ISTIQLOL ARAFASI, ISTIQBOL NAFASI

(“O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobini qayta o‘qib...)

Yana bir yildan keyin Mustaqilligimizga yigirma besh yil to‘ladi. Tasavvur etaman: jannatmonand yurtimizda yangi shahar-qishloqlar, ko‘rkam koshona, korxonalar qad ko‘targusi, poytaxtimizni Qamchiq dovoni orqali Farg‘ona vodiysi bilan bog‘laydigan temir yo‘l ishga tushgusi, iqtisodiyot, ijtimoiyot, madaniyat, fan, texnika, sport — barcha jabhalarda cho‘ng yutuqlar qo‘lga kiritilgusi, do‘stlar havas qilgusi...
Ulug‘vor ishlar, azim qurilishlar qiyinchilik, mashaqqatlarsiz, xamirdan qil sug‘urganday bitmaydi, paxta, g‘alla xirmonlari o‘z o‘zidan yuksalib qolmaydi, albatta. Muvaffaqiyatlarga erishish ham, taraqqiyot yo‘lidagi g‘ovlarni yengib o‘tish ham o‘zimizning qo‘limizda. Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, bu ishlarni bizga chetdan kelib birov qilib bermaydi.
Uzoq va yaqin moziyga qarab ish ko‘rish xayrli deyishadi donishmandlar. Sarbaland cho‘qqilar qadam-baqadam zabt etilganda ortga bir nazar tashlash, o‘ziga sarhisob berish, yana olg‘a, yuksaklikka intilish azaliy odatlarimizdan.
Mustaqillik shunday ulug‘ va bebaho ne’mat, xalqimiz boshiga qo‘ngan baxt qushi bo‘ldiki, uning kunlari yillarga, yillari asrlarga tatigulik.
Jurnalist, adib, san’atkorlar uchun muqaddas mavzu, hozirjavoblik imtihoni, mahorat pillapoyasi. Bu qutlug‘ mavzuda she’r yozmagan shoir, maqola bitmagan publitsist, qo‘shiq kuylamagan san’atkor yo‘q.
Jamiyatimiz, xalqimiz hayotida buyuk burilish yasagan 1991 yil Z1 avgust kuni — asrni qaritgan tarixiy kun bo‘lmaganda ushbu asarlar yuzaga kelarmidi!
Davlatimiz rahbari Islom Karimovning “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobini qayta mutolaa qilish jarayonida beixtiyor xayolimda shu taxlit fikrlar charx urdi. Yurtboshimizning asarlari, ayniqsa, “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” kitobi singari ushbu kitobi ham siyosiy, ijtimoiy hayotimizda g‘oyat muhim voqea bo‘ldi, taqdimotlar o‘tkazildi, tadqiqotlar yozildi, o‘qish, o‘rganishlar davom etayotir. Ushbu asarlarni o‘qimay, uqmay, mag‘zini chaqmay, mohiyatini anglamay turib Istiqlolimiz haqida tugal tasavvur hosil qilish, ulug‘ ne’matning sharofati, qadr-qimmatini to‘liq idrok etish qiyin — buni yetmish besh yoshdan oshgan, ikki davrning guvohi bo‘lgan, ellik besh yillik ilmiy, ijodiy, qirq besh yillik mudarrislik, pedagogik tajribaga ega kishi sifatida aytmoqdaman.
