AJDODLARDAN MEROS NE’MATLAR

«Mustaqil demokratik O‘zbekiston davlatini barpo etish va rivojlantirish bo‘yicha biz bosib o‘tgan buyuk va shonli yo‘l milliy armiyamizning – yon-atrofimizdagi murakkab va tahlikali vaziyatda toblangan, Vatanimiz mustaqilligi, suvereniteti, uning hududiy yaxlitligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayotining hamisha ishonchli kafolati bo‘lib kelgan va bugungi kunda ham shunday bo‘lib qolayotganini necha bor isbotlab bergan mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining shakllanishi bilan uzviy va chambarchas bog‘liq holda kechdi, deb aytishga bugun barcha asoslarimiz bor». Prezidentimiz Islom Karimov Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 23 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigida shunday fikrlarni bildirib o‘tgan.

 ... Murakkab va tahlikali vaziyat. Bu haqda gap ketganda avvalo mamlakatimiz mustaqillikka erishishi ostonasidagi voqeliklar ko‘z oldimizdan o‘tadi. 1991 yilning avgustini xayolingizga keltiring. Odamlar yuragida qo‘rquv, sarosima sharpalari kezib yurgan payt. O‘zbekiston rahbari o‘sha g‘oyatda tahlikali bir vaziyatda jasoratli qadam tashladi. Eng avvalo, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash, xalqimizning o‘zi tanlab olgan o‘ziga xos, o‘ziga mos mustaqil taraqqiyot yo‘lini munosib himoya qilish maqsadida butun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, tarixiy qarorlarni qabul qildi. Jumladan, 1991 yilning 22 avgust kuni respublika hududida Favqulodda holat davlat komitetining farmon va qarorlari haqiqiy emasligi bayon etilgan farmonga, 25 avgustda esa mamlakatda vujudga kelgan ahvolni e’tiborga olgan holda, respublika manfaatlarini himoya qilish maqsadida respublika Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizligi qo‘mitasi O‘zbekiston SSRning qonuniy tasarrufiga olinishi, shuningdek, mudofaa va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar faoliyati to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi.

«Aynan shu voqealar va undan keyin bizga, O‘zbekiston olib borayotgan mustaqil siyosatga qarshi bildirilgan ogohlantirish va do‘q-po‘pisalar, amalda namoyish etilgan tazyiqlar, bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonni o‘zi tanlagan taraqqiyot yo‘lidan qaytarishga qaratilgan jiddiy harakatlar – milliy armiyamizni shakllantirish haqidagi fikr va maqsadlarni uyg‘otishga va bu borada amaliy ishlarga o‘tishga sabab bo‘ldi, desam, haqiqatni aytgan bo‘laman», – deydi Prezidentimiz  «Milliy armiyamiz – mustaqilligimizning, tinch va osoyishta hayotimizning mustahkam kafolatidir» nomli risolasida.

Yana biroz ortga qaytib, tarixga nazar solamiz. 1990 yilning iyun oyi. O‘zbekiston Kompartiyasining XXII s’ezdida davlatimiz rahbari «O‘tmishdan saboq chiqarib, kelajakka ishonch bilan» nomli ma’ruzasida shunday deydi:

«Biz, armiya xizmatiga salbiy munosabatni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etish uchun omilkorlik bilan harakat qilishimiz shart. Bu o‘rinda gap ayrim harbiy qismlarda intizomning bo‘shashib ketgani, Ustavga xilof munosabatlar mavjudligi, yigitlarning mayiblanib qaytishi va halok bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida bormoqda. Biz ro‘yi-rost aytishimiz kerakki, bunga aslo yo‘l qo‘ya olmaymiz. O‘z farzandlarimizni ularga nisbatan noxush xatti-harakatlardan va belgilangan qonunlarning buzilishidan muhofaza qilish uchun barcha ishlarni qilamiz.

...Qurilish qismlariga chaqirilgan yigitlar Turkiston harbiy okrugi hududida xizmatni o‘tashlari to‘g‘risidagi masala hal etildi».

Sodda qilib  aytganda, bu «Bundan buyon o‘zbekistonlik yigitlar faqat O‘zbekistonda xizmat qiladi»  degani edi. Bu ming-minglab o‘zbekistonliklarning, qadri, g‘ururi, sha’ni toptalgan millatning ko‘nglidagi gap bo‘ldi. Buning nomi jasorat edi. Axir sho‘ro hukumati tarkibida bo‘la turib, armiya markazga bo‘ysunib turgan bir paytda aytilgan bu fikr, qabul qilingan dadil qarorni boshqachasiga nomlab bo‘ladimi?!

