YUZI YORUG‘ ODAMLAR

Bugungi kunda yurtimizning qay bir go‘shasiga bormang, odamlarning qizg‘in mehnat, yaratish zavqi bilan yashayotganiga guvoh bo‘lamiz. Yaqinda yo‘limiz Andijon viloyati, Izboskan tumaniga tushib bunga yana bir karra amin bo‘ldik.

   Hozir, to‘g‘ri “Hotamjon Jonjigitov” fermer xo‘jaligining dala shiyponiga boramiz. Hokimimiz Ulug‘bek Ablullayev o‘sha yerda deb, - bizni  dalaga boshladi tuman gazetasi muharriri Abdulla Komil.  Yo‘l-yo‘lakay suhbatimiz tumandagi ishlar, yangiliklar haqida bo‘ldi.

- Prezidentimiz tashabbusi bilan namunali uy-joylar qurib aholiga kreditga berilayotgani katta ish bo‘ldi-da. Bu yerda keyingi paytda 290 ta namunali uy qurilib, ularga yosh oilalar va uyga muhtoj oilalar ko‘chib kirishdi, - dedi ko‘zlari porlab u. - Tumanimiz bir necha  yildan beri g‘alla,  pilla, paxta rejasini ortig‘i bilan bajarib kelayotir.  Hokimimiz asli Andijon shahridan, ota-onasi o‘qituvchi bo‘lishgan. Mana to‘qqiz yildirki, u izboskanliklarning biriga aka, biriga uka, biriga tog‘a, jiyan bo‘lib hamjihatlikda ishlamoqda.   

Beixtiyor nigohim yo‘lning ikki betiga tushdi. Bir tomonda sabzavot ziroatlari. Ikkinchi tomonda paxtazor, hali paxtasi oppoq. Novdalari uzun, yam-yashil tutlar dala chetida sollanib turibdi. Bu yerlarda paykallar ancha keng - poyonsiz ekan, degan xayollar og‘ushida edim.

- Keldik, - dedi mezbonimiz, bir oz chang to‘zg‘itib to‘xtagan ulovdan tushishga hozirlangancha. Tush payti bo‘lganidan shiyponda yosh-yalanglar, qiz-juvonlar ko‘p edi. Dala ham odam bilan misoli to‘yxona-da, degan o‘y bilan shiypon ayvonidagi so‘ri tomon yurdik.

Hali o‘tirib ulgurmasimizdan, hokim: «Xush kelibsizlar mehmonlar, shiypon to‘la fermer xo‘jaligi a'zolari, terimchilar, ularga chiroyli bir she'rxonlik qilib bersanglar boshimiz ko‘kka yetar edi», dedi. 

Shiyponda she'rxonlik qizg‘in davom etdi. Hamrohim taniqli shoir, jurnalist Abdunabi Boyquzining chiqishlari olqishga sazovor bo‘ldi. Bugungi nashr etilayotgan kitoblar, adib, shoirlar ijodi haqida fikr-mulohazalar, bahslar bo‘ldi. Mushoira so‘ngida tuman hokimi bilan suhbatni davom ettirdik.

- Bizda dehqonchilikdan qo‘llari qavargan, sochiga oq oralagan fermerlar ko‘p, - dedi Ulug‘bek Abdullayev. - Masalan,  Abdullajon Akbarov haqida har qancha yozsanglar oz. Halol mehnati bilan O‘zbkiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jalik xodimi degan faxrli unvonga sazovor bo‘lgan.

Eng ilg‘or, shijoatli fermerlarimizdan. U har yili g‘alla bo‘yicha ham, paxtadan ham shartnoma rejasini muddatidan oldin bajarayotganlardan. Bu yil 33,5 gektar yerdan salkam 60 sentnerdan 115 tonna bug‘doy topshirdi. Paxtadan shartnoma rejasi  33,5 sentner, u 40 sentnerga va'da berib, uddalab turibdi. Hali dalasida hosil ko‘p, tezroq terib olsa bo‘lgani.

- Yaqinda u fermer haqida “O‘zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasida taniqli adib Qamchibek Kenjaning “Ertani o‘ylaganlar” nomli maqolasini o‘qigan edik, biz ham yozsak, qandoq bo‘larkin? - dedim hokimga biroz ikkilanib.

