VATANGA MUHABBAT — SADOQAT VA FIDOYILIK RAMZI

Bu dunyoda o‘z yurtini, kindik qoni tomgan otamakonini sevmaydigan, Vatandan uzoqlarga ketganida uni intiqib sog‘inmaydigan inson bo‘lmasa kerak. Inson qalbidagi sadoqat, fidoyilik tuy­g‘ulari ham o‘z Vataniga bo‘lgan muhabbatdan paydo bo‘ladi. 

Dunyodagi eng go‘zal bino va inshootlar ham ana shunday muhabbat qudratidan paydo bo‘lgan va ular Vatanga sadoqat va fidoiylik timsoli sifatida mangu qad rostlab turaveradi. Men bu borada ming yillarni emas ushbu ozod va obod hayotimizni ta’minlab bergan mustaqillik yillarini qalamga olmoqchiman.

Ya’ni shoir Vatanga bo‘lgan tuyg‘usini she’rlarida yonib kuylasa, quruvchi yerdan qad rostlab har bir shahar va qishloqqa ko‘cha va xiyobonga, so‘lim oromgohlarga ko‘rk bo‘lib turgan turli bino va inshootlarni yaratadi. Ustoz muallimlar turli kasblarni egallab shu yurtga sadoqat bilan xizmat qiluvchi o‘g‘il-qizlarni tarbiyalaydi, shifokor shunday insonlarning sog‘lig‘ini asraydi va hokazolar...

Biz buning isbotiga mustaqillik yillarida guvoh bo‘layapmiz, ko‘rayapmiz, quvonayapmiz. Mustaqillik yillarida tug‘ilgan o‘g‘il-qizlarimiz hozir ayni navqiron yoshda. Shu yurt uchun, ota makon uchun belbog‘lab mehnat qilayaptilar, o‘qiyaptilar, yangi ixtirolar yaratayaptilar, sport shohsupalarida O‘zbe­kiston bayrog‘ini baland ko‘tarib, yurt sha’ni va qadr-qimmatini ulug‘layaptilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarorida xalqimiz asrlar davomida intilib yashagan va kurashgan, mustaqillik degan bebaho ne’matning qadr-qimmatini teran idrok etish, o‘tgan davr mobaynida bosib o‘tgan og‘ir va mashaqqatli, ayni vaqt­da sharafli yo‘limiz, keng ko‘lamli islohotlarimiz, qo‘lga kiritgan ulkan yutuqlarimizning tub mohiyati va ahamiyatini yurtimiz va jahon jamoatchiligiga yetkazish, sodda qilib aytganda, biz kecha kim edigu bugun kim bo‘lganimizni anglash, vatandoshlarimizni yangi marralar sari ruhlantirish, biz uchun eng ulug‘, eng aziz ayyom bo‘lmish mus­taqillik bayramini yuksak darajada o‘tkazish maqsadida qator vazifalar belgilab berilgan.

Ayniqsa qarorda yurtimiz, shahar va qishloqlarimiz qiyofasi yildan-yilga ochilib, tobora obod va go‘zal bo‘lib borayotgani, jumladan qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida zamonaviy uy-joylar va infratuzilmalar tarmoqlarini barpo etish bo‘yicha joriy etilayotgan dasturlarning ijtimoiy ahamiyatini ochib berish borasida ham vazifalar qo‘yilgan.

Mustaqillik bergan imkoniyatlar samarasi — ozod va obod turmush, aholi farovonligi bunyodkorlik, shiddat bilan ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni bayram oldidan sarhisob qilish, sharafli ishdir. Har bir soha bo‘yicha bir maqola emas, keng ko‘lamli asarlar yaratish mumkin.

Buning misolini Qoraqalpog‘istonning turli sohalarda erishayotgan yutuqlarida ham ko‘rish mumkin.

Biz bugun Qora­qalpo­g‘is­­tonning ravnaqiga qarab turib Prezidentimizning "Biz kim edik, kim bo‘l­dik", deb qo‘ygan savoliga yuzlab misollar bilan javob topa olamiz.

Birgina poytaxtimiz Nukus shahrining qiyofasini oling. Fakt va raqamlarni keltirishdan oldin ushbu foto suratlarga razm solib qarasangiz, hech bir izohsiz mustaqillik, ozod va obod hayot, barcha sohada aholi turmush farovonligi uchun yaratib berilgan imkoniyatlar samarasini ko‘rasiz:

Bugunga kelib bu o‘zgarishlar xalqimiz va poytaxt mehmonlarida ham katta taassurotlar uyg‘otmoqda. Nukus shahrining yangi, milliy arxitektura asosidagi zamonaviy qiyofasini yaratish borasidagi ishlar qizg‘in davom etmoqda.