 O‘ZBEKNING DARDI

Adashmasam, o‘tgan asrning 80-yillari boshi edi. Hamqishlog‘imiz Bayram ota Hayitovning qilichdek o‘g‘li armiyaga ketib, tobuti keldi. Fojianing asl sababini bilolmadik. Odamlar «qurilish batalonida xizmat qilayotganida ehtiyotsizlik qilib baland imoratdan yiqilibdi» degan gap-so‘zlarni tarqatishdi. Sopi o‘zidan chiqarildi. O‘lgan yigitning o‘zini aybdor qilishdi. Surishtirishga, haqiqatni bilishga kimning haddi sig‘ardi? Taqdiri o‘xshash, guldek farzandini «o‘g‘lim er yigit bo‘ldi», deb orzu-havas bilan armiyaga yuborib, tobutda qaytarib olgan boshqa o‘zbeklarga o‘xshab dardini ichiga yutdi ota. Qaddi egildi, irodasi sindi.

Astraxanda qurilish batalonida xizmat qilgan Zokir amakimning tengdoshlariga armiya taassurotlarini maqtanib so‘zlab berayotganini eshitib qoldim. Bir millat vakillari boshqa millat vakillariga zug‘um o‘tkazgan, o‘rtada janjal, mushtlashuv kelib chiqqan. Birovining qo‘li, birovining oyog‘i shikastlangan, singan va hokazo. Hali bola emasmizmi? Tasavvurimizda armiya mushtumzo‘rlar, bezorilar to‘planadigan joy ekan-da, degan fikr paydo bo‘lgan. Kimdandir kaltak yegan, kimningdir burnini qonatgan amakim «erkak kishi mana shunday toblanishi kerak, jiyan», deydi ko‘kragini kerib. Men bu mantiqsizlikka baribir tushunmaganman. Ongimda armiyaga nisbatan salbiy tasavvur va tushunchalar shakllandi.

Ulg‘ayib angladim. Bunga ich-ichidan yemirilgan sho‘ro mafkurasi sabab ekan. Tarixiy haqiqat yana bir bor ko‘rsatdi — tartib-intizomni qo‘ldan chiqargan davlat uni hech qachon qaytarib ololmasligini, xalqini, fuqarolarni himoya qilishga zaif bo‘lib qolishini.

Prezidentimiz bunday asoratlarni tag-tomiri bilan yo‘qotish uchun mutlaqo yangicha, zamonaviy negizda, yuksak ma’naviy asosda milliy armiyamizni tashkil etishga kirishdi. Buning samarasini bugun oliy hakam vaqtning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

 BIZ ZABT ETGAN MARRA

«Nash sovremennik» jurnalining 1990 yil 6-sonida o‘zbeklarni harbiy-tarixiy tajribaga ega bo‘lmagan millat deb kamsitishgan. Millat o‘g‘lonlariga go‘yo «ikkinchi sort odamlar» sifatida qaralib, armiyada ulardan og‘ir ishlarda, qurilish batalonlarida foydalanishgani zamirida ham aslida bizga qaratilgan past nazar bor edi. Mana, oradan  yillar o‘tdi. Milliy armiyamiz tashkil topganiga ham hademay 24 yil to‘ladi.

Bu bayramni davlatimiz rahbarining yaqinda qabul qilgan Vatan himoyachilari kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishga oid farmoyishiga binoan «Tayanchim va suyanchim, faxru iftixorimsan, muqaddas Vatan!» shiori ostida keng nishonlaymiz.

Global Firepower tashkilotining 2015 yilgi reytingida O‘zbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda eng kuchli armiya, deya e’tirof etildi. Xo‘sh, milliy armiyamizning kuchi nimada? Avvalo bu harbiy qurilish sohasida amalga oshirilayotgan mutlaq printsipial o‘zgarishlarda, Qurolli Kuchlarimizda hukm surayotgan sog‘lom muhit, tartib-intizom, o‘zaro hurmatda, mashaqqatli sinovlar, harbiy mashg‘ulotlarning og‘ir yukini yelkasida ko‘tarib yurgan Vatan himoyachilariga bo‘lgan e’tibor va ehtiromda. Shular xususida g‘ururlanib yozar ekanman, islohotlar jarayonida harbiy okruglar, chegara mintaqalari, eng muhim operatsion yo‘nalishlarda yuqori jangovar qobiliyatga ega bo‘lgan guruhlar tashkil etilgani, ixcham, yuqori malakali harakatchan qism va bo‘linmalar tuzilgani, boshqaruvning bir-birini takrorlaydigan kam samarali tuzilma va bo‘g‘inlari tugatilgani, Maxsus operatsiyalarni amalga oshiruvchi kuchlar, Terrorchilikka qarshi kurashish bo‘linmalari va boshqa zamonaviy jangovar bo‘linmalar shakllantirilgani ko‘z oldimdan o‘tadi. Strategik fikrlaydigan, intellektual saviyasi yetuk harbiy kadrlar milliy armiyamiz qiyofasini belgilayotgani xayolimdan kechadi. Mana, biz qanday marralarni zabt etyapmiz.