“O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” asariga Islom Karimovning 1989 yil 24 iyun — 1992 yil 4 yanvar oralig‘idagi nutq va ma’ruzalari, maqola va intervyulari, farmon va qarorlari kiritilgan. Ikki yil, olti oy, o‘n kun — tarixan qisqa, lekin mazmunan benihoya teran, favqulodda voqealarga boy muddat. Ikki yarim yildan ortiq muddatga yigirma uch yarim yildan sal ortiq muddatni qo‘shaylik, qadr-qimmatimiz, tayanchimiz, iftixorimiz bo‘lgan Mustaqillikka ta’zim aylaylik, beadad shukronalar aytaylik. Shu qisqa muddat ichida qanchadan-qancha ulug‘vor g‘oyalar tug‘ildi, pishib yetildi, ularni amalga oshirish uchun favqulodda jasorat va mahorat, donishmandlik va topqirlik, ishbilarmonlik va tadbirkorlik nisor etildi. Va, nihoyat, ota-bobolarimiz asriy orzusi ro‘yobga chiqqanligini ma’lum qiluvchi, to‘rt-besh so‘zdan iborat, mazmuni tillolarga teng xushxabar 1991 yil 31 avgustda tantanavor e’lon qilindi. Yaxshi eslayman: televizorda ko‘rgan, eshitgandim, Islom Karimov Mustaqillikni e’lon qilgach, deputatlar bir zum taraddudlanib, ba’zilari cho‘chinqirab qolgandi, so‘ng gulduros, davomli qarsaklar yangragandi. Yangi jamiyat poydevoriga qo‘yilgan ilk g‘ishtlar, ish-tashvishlar, qiyinchilik-to‘siqlar, dastlabki yutuqlar, xorijdagi va o‘z tanqidchilarimiz, ochiq va pinhoniy fitna, g‘alamisliklar, ishonch va ishonchsizliklar, tinchlik, osoyishtalik, farovonlik yo‘lidagi ezgu qadamlar, tub burilishlar — bari-barisi ko‘rgan, eshitgan, bilgan, guvohi bo‘lgan, ishtirok etganlar xotirasida kino kadrlaridek birma-bir o‘tadi.
O‘quvchi sifatida kaminaga ham eng ta’sir qilgan, qoyil qoldirgan narsa Yurtboshimizning uzoqni — o‘n, yigirma, o‘ttiz, qirq yillarni oldinni ko‘rib, obdan o‘ylab ish tutishi, siyosat, iqtisodiyot, ijtimoiyot, ma’naviyat bobida dilida tukkan, pishib yetilgan g‘oya, rejalarni hayratangiz jasorat, qat’iyat bilan, qadam-baqadam, bosqichma-bosqich amalga oshirishi bo‘ldi. Kitobdan o‘rin olgan barcha katta-kichik asarlar, ayniqsa, “Jamiyatni yangilash uchun kurashayotgan barcha sog‘lom kuchlarni birlashtirish zarur”, “Toshkentni yuksak taraqqiyot va madaniyat shahriga aylantirishimiz kerak”, “O‘zbekistonda prezident institutining joriy etilishi to‘g‘risida”, “O‘tmishdan saboq chiqarib, kelajakka ishonch bilan”, “Mustaqillik deklaratsiyasi”, “O‘zbekistonning iqtisodiy mustaqilligi xususida”, “O‘zbekiston Millatlar tashkilotiga a’zo bo‘lishiga aminman” va hokazolar fikrimizga misol bo‘la oladi.
Yurtboshimizning O‘zkompartiya XXII s’ezdida “O‘tmishdan saboq chiqarib, kelajakka ishonch bilan” mavzuidagi ma’ruzasini (1990 yil, 5 iyun) tinglagan, o‘qigan katta yoshli kishilar chorak asr nari-berisidagi murakkab vaziyatni, qaltis, tahlikali voqealarni, iqtisodiy, ijtimoiy tanazzulni, til bilmas, dil bilmas desantchi “rahbar”larning o‘zboshimchaligi, markaziy matbuotning “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” haqidagi soxta, vahimali materiallari, og‘ziga kuchi yetmaydigan kaslarning javrashlari, qadriyatlarning qadrsizlanishi, yetishmovchilik, tartibsizlik, tushkun kayfiyat va boshqa noxush holat, ko‘ngilsiz manzaralarni eslab bugungi kun, dorilamon zamon bilan solishtiradi va qayta-qayta shukronalar bildiradi. Yurtboshimiz dadil va dalilli, ehtirosli va mantiqli o‘sha ma’ruzasida vaziyatni keng va teran tahlil qilgan, xolisona, odilona xulosalar chiqargan, umri tugab borayotgan mustabid tuzum, hukmron mafkuraning yurtimizga g‘arazli munosabatiga ro‘y-rost, haqqoniy baho bergan, o‘sha kezlardagi hayotning hech bir jabhasini nazardan chetda qoldirmagan edi. Muhimi, notiq achchiq haqiqatlarni ochiq, mardona, yashirmay, oshirmay aytish bilan birga ahvolni o‘nglash uchun belgilangan tadbirlar, tuzilgan, amalga oshirila boshlagan rejalarni birinchidan, ikkinchidan, uchinchidan... deya sanab, aniq-ravshan bayon qilgandi.
