DASTURXONI TO‘KIN EL

Davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida» kitobi xalqimizning bundan chorak asr avvalgi hayoti, turmush darajasi haqida biz, bugungi kun yoshlariga yetarlicha tasavvur beradi.

 Jumladan, Respublikamizning o‘sha paytdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli haqida yozar ekan, Yurtboshimiz iqtisodiyotimiz bir yoqlama tarzda, faqat xom ashyo yetishtiradigan holga tushib qolgani, sanoatda tayyor mahsulotning ulushi bor-yo‘g‘i 50 foizni tashkil etgani, qishloq xo‘jaligi mahsulotining 80 foizdan ko‘prog‘i mutlaqo qayta ishlanmasdan respublika tashqarisiga olib chiqib ketilayotgani kabi faktlarni kuyunchaklik bilan keltiradi.

Bu muammolarni birin-ketin bartaraf etish zarur edi. Mamlakat chuqur inqiroz yoqasiga kelib qolgan mana shunday og‘ir davrda xalqimiz barcha qiyinchiliklarni matonat bilan yengib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi barcha sohada o‘z mustaqilligini mustahkamladi. Xususan, davlatimiz rahbari rahnamoligida iqtisodiyot sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida davlatimiz jahonning eng ilg‘or mamlakatlari bilan baqamti faoliyatga kirishdi. Bunda qishloq xo‘jaligi sohasiga qaratilgan alohida e’tiborning samarasi katta bo‘ldi.

Tarixan qisqa muddat ichida yurtimiz jahon bozoriga paxtadan tashqari, g‘alla, meva-sabzavot eksport qiladigan davlatga aylandi. Bugun jahon bozorini O‘zbekiston mahsulotlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Albatta, bunday yutuqlarda dehqon-fermerlarimiz mehnati bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan zahmatkash olimu tadqiqotchilarning ham munosib hissasi bor. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi faoliyati bilan tanishganimizda bunga yana bir karra ishonch hosil qildik.

— O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazining 17 ta instituti bor, ularning barchasi o‘z yo‘nalishlariga ega, — deydi Ilmiy-ishlab chiqarish markazi bosh direktor o‘rinbosari Bahodir Xoliqov. — Ayni damda institutlarda yuzlab olimlar ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

Keyingi yillarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari tomonidan soha rivoji yo‘lida muhim tadqiqotlar, kashfiyotlar qilindi. Masalan, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan ekin maydonlarining unumdorligi va yerdan foydalanish samaradorligini oshiradigan istiqbolli texnologiyalar ishlab chiqildi. Yangi dehqonchilik tizimiga mos, tuproq unumdorligini oshirib, yuqori hosil olishni ta’minlaydigan qisqa navbatlab ekish texnologiyasi ishlab chiqildi, yuqori hosil beradigan intensiv bog‘lar barpo qilinib, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi;

Ilmiy tadqiqot institutlari tomonidan g‘o‘zaning yigirma, bug‘doyning o‘ttiz, arpa va tretikalining o‘n, makkajo‘xorining besh, sholining o‘n, moyli ekinlarning o‘n, mevali daraxtlarning yigirma besh, uzumning o‘n, kartoshka va sabzavotning qirq, poliz ekinlarining o‘n besh xil navi yaratildi.

Mustaqillikdan oldin O‘zbekiston yer maydonlarining 90 foizida paxta yetishtirilar, boshoqli don ekinlari esa atigi 221 ming gektar sug‘oriladigan yerlarga ekilgan. Bu esa xalqning asosiy extiyoji bo‘lgan don mahsulotlarining tanqisligiga olib kelardi. Islohotlar samarasi o‘laroq, 1991-2014 yillar mobaynida boshoqli ekinlarning qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari tarkibidagi salmog‘i oshirildi. Bu ko‘rsatkich 2014 yilga kelib 1 million 340 ming gektarni tashkil etdi. Shu davr ichida boshoqli don ekinlarining yalpi hosili 1 million 250 ming tonnadan 8 million 50 ming tonnaga yetkazildi. Hosildorlik suvli maydonlarda 17 tsentnerdan 55 tsentnergacha oshdi. Bu esa to‘la-to‘kis g‘alla mustaqilligidan dalolat beradi. Bunday ko‘rsatkichlarga erishishda albatta ilmiy tadqiqot institutlarining ham o‘z hissasi bor.

Mustaqillik yillarida davlatimiz xazinasining asosiy valyuta manbai bo‘lgan paxtachilik tarmog‘ini rivojlantirish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Shu bois tarmoqda tub o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Buni jahon bozorida o‘zbek paxta tolasining nufuzi ortib, tobora xaridorgir bo‘lib borayotganidan hamda O‘zbekiston paxta xomashyosini yetishtirishda dunyoda oltinchi, uni eksport qilish bo‘yicha beshinchi o‘rinni egallab turganidan ham bilish mumkin.

Bugungi kunda paxtachilik ilmiy muassasalarida jahonning 107 mamlakatidan keltirilgan g‘o‘zaning yovvoyi, yarim yovvoyi va madaniy shakllari hamda mahalliy nav namunalaridan tashkil topgan 12800 ga yaqin genofond namunalarini o‘zida jamlagan dunyoda yetakchi bo‘lgan kollektsiya mavjud. Ushbu namunalar fitotronlarda muntazam ravishda ekilib, jonlantirib borilmoqda va noyob belgilarga ega bo‘lganlaridan amaliy selektsiya ishlarida foydalanilmoqda.

