OTAM, ONAM, MAHALLAM

Buvimni mahallamiz odamlari “milisa kampir” deyishardi. Uyimiz ko‘chaning boshida joylashgani uchun u kishi ko‘chaga chiqib, “o‘tganning o‘rog‘ini, ketganning ketmonini”  so‘roq qiladilar, “qaerga ketyapsan, qaerdan kelyapsan, bolalaring yaxshimi, ro‘zg‘oring tinchmi?” deb hol-ahvol so‘rayverardi. Bu bizga erish tuyulib, “sizga nima, hadeb savol-javob qilavermang desak, “dardini borib begonaga aytsinmi, ro‘zg‘orida biror kamchilik bordir, er-xotin o‘rtasida gap qochgandir bu eshitgan quloqqa yaxshimas. Mahallamiz sha’niga to‘g‘ri kelmaydi,yordamimiz tegib, mushkuli oson bo‘lsa, boshqa qishloqdagilar oldida uyatga qolmaydi” deyaverardi. Biror tansiqroq ovqat pishirsak, darrov qo‘shniga bir kosa ilinardi “taomni hidi chiqqan bo‘lsa, tomog‘i tushadi” derdi. 

Buvimni eslasam “Suyunchi” filmidagi Anzirat buvi siymosi ko‘z oldimga kelaveradi. “Nega uyingga qulf osgansan? Buni ko‘rsa mahallamiz o‘g‘risi xafa bo‘ladi, axir. U o‘g‘ri bo‘lsayam o‘zimizni mahalladan hech narsa o‘g‘irlamaydi. Qulfni olib tashla!” Film hayotiy chiqqanligi uchun takror-takror tomosha qilaveramiz. Chunki uning qahramoni Anzirat buvi har bir o‘zbek mahallasida uchraydigan vijdonli, xalqim deydigan inson obrazidir. Bugun qishloqning, mahallaning vijdoniga aylangan bunday kishilar ko‘plab topiladi. Ular borki, mahallalarda fayz-baraka. Tinch-inoqlik. Odob-axloq joyida.

 

AHillik maskani

Bugun yurtimizda o‘n mingdan ortiq mahalla yig‘inlari bo‘lsa ularning barchasida doim  ish qizg‘in. Kimning nima muammosi bo‘lsa, mahallaga murojaat qiladi. Mahalla yig‘inlarining har bir ish kuni shunday o‘tadi. Bu muammolarning birini tinchitsang ikkinchisi chiqaveradi. Chunki besh qo‘l baravar emasda. Bu esa mahalla oqsoqollaridan haqi­qiy fidoiylikni talab etadi. Poytaxtimizning tarixiy go‘shalaridan biri “Guruch-ariq” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mirvohid hoji ota Ma’rufov ana shunday jonkuyar insonlardan. Mana o‘n yildirki, u kishi xalq ishonchini qozonib, mahallani eng namunali mahallaga aylantirdi. – Xalqimizda ajoyib bir naql bor, yaxshi gapga ilon inidan chiqadi, degan. Mana shu ibora faoliyatimizda ko‘p qo‘l keladi,– deydi otaxon. – Chunki har kishini dardini tinglash, unga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, kerak bo‘lsa tarbiyalash uchun shirin suxan bo‘lish muhim. Mana necha yildirki, yaxshi muomala bilan 1700 dan ortiq oila bilan kelishib, ahillikda ish olib bormoqdamiz. Qaerda tinch­lik, inoqlik bo‘lsa, shu yerda rivojlanish bo‘ladi. Shukrki, mahallamiz ana shunday maskanlardan.

Jamiyatning tamal toshi — oiladir. Afsuski bu tushuncha ayrim g‘arb davlatlarida mutlaqo o‘zgacha tusda. Ular inson erkinligi niqobi ostida oilaning g‘ayritabiiy yo‘llarini qonuniylashtirmoqda. Bu jarayon davom etsa oxiri nima bilan tugashini hech kim ayta olmaydi. Yurtimizda oila tushunchasi azaldan muqaddas. Uning mustahkam va farovonligi jamiyatning rivoji ekanligini ota-bobolarimiz azaldan tushunib, buni yoshlarga uqtirib kelganlar.