Nukus shahridagi I.Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyining 2-bosqich qurilishi, Nukus shahri "Tele oray" mahallasida yangi maktab qurilishi, "Turkiston" kino teatrini qo‘g‘irchoq teatriga aylantirish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Statistika boshqarmasi rekonstruktsiyasi, O‘lkashunoslik muzeyi qurilishi, Davlat yosh tomoshabinlar teatri rekonstruktsiyasi ishlari olib borilmoqda.

Do‘stlik kanalining Nukus shahridan kesib o‘tuvchi 2,5 kilometr qismi atrofini obodonlashtirish hamda ijtimoiy va madaniy soha ob’ektlarini o‘z ichiga olgan zamonaviy oromgoh hududi tashkil qilinmoqda. Unda 2 ta musiqali va manzarali fontanlar qurildi.

Mana shu kanalning ikki yarim kilometr­lik ikkala qirg‘og‘i beton bilan qoplanib, madaniy dam olish bog‘, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqariladigan kichik korxonalar, "Bolalar dunyosi" savdo va o‘yin-zavq shaxobchalari, bolalar sporti inshootlari, basketbol, futbol, tennis maydonchalari, to‘rt joyda musiqali favvora, kanalda sayr qilish uchun katerlarga chiqiladigan bandargoh singari o‘ttizdan ziyod inshootlar qurilib foydalanishga topshirilmoqda. Shu ishlarga qaratilgan 106,5 milliard so‘m mablag‘ o‘z vaqtida, o‘zlashtirilmoqda.

Shuningdek, Toshkent restoranini "Yoshlar markazi"ga moslashtirib, rekonstruktsiya qilish, kanal atrofini obodonlashtirish va suv purkagichlar, elektr lampalarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Kanalning ikki sohilida yangi loyihadagi namunaviy uylar qad rostlayapti.

Nukus shahrida mustabidlik yillarida qurilgan, oilalarning to‘laqonli yashashi uchun kommunikatsiya noqulayliklari, qator muammolarni tug‘dirib kelayotgan 1000 ga yaqin turarjoylar 1200 dan ortiq, loyihasiz, maqsadsiz qurilgan, yoki ta’mirlanib qayta tiklangan savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchalari betartib joylashgani sababli ko‘rimsiz holatda edi. Prezidentimiz diqqat e’tibori va g‘amxo‘rliklari, respublikamiz rahbariyatining sa’y-harakatlari tufayli bu turarjoylar o‘rniga yangi zamonaviy uylar qurish rejalari tuzildi.

Bugungi kunga kelib ularning 50 dan ortiq yangi milliy loyihadagi, zamonaviy Yevropa standartlariga to‘g‘ri keladigan turarjoy, ularning birinchi qavatlarida esa savdo, maishiy, madaniy xizmat ko‘rsatish shaxobchalari o‘z faoliyatini boshladi.

Yana fakt va raqamlarga murojaat qilaylik. Mustaqillikdan oldin Nukus shahri markazidagi Qoraqalpog‘iston ko‘chasida 1 ta kafe bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda kafe, restoranlar soni 20 dan oshdi.

1980 yillarda poytaxtimizda 1 ta "Nukus" mehmonxonasi keyinchalik qurilgan va faoliyatsiz qolib ketgan Toshkent mehmonxonasi bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda xorijlik sayyohlarga, bu yerga kelayotgan mehmonlarga beminnat xizmat qilayotgan 10 dan ortiq zamonaviy, ko‘rkam, barcha qulayliklarga ega mehmonxonalar ishlab turibdi.

Birgina to‘yxonalarni olaylik, mustaqillikdan oldin xalqimiz bunday to‘yxonalar bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida o‘ylab ham ko‘rmagan. Istiqlol bergan imkoniyatlar xal­qimizning eng quvonchli, orzu intilishlari, murod-maqsadlarga to‘la kunlarini do‘sti-yorlari, qarindosh urug‘lari, quda-andalari bilan birga baham ko‘rib, to‘y qilib orzu havaslarini ro‘yobga chiqarayapti.

Endilikda to‘yxonalar soni to‘g‘risida emas, bu to‘yxonalarning har bir mahalla, guzar, markaziy ko‘chalarda aholi uchun beminnat xizmat qilayotganligini faxrlanib aytishimiz mumkin.

Nukusdagi sport inshootlari to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tish o‘rinli, 2003 yildan e’tiboran 20 ta sportning turli yo‘nalishlariga xizmat qiluvchi inshootlar yaratildi.