Ichidan chirigan mustabid tuzum qilichini qayrab, “davrning aqli, sharafi, vijdoni” deya ko‘klarga ko‘tarilgan kompartiya go‘yo “porloq yo‘l ko‘rsatib” turgan qaltis, xatarnok vaziyatda Mustaqillik deklaratsiyasini tuzishda bosh-qosh bo‘lishi, ittifoqning birinchi prezidentida qat’iyat, tadbirkorlik va boshqa sifatlar yetishmasligini, “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” kabi soxta yorliqlar g‘arazli maqsadlarda uyushtirilganini mardona aytishi, respublikamizda suverinitet va davlatchilikda yangi bosqich — prezidentlik institutini ta’sis etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashi, ayrim markaziy vazirlik, tuzilmalarni isloh qilish, ba’zilarini esa tugatish taklifi, o‘z boyliklarimizga o‘zimiz ega bo‘lishimiz, paxta yakkahokimligiga chek qo‘yish talabi bilan chiqish, noqobil “desant” rahbarlarning bahridan o‘tish, nohaq jazolangan yurtdoshlarimizni ozod qilish, O‘sh, Farg‘ona, Namangan, Parkent, Bo‘ka mojarolarini bosiqlik, tinch yo‘l bilan bartaraf etish va hokazo, hokazolar uchun qanday katta yurak, qat’iyat, bardosh, sabot kerak edi!
Prezidentimiz asarlarida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-ma’naviy masalalar o‘zaro chambarchas bog‘liq, bir birini to‘ldiradigan, taqozo etadigan holda aks ettirilgani diqqatga sazovordir. Istiqlol va istiqbol, tinchlik, barqarorlik, millatlar, xalqlar hamjihatligi, iqtisodiyotning siyosatdan ustun turishi maqsadga muvofiqligi, tarixiy boyliklar, ma’naviy qadriyatlarga jiddiy e’tibor, g‘arbdan kirib kelayotgan “ommaviy madaniyat” quyqalaridan ogohlik, muhim, dolzarb, og‘riqli muammolar o‘z ifodasini topgan.
Ilm, ta’lim, ijodga aloqadorligim bois Yurtboshimiz kitobida ko‘tarilgan ayrim masalalarga e’tibor qaratmoqchiydim. Islom Karimov 1990 yil 4 avgustdagi ma’ruzasidayoq kadrlar tayyorlashning maxsus milliy dasturi kerakligi, jumladan, maktablarda dars berish sifatini oshirish, moddiy rag‘batlantirish, iste’dodli bolalar uchun maktablar ochish, ta’lim-tarbiya maskanlari o‘rtasida yangicha munosabatlar o‘rnatish, oliy o‘quv yurtlarda mutaxassislar yaratish tizimini takomillashtirish, xorijdagi eng yaxshi markazlarga yoshlarni yuborish lozimligi kabi masalalarni kun tartibiga qat’i qo‘ygandi. Buning boisi ta’lim tizimi, kadrlar tarkibi ittifoqda nochor ahvolga tushib qolganligi, ko‘plab maktablar avariya holatidaligi, bu sohalar “qoldiq” printsipi asosida moliyalashtirilganligini — achchiq haqiqatlarni ochiq aytgan, bu borada o‘sha kezlardayoq muayyan ish qilingani — Farg‘ona, Buxoro, Nukusda uch oliy o‘quv yurti va shu kabilarni tashkil etish haqida qaror qabul qilinganini ta’kidlab o‘tgandi. Shundan buyon chorak asr o‘tdi, ikki tuzumni, ikki tizimni qiyoslash, baholash muhtaram o‘quvchilarga havola.