– Har yili mahalla faollari hamda diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar tomonidan oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit o‘rganilib, shular asosida tegishli tavsiyalar berilmoqda, – deya so‘zida davom etadi Mirvohid ota. – Kam ta’minlangan oilalar aniqlanib ularga qo‘ldan kelgancha moddiy yordam ko‘rsatilmoqda. 7-8 yil oldin yordamga muhtoj oilalarning soni 86 tani tashkil qilgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 18 ta xolos. Ular doim himoyamizda. Biror oilada tushunmovchilik yuz bersa mahalla faollari, keksa otaxon-onaxonlar ishtirokida muhokama qilinib tegishli maslahatlar beriladi. Shular bor ekan mahallamiz fayzli. Ularning sa’y-harakatlari sabab barcha qo‘ni-qo‘shnilar inoq. Bir-biriga yelkadosh. Shu o‘rinda bir voqeani misol keltirsam. Bundan 3-4 yil avval bir mahallodoshimiz ichkilikka ruju qo‘ydi. Tuzukkina oilasi bor edi. Ayoli nima qilishni bilmay qoldi. Bolalari otasini ko‘cha-ko‘ydan sudrab keladigan bo‘ldi. U kishini bu yo‘ldan qaytarish uchun butun mahalla, qo‘ni-qo‘shni, oqsoqollari hara­kat qilishdi. Buni qarang­ki, pand-nasihatlar kor qildi. U ichkilikni butunlay tashlab mahallaga qo‘shildi. Hozir buni hech kim eslamaydi ham. Mahalla-ko‘y bunga befarq qaraganda nima bo‘lardi. Bir oilaning zavol topishi hech gap emasdi-da.

 

MaHallaning tayanchlari

Bugun yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu esa yildan-yilga ularning soni ortib borishiga omil bo‘layotir. Ayniqsa, mahallalarda tadbirkorlik sub’­ektlarining tashkil topishi mahalla ahlini ish bilan ta’minlabgina qolmay, uning obod bo‘lishiga ham turtki bo‘layotir. Ular mahallaning yaqin ko‘makchilaridan biriga aylangan.

— Tadbirkor ko‘magi bilan ko‘p­gina bunyodkorlik ishlari qilindi, – deydi Mirvohid ota. – Ayni damda mahallamizda o‘ttizdan ortiq tadbirkorlar bo‘lib, ularning aksariyati oilaviy tadbirkorlar hisoblanadi. Mahallamizda ustoz-shogird an’analari ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Misol uchun tadbirkor Saodat Vakilova o‘z tikuv tsexida har yili o‘ndan ortiq yosh qizlarga tikuvchilikning sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqda. O‘tgan yili “qandolatchilik tsexi ochaman”deb bir mahalladoshimiz murojaat qildi. Unga imkon boricha yordam berdik. Sex ishga tushgach 30 dan oshiq yoshlar ish bilan ta’minlandi. Shuningdek zargarlar, naqqoshlar, usta-duradgorlar ham bor. Bularning barchasi yoshlarimizni o‘ziga jalb etib hunarli bo‘lishiga to‘rtki bo‘layotir. 

 

Taraddud

Ayni kunlarda yurtimizda bayram shukuhi kezayotir. Barcha mustaqillikni munosib nishonlash uchun bayram todoriklarini ko‘rmoqda. Quruvchi o‘z bunyodkorlik ishi bilan, bobodehqon yiqqan hosili bilan, qisqasi, hamma  o‘z mehnati bilan hozirlik ko‘rmoqda. Mahallalarda hashar ishlari avjida.

– Xalqimizning ajoyib odati bor-da. Hashar degan. U obodlik olib kelishi bilan birga kishilar o‘rtasida o‘zaro mehr-muhabbatning oshishiga ham sabab bo‘ladi, – deydi mahalla oqsoqoli. – Ko‘p qavatli uylar yonida hashar uyushtirganimizda iloji boricha barchani jalb qilishga harakat qilamiz. Chunki ko‘p qavatli uylarda bir-birini tanimaydigan qo‘shnilar ham uchrab turadi. Shu sabab bir-biri bilan tanishadi. Hozir ayrim mahallalarda bu ishlarni tuman obodonlashtirish bo‘limi xodimlari qilayotganini yoki yollanma ishchilar ishlayotganini ham uchratasiz. Shukrki, mahallamizda har ko‘cha boshi yoki uyboshilari bir pasda butun mahallani yig‘ib chiqadi. Hamma joyni saranjom-sarishta qilib qo‘yishadi. O‘zing yashab turgan joyni tozalab fayzli qilib turmasang, nima degan gap? Begona kishi kelib uying eshigini tozalab bersa. Bu milliyligimizga to‘g‘ri kelmaydi. Ota-bobo qilgan ishini davom ettirish, hasharlarni ko‘paytirish har bir o‘zbekning vazifasi. Buning uchun mahalla faollaridan birozgina tashabbuskorlik talab etiladi, xolos. Biz oqsoqollarning ham asosiy vazifalarimizdan biri ham yoshlarga ezgu-qadriyatlarimizni anglatish.

Muxtasar aytganda, mustaqillik sharofati bilan qadim a’analarimiz tiklanib, hayotimizga singib bormoqda. Shulardan biri mahalla o‘z-o‘zini bosh­qarish tizimidir. Bugun mahallalar butkul yangi ko‘rinish kasb etmoqda. Buni yuqorida hikoya qilingan mahalla misolida ham ko‘rish mumkin.

 

Bobur MuHammmadiev,

“Hurriyat” muxbiri

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.