Istiqlol yillarida Paxta selektsiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnikasi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 23 ta yangi g‘o‘za navlari mahalliylashtirildi, 17 ta nav esa istiqbolli deb topildi, 50 dan ortiq navlar DNS shoxobchalarida sinalmoqda. Serhosil, tezpishar, tola sifati jahon andozalariga mos, turli ekstremal sharoitlarga bardoshli, kasallik va zararkunandalarga chidamli, yangi g‘o‘za navlari yaratilib, joriy etilmoqda. Bir gektar maydonga qadalgan chigit miqdori 1998 yilda 123,7 kilogrammni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib bu miqdor 2,5 barobar kamaygan.

Shuningdek, suvdan samarali foydalanish, tejash bo‘yicha ham bir qancha usullar ishlab chiqilib, (tomchilatib, diskret, polietilen plyonka bilan mulchalab, qator oralatib va boshqalar) amaliyotga joriy qilindi. O‘g‘itlardan, mahalliy xomashyolar – bentonit va glaukonitlardan foydalanish, g‘o‘zani bargdan oziqlantirish (suspenziya), stimulyatorlarni qo‘llashning samarali texnologiyalari ham yaratildi. Ayni damda paxtachilik institutlarida yanada yaxshi natijalarga erishish maqsadida ko‘plab ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.

So‘nggi yillarda yurtimizda bog‘dorchilik butunlay yangi bosqichga chiqdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki yaratilayotgan intensiv bog‘lar hamda tomchilatib sug‘orish tizimi bog‘dorchilikda o‘ta samarali ekanligi o‘z isbotini topdi. Ayni paytda bog‘bonlarimiz bu usul orqali meva hosilini yildan-yilga oshirmoqdalar.

Ushbu usullarning barchasi soha mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, so‘ngra amaliyotga tatbiq etilmoqda. Ular tomonidan mevali, rezavor mevali, yong‘oqsimon, subtropik, tsitrus o‘simliklar hamda uzumning yangi navlari yaratilib, dehqon-fermer xo‘jaliklariga tatbiq qilinmoqda.

Akademik M.Mirzaev nomidagi mevachilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib selektsion yo‘l bilan urug‘li, danakli, rezavor, yong‘oqmevali ekinlar selektsiyasini yo‘lga qo‘yishi natijasida yangi navlar yaratilmoqda. Ko‘p yillik ilmiy tadqiqotlar natijasida 170 dan ortiq yangi meva-uzum navlari yaratilib, hozirgi kunda ulardan 75 ta nav Davlat reestriga kiritilgan. Shuningdek, meva-uzumning 35 ta yangi navi mahalliylashtirilib, 33 ta yangi istiqbolli navlar Davlat nav sinash komissiyasiga sinovga topshirildi.

Intensiv bog‘lar uchun ildiz bo‘g‘ziga payvand qilingan pakana ko‘chatlarni yetishtirish texnologiyasi ishlab chiqilib, toshloq, qumloq, lalmi yerlarda intensiv bog‘lar barpo qilish imkoniyati yaratildi. Natijada ming gektarlab bo‘sh yotgan yerlar bog‘-rog‘larga aylanib borayotir. Hosildorlik yildan-yilga ortmoqda. Bu yerlarda ekiladigan asosiy meva olma bo‘lib, qurg‘oqchilikka chidamli Malika, Qizil taram olma, Cho‘lpon, Oydin, Nafis navlari ekilmoqda.

Shu bilan bir qatorda soha olimlari tomonidan nok, behi, olxo‘ri, gilos, o‘rik, shaftoli, uzumning yangi navlari yaratilib, bog‘bonlarga tavsiya etilmoqda.

Mustaqillik yillarida Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan sabzavot, poliz ekinlarining ko‘plab yangi navlari yaratildi. Ayni damda bu navlarining barchasi respublikamiz fermer, dehqon va tomorqa xo‘jaliklariga tatbiq etilmoqda. Birgina o‘tgan yilning o‘zida mazkur urug‘lardan 9120 ming tonna sabzavot, 1756 ming tonna poliz, 2400 ming tonna kartoshka yetishtirildi. Bu xalqimiz extiyojini to‘laqonli oqlab, eksport qilish imkoniyatini ham yuzaga chiqardi. Bundan ko‘rinib turidiki, yurtimiz oziq-ovqat mustaqilligiga erishgan jahondagi kamsonli mamlakatlardan biriga aylanib bormoqda.

Xulosa qilib aytganda, mazkur ma’lumotlarni keltirishdan maqsad qo‘lga kiritilgan yutuqlarni ko‘z-ko‘z qilish emas, balki bu xalqimizning har qanday mashaqqatlarni yengib o‘tish salohiyati, bunyodkorlik fazilatlarini e’tirof etishdir. Bugun dunyoda turli noxush voqealar yuz berayotganini hammamiz guvohmiz. Millionlab insonlar qashshoqlik, ocharchilik singari ofatlar bilan kurashayotir, necha-necha millatlar urush, nizo, turli qarama-qarshiliklardan aziyat chekmoqda. Bu esa bizni bugungi kunimizga, erishgan natijalarimizga shunchaki faxr emas, shukronalik ko‘zi bilan ham qarashga undaydi.

 

Bobur MUHAMMADIYEV,

“Hurriyat” muxbiri

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.