 SOG‘LOM, BARKAMOL, SADOQATLI

Mustaqillikkacha yuzaga kelgan o‘tkir ijtimoiy muammolar tufayli millatimiz genofondi yomonlashib, nimjon va kasalmand bolalar soni ortib ketgani xalqimizda qanchalik tashvish uyg‘otganini ko‘pchilik yaxshi eslasa kerak. Bugun, ming shukrki, biz ana shu o‘ta murakkab masalani ijobiy hal qilishga to‘la erishdik. Hamkasblarimdan birining yozishicha, so‘nggi yillarda yurtimizda balog‘at yoshidagi farzandlarimizning bo‘yi avvalgiga nisbatan 5 santimetrga, vazni 4-8 kilogrammga ortgan, ko‘krak qafasi 6-8 santimetrga kengaygan. Bu barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi siyosatimizning, ezgu ishlarimizning hosilasidir. Bu, mustaqillik yillarida unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodning jismoniy va ma’naviy jihatdan sog‘lom voyaga yetayotganining, ayni paytda, yigitlarimiz harbiy xizmatga baquvvat qaddi-qomat, teran aql-idrok bilan otlanayotganining yorqin bir dalilidir.

Bu fikrlarni Mudofaa vazirligi mas’ul xodimi, podpolkovnik Ulug‘bek Qodirov keltirgan raqamlar bilan to‘ldirishga harakat qilamiz. Unga ko‘ra 2014 yilda Qurolli Kuchlar safiga yuborilgan chaqiriluvchilarning o‘rtacha intellektual darajasi — 12,7 ballni, jismoniy tayyorgarlik darajasi esa o‘rtacha — 13,8 ballni tashkil etgan. Bu nima degani? Agar chaqiriluvchilarning imkoniyatdagi maksimal intellektual darajasi 18 ball deb olinadigan bo‘lsa, ko‘rsatkich yomon emas (ma’lumot uchun aytish joizki, yigitlarning intellektual darajasi mudofaa ishlari bo‘limlarida 18 balli shkalada baholanadi). Bu mamlakatimizdagi eng zamonaviy litsey va kollejlarda ta’lim-tarbiya olgan, zamonaviy axborot, kompyuter texnologiyalarini, xorijiy tillarni puxta egallagan va yuksak axloqiy-ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lgan yoshlar armiya saflariga kelmoqda, degani. Raqamlar ham bu fikrni tasdiqlaydi. Ya’ni o‘tgan yili muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlarning 88,8 foizi o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan. Yana muhim bir fakt. 2014 yilda muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlarning 26,5 foizi harbiy-texnik soha mutaxassislaridir. Ya’ni mudofaaga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti maktablarida bilim, harbiy-texnik kasbni egallab, Vatan himoyasiga borishgan.

Chaqiriluvchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasi respublika miqyosida 15 ballik shkalada baholanishini nazarda tutsak, yuqorida keltirilgan o‘rtacha 13,8 ball mohiyatiga tushunasiz. Jismonan baquvvat, polvon, pahlavon o‘g‘lonlar muddatli harbiy xizmatga yo‘l olganini anglaysiz.

Demak, kuchimiz avvalo ma’nan, jismonan sog‘lom, demakki, jonajon O‘zbekistonimizga sadoqatli farzandlar milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotganida. Mana, milliy armiyamizning eski armiyadan farqi nimada?!

Ajdodlardan faqatgina shu muqaddas Vatan emas, vatanparvarlik, fidoyilik kabi tuyg‘ular ham meros qolgan. Ajdodlar qoldirgan bu ulug‘ ne’matlarga – omonatga munosib farzand bo‘lish burchimizdir. 

 Podpolkovnik Alijon SAFAROV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: gd-jpeg, libjpeg: recoverable error: Premature end of JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: 'images/-89.jpg' is not a valid JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: Division by zero in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 252

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: gd-jpeg, libjpeg: recoverable error: Premature end of JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: 'images/-92.jpg' is not a valid JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: Division by zero in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 252

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: gd-jpeg, libjpeg: recoverable error: Premature end of JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: 'images/-93.jpg' is not a valid JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: Division by zero in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 252

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.