SOBITQADAMLIK

Mustaqillik bizga qanday buyuk zotlarning avlodi ekanimizni chuqur idrok etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligi ruhida yashash, milliy istiqlol g‘oyalarini yurtdoshlarimiz, xususan, yosh avlod qalbi va ongiga yanada teranroq singdirish, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallash, demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim shartini, taraqqiyotimizning kafolatini berdi. 

Muhtaram Yurtboshimizning yaqinda Namangan viloyatida bo‘lib: “Namangan ahli o‘zining boshqalarga o‘xshamaydigan, betakror an’ana va qadriyatlari bilan azaldan shuhrat qozonib keladi. Bu elga mansub bo‘lgan xislatlar – insonni qadrlash, mehr-oqibat, mehmondo‘stlik, xushmuomalalik kabi ajoyib fazilatlarni hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak baholaymiz”, deya katta ishonch bildirishlari yuqorida qayd etilgan ulug‘ maqsadlarni amalga oshirishda yana bir qutlug‘ qadam bo‘ldi.

Haqiqatdan ham halol mehnat bilan suyagi qotgan bu diyor ahli el-yurt manfaati yo‘lida qilinajak xayrli ishlarda o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Xalq hunarmandchiligi deysizmi, kichik biznes sohasidami, chorvachiligu dehqonchilikda, ta’lim tarbiyada o‘z an’analari mavjud.

Mustaqillik davrida bunyod etilgan ulkan qurilishlar, keng ravon ko‘chalar, kolleju litseylar, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma korxonalar faoliyati odamlar turmush tarzini o‘sishiga xizmat qilmoqda.

Iftixor bilan aytishimiz mumkinki, tadbirkorlar tomonidan viloyatda ishlab chiqarilayotgan erkaklar tuflisi, kastyum-shimi hech bir chet elnikidan qolishmaydigan sifatda tikilayotgani xaridorgirligi bilan butun mamlakatimizda ma’lumu mashhur.

Shu o‘rinda viloyatda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sessiyadagi Prezidentimiz ma’ruzalari Namanganga, uning shijoatkor ahliga zavqu shavq, katta marralarni egallashga kuch-quvvat bag‘ishladi. Viloyatning 2016—2019 yillarga mo‘ljallangan sanoat salohiyati va infratuzilmasini rivojlantirish maxsus dastur qabul qilingani haqidagi xushxabar hammani mamnun etdi.

Qiymati 5 milliard AQSh dollaridan ziyod belgilangan dastur viloyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini yanada tezlashtirib yuboradi, albatta. Birgina Angren — Pop temir yo‘l tarmog‘i yoki To‘raqo‘rg‘onda qurilayotgan issiqlik elektr stantsiyasi nainki viloyat, balki butun Farg‘ona vodiysi xalqiga, kelajagimiz vorislari bo‘lgan yoshlarimizga, ortimizdan ulg‘ayib kelayotgan farzandlarimizga asrlar bo‘yi xizmat qilishiga yorqin kafolatdir.

Dasturda ko‘zda tutilgan 250 dan ortiq loyiha ishga tushirilsa, 16 mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi.

Bunday xayrli ishlarga Yurtboshimiz mustaqilligimizning ilk kunlaridan boshlab tamal toshini qo‘yganliklariga biz barchamiz guvohmiz.

Birgina misol: mamlakatimizda avtomobilsozlik sanoati yo‘lga qo‘yildi. Xalqning uzog‘ini yaqin qiladigan, turmush madaniyatini oshiradigan, milliy g‘urur baxsh etadigan jahonga o‘zligini namoyon qiladigan bunday ishlar yon atrofimizdagi biron bir mamlakatda amalga oshirilmaganini ko‘ramiz.

Yangi tug‘ilgan chaqaloqqa qutlug‘ ism qo‘yganday har bir yilimizga nom berilishi ham, ushbu yillarda xalqimiz turmushini yaxshilashga qaratilgan dasturlar ishlab chiqilishining o‘zi ham xalqimiz turmush tarzini farovonlashtirish sari qo‘yilgan mustahkam qadamdir. Yakunlanib borayotgan “Keksalarni e’zozlash yili” otaxon-onaxonlarimizni qadr-qimmatini o‘rniga qo‘yish, ularni azizu mukarram tutish bilan bir qatorda boy hayotiy tajribalari kelajak vorislarimiz uchun katta ibrat maktabi, milliy urf-odatlarimizga monand tarbiya yili sifatida tarixga muhrlanmoqda.

Kelgusi 2016 yilning «Sog‘lom ona va bola yili» deb atalishi esa kelajak avlodimizning qaddini yana bir ko‘tarib qo‘yish, ularning bekamu ko‘st kamol topishi uchun qo‘yilgan sobit qadam bo‘ldi. Mazkur sessiyada yoshlar tarbiyasi muhim masala sifatida yana bir bor ko‘tarildi. Yurtboshimiz onalarimiz sog‘lom zurriyotlar tarbiyalasin, yigitlarimiz Alpomish kabi o‘ktam, baquvvat o‘sib-ulg‘aysin, dedilar. Mening iltimosim va talabim  shuki, qizlarni erta erga berishga oshiqmaylik. O‘qisin, kollejda bir necha kasbni o‘zlashtirsin, oila bekasi bo‘lish darajasida kamolga yetsin, deb o‘qtirdilar.

Yurtboshimiz ma’ruzalarida mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikni saqlash, bu ulug‘ ne’matni barqarorligini ta’minlashga alohida e’tiborni qaratdilar. Bugungi kunda Ukrainadagi notinchliklar, Suriyadagi qonli xurujlar, Frantsiyadagi terrorizmdan sarosimalik kabi voqea-hodisalar har birimizni hushyorlikka da’vat etadi. Bugun butun dunyo ummondagi kema misoli qalqib turibdi.

Shularni o‘ylaganda, yigirma ikki yil muqaddam BMT Bosh assambleyasining 48-sessiyasida Prezidentimiz ogohlantirganlari yodimizga tushadi. Unda Yurtboshimiz nafaqat Markaziy Osiyo balki jahon xavfsizlik tizimini takomillashtirish yuzasidan o‘ta muhim takliflarni bildirgan edilar.

Bir so‘z bilan aytganda Prezidentimiz nutqlari namanganliklarning g‘ayratiga yanada g‘ayrat qo‘shdi.

Hech narsa o‘z-o‘zidan bunyodga kelmaydi. Pok niyat, kelajakka ishonch bilan sidqidildan mehnat qilgandagina yurtimiz ravnaqi yo‘lida barchamiz bir bo‘lib sa’y-harakat qilsak, Yurtboshimiz belgilab bergan vazifalar ro‘yobga chiqadi, deya ishonch bilan ayta olamiz.


Jamoliddin MUSLIM,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyat bo‘limi rahbari

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.