Nutq va ma’ruzalarida masalalarning dalilli va mantiqli, bosiq va izchil tahlili ba’zan ehtiros, kuyunchaklik bilan almashinib turishini kuzatamiz. Mustaqillik arafasida tugab borayotgan imperiyaning yurtimizga zug‘um va adolatsizliklari, iqtisodiy qaramlik, tuhmat va yorliqlar bois xalq boshiga tushayotgan kulfatlar, turmalarda azob chekayotgan yuzlab begunoh kishilar, ularning chirqirab qolgan ayol va bolalari, “desant” rahbarlarning kirdikorlari, uyushtirilgan tartibsizlik, to‘qnashuvlar haqida xotirjam, vazmin so‘z yuritib bo‘ladimi axir. Bu — “Hammasiga o‘zimiz erishmog‘imiz zarur” (“Izvestiya”, 1991 yil 29 yanvar), “Bizni kapitalizmdan sakrab o‘tishga o‘rgatishgan” (“Komsomolskaya pravda”, (1991 yil 7 mart), "Demokratiya — qonunga va shaxsga hurmat demakdir” ("Rabochaya tribuna”, 1991 yil 4 iyul) va boshqa maqola, intervyulariga, bir qator nutq, ma’ruzalariga xos xususiyatdir.
Ittifoqning ma’muriy buyruqbozlik siyosati sabab O‘zbekistonning xom ashyo bazasiga aylanib qolgani, bir yoqlama paxta hokimligi qaror topgani, mehnati og‘ir “oq oltin”ning arzon narxda sotib olinayotgani, bir tuzumdan ikkinchisiga “sakrab o‘tish” g‘oyasi o‘lka uchun noxush, halokatli oqibatlarga sabab bo‘lgani, xalqning katta qismi bechorahol hayot kechirayotgani, o‘lim ko‘rsatkichlari yuqori darajadaligi, boy mineral xom ashyo resurslariga ega bo‘lganimiz holda ko‘pgina zarur mahsulotlarni boshqa joylardan olib kelishga majbur bo‘linayotgani, mulkchilikka, dinga, qadriyatlarga nopisand munosabat va hokazo og‘riqli masalalarning bizga ko‘zi to‘g‘ri bo‘lmagan markaziy gazetalar sahifalarida noto‘g‘ri va bir tomonlama yoritilayotganini Yurtboshimiz dadil va ochiq-oydin aytadi, ayni chog‘da qisqa muddat ichida ahvolni o‘nglash uchun ancha chora-tadbir ko‘rilgani (paxta yetishtirishni qisqartirish evaziga bo‘shagan yerlarni odamlarga tomorqa qilib berilgani, bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tilayotgani, xalqqa turli imtiyozlar berilayotgani, dinga munosabat o‘zgarayotgani, tarixiy qadriyatlar tiklanayotgani va h.k.)ni ittifoq jamoatchiligiga bildirdi. "Di tsayt" haftanomasi savollariga javoblarida Prezident Gorbachevdan o‘z komandasini almashtirishni talab qilgani, ularning ba’zilari o‘z vazifasini bajarishga qodir emasligini, tang ahvol natijasida xalq ittifoq hukumatiga ishonmay qo‘ygani, respublikamiz ayrim nuqtalarida ro‘y bergan mojarolar o‘nlab yillar mobaynida to‘planib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar hal qilinmagan oqibati ekanini, “Pravitelstvenniy vestnik” haftanomasi savollariga javoblarida iqtisodiy omillar amal qilsa “temir qo‘l”ga hojat qolmasligini ro‘y-rost, dadil aytadiki, buni bugungi avlod, istiqlol farzandlari bilishlari kerak.
