ANDIJONNI ENDI BIR KO‘RING

Sobiq kursdoshim, surxondaryolik G‘ofir Ziyoqulovga ochiq xat

Do‘stim G‘ofir, yodingizdami, Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetini bitirishimiz arafasida “Andijonlaringni bir ko‘rsam...” degandingiz. Birga keldik. Shaharni aylandik. Sizni aynan qayerlarga boshlab borganim hozir xotiramda yo‘q, lekin har qalay, iloji boricha “zo‘r” joylarimizni ko‘rsatishga harakat qilganman, o‘shanda. Shahar aylanib qaytganimizdan so‘ng siz: “Andijon deganiyam bitta bolshoy qishloq ekan-da”, devdingiz. Garchi bu gap og‘zingizning bir chekkasidan, nimjilmayish bilan chiqqan bo‘lsa-da, menga juda og‘ir botgan, izzat-nafsimga tekkan edi. Siz bilan bahslashib, tortishganman ham, shahrimizning 1902 yilgi zilzilada vayron bo‘lganini aytib, uning o‘sha paytdagi holatini shu dalil, shu tarixiy fojia, tabiiy ofat bilan izohlashga uringanman. Siz e'tiroz bildirgansiz:

- Ha, u zilzilaga yetmish yil bo‘pti-ku, shuncha vaqtdan beri tuzukroq inshootlar qurish, ko‘chalarni obodonlashtirish mumkin edi-ku... Andijonning nomi chiroyli va mashhurligiga men juda boshqacha tasavvurda edim-da, do‘stim. Xafa bo‘lmang... - dedingiz yupatgan kishi bo‘lib.

Mening tilim kalimaga kelmay qolgandi. Endi ko‘z oldimga keltirsam, o‘shanda rostdan ham Andijonning mehmonlarga ko‘r­satgulik (Navoiy bog‘idagi ulkan Burgut haykali-yu, sobiq Jome masjid-madrasasidan bo‘lak) diqqatga sazovor manzil-makonlari yo‘q hisobi ekan.

Ha, o‘sha paytda Andijonda Navoiy nomidagi bitta markaziy ko‘cha bo‘lib, ulovlarning asosiy qatnov yo‘li o‘sha edi. (Ko‘cha bo‘ylaridagi binolar ham, bitta-ikkita uch qavatlisini inobatga olmaganda, pastak, oddiy shifer, rangi o‘chib, o‘ngib ketgan tunuka tomlardan iborat edi). Hozirgi Bobur shoh ko‘chasi esa u mahalda ko‘rimsiz, e'tiborsizgina va Andijonni yetti uxlab tushida ham ko‘rmagan Jdanov degan bir kasning nasabi bilan atalardi.

G‘ofir, siz o‘shanda yana bir nozik nuqtaga til tekkizib o‘tuvdingiz. “Andijon - Bobur Mirzo, Nodirabegim, CHo‘lponlar yurti» deb ko‘kragingizga urasizlaru...” degandingiz. Afsuski, bu ta'nangizni rad etishga mutlaqo ojiz qolganimni tan olaman. Bu ham katta bir mavzu. Shu shaharda tug‘ilib voyaga yetgan va taxtga o‘tirgan temuriy sarkarda, Alisher Navoiydan keyin eng ko‘p va xo‘p yozgan shoir, “Boburnoma” - qomusiy, memuar asari bugungi kunda dunyoni zabt etgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomi, yodi bilan bog‘liq biron-bir qadamjoy, ziyoratbop tarixiy obida anqoga shafe. Shu sababdan Boburni “dilbar shaxs” deya ta'riflagan Hindiston bosh vaziri Javoharla'l Neru Toshkentga tashrifi chog‘ida o‘sha dilbar zotning yurtini ko‘rish istagi borligini aytganida turli bahonalar ko‘rsatishib, mo‘'tabar arbob, aziz mehmonning xohishini bajo etisholmagan, ya'ni Andijonga olib kelishmagan ekan. Men o‘zim ham bu borada quruqdan-quruq maqtanib yurganimizni mustaqilligimizdan ke­yin, shu sohada ta'kidga arzigulik xayrli, quvonarli ishlar amalga oshirilgandan so‘ng angladim. Bugun shaharning uch o‘rnida - temir yo‘l bosh bekati ro‘parasidagi Bobur maydonida, Bog‘ishamol mavzeidagi Bobur bog‘ida, Eski shahar o‘ramidagi qayta jonlantirilgan “Ark ichi”da ulug‘ vatandoshimizning salobatli, muhtasham haykallari qad ko‘targan. Bobur bog‘idagi “Jahon madaniyati va Bobur” muzeyi, buyuk mutafakkir va shoh ramziy qabr-maqbarasi, shahardagi Bobur soati (kurant) xalqimizning, andijonliklarning ardoqli bobokaloniga izzat-ehtiromi ifodasi, sayyohlar uchun tabarruk manzilgohlar bo‘lib, Andijon shuhratiga shuhrat qo‘shib turibdi. Viloyat teatri, Andijon davlat universiteti, viloyat kutubxonasi va yana ko‘plab ilmiy-madaniy muassasalar Bobur nomida. Hozir Andijonda eng ko‘p tar­qalgan ism - Boburbek, Boburjon... Shahar bog‘laridan biriga esa Mustaqillik sharofati bilan CHo‘lpon nomi berilgan bo‘lib, hozir u yerda jiddiy ta'mirlash va qayta barpo etish ishlari olib borilmoqda. Nodirabegim bog‘ini ham muhim o‘zgartishlar bilan mehnatkashlarning dam olish maskaniga aylantirish rejalashtirilgan.