- Unda, Yo‘ldosh To‘ychiyev haqida yozinglar. Mana, Abdulla aka, o‘sha fermer xo‘jaligiga boshlab boradi. Ko‘p ma'lumotlarni o‘zi ham biladi, tuman gazetasida u haqida maqolalar yozgan.

Hokim xayrlashar ekan, bugun qayerda qolasizlar, deb so‘radi. Biz hali javob bermasdan Abdunabi Boyqo‘zi “otamnikida qolamiz, otam bilan miriqib suhbat quraylik”, deya hokimga yuzlandi.

- Unda otaga mendan salom aytinglar, vaqt topolsam, bir  suhbatlashamiz, - deb biz bilan xayrlashdi. Bildikki, bu dolzarb pallada hokimning vaqti ziq. Biroq, ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi.

Teshik mozor qishlog‘iga yaqinlasharkanmiz, yo‘lning chap tarafida yangi tushgan uylarda, chiroqlar charaqlab turar edi. Katta yo‘ldan chapga burilganimizda birov dalasidan makkajo‘xori poyasi, yana boshqasi boylangan pichanni uyiga tashish bilan ovora. Kuz hammani band qilib qo‘ygan-da, degan o‘y xayolimizdan kechdi.

- Keldik, shu uy bolaligim uyi, -dedi Abdunabi, hayajoni poyimizdagi ariqda oqayotgan suvdek toshib. Hali hovliga kirmasimizdan boshida andijoncha do‘ppi, to‘qson yoshni qoralagan To‘ychiboy ota peshvoz chiqdi. Orasta, shinam hovliga kirib, otaxonning duosini oldik. Keng mo‘l hovliga razm solarkanmiz, qarisi bor uyning parisi bor, - dedik bir-birimizga.

- Uzumlarning novdasini kesib, qirq kokil qilib tarabsiz-ku, - deymiz nuroniy otaxonga.

- Shuni ham qilmasam, vaqt qanday o‘tadi, - deydi jilmayib otaxon. - O‘g‘illarim shaharda, bari uyli-joyli, qizlarim turmush qurib  ketgan. Kenjamiz shu xonadonda. Xudoga shukr, hammalari o‘zidan tingan, nevara-chevaralar 150 dan oshibdi. Tez-tez kelishib uyni to‘ldirib turishadi. Ko‘rib turibsizlar, hovlimiz katta, mevadan tortib, sabzavotning bari turi o‘zimizdan chiqadi. Dehqonchilik ham, chorvachilik ham o‘z qo‘limda. Hali kuchdan qolganim yo‘q. Nevaralar ham yonimizda qanot bo‘lib  turibdi.

Bir pi±la choyga o‘tirganimizda otaxon qishloqning o‘tmishidan so‘z ochdi.

- Azalda bu joylar qamishzor, qovg‘azor bo‘lgan. Yovvoyi hayvonlarning turi ko‘p edi. Ho‘v, temiryo‘l turibdi-ku, o‘sha yerda stansiya bor edi, odamlar, meva-chevami, sut-qatiqmi, donmi, boringki, sotiladigan narsasi bo‘lsa, o‘sha yerga olib borib tirikchilik qilar edi. Mana, bugun to‘qchilik, el farovon, shukr qilib, Prezidentimizni alqab yashayapmiz, - dedi otaxon, yuzlari yorishib.

Erta tongda Qamchibek Kenja va Abdulla Komil kelishdi. Nonushta qilgach, otaxondan fotiha olib, uydan chiqdik va Yo‘ldoshali To‘ychiyevning fermer xo‘jaligiga yo‘l oldik.

- Shiypon fayzli ekan, lekin odamlar ko‘rinmaydi? - so‘radik fermerdan.

- Terimchilarimizdan qirq nafari ho‘v anavi paykalda paxta terishyapti, - dedi u oltindan sirg‘a taqqan teraklar tomonni ko‘rsatib.

- Bu yil hosil mo‘l bo‘lgandir? - so‘raymiz undan.

Yo‘ldosh aka yoshiga monand ohangda bosiqlik bilan  dedi:

- Mo‘ljal qilgan paxtamizni vaqtida yig‘ishtirib olib rejani bajardik. Hozirgacha terib topshirgan paxtamiz gektariga 40 sentnerdan ortdi. Shunday bo‘lsa-da, a'zolarimiz daladagi hosilni tozalab terishyapti. Chunki gektarchilarimizning mehnati singgan-da.