“O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobini o‘qigan yoshlar chorak asr burungi yurtimiz hayotiga sayohat qilganday bo‘ladi. U kunlarni ko‘rgan, guvohi bo‘lgan kishilar Prezidentimiz Yangi jamiyat inshootlari, koshonalari tarxini qanday chizgani, poydevorini qurish, dastlabki g‘ishtlarini qo‘yish, qavatma-qavat ko‘tarishda bosh-qosh bo‘lgani, to‘siq, mashaqqatlarni mardonavor yenggani, gap-so‘zlar, malomatlardan cho‘chimay, qat’iyat bilan, bosqichma-bosqich taraqqiy ettirib bugungi zamonga yetkazib keltirganini yaxshi eslashadi, shukronalar aytishadi.
Islom Karimov asarida qamrab olingan ikki yarim yildan keyingi taraqqiyot ham silliq kechgani, hamma ishlar oson bitgani yo‘q. Kitobga yozilgan mazmundor so‘zboshida — o‘ziga xos ochqichda 1992 yil 16 yanvarda poytaxtning Talabalar shaharchasida alamzada, ekstremistik kuchlar tomonidan janjal uyushtirilgani qayd etib o‘tilgan. O‘shanda ToshDU jurnalistika fakultetida dars berayotgan, yigirma to‘rt yildan beri Talabalar shaharchasi havosidan nafas olayotgan kishi sifatida noxush voqealarni bevosita kuzatishga, o‘quv yurtlarining ko‘pchilik murabbiylari, yoshlar hurmat qiladigan kishilar, huquq posbonlarining junbushga kelgan olomonni tinchitish borasidagi sa’y-harakatlarining guvohi bo‘lishga to‘g‘ri kelgandi. Keyinroq, "Xalq so‘zi" gazetasining 1992 yil 1 fevral sonida "Shoxiga ursang, tuyog‘i zirqiraydi (ya’ni mustaqillikni mustahkamlash uchun intiqom emas, intizom, avlodlar birdamligi va rahbariyat yakdilligi ta’minlanmog‘i zarur)" nomli bir sahifalik maqolam ham chiqqan. Ba’zan katta janjal kichkina narsadan chiqishi ma’lum. To‘polon non tanqisligidan chiqqan edi. 16 yanvar kuni kechga borib, shaharchaning ta’minotga mas’ul kishilari aybi bilan, non yetmay qoladi. Yonma-yon ikki do‘konda sotilib turgan non negadir tez tugaydi. 89-yotoqxonadagi oziq-ovqat do‘koni ham nimagadir muddatidan ilgari bekitiladi, talabalarning iltimos-iltijolari inobatga olinmaydi. Maqolada yozgan edim: "...16 yanvar kechqurun talabalarni ko‘chaga boshlagan, "uyushtirgan" asosiy unsur ayon. Bu — qorin. Och qorin. Oldin qorinning qayg‘usini qilishdi, keyin qadrning. Oldin qorniga yig‘lashdi. Keyin qadriga. So‘z tartibi o‘zgarishida katta ma’no bor". Besh odam bir zumda ellikta bo‘lib qoladi, ko‘p o‘tmay besh yuztaga yetadi...
Kitob so‘zboshisida bu voqeaga munosabat bildirilib yozilganidek:" Hali ongu tafakkuri shakllanib ulgurmagan, hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan talaba yoshlardan foydalanib, bir guruh manfaatparast, amalparast kimsalar yurtimizdagi vaziyatni izdan chiqarishga va shu tariqa dunyo hamjamiyatidan o‘z o‘rnini topishga intilayotgan yosh O‘zbekistonning obro‘siga putur yetkazishga, uni o‘z yo‘lidan qaytarishga urinishdi" ("O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida", 29-bet).
