EL OBODLIGI — YURT TINCHLIGI

Mamlakatimizning eng ko‘rimli qadamjo shaharlaridan biri, dunyo sayyohlari katta qiziqish bilan intiladigan o‘ziga xos qadriyatlariga ega Urganch shahri 35 ta mahalladan iborat. Ayni paytda ularni namunaviy mahallaga aylantirish bo‘yicha qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. O‘tgan yilda shu maqsadlarni amalga oshirish uchun 2,0 milliard so‘m sarflangan edi. Mahallalarning biri ikkinchisidan ko‘rkamligi kishi e’tiborini tortadi. Masalan, "Mash’ala" mahallasidagi "Yoshlik"ko‘chasining zamonaviy me’moriy uslubini ko‘rgan ko‘z quvonadi.

Mazkur ko‘cha o‘rnida uch-to‘rt yil burun pastqam eski turar — joylar mavjud edi. Qisqa davrda uning qiyofasi tubdan o‘zgardi. Bu yerda kottej tipidagi turar-joylar bilan birga "Yoshlik" sport majmuasi, Turizm va mehmonxona xo‘jaligi kasb-hunar kolleji, bolalar bog‘chasi, 2-son bolalar musiqa va san’at maktabi, bir-biriga uyg‘un namunali turarjoylar barpo etildi. Bu yerda bunyodkorlik bosqichma-bosqich amalga oshirilyapti. "Yoshlik"ko‘chasidagi turarjoylarning aksariyati kim oshdi savdosi asosida aholiga sotildi va me’moriy loyihani o‘zgartirmaslik sharti bilan berildi. Hozir bu yerda bir yuz yigirma sakkiz oila istiqomat qilayapti. Turarjoylar ikki qavatli kottej uslubida bo‘lib, uning birinchi qavati maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari uchun mo‘ljallangan. Ularning biri savdo shoxobchasi, ikkinchisi kompyuter tuzatish ustaxonasi, boshqasi esa aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish, shirin pishiriqlar do‘koni, go‘zallik, to‘y liboslari salonidan iborat. Bu shaharcha aholisi o‘zlariga kerakli barcha narsalarni shu yerdan topishlari mumkin. Shuningdek, har bir xonadon sohibining tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkoniyati ham mavjud.

 Bu fayzli shahar bilan tanishar ekanmiz, xonadonlardan biriga kirish, odamlarning turmushi bilan tanishish istagi paydo bo‘ldi. Shu atrofda supir-sidir ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib yurgan ayol bilan salomlashdik. U uyiga taklif qildi. Beka — Zulayxoning besh farzandi bo‘lib, eri Shavkat Solaev quruvchi ekan. Xonalarni bir-bir aylanib, orqa hovliga chiqdik. U yerda sozanda Xushnud Solaevga duch keldik. Ikki aka-uka yonma-yon uy olgani bois o‘rta devor tiklanmagan ekan.

— Shahrimizning Termiz ko‘chasida eski ko‘p qavatli uylarda yashaganmiz, uning yonida bu uyimiz jannatga o‘xshaydi. Birinchi qavatda muzqaymoq sotadigan do‘kon ochdim. Bu ham oilamga qo‘shimcha daromad keltiryapti. Bu yerdagi har bir xonadonda ana shunday imkoniyat bor. Ko‘rib turibsiz, uylarning tashqi qiyofasi bir xil, ichki xonalarini esa har kim o‘zining didi va oilasining talabiga qarab qurishga ruxsat berildi. Ko‘chamizda "Yoshlik" sport majmuasi, Turizm va mehmonxona xo‘jaligi kasb-hunar kolleji joylashgan. Bular bolalarimiz ta’lim-tarbiyasida bizga qo‘l kelishiga aminman. Qulay va so‘lim ana shunday mahallada yashayotganimizdan juda xursandmiz, — deydi u.

Orzulari bir olam bu oila bilan xayrlashar ekanmiz, xonadon obodligi mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy barqarorlik ifodasi ekanligini yuragimizdan his qildik.

