TABIAT — ONAMIZ

Ma’lumotlarga ko‘ra, yer yuzida 1,5 million hayvon va 500 mingga yaqin o‘simlik turlari mavjud ekan. O‘zbekistonda ular 4230 dan ortiq. Shulardan 770 tasida dorivorlik xususiyati bor. Ko‘rinib turibdiki, tabiatning o‘zi ulkan «dorixona»dir.

 Yer yuzidagi ana shu o‘simliklar yiliga 400 milliard tonna kislorod ishlab chiqaradi. Bu esa insoniyat va jamiki jonzotlarning yashashiga imkoniyat yaratadi.

Tabiat insonni yediradi, ichiradi, kiyintiradi. Shu bois unga «ona» so‘zini qo‘shib aytamiz.

Insonlarga ma’naviyat va ma’rifat urug‘ini tarqatuvchi Islom dinimizda ham hayvonot olami va bizning sog‘-salomat turmush kechirishimizga xizmat qilayotgan muhitni, havo, yer va suvni iflos qilmaslik haqida pandu nasihat va o‘gitlar bisyor. Ulug‘larmiz ham «Atrof-muhitga mehrli, shafqatli munosabatda bo‘linglar, suvga, o‘zanlarga, serqatnov yo‘llarga, soya-salqin joylarga chiqindi tashlab, la’natga qolishdan qo‘rqinglar», — deya ogohlantirgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xulosasiga ko‘ra, o‘limga olib boruvchi ekologik omillardan birinchisi — bu havoning ifloslanishi bo‘lsa, ikkinchisi shovqin ekan. Bu ikki salbiy holatni daf etishda albatta, yashillik olamining o‘rni beqiyos. Ona tabiatning ifloslanishi nafaqat yashillik olamiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, balki inson salomatligiga ham jiddiy zarar yetkazadi. Birgina avtotransport vositasining dud­bo‘ronidan chiqadigan tutunda yuz xilga yaqin zaharli gazlar mavjud bo‘lib, u biz nafas olayotgan atmosferaning musaffoligiga zarar yetkazadi. Tabiatga zarar yetkazuvchi bunday zavod-fabrika va boshqa omillar ko‘p.

Qadimda ota-bobolarimiz farzand ko‘rishlari munosabati bilan daraxt nihollari ekishgan. Momolarimiz oilada qiz bola tug‘ilsa, unib-o‘ssin, bir etak farzandlarni yetaklab yursin deya yaxshi niyat bilan mevali daraxtlar ekishgan. Agar o‘g‘il bola tug‘ilsa, voyaga yetgach unga uy-joy qurish uchun kerak bo‘ladigan tol va teraklar ekishgan. Bu yaxshi udum albatta, yashillik olamini ko‘paytirishga xizmat qilgan.

Bir yo‘lovchi keta turib, nuroniy cholning mevali daraxtlar ekayotganini ko‘rib, debdi:

— Siz ekayotgan bu nihollar qachon voyaga yetadi-yu, qachon meva beradi, sizga nasib qiladimi, yo‘qmi?

— Menga savobi tegsa, bo‘ldi. Kelajakda ularning mevasini farzandlarimiz yeydi, — degan ekan u.

Ming afsuski, bugungi kunda ba’zi yoshlarda yetarli ekologik madaniyatning shakllanmagani, ularga ota-onalari tomonidan tabiat muhofazasi yoki ekologik madaniyat to‘g‘risida yetarli tushuncha berilmagani sababli ona tabiatga, yashillik olamiga nisbatan hurmatsizlik, toptash, ezg‘ilash, sindirish yoki ataylab zarar yetkazish holatlari uchraydi.

Yoz kunlarining birida oi­laviy tarzda, tabiat qo‘ynida dam olgani bordik. Tog‘ etagidagi soya-salqin joyda mashinani yo‘l chetiga to‘xtatdik. Narsalarni daraxt ostiga olib borishdan avval ikki nafarimiz 50-100 metrlar chamasi nariroqdagi joyni ko‘rishga ketdik.

Ming afsuski, bizga sirtdan ma’qul ko‘ringan salqin, yashillikka burkangan joy bizdan avval kelib-ketganlarning kasridan achinarli holatda yotardi. Maysalar payhon qilingan, ichimlik shishalariyu ovqat va sigaret qoldiqlari, non bo‘laklari sochilib yotardi.

Bir savol tug‘iladi. Nahotki, dam olishga kelganlar bu yerga o‘zidan keyin ham odamlarning hordiq chiqarishi, tabiat go‘zalliklaridan bahramand bo‘lishga haqqi borligini o‘ylab ko‘rmasa? Ular bizni yedirib, kiyintiradigan, to‘ydiradigan ona tabiatga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lgani uchun gunohga botishi va uning uvoli tutishini xayollariga keltirishmasa?

Agar ularda ekologik madaniyat ko‘nikmasi shakllantirilganda, bunday achinarli holatga duch kelmagan bo‘lardik.

Ulug‘ olim Abu Rayhon Beruniy aynan ana shundaylarga «Agar odamlar tabiatga nisbatan loqayd munosabatda bo‘lsalar, uning qonun-qoidalarini qo‘pol