O‘shanda o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli xavf-xatar bartaraf etilgan, osoyishtalik o‘rnatilgan, 20 yanvarda jumhuriyat rahbarlari ToshDU madaniyat saroyining kichik zalida shaharchadagi oliy o‘quv yurtlari faollari bilan yig‘ilish o‘tkazgandi. Islom Karimov yoniq, ta’sirli nutq so‘zlab, jumladan, xolis niyat bilan, yurakdan chiqarib, yuzingizga, ko‘zingizga tik qarab gapirgan odamga tan berajagini, ma’muriy qo‘mondonlik davri o‘tgani, bu yerga kimlarnidir jazolash uchun emas, dard, muammolarni, tanqidiy mulohazalarni, taklif-istaklarni eshitish, vaziyatni yumshatish, ahvolni o‘nglash maqsadida maslahatlashish, kengashish maqsadida kelishganini aytgan.
Talabalarga g‘amxo‘rlik Prezidentimizning doimiy e’tiborida turishini bugungi kunda Talabalar shaharchasi qanchalik o‘zgarib — shahar ichida mo‘’jaz, go‘zal shaharchaga aylangani yorqin misoldir. Bu yerdagi hamma sharoitlari muhayyo yotoqxonalarni, sport inshootlarini ko‘rgan kishilar hayratlanib, qani yosh bo‘lib qolib talaba bo‘lsagu shunday joylarda yashab, o‘qisak, deyishdi.
Prezidentimiz Islom Karimovning Mustaqillikka erishish ostonasidagi va istiqlolning ilk oylari voqealari tilga olingan kitobi Oliy Kengashning navbatdan tashqari sessiyasidagi "O‘zbekiston dunyo xaritasida o‘ziga munosib joy oldi" nomli ma’ruzasi (1992 yil 4 yanvar) bilan yakunlanadi. Notiq ushbu ma’ruzasida iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va siyosiy ishlardan beshtasini, yangi davrning yo‘nalishlaridan o‘ntasini birma-bir sanab, ta’rifini keltirib, tahlil qilib o‘tadi va "Katta, mas’uliyatli yo‘lda Tangrimiz bizga madadkor bo‘lsin!" — deya tugatadi.
Shu kunlarda poytaxtimizning Xadra bilan Sebzorni bog‘laydigan qo‘sh qavatli, zamonaviy yangi ko‘prikni yuqorigi, piyodalar uchun mo‘ljallangan ko‘rkam ko‘prikdan turib kuzatdim. Temir yo‘llar, avtomobil yo‘llari ustidan qurilgan turli ko‘priklarni ko‘p ko‘rganmiz. Lekin bunisi alomat, betakror, go‘zalligi, qulayligiga gap yo‘q. Eskalator, qadam qo‘yishingiz bilan, yuqoriga chiqarib qo‘yadi, uzun, sidirg‘a soyabonlar aziz boshlarni yozda kun taftidan, qishda sovuqdan, yomg‘ir, qorlardan saqlaydi. Katta-kichik piyodalar bir zum to‘xtab, keng, ravon yo‘llardan g‘arbdan sharqqa, shimoldan janubga qo‘sh qatorlab yelib borayotgan turfa mashinalarni kim hayratlanib, kim angrayib tomosha qiladi. Saksondan oshgan bardam, tetik otaxon, onaxonlar bir zamonlar ushbu mavzeda, yaqin atroflardagi tor, ko‘rimsiz ko‘chalarni, o‘sha davrlar naqliyoti — qo‘qon arava, ot, tuya, eshaklarni, yakkam-dukkam mashinalar, to‘nka o‘rnini bosgan tramvaylarni eslab xayolga tolishlari, qoyil qolishlari, bugungi dorilamon kunlarga shukronalar aytishlari turgan gap. Darvoqe, yangilik, o‘zgarishlarni baland ko‘priklardan, osmono‘par imoratlardan, Qamchiq dovonidan, samolyot, vertolyot illyuminatoridan kuzatish o‘zgacha gashtli, fayzli, Istiqlol ne’matini, Istiqlol nafasini teranroq his etasiz.

Saydi UMIROV, 
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, yozuvchi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.