Prezidentimiz hamisha xalq bilan uchrashganlarida onalar, xotin-qizlar hayoti, ularga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritadi va har bir shahar va qishloqlarimizda go‘zallik salonlari bo‘lishi kerakligini, ularda qishloq sharoitida yashayotgan xotin-qizlarimiz ishdan so‘ng o‘zlariga oro berib, go‘zal bo‘lib yurishlarini alohida ta’kidlaydilar. Bugungi kunda birgina Nukusning o‘zida 20 dan ortiq go‘zallik salonlari ishlab turibdi. Darhaqiqat, xotin-qizlarimiz ozod va obod hayotimizga yarashiqli go‘zal bo‘lib yurishni istaydilar. Ular bu go‘zallikdan yurtga zavq, havas uyg‘otadilar.

Nukus shahri haqida so‘z ketganda Savitskiy muzeyi to‘g‘risida albatta aytib o‘tish kerak. Muzeyning umumiy maydoni 6,9 ming kvadrat metr bo‘lib, 2013 yilning boshidan muzey binosini kengaytirish maqsadida yangi ikki korpusning qurilish ishlari boshlangan edi. Shu kunlarda bu qurilishlar tugallanish arafasida.

Hozirgi kunda har yili Nukus muzeyini 5000-6000 chet ellik hamda mahalliy turistlar tomosha qilmoqda. Yildan-yilga muzeyni ziyorat qiluvchilarning soni tobora ortib bormoqda.

* * *

O‘tgan 24 yil mamlakatimiz tarixi uchun qisqa davr bo‘lib ko‘rinsa ham, shu yillar davomida yurtimizda asrlarga tenglasha oladigan olamshumul o‘zgarishlar ro‘y berganligini alohida faxr va iftixor bilan tilga olamiz.

Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati ortayotganligi, xalqimizning bunyod­korlik ishlari barcha sohalardagi islohotlar samarasi, aholi turmush farovonligining tez sur’atlar bilan o‘sayotganligi, shahar va qishloqlarimiz qiyofasining tanib bo‘lmas darajada go‘zallashib, o‘zgarib borayotganligi fikrimizning yorqin dalilidir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturlari bo‘yicha 2007-2014 yillarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasida yangi tashkil etilgan shaxobchalar to‘g‘risida so‘z yuritganimizda yaqin 7 yil ichidagi yuksalishlardan ko‘nglingiz ko‘tariladi.

Jumladan, xizmat ko‘rsatish sohasida 2007-2014 yillar mobaynida jami 6081 ta, shundan savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 2994 ta hamda maishiy xizmat ko‘rsatish sohasida 3087 ta shaxobchalar tashkil etildi.

2007 yilda savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 186 ta maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchalari ishlagan bo‘lsa, bugun ularning soni 691 taga yetdi.

Shuningdek, aholining xizmatlarga bo‘lgan talabini yanada to‘laroq qondirish maqsadida 2014 yilda yangidan jami 1152 ta xizmat ko‘rsatish shaxobchalari ishga tushirildi, shundan 576 tasi savdo va umumiy ovqatlanish, 462 tasi maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchalari bo‘lib, ular bugungi kunda aholiga sifatli xizmatlar ko‘rsatmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2008-2014 yillarda jami avtomobil yo‘llarida 1147,3 kilometr rekonstruktsiya, to‘la o‘rta va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

A-380 "G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu" xal­q­aro ahamiyatdagi yo‘llarda jami 79.0 kilometr yo‘l qurilishi, 876916 kilometr rekons­truktsiya 55,5 kilometr to‘la ta’mirlash ishlari 23,5 kilometr o‘rta ta’mirlash ishlari yurgizilganini aytib o‘tish o‘rinlidir.

Davlat ahamiyatidagi yo‘llarda jami 23,7 kilomert, shundan 7 kilometr to‘la ta’mirlash 16,7 kilometr o‘rta ta’mirlash ishlari olib borildi.

Mahalliy ahamiyatidagi yo‘llarda 74,3 kilometr o‘rta ta’mirlash ishlari yurgizildi.

Mustaqillikning 24 yilligi nishonlanadigan shu kunlarda xalqimiz faxrlanadigan yana bir bunyodkorlik ishi shaharning janubiy tomondan kiraverishida bunyod etilgan xalqaro ahamiyatga molik A-380 "G‘uzor-Buxoro-Nukus-Qo‘ng‘irot-Beyneu" avtomagistralining 765-kilometrida "Nukus-Chimboy-Taxtako‘pir" yo‘li bilan kesishgan joyda bunyod­ etilgan ko‘prik majmuasidir.