Ha, G‘ofir, yana siz “Andijon “A”dan boshlanadi...” deb yozishadi”, deya pisanda qiluvdingiz. Ma'lumingizki, u davrlarda barcha ko‘rsatkich, yutuqlar, maqtarli dalillar mamlakatimizda asosan qishloq xo‘jaligi, xususan, paxtachilik borasida erishilgan katta-kichik, yolg‘on-yashiq muvaffaqiyatlar bilan belgilanar, baholanar, to‘nlar har doim shunga qarab bichilardi. Andijon esa paxtachilikda mash'al viloyatlardan hisoblanardi, obodonchilik, xalq turmushining ma'murligi, farovonligi va bosh­qa masalalarga esa bu yurtda ham panja orasidan qaralardi.

Xullas, siz haq edingiz, G‘ofir. Ayniqsa, hozirgi holat bilan qiyoslanganda shahar maqomidagi Andijon o‘shanda chindan ham kattaroq, gavjumroq, obodroq bir qishloq tusida bo‘lgan ekan. Shahrimizga endi bir kelsangiz edi...

Siz aytganday, yetmish yilda, keyingi yigirma yilni ham qo‘shsak, salkam bir asrda qurilmagan bir-biridan go‘zal va purviqor binolar vatanimiz mustaqil, xal­qimiz hur va erkin bo‘lgach, yigirma to‘rt yil ichida barpo etildi. Shu qisqa muddatda misli ko‘rilmagan ko‘lamdagi bunyod­korlik, obodonchilik ishlari amalga oshirildi. Dunyodagi rivojlangan mamlakatlarnikidan qolishmaydigan, dong‘i har tomonga taralgan, yurtimizning barcha shahar-viloyatlaridan maxsus kelib tomosha qilib, zavqlanib, o‘rganib, nusxa olib ketishayotgan “O‘zbekiston” ko‘chasining ta'rif-tavsifini eshitayotgan bo‘lsangiz kerak. Hozir uning qatoriga yanada zamonaviyroq, yanada ko‘rkamroq Istiqlol, Milliy tiklanish, shuningdek, kengaytirilib, yo‘li ikki tomonidagi binolar yangilangan yo tubdan ta'mirlangan, xullas, batamom yangi qiyofa kasb etgan Amir Temur, Navoiy shoh ko‘chalari zeb bo‘lib qo‘shildi va shaharga mislsiz fayz bag‘ishladi.

YAqinda Andijondagi bir tadbirga besh-o‘n daqiqa kechikkan “Ishonch” gazetasi, “Yoshlik” jurnalining muharrirlari, xodimlari, vaqt mo‘ljalini aniq olishgani, ammo bundan besh-olti oygina avval kelib ketgan bo‘lishlariga qaramay, shaharga kirgach hayratlanib, bir oz adashib qolishganini aytib, anjuman qatnashchilaridan uzr so‘radilar. Menimcha, bu gap mubolag‘a ham, bahona ham emas edi.

Andijon-Toshkent yo‘llarining Farg‘ona, Namangan viloyatlarigacha bo‘lgan masofalari, Andijon-Asaka, Andijon-Shahrixon, Bo‘z, Andijon-Oltinko‘l, Baliqchi, Andijon-Xonobod, Andijon-Xo‘jaobod, Buloqboshi, Andijon-Paxtaobod, Andijon-Kuyganyor-Poytug‘, Madaniyat yo‘llarining tasmaday silliq, ravonligi, ularning ikki chetidagi muattar bo‘y taratib turgan uzundan-uzoq anvoyi gulzorlar, saf tortgan archa, kashtan va boshqa manzarali daraxtlar ko‘rki, tarovati yo‘lovchilarning charchog‘ini yozib, bahri-dilini ochishi, kayfiyatini chog‘ qilishi, ijodkor, san'atkor, jurnalistlarga esa mo‘l-ko‘l ilhom berishi shub­hasiz.