 

- Qanaqasiga?

- Bizda har bir a'zoga ma'lum gektar maydon ajratib beriladi. Chigit unib chiqqandan keyin har kim o‘z paykalida paxtaga ishlov beradi. An'anaga ko‘ra 2 avgust kuni o‘z maydonini ichki komissiyaga topshiradi. Biz shu kuni mineral o‘g‘it, yonilg‘iga sarflangan mablag‘imiz haqida hisobot berib,  kutilayotgan daromadimizni ham aytamiz. Shundan so‘ng ularga qisqa ta'til e'lon qilamiz. Paxta terimi boshlangan kundan boshlab, to shudgorlashga qadar dalada bo‘lishadi.

Fermer bilan asfalt yo‘lga chiqib, kunbotish tomonga, bug‘doyga suv tarayotgan suvchilar tomon yura boshladik. Yo‘l-yo‘lakay o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob olishga qiziqamiz. Yo‘ldoshali aka fermerlikning murakkab va qulay tomonlari haqida hikoya qiladi.

- Har bir ishni yetti o‘lchab bir kesgan fermer daromad oladi, hisob-kitobi yo‘q yer egasi zararga ishlaydi, - deydi u. - Hozirgi xomcho‘tga ko‘ra men  rahbarlik qilayotgan “Sharq yulduzi dalasi” fermer xo‘jaligimiz paxtaning o‘zidan 180 million so‘m daromad qildi.

Fermer xo‘jaliklarining yilni zarar bilan yakunlashi sabablari haqida gaplashib, bug‘doy sepilgan paykal boshiga kelib qolganimizni sezmay qolibmiz. Bu joyda 5 gektarli paykalga suv tarayotgan Ma'murjon Sotvoldiyevni uchratdik. Fermer xo‘jaligida bir odam bir necha ishlarni o‘rgangani, kezi kelganda hamma ishni birdek bajarib ketaverishi bizni xursand qildi. Amalga oshirilgan ishlarni kamtarlik bilan so‘zlayotgan fermer ishchilari haqida so‘raganimizda jonlanib ketdi. Suvchilardan Abdumannob Jo‘rayev, Nodirbek Botirov, mexanizatorlar Xursandbek Isaqulov, Husniddin Xojimatov, ilg‘or terimchilardan Mahmuda Qozoqova, Muhabbat Jo‘rayevalar nomlarini bir nafasda sanadi. Ko‘plab terimchilarning mavsumda 3-4 tonnadan paxta terib, yaxshigina ish haqiga ega bo‘lganlarini gapirganida uning birinchi marta jilmayishini sezdik. Demak, u dalada ishlaganlarga qayishadi, ularning boyishini istaydi. Fermerdan don hosili topshirish rejasidan ortib qolganida har bir a'zoga bajargan ishiga qarab, 500 kilodan 2 tonnagacha bug‘doy berilganini eshitdik.

Yo‘ldoshali akaning o‘g‘il-qizlari ham ota izidan borib mehnatsevar bo‘lib voyaga yetishgan. Katta o‘g‘il Hikmatillo biologiya fanlari nomzodi, ADUda ekologiya fanidan dars berar ekan. Yana bir o‘g‘il nasoslar boshqarmasida yetakchi muhandis, qizlari Dildora tarixchi, Hilola Andijon qishloq xo‘jaligi instituti urug‘chilik fakultetini tamomlabdi, kenjasi Jumagul kasb-hunar kollejini bitiribdi.

Yo‘ldoshali akaning 66 yoshga kirib ham yigitlardek g‘oz yurishining siri nimadaligini payqaganday bo‘ldim. U oilada ham, ishda ham barcha harakatlarni bir maqsadga qaratadi. Erishgan muvaffaqiyatlari, elining kamolidan quvonuvchi odamgina shunday baxtga erishadi.

Fermer bilan qo‘l berib xayrlashayotganimizda panjalaridagi mehnat qadoqlarini sezdik. Uning o‘zi ham  hamon a'zolari safida mehnat qilarkan. Izboskan tumanidan, Toshkent sari yo‘lga chiqqanimizda quyosh charaqlab kuzning tarovatini, Izboskan tumanining go‘zalligini, odamlarining yuzlarini yanada munavvar etib, turar edi.

 Tursun ALI