KONSTITUSIYA — AMALDAGI KAFOLAT

Ma’lumki, har qanday davlat muayyan qonunlar doirasida faoliyat yuritadi. Ularning asosi tabiiyki, Konstitutsiya hisoblanadi.  Unda jamiyatning mafkurasi, qadriyati va madaniy-tarixiy taraqqiyoti  butun borlig‘icha o‘z aksini topadi.  

Konstitutsiya davlat qurilishi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini o‘zida jamlagani, bar­qarorlikni ta’minlagani bois ham boshqa qonun hujjatlaridan alohida ajralib turadi. Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda jahonning ikki yuz davlatida Konstitutsiya mavjud. Ayrimlarida esa "Kons­titutsiya" deb nomlangan hujjatning o‘zi yo‘q.

1992 yil 8 dekabrda Vatanimiz tarixida tub burilish yasagan, ahamiyatiga ko‘ra asrlarga tatigulik huquqiy hujjat — Asosiy Qonunimiz qabul qi­lin­di. Albatta, Kons­titutsiya­miz yaratilgan davr o‘ta murak­kab tarixiy jarayonlar silsilasiga to‘g‘ri kelganini aytib o‘tish joiz. Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy printsip va qoidalari umume’tirof etilgan xalqaro talablarga mos ravishda xal­qimizning asrlar mobaynida shakllanib kelgan qadriyatlarini o‘zida mujassamlashtirgan. Ushbu hujjat orqali xalqimiz jahon hamjamiyati oldida o‘zining umuminsoniy qadriyatlarga sodiq ekanini yana bir bor namoyon etdi. Unda inson, uning hayoti, hu­quq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash davlatning asosiy vazifasi etib belgilangan. Binobarin, uning muqaddimasida "insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni ko‘zlab" degan ezgu g‘oya bitilgan.

 Haqiqatan ham O‘zbekiston Respublikasining Asosiy Qonunida demokratiya va umum­insoniy printsiplarni amalga oshirishning kafolatlari o‘z ifodasini topgan. Demokratiya va ijtimoiy adolatga sodiqlik, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat milliy davlatchiligimizning muhim g‘oyalaridan hisoblanadi. Kons­titutsiyamizning 2-moddasida e’tirof etilganidek, davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar.

Asosiy Qonunimiz tamo­yillariga ko‘ra, xalq davlat hokimiyatining birdan-bir man­bai­dir. O‘zbekiston xal­qini esa millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi. Kons­titutsiyamiz esa o‘z mazmun-mohiyati bilan ularning tinch-totuv yashashi, bilim olishi, mehnat qilishi va farovon turmushiga mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, mamlakatimizda yashovchi barcha el-elatlarning manfaat va huquqlari kamsitilmagani holda davlat tili — o‘zbek tili, deb belgilandi. Bu esa tarixga, davlatchiligimizga, merosimizga avlodlar hurmatining yaqqol ifodasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Asosiy Qonunimizda fuqarolikka alohida munosabat bilan qaralgan. Fuqaroga berilgan shaxsiy huquq va erkinliklar, siyosiy huquqlar, ijtimoiy va iqtisodiy huquq­lardan ham ko‘ra, dastavval uning o‘ziga nisbatan katta e’tibor qaratilgan. Asosiy Qonunimizda iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar doirasida har bir fuqaroning mulkka ega bo‘lishi, meros huquqi, mehnat qilish va ishsizlikdan himoyalanish huquqi, dam olish va qarigan chog‘ida yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotganda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega bo‘lishi, bilim olish kabi qator huquqlar ham o‘z ifodasini topganki, bular jamiyatimizda "Hamma narsa inson uchun — inson manfaatlari uchun xizmat qiladi", degan tamoyilga to‘la-to‘kis mos keladi.

Konstitutsiyamizning XIV bobi oilaga bag‘ishlangan. Milliy qadriyatlarimizni o‘ziga singdirgan Asosiy Qonunimiz asosida oila, onalik va bolalik davlat muhofazasida ekanligi, davlat va jamiyat yetim hamda ota-ona vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni o‘z zimmasiga olganini alohida ta’kidlash lozimdir.

Shu o‘rinda Davlatimiz rahbari Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida ta’kidlangan, AQShda faoliyat ko‘rsatayotgan, katta obro‘ga ega, jamoatchiligimiz uchun yangilik bo‘lgan Gellap instituti deb nom olgan ijtimoiy fikrni o‘rganish markazi xulosalariga yana bir bor e’tiborimizni qarataylik. Ushbu nufuzli markazning xolisona bergan xulosalariga qaraganda jonajon O‘zbekistonimiz dunyodagi 141 mamlakat orasida “Qonuniy tartiblarga itoat qilish indeksi” ko‘rsatkichlari bo‘yicha 2-o‘rinni egallagan. Bu baho xalqimizning ongu tafakkurida ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlar, ularning yon atrofida kechayotgan voqealarga oqilona munosabati, siyosiy faolligi, fuqarolik pozitsiyasi va aql-zakovatiga berilgan yuksak bahodir. Bularning hammasiga Asosiy Qomusimiz — Kons­titutsiyamizning poydyevori mustahkamligi asos bo‘lmoqda. 

Konstitutsiya hamonki, yurt tinchligi, fuqarolarning turish-turmushi farovonligining kafolati ekan, nega dunyo­ning ayrim mamlakatlarida shunday muhim hujjatlar qabul qi­lingan bo‘la turib, ular amal­da o‘z fuqarolarining huquqlarini himoya qilmayapti, degan haqli savol tug‘iladi.

Jahon miqyosida kechayotgan voqea-hodisalarni kuzatar ekansan, ana shu kabi aniq va konkret savollarga javob izlaysan. Afsuski, ayni kunlarda yaqin atrofimizda to‘kilayotgan qonlar, o‘z uy-joylaridan quvilgan, och-nahor bolalar, boshpanasiz qolgan qochoqlar, keksalar, hi­moya­siz xotin-qizlarning ayanchli ahvolini ko‘rib, o‘sha mamlakatlarning konstitutsiyasi maz­mun-mohiyatini qanday bandlar tashkil etgan ekan, fuqarolarining shunday ahvolga tushib qolayotgani davlat va hokimiyat idoralarida o‘tirganlarning oromini buzayaptimikan, deb o‘ylab qolasan kishi.

Shubhasiz, Yaqin va O‘rta Sharq, Yyevropa mamlakatlaridagi notinchlik, majburiy migratsiya jarayonlari, dunyo ahlining uchdan bir qismining och-nahorligi, ilmsizlik, ishsizlik, bari-barisini tahlil qilarkansan, o‘sha mamlakatlardagi konstitutsiyaning nochorligi, mamlakatlar yetakchilarining uzoqni ko‘ra bilmasligi oqibatlaridir, degan fikr shuuringda ustuvorlik qiladi. Haqiqatan ham shunday emasmi, axir dunyoda kechayotgan voqea-hodisalarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz-ku! Agar buni bir zamonlardagidek, kimlarningdir sharhi, nuqtai nazari orqali anglaganimizda shubha qilsak arzirdi.

Mana shunday qiyoslar oldida mamlakatimiz Kons­titutsiya­sining ulug‘vorligi, xalqimiz baxtining chinakam kafolati ekani ko‘z o‘ngimizda yanada ravshanroq namoyon bo‘ladi.

OAVda mamlakatimiz ijtimoiy hayotiga oid barcha sohalarni qamrab olgan tahliliy maqolalar mazmun-mohiyatida o‘z ifodasini topayotgan yutuqlarimiz, turmushimizda o‘zimiz guvoh bo‘layotgan, balki ishtirok etayotganimiz tub o‘zgarishlar aynan mana shu Kons­titutsiyamizning amalda o‘z vazifasini o‘tayotganidan dalolatdir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi — mustaqil davlatimizning asosiy qonuni sifatida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyod­korlik ishlari, demokratik islohotlar va yangilanishlarga mus­tahkam huquqiy zamin bo‘­lib xizmat qilmoqda. Xal­qi­miz manfaatlari mukammal ijtimoiy muhofaza tizimi or­qali himoyaga olingan, jamiyatimizda hech kim e’tibordan chetda emas.

Mazkur anjumanda Yurtboshimiz tomonidan kirib kelayotgan 2016  yilni “Sog‘lom ona va bola” yili deb atalishida ham katta hikmat bor. Bu — demak, shu davrgacha yetti o‘lchab, bir kesib amalga oshirilayotgan inson manfaatlariga, ayniqsa sog‘lom avlodni kamol toptirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning mantiqiy davomidir.

Shu bois ham Asosiy qomusimiz dunyo hamjamiyatida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirish va rivojlantirish, jamiyat hayotining barcha sohalarini izchil liberallashtirish va modernizatsiya qilish hamda "kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari" tamo­yilini amalga tatbiq etishda mustahkam huquqiy asos sifatida barchaga namuna bo‘layotganini mamlakatimiz obro‘-e’tibori xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganida ko‘rinib turibdi.

Konstitutsiyaga asoslanib, unga tayanib yashagan mamlakatlarda hamisha tinchlik va totuvlik barqaror bo‘laveradi.

Bugun xalqimiz yigirma uch yilligini katta tan­tana bilan nishonlayotgan Asosiy Qo­mu­­simizning nufuzi yanada sar­baland bo‘lishiga munosib hissa qo‘shish esa, hammamiz uchun katta baxtdir.

 

O‘.MirzayoroV