilet olmabdi. Kelinglar, mana, “Qora tanli bojalar”ga kira qolinglar.

Biz ko‘navermagach, xizmatchi ayol “ajoyib” taklif bildirdi:

– Unda keling, chiptalaringizning pulini qaytarib beramiz, ham “Qora tanli bojalar”ni ko‘rib chiqasizlar! – yana qo‘shib qo‘ydi: – Hamma shunga tushyapti. Maza qilib kulasizlar.

Biz yana rad etdik. Sertabassum xodima labini burib: “Tavba qildim!” dedi-da, bizni “Hayotda...” qo‘yilishi lozim bo‘lgan zalga kuzatib qo‘ydi. Hayhotday zalda ikki kishi film ko‘rishga tutindik.

“Hayotda...” – badiiy film. Stsenariy muallifi va rejissyor – Yolqin To‘ychiev. Tasvirchi – Rustam Murodov. Psixologik drama janridagi ushbu kartinada umrining oxirigacha o‘z hayotiy qarashlariga, haqiqatlariga sodiq qolgan inson xususida hikoya qilinadi. Filmda tibbiyot fanlari doktori, professor Asror Xairov yolg‘iz o‘g‘lining vafotidan keyin so‘ngsiz iztirob va ruhiy azobdan dili tirnalib, ayoli bilan kechgan munosabatlarida ham ziddiyat vujudga kela boshlaydi. Farzand dog‘i munis onaning-da hayotini izdan chiqarib ulgurgan edi. Professor iztirobli kunlarning birida notanish bolani uyiga boshlab keladi. Garchi ayoli qarshi bo‘lsa-da, uni o‘z bolasiday tarbiyalashga bel bog‘laydi. Tutingan o‘g‘ilning esa g‘ayritabiiy qobiliyati bor: u har qanday xastalikni ham davolay oladi. Biroq u har safar o‘zgani tuzatganidan so‘ng yoshi ulg‘ayib boraveradi. O‘g‘lining hayotidan xavotir ola boshlagan professor unga bemorlarni davolashni taqiqlab qo‘yadi. Garchi uning o‘zi ham bedavo dardga chalingan esa-da, o‘g‘li uning o‘zini davolashiga ham ruxsat bermaydi. Film so‘ngida professor o‘sha xastalik dastidan otasi qabri qoshida hayotdan ko‘z yumadi...

Aslida, syujet u qadar muhim emas. Gap shundaki, “Chashma”, “Afg‘on”, “Kechikkan hayot”, “Sukunat” va “O‘tov” singari filmlari bilan (ayrimlarida stsenariy muallifi va rejissyor, ayrimlarida stsenariy muallifi sifatida ishtirok etgan) kinoixlosmandlar hurmatini qozongan Yolqin To‘ychiev kartinalarida film mag‘ziga singdirib yuborilgan zalvori og‘ir g‘oya va fikrlar syujetdan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etishini ko‘ramiz.

“Hayotda...” filmi voqealari “Ota”, “Zavja”, “Inson” kabi qismlar bilan umumlashadi. Ijodiy jamoa ham o‘zbek kinosida o‘z iste’dodi bilan ajralib turadigan aktyor va aktrisalardir: Baxtiyor Qosimov, Zulxumor Mo‘minova, Akbarxo‘ja Rasulov va boshqalar... Bir so‘z bilan aytganda, kishini hayot to‘g‘risida yanada chuqurroq o‘ylab ko‘rishga undaydigan teran falsafiy qarashlar majmuasi, fikrni o‘tkirlashga undaydigan ajoyib kinoasar — san’at namunasi bo‘libdi “Hayotda...”

Ichdan quvonib bu borada yozayotganimizning yana bir sababi bor: “Sen yetim emassan”, “Toshkent — non shahri”, “Mahallada duv-duv gap”, “Suyunchi”, “Abdullajon”, “Kichkina tabib”, “Yaratganga shukr”, “O‘tov” kabi filmlari bilan ixlosmandlarni lol qilgan kartinalarimiz safi so‘nggi yillari davlat buyurtmasi bilan ishlangan bir qancha ajoyib filmlar hisobiga boyidi. Xususan, “Sotqin”, “Dilor, Dilor, dil va or”, “Baxt ortidan...” filmlari ana shunday kinolar sirasiga mansub.

Mamlakatimiz kinoteatrlarida namoyish etilayotgan “Sotqin” (rejissyor Rustam Sa’diev) tom ma’noda shov-shuvga aylandi. Tomoshabinlarni bahsga chorlagan eng asosiy savol: aslida, kim sotqin? Kishini o‘ylashga majbur qila olgani uchun ham mazkur filmni haqiqiy badiiy asar, tomoshabinlarni to‘lqinlantirgan kartina, deb aytish joiz. Filmda asosiy rollarni Farrux Soipov, Matyoqub Matjonov, Ubaydulla Omon, Ulug‘bek Qodirov va boshqa tajribali aktyorlar ijro etgan. Salbiy obrazlardan biri G‘ulom (laqabi Artist)ni ijro etgan Javohir Zokirov mahorati alohida e’tirofga loyiq.

“Dilor, Dilor, dil va or” (“Yer tafti”) kartinasi taniqli kinorejissyor Shuhrat Abbosov va uning farzandi Nozim Abbosov tomonidan ishlanib, tomoshabinlar hukmiga havola qilindi. Bosh rol ijrochisi Shahlo Temirova o‘z obrazi Dilorom timsolida matonatli, irodali, pokiza, bir so‘z bilan aytganda, asl o‘zbek qizi obrazini yarata olgan. Film tomoshabinni zamona, inson taqdiri xususida chuqur o‘ylashga, mulohazaga chorlaydi.

O‘zbek kino san’atida (sanoatida emas!) ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, mayda-chuyda “kinolar” haqida tanqidiy fikrlar bildiraverishdan ko‘ra, mavjud va erishilayotgan yuksak marralar, yutuqlar haqida gapirishga, xolis baho berishga undayotir. Aslida, kinochilarimiz nega unday film olmayapti, nega bunday kartina taqdim qilmayapti, deb yozg‘irar ekanmiz-u, ammo aksar tomoshabinlarning didi haminqadarligini, borgan sari o‘tmaslashib ketayotgani to‘g‘risida lom-mim demaskanmiz. Holbuki, “Yer tafti”, “Baxt ortidan...”, “Hayotda...” singari asarlarga tomoshabinlarning “tishi o‘tmayotgan” bo‘lishi mumkin! Shuning uchun ham yaxshi filmlar haqida yaxshi gaplar aytishga qaror qildikki, zora bir-biridan bachkana, san’atdan boyish maqsadida foydalanib, uni yer bilan bitta qilayotgan ayrim “rejissyorlar” bundan uyalishsa...

Do‘stim ikkimiz “Hayotda...”dan go‘yo bir yoshga ulg‘ayganday, hayot to‘g‘risida teran fikrlashga jazm etgulik tafakkuriy shijoat bilan chiqdik. Va tekinga ham “... bojalar”ga o‘xshagan filmga tushmaganimiz uchun ich-ichimizdan faxrlandik.

Mansur JUMAYEV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.