Shu kunlarda bu yerda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Prezidentimizning mustaqillikning 24 yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorida tarixan qisqa davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti 5,5 barobardan ko‘proq o‘sgani, aholimizning real daromadlari jon boshiga hisoblaganda qariyb 9 barobar oshgani, bunga erishish uchun o‘tgan davr mobaynida iqtisodiyotimizga 190 milliard dollar hajmidagi investitsiyalar, jumladan, 65 milliard dollardan ortiq xorijiy sarmoyalar jalb etilgani qayd qilingan. Qoraqalpog‘istonda ham bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi, ayniqsa, shu yilning 6 oyi ichida erishilgan muvaffaqiyatlar to‘g‘risida qisqacha to‘xtab o‘tish o‘rinlidir.

Prezidentimizning 2015 yilgi investitsiya dasturi to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘istonda barcha manbalar hisobidan 5 trillion 799 milliard so‘mlik investitsiyalarni o‘zlashtirish belgilangan. Bu, ijtimoiy ob’ektlar hisoblangan shifoxona, ta’lim muassasalari, bolalar sporti ob’ektlarida olib borilayotgan yirik qurilish ishlari misolida o‘zining amaliy ko‘rinishini topmoqda. Shuningdek, 88 suv ta’minoti ob’ektlari qurilishi olib borilib, natijada 113 ming­dan ziyod aholining suv ta’minoti yaxshilanishiga erishildi.

Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi asosida sanoat, servis va qishloq xo‘jaligi sohalarida 81,6 milliard so‘mlik 1232 loyiha amalga oshirildi.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, ­Prezi­dentimizning maxsus Farmoni asosida 2015-2019 yillarda 748,4 million AQSh dollarilik 8 loyihani ro‘yobga chiqarish belgilangan. Bu, "Taxiatosh issiqlik elektr stantsiyasi"da qurilayotgan yangi uskunalar, shuningdek, bir qator eski paxta tozalash zavodlari negizida zamonaviy yengil sanoat korxonalarini tashkil etish kabi istiqbolli ishlarda aks etmoqda. E’tiborlisi, ushbu korxonalarni ishga tushirish orqali Qoraqalpog‘istonda paxta tolasini qayta ishlash quvvati kamida 2 martaga ortishi hamda ularda besh mingga yaqin ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.

Albatta bu muvaffaqiyatlar haqida gapirganda yirik va istiqbolli loyiha sifatida bir necha xalqaro mukofotlarga loyiq topilgan yiliga 4,5 milliard kub metr gazni qayta ishlash imkonini beradigan Ustyurt gazkimyo majmuasi haqida aytib o‘tmasdan bo‘lmaydi.

Ustyurt gazkimyo majmuasi xalqaro miqyos­da yuksak e’tirof etilgan noyob investitsiya loyihasi hisoblanadi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, ushbu loyiha ro‘yobi natijasida yiliga 4,5 milliard kub metr tabiiy gazni qayta ishlash hisobidan 3,7 milliard kub metr gaz, 387 ming tonna polietilen, 83 ming tonna polipropilen, 102 ming tonna piroliz benzini ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Mana shunday ulug‘ maqsad yo‘lida ayni paytda korxona qurilishida yurtimiz mutaxassislari bilan birga xorijliklar ham ahillikda mehnat qilmoqda.

Ustyurt gazkimyo majmuasi davlatimiz qudratining yorqin ifodasidir. Zero, dunyo­ning ba’zi joylarida notinchlik hukm surayotgan bir paytda, bizning mamlakatimizda bunyodkorliklar amalga oshirilayotganidan faxrlanmaslik mumkinmi?!

Shu kunlarda xalqimiz mustaqillikning 24 yillik bayramini ko‘tarinkilik bilan kutib olmoqda. Negaki, Qoraqalpog‘istondagi har bir yangilanish, bunyodkorlik ishlari, barcha sohalardagi muvaffaqiyatlar har bir fuqaroni quvontiradi. Xalqimizning bu quvonchi eng ulug‘, eng aziz bayram mustaqilligimizning 24 yillik ayyomiga qo‘shilib ketishi shak-shubhasizdir. Ushbu maqolani xalqimiz ishongan, xalqimiz suyangan Prezidentimiz Islom ­Karimovning Qoraqalpog‘iston xalqiga ishonch bilan aytgan quyidagi so‘zlari bilan yakunlamoqchiman.

"Bugun mamlakatimiz buyuk o‘zgarishlar arafasida turibdi. Shuni unutmaslik kerakki, qoraqalpoq xalqi doimo yurtimizning tayanch tog‘laridan hisoblangan va biz sizlarning salohiyatingizga hamisha cheksiz ishonch bilan qaraymiz".

Prezidentimizning qoraqalpoq xalqiga bo‘lgan bunday yuksak ishonchi yurtimizni yanada obod, turmushimizni yanada farovon qilishi shak-shubhasizdir. Bularning hammasi bugungi kunda Qoraqalpog‘istonda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarida namoyon bo‘lmoqda.

Guliston MATYOQUBOVA,

Qoraqalpog‘iston xalq shoiri

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.