Bir necha bor tilga olingan "Yoshlik" sport majmuasini "Sport shaharchasi" deb atasak ham bo‘ladi. Zero, bu inshoot 10 gektar yerni egallaydi. Atrofi bog‘-rog‘larga burkangan. Majmua-shaharchada gimnastika, suv sporti, boks, tennis, voleybol, futbol, og‘ir va yengil atletika, milliy kurash, dyuzdu, yunon-rum kurashi, trenajyor zallari uchun alohida alohida  yozgi va qishki mashg‘ulot zallari mavjud. Har bir bino sportning qay bir turiga mo‘ljallangan bo‘lsa shunga mos bezatilgan.

Majmuaning bosh maydoniga "Sport — tinchlik elchisi" deb bitilgan. Bu yerga Toshkentdan taklif etilgan suzish bo‘yicha murabbiy Shavkat Xo‘jaev bilan suhbatlashdik.

— Ushbu suzish havzasi Germaniya mutaxassislarining loyihasi asosida qurilgan. Suvi isitiladi, maxsus uskunalar yordamida tozalanadi. Unga besh xil modda qo‘shiladi. Suv nihoyatda tiniq bo‘lishi kerak, sportchilarning mashqlari, suv ostidagi har bir nozik harakati ko‘rinib turishi lozim. Jahon talablari shunaqa. Bu yerdagi birinchi musobaqa — "Umid nihollari" ishtirokchilariga nasib etdi. Ularni kuzatib mashqlarini muntazam davom qildirishsa, jahon arenalarida bemalol javlon ursa bo‘ladi. Men viloyatimiz yoshlari bilan faxrlandim, — dedi iftixor bilan.

Yangidan bunyod etilayotgan Yoshlik ko‘chasining orqa tomonida ham xuddi shunday yana bir bir-biriga uyg‘un uylar bunyod etilyapti.

Ular "Temir yo‘lchilar" mahallasiga qaraydi. Mahallaning G‘alaba ko‘chasi ham qaytadan bunyod etilgan. O‘n to‘qqizta ko‘p qavatli namunali turarjoy salobat bag‘ishlab turgan bu ko‘chani ko‘rganimda bolaligim esimga tushdi. Yoshligimizda tandirlar ko‘cha yuziga qurilardi. Goh u uy yonidan goh bu uy yonidan non hidi ufirib turardi. O‘tgan ketganga "non tuzini totib keting" deya mulozamat qilinardi. Mahalladagi keksalarga, yotgan bemorlarga issiq non olib kirilardi. Bu yerda ana shu qadriyat qayta tiklangandek tuyuldi. Ikki uyga bitta novvoyxona qurilibdi. Atrofi gulzor. Kunning issig‘ida salqinlab suhbatlashib o‘tiradigan maydoncha ham mavjud. Odamlarning huzur-xalovat bilan yashashi uchun nima kerak bo‘lsa, barisi muhayyo. Mana shuning o‘zi katta baxt emasmi?

— Ko‘rib turibsiz, tandirlarning birida non yopilsa, birida somsa, — deydi mahalla mas’ul kotibi Muyassar Polvonova. — Mahalla uchun qurilayotgan bino ham shu yerda.

Yangidan bunyod etilayotgan mahalla idorasining o‘ziga xosligi e’tiborni tortdi.

— Bu tomonda mahalla fuqarolar yig‘ini, militsiya tayanch punkti, turli xil o‘quv markazlari joylashadi. Bu yerda bolalar uchun turli to‘garaklar tashkil etiladi. Tasviriy san’at, tikuvchilik, to‘quvchilik, duradgorlik kabi to‘garaklarni tashkil etishni ko‘zlaganmiz. Yonida futbol va basketbol sport maydonchalari ham mavjud. Bu mahallamiz bolalarini sog‘lom durkun  o‘sishiga va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishiga yordam beradi. Shuningdek, tikuvchilik tsexi ochish niyatimiz ham bor. Bu imkoniyatlar esa mahallamiz ahlini ish bilan ta’minlashga ham munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi. Hozir bu yerda tadbirkorlik, kasanachilik va milliy hunarmandchilik bilan band bo‘lgan aholi soni ikki yuzga yaqin bo‘lib, mahalla ahlining o‘n besh foizini tashkil etadi. Kelajakda ular safi yanada kengayadi, — deydi Muyassarxon.