Yo‘l bo‘ylaridagi savlat to‘kib turgan kollejlarni aytmaysizmi. Ilm-fan o‘rganishning qulay vositalari bo‘lmish zamonaviy texnik asbob-uskunalar bilan jihozlangan, o‘smirlarning bilim va malakalarini oshirishlari uchun barcha shart-sharoit muhayyo etilgan bunday ta'lim-tarbiya dargohlari, o‘lkamiz chiroyiga chiroy qo‘shayotgan besanoq namunaviy uylar respublikamizning hamma viloyat, hamma shahar va tumanlariga xos, ko‘zlarni quvontiradigan manzaradir.

Andijon shahridagi bir-biridan mahobatli, ravoqlari, peshtoqlari, ayvonlari, ayniqsa, ichki tomonlari - devorlari, shiftlari, ustunlari sharqona uslubdagi naqsh va pardozlar bilan ziynatlangan to‘yxona, tantanalar saroylari, (“O‘zbekiston”, “Toshkent”, “Andijon”, Nodirabegim, Xonzodabegim, “Oltin vodiy”, “Fayz”, “Farangis”, “Qo‘shariq”, “Orom”, “Shoh”, “Oq laylak”, “Sofiya” va boshqa)da har kuni to‘y, xursandchilik. Bunday umumxalq bazmgohlarining tumanlarda ham qurilayotganligi shoyon diqqatga sazovor bo‘lib, ular xalqimizning iqtisodiy quvvati oshib borayotganidan dalolat beruvchi omillardir.

Afsonaviy Burguti, zamonaviy amfiteatri bilan mashhur Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘i, viloyat hokimligi va Bobur nomidagi teatr oldilaridagi maydon, yaqindagina rekonstruksiya qilingan va kengaytirilgan Xotira xiyoboni, 160 tonna suv sig‘imiga ega, 19 metr balandga sapchiydigan musiqali favvorani o‘z bag‘riga olgan Bobur maydoni, attraksion o‘yinlarga boy, cho‘milish havzasiga ega, baxtli bolalikning shodon qiyqiriqlariga to‘la bolalar bog‘i kunduziyu oqshomlari, xususan, dam olish kunlari mehnatkashlar bilan gavjum. Bog‘ishamol mavzeidagi ovozasi chor tarafga ketgan Bobur bog‘i esa mamlakatimizning hamma viloyatlaridan keladiganlar, xorijiy mehmonlarning ziyoratgohi, miriqib hordiq chiqaradigan umumxalq sayilgohiga aylangan. O‘zbekiston va Bobur shoh ko‘chasi tutashgan maydondagi, viloyat teatri oldidagi, Barkamol avlod xiyobonidagi favvoralar (shaharda hozir bunday fontanlar 30 dan ziyod) faqat ko‘rk, fayz emas, balki ushbu hududlarda mikroklimat vujudga keltirishi nuqtai nazaridan ham katta e'tiborga molikdir.

Har jihatdan davr talablariga javob beradigan “Andijon”, “Toshkent”, “Sarbon”, “Afrosiyob”, “Elita”, “Royal”, “Elegant”, “Plaza” mehmonxonalari, Yoshlar markazi, Tennis korti, sport saroylari, o‘yingohlar, zamonaviy holda qayta tiklangan hunarmandchilik rastasi, “Hamkor” biznes markazi, “Xolis” savdo majmualari va boshqa inshootlar xalqimiz, muhandis-me'morlarimiz, mutaxassis-hunarmandlarimizning didi, quruvchilik madaniyati nechog‘lik o‘sganidan dalolat beruvchi maskanlardir. Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalari, ustaxonalarning rang-barangligini ko‘rib aqlingiz shoshadi. Yilning ikkinchi choragi mobaynida ana shunday inshootlardan 70 ga yaqini bitkazildi.

Markaziy ko‘chalarimizni to‘ldirib, daryoday oqayotgan Asaka avtomobil zavodining turli marka va rusumdagi avtoulovlari (Neksiya, Lasetti Kaptiva va boshqa)ning uzoq-yaqin mamlakatlar yo‘llarida yaraqlab, g‘izillab yurganini ko‘rganimizni eslasam qalbimdan iftixor tuyg‘ulari toshib chiqadi.

Shu kunlarda CHo‘lpon shoh ko‘chasi keng ko‘lamda rekons­truksiya qilinmoqda, “Lola” qo‘g‘irchoq teatrining yangi binosi shiddat bilan qad rostlayotir. Eski shahar mavzeida bun­yodkorlik ishlarining yangi bos­qichi avj pallada. Ushbu hudud bir vaqtlar shahar markazi, yuragi bo‘lgani bois, Bobur Mirzo davrida bu yerda bir qator tarixiy bino, inshootlar o‘ziga xos ansamblni tashkil etgan. Afsuski, yuqorida zikr qilingan kuchli yer silkinishi va boshqa sabablarga ko‘ra ularning ko‘plari butkul yo‘q bo‘lib ketgan, ayrimlaridan tuproq ostida nishonalar qolgan, xolos. Andijonning xal­qaro turizm tashkilotlari bilan rishtalarini yanada mustahkamlash, dunyo sayyohlari diqqat-e'tiborini ko‘proq tortish maqsadida tarixiy ko‘rinish bilan zamonaviy qiyofa uyg‘unlashgan, jahon andozalaridagi me'moriy manzaralar yaratish ushbu loyihaning asosiy maqsad-mohiyatini tashkil etadi, deyish mumkin. Bu joyda olti qatorli yo‘l, ko‘p qavatli turar-joylar va boshqa imoratlar barpo bo‘lajak, aholi savdo nuqtalari va avtomobil tig‘izligi, yo‘laklar, ariqchalar bilan bog‘liq muammolar va bosh­qa noqulaylik, nosozliklarga barham berish, shahar ekologiyasini musaffo tutish, toza havo manbaini vujudga keltirish uchun yashil xiyobonlar, maysazorlar, gulzorlar yaratish ko‘zda tutilgan. Xullas, ta'bir joiz bo‘lsa, Andijon Registoni bunyod etiladi. Bularni tasavvur qilishning o‘zi kishiga zavq beradi, kelajakning yanada farovon, yanada fayzli, hayot tarzi, yashash sharoitlari yanada soz va madaniy bo‘lishiga, ko‘n­g­il­larning yanada yayrab-yashnashiga umid, ishonch uyg‘otadi. Shularni o‘ylasam, “bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli” bo‘ladigan farzand­larimiz, nevara-chevaralarimizning ma'sud chehralari ko‘z oldimga kelib, dilim yanada ravshan tortadi.

O‘n-o‘n besh yillar muqaddam Bobur nomidagi ilmiy ekspeditsiya safarlari chog‘ida Eron, Turkiya va boshqa o‘sha paytda bizdan ilg‘orroq mamlakatlardagi ayrim shaharlarning tungi charog‘on qiyofasini ko‘rib havasimiz kelgan edi. Mana endi O‘zbekiston shaharlari, jumladan, Andijonning oqshomlari misolida o‘sha orzularimiz mus­tajob bo‘lganligini dadil ayta olamiz. To‘g‘risi, ana shunday nurafshon ko‘chalarda sayr qilib yurib, birdan sizni, sizning xat boshidagi gapingizni eslab qoldim, do‘stim G‘ofir! Ushbu ochiq xatning yozilishiga ana shu fayzli oqshomlar sururi turtki bo‘ldi. Ha, birodar, sizning oldingizdagi o‘sha mulzamligim alami, xumoridan chiqish uchun yana ko‘p qutlug‘ ishlarni sanashim mumkin edi, illo, kursdoshim rosa maqtanibdi-da, degan ta'nangizdan andisha qilib, shu yerda ko‘p nuqta qo‘ysam... Ishonchim komilki, endi Andijonga bir kelsangiz, yuqorida keltirilgan va keltirilmagan ko‘z-ko‘z qilgulik dalillar, holat va manzaralarga o‘zingiz guvoh va faxru iftixorimga sherik bo‘lardingiz.

Darvoqye, viloyat ahli hozir yana bir tarixiy hodisani kutib, katta bir shodiyona - Toshkent-Andijon temir yo‘li ochilishi, yurtimizdagi barcha bunyodkorlik ishlarining tashabbuskori, ma'naviy va iqtisodiy homiysi, muhtaram Yurt­boshimiz bilan birga zamonaviy uchqur “tulpor”­larda Toshkentga safar qilish ishtiyoqi, taraddudi bilan yashamoqda. Bu shukuhli kunlar ham yaqin, juda yaqin!

Andijonga tashrifingizni kutaman, do‘stim.

 

Qamchibek KENJA.

2015 yil, avgust

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.