BUXORO HIKMATLARI

Buxoroni hamisha sog‘inamiz. Sog‘inib-sog‘inib yo‘lga tushamiz. Qachon Buxoroga borish imkoniyati tug‘ilsa, sog‘inch hissi yanada oshadi, mehrimiz jo‘sh uradi. Butun vujudimiz sog‘inch tuyg‘ulari bilan Buxoroga intiladi.

Bu safar ham shunday bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi davlat mus­taqilligining yigirma to‘rt yillik bayrami oldidan aholining keng qatlamlari o‘rtasida ma'rifiy uchrashuvlar, jonli muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar o‘tkazish maqsadida tuzilgan targ‘ibot guruhi a'zolari bilan Buxoro viloyatiga yo‘l olar ekanmiz hammamizda bir tuyg‘u - Buxoro sog‘inchi qaynab-toshadi.

Ilk uchrashuv Buxoro shahrida yangidan bunyod etilgan Ibn Sino nomli favvoralar maydonidan boshlandi. Bu maydon buxoroliklar uchun haqiqiy dam olish, xordiq chiqarish maskaniga aylangan. Uchrashuvda O‘zbekiston xalq artisti Ubaydulla Omon, respublikada xizmat ko‘rsatgan artistlar Alisher Otaboyev, Nodira Mo‘minova hamda yosh xonandalarning chiqishlari barcha ishtirokchilarga manzur bo‘ldi.

- Biz bunday zavqli oqshomlarga Mustaqillik tufayli muyassar bo‘ldik, - deydi 77 yoshni qarshilayotgan Po‘latoy buvijon ko‘zlari porlab, - ilgarilari ko‘chalarga chiqish, bunday rohatlanishlar qayda edi? Oqshom tushishi bilan hamma uy-uyi­ga kirib ketardi. Mana endi qarang, dam olish maydonlari, chiroyli favvoralar bunyod etildi. Bularni ko‘rib odamning dili yayraydi. Bu galgi uchrashuvga farzandlarim, nabiralarim va abiram Kabiraxon bilan keldim. Mendan baxtli odam bormi? Men hammaga shunday baxt-saodatli bo‘lishini, yurtimiz, Buxoromiz yanada obod va farovon bo‘lib borishini, tinchlik abadiy bo‘lishini Ollohimdan so‘rayman. Xudo menga umr berib, Kabiraxon katta bo‘lsa mustaqillik qanday bunyod etilganligini hikoya qilib beraman.

Biz ham Po‘latoy buvijonning pok niyatlariga qo‘shilamiz. Go‘yo bu dil izhorlari oqshom qatnashchilarining fikrlarini ifodalagan edi...

Jondor Buxoro viloyatining yirik tumanlaridan biri. Tuman mehnatkashlari davlatga pilla, g‘alla sotish rejalarini allaqachon ortig‘i bilan bajardilar. Shu kunlarda g‘o‘zaga so‘nggi ishlov berish qizg‘in davom etayotir. Dalalar esa pardoz qilayotgan kelindek, allaqachon oppoq liboslarga burkanib borayotir. Hademay terim boshlanadi...

Dastlabki uchrashuv Xumin qishloq fuqarolar yig‘inida bo‘ldi.

- Bizning qishloq fuqarolar yig‘inida jami 11 ming 674 nafar aholi yashaydi. - deydi suhbatda QFY raisi Ulug‘bek Muzaffarov, - shuningdek, bizning hududimizda 19 ta fermer xo‘jaligi faoliyat yuritadi. Bu yil ular g‘alla sotish bo‘yicha davlat rejasini oshirib bajardilar. “Abdurahmon Komil”, “Dilmurod Boyevich”, “Usta To‘ymurod”, “Orif Tohir” kabi fermer xo‘jaliklarining qishloq fuqarolar yig‘iniga homiylik yordamlari ko‘p bo‘lmoqda. Ularning yordami tufayli to‘yxona, sport majmuasi qurildi. 5 gektarlik intensiv bog‘ bunyod bo‘ldi. Bu yil hosilga kirdi.

Shu kuni tumanning “Zarafshon” QFY, Alili QFY, pedagogika, iqtisodiyot kollejlarida bo‘lgan uchrashuvlar qizg‘in o‘tdi. Taniqli olimlarning ma'ruzalari, sho‘x qo‘shiqlar va raqslarga ulanib ketdi.

G‘ijduvon tumanidagi pedagogika, tibbiyot kollejlari va 28-umumiy o‘rta ta'lim maktabida bo‘lgan muloqotlar ham mustaqil davlatimiz erishayotgan ulkan yutuqlar, obodonliklar va taraqqiyotlar haqida bordi.

Vobkentliklar huzuriga borganimizda Yangikent QFYda Shohnigor mahallasida mustaqillik bayrami katta tantana bilan nishonlanayotgan ekan.

- Biz har yili eng ulug‘, eng aziz bayramimiz mustaqillikni ana shunday mehr va tantana bilan kutib olamiz, - dedi mahalla raisi Akrom Qurbonov g‘urur bilan.

- Mustaqillikni har qancha bayram qilsak arziydi, - deydi keksa o‘qituvchi Mavjuda O‘roqova, - ota-bobolarimiz bir umr ozodlikni, hurlikni orzu qilib o‘tdilar. Shaharlarni qo‘ya turaylik, qisqa 24 yil ichida qishloqlarimiz beqiyos darajada o‘zgarib, obod va farovon bo‘lib borayotganidan benihoya xursandmiz. “Keksalarni e'zozlash yili”da ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklardan mamnunmiz. Men har safar duo qilganimda Ollohimdan yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik so‘rayman.

Romitan tumani hokimligida bo‘lgan uchrashuvni tuman hokimi Muhammadqosim Olimov ochib, jumladan, tumanda so‘nggi yillarda erishilayotgan yutuqlar va o‘zgarishlar haqida so‘zladi. Haqiqatan ham romitanliklar qo‘lga kiritayotgan zafarlar maqtovga loyiq. Tuman mehnatkashlari mustaqilligimizning 24 yillik to‘yini munosib mehnat yutuqlari bilan kutib olmoqdalar... Buxoroda hunarmandchilik va kichik biznes rivojlanib boryapti. Masalan, biz joylashgan “Talisman” mehmonxonasini xususiy tadbirkor Husniddin Uzoqov ochgan. Salkam 2 sotix yerga qurilgan ko‘rkam va muhtasham ikki qavatli mehmonxona 8 ta xonadan, 18 o‘rindan iborat. Mehmonxona Labihovuzga yaqin bo‘lgani uchun doimo xorijlik mehmonlar bilan gavjum. “Talisman” MCHJ direktori Husniddinning o‘g‘li Isomiddin Uzoqov. Uning 8-sinfda o‘qiydigan Azizbek va 5-sinfda o‘qiydigan jiyanlari xorij tillarini yaxshi biladilar. Ularning amerikalik yoki fransiyalik sayyohlar bilan biyron-biyron gaplashayotganlarini ko‘rib kishi g‘ururlanadi. Ulardan chet ellik sayyohlarni hayratga solayotganliklarini ko‘rib faxrlanamiz.

Labihovuz majmuasi har kuni va har oqshom mehmonlar va sayyohlar bilan gavjum. Ularning qadamlari Buxorodan uzilmaydi. Bu manzarani taniqli shoir G‘ulom Shomurod “Labihovuz oqshomlari” she'rida shunday ta'riflaydi:

Bu yer gavjum bo‘lar mudom kelgan mehmondan,

Suv bo‘yida yayrab-yayrab olishar orom.

Ular mamnun xizmatdagi chaqqon mezbondan

Naqadar soz buxorocha e'zoz-ehtirom!

 

Labihovuz quchog‘ida mo‘'jiza bisyor,

Uchrashadi o‘tmish bilan kelajak bunda:

Hordiq berib tuyalarga, cho‘ktirib qator,

Sarbon kelib dam olmoqda shu yerda, tunda

 

Ulovidan tushmay turib boshlar hangoma

Olam aro nomi mashhur Xo‘ja Nasriddin.

Latifalar tinglab, ana, urar qahqaha,

Yosh-yalanglar o‘rab uning atrofu girdin...

 

Labihovuz oqshomlari ajib, farahbaxsh,

Bunda mudom topajaksiz halovat-huzur.

So‘ng ketarsiz Buxoroni dilga aylab naqsh,

Uning zavqi hamroh bo‘lar sizga bir umr!

Ijodiy guruhimiz uchun Buxoro safari maroqli uchrashuvlarga, ajo­yib taassurotlarga nihoyatda boy bo‘ldi.

Nazarimda Buxoroning tarixiy obidalari, obod ko‘chalari, farovon mahallalarining har biri go‘yo hikmatga to‘la. Pirlar va avliyolar yurti Buxoroning har qarich yerida, serhosil bog‘lari-yu dalalarida hikmat yashirin.

Mustaqillik tufayli rivojlanib, taraqqiy etib borayotgan Buxoroning aslida ko‘plab hikmatlari kashf bo‘layotir. Buxoro boqiylik sari, bebaho ulug‘ hikmatlar qanotida yanada yuksalib borayotir...

Biz hikmatlarga kon Buxoroni hamisha sog‘inib qolamiz!

 

Ashurali JO‘RAYEV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.