Ana shunday mahallalardan yana biri "Jingavuz" deb ataladi. Joriy yil viloyatda o‘tkazilgan "Eng namunali fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi" tanlovida g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, o‘sha mahalla yosh futbolchilar jamoasi "Futbolimiz kelajagi" respublika kubogining Urganch bosqichida birinchi o‘rinni ham egalladi. Bu bejiz emas albatta, mahallaning 70 foizi yoshlar va bolalar. Bu mahallaning o‘ziga xos jihati, o‘z duradgori, o‘z novvoyi, o‘z tikuvchisi, o‘z to‘quvchisi borligida. Mahallada patent olib ishlayotgan hunarmand-tadbirkorlarning ko‘pligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, uchta ko‘chada uchta o‘quv markazi faoliyat yurityapti. Shuning uchun ham bu yerda jinoyat sodir etgan, ichki ishlar ro‘yxatida turuvchi tarbiyasi og‘ir bolalar, notinch va noqobil oilalar yo‘q.

Shahar bilan bellashayotgan qishloqlar.

Yuqori do‘rman. 2014 yilda Urganch tumanidagi Yuqori do‘rman qishlog‘ida 50 ta uy foydalanishga topshirilib, uning har biri 112 million so‘mdan narxlangan bo‘lib 15 yilga kreditga berildi.

— Uyimiz Urganchning Guzar ota maqbarasi yonidaga eski uy edi. Mahalladoshlarimning barchasiga uy qurilishiga yer ajratishdi hamda 70-80 milliondan mablag‘ berishdi. Biz shahar bilan yonma-yon joylashgan Yuqori Do‘rman qishlog‘idagi namunali uylardan ajratishni hokimiyatdan iltimos qildik. Nafaqaga chiqishimda menga shunday go‘zal va shinam tayyor uy nasib qiladi deb hech o‘ylamagan edim. Bir o‘g‘limiz va ikki qizimiz bor, erim haydovchi. Ikkala qizimni uzatganman. Ko‘nglim tinchib maza qilib yashayapman, — deydi mamnunlik bilan Zamira Bekchanova.

— Biz ham shahardan ko‘chib keldik. Bu uy bankda ishlaydigan yosh oila bo‘lgani uchun o‘g‘limga Umrbek Yusupovga berildi. O‘g‘lim, kelinim va nevaralarim bilan yashaymiz. Qurilish boshlanganida 25 foizini to‘ladik. Qolganini 15 yil davomida to‘laymiz, — deydi Otaboy Yusupov.

Bu yerda kim bilan suhbatlashmang, zamonaviy loyihada qad rostlab turgan uylarni shahardagilari bilan taqqoslab gapiradi. Hatto afzal tomonlarini ham ta’kidlab, shunday imkoniyatlar yaratilayotgani uchun Yurtboshimizga minnatdorliklarini bildiradi.

Xuddi ana shunday uylar Xorazmning har bir tumanida, har bir qishlog‘ida qad rostlamoqda. Bu esa shuncha xonadon ahlining baxtiyorligidan dalolatdir.

Obod va so‘lim mahallalar bilan tanishar ekanmiz, shunday xulosaga keldik: ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka erishilgan mamlakatdagina iqtisodiyot baravj rivojlanadi, yurt obodligi, xalq farovonligi yo‘lidagi sa’y-harakatlar ko‘zlangan natijalarni beradi. Xalq matali bilan aytadigan bo‘lsak, "yurt tinch-el obod"dir.

 

Ra’no ZARIPOVA,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.