TINCHLIGIMIZ, FAROVON HAYOTIMIZ KAFOLATI

Mana, oradan yillar o‘tdi. Ha demay milliy armiyamiz tashkil etilganiga ham 24 yil bo‘ladi. Buni 14 yanvar — Vatan himoyachilari kunini umumxalq bayrami sifatida keng nishonlaymiz.

 Insonning niyati o‘ziga hamroh, hamma narsa niyatga yarasha. «Yaxshi niyat — yarim davlat», deganlari shundan. Har ishni boshlaganda niyat xolis bo‘lsa, sa’y-harakatlar risoladagidek natija beraveradi.

Har qanday niyatning ham o‘z sababi bo‘lgan, albatta. Men Ikkinchi jahon urushi yillarida tug‘ilib, voyaga yetganim uchunmi, fikru zikrimda harbiylikka moyillik ustun bo‘lgan. Jangovarlik, jasurlik, qat’iyatlilik xislatlarini o‘zimga mezon qilib o‘sganman. 

Tabiiyki, bizning ayni kuchga to‘lgan, orzu-havasli yillarimiz  nihoyatda sermashaqqat va zahmatli yillar va yo‘llarni o‘z ichiga olgan, o‘zidan bir umr unutilmas g‘am-tashvish, saboqli xotiralar qoldirgach, mamlakatimiz mustaqillika erishgan Milliy armiyamizning tashkil topishi va shakllanishi, shubhasiz, qalbimizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi. Bundan ruhlanib, yoshlarga hayotiy tajribam va bilimimni o‘rgatish, qo‘limga qalam olib, harbiy-vatanparvarlik mav­zusida «O‘zbekis­ton posbonlarimiz!», «Assalom, ona yurt, qutlug‘ Ar­miyam», «Vatanga qasamyod» deb atalgan qo‘shiqlar yaratdim. Mustaqilligimizni mustah­kamlash, Vatanimiz mudo­faa qobiliyati va salohiyatini yanada oshirish, yoshlarimizni elsevarlik, mard­lik, jasurlik, burchga sadoqat, fidoyilik ruhida tarbiyalashga kamtarona hissa qo‘shish ko‘nglimga huzur bag‘ishlaydi. Burch shuni taqozo qiladi.

Keyingi yillarda qurolli kuch­lari­mizda izchil islohotlar, olamshumul o‘zgarishlarga yuz bermoqda. Bu mustaqilligimiz mevasi, mard, fidoyi, bahodir pos­boni va qalqoni bo‘lgan harbiylarimizga ona Vatan oldidagi yigitlik burchini ado etishlari uchun berilgan imkoniyatdir. Ular endi mustaqil O‘zbekistonning ko‘p millatli aholisi, hududi va sarhadlarini turli balo-qazo, ofat, falokat, yovuz kuchlar tajovuzidan ishonchli qo‘riqlash sharafiga egadirlar. Shu ma’noda hozirgi kunda buyuk istiqlol sharofati bilan har bir harbiy xizmatchi o‘zi tug‘ilib o‘sgan Vatanida, milliy ar­miyasida yayrab-yashnab xizmat qilayotganidan benihoya faxr­lana­man.

Ochig‘ini aytsam, avvallari ota-onalar o‘z farzandlarini qanday qilib armiyaga jo‘natmaslik chora-tadbirlarini izlashga majbur edilar. Bugun buning tamoman aksini ko‘rish mumkin. Qaysi ota-ona bilan so‘zlashmang, ular farzandi armiyaga borishini astoydil istayapti. Sababi, askarlikka harbiylarimiz yuksak jis­moniy, aqliy, intellektual salohiyatni egal­lashayotgani, shaxs sifatida jasur va mard insonlar bo‘lib kamolga yetayotganlaridir, yurtimizning turli mintaqa­larida ularning oilalari uchun qulay va shinam uy-joylar, mada­niy-maishiy, sport va tibbiy inshootlar qurilib, foydala­nishga topshirilayotgani, umuman, ular Yurtboshimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan otalarcha g‘am­xo‘rligu e’tibordan xabardor hamda minnatdordirlar.

Demoqchimanki, o‘tgan tarixan qisqa davr mobaynida hayotga tatbiq etilgan keng qo‘lamli izchil islohotlar, harbiylarga oid bir qator qonunlarning takomillashuvi tufayli mamla­katimiz xavf­sizligi va barqarorligi, sarhadlarimiz daxl­sizligini ishonchli himoya qilish, xal­qimizning tinch-osoyishta hayotini ta’minlash har qanday tajovuz hamda g‘arazli urinishlarning oldini olishga qodir ixcham, tezkor, zamonaviy qurol-yarog‘, texnika bilan ta’minlangan, jangovar qobiliyat, yuksak tayyor­garlikka ega professional milliy armiyamiz shakllandi. Qurol­li kuchlarimizni tashkil etish va boshqarishning mutlaqo yangi tizimi vujudga keldi, ular safini to‘ldirish takomil­lash­ti­rildi. Natijada armiya­miz­ning salohiyati, qiyofasi tubdan o‘zgar­di. Yoshlar o‘rtasida harbiy xizmatning obro‘-e’tibori, nufuzi oshdi, armiyada xizmat qilish tom ma’noda shon-sharaf ishiga aylandi. Bundan quvonmay, faxrlanmay bo‘ladimi?

Shunday ekan, hayotimizga yangicha ma’no, mazmun baxsh etgan bu bebaho ne’matning qadriga yetish, uni asrab-avaylash har birimizning insoniylik burchimiz, qarzimiz va farzimizdir. Dunyoning turli mintaqalarida davom etayotgan noxushliklar, harbiy qarama-qarshilik, mojarolar, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik kabi illatlar bizdan doimo hushyor va ogoh bo‘lishni talab etadi.

Gapning sirasini aytganda, milliy armiyamiz mustaqilligimiz tayanchi, suyanchi, faxrimiz va iftixorimiz ekan, Vatanimiz tinch va osoyishta, osmonimiz musaffo bo‘lishiga iymonimiz komil. Zero, milliy armiyamiz yurtimizning yorqin kelajagi, xalqimiz farovonligining ishonchli kafolatidir!

 

Iskandar RaHmon,

O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy»

jamg‘armasi markaziy kengashi Faxriylar va yoshlar bilan ishlash guruhi a’zosi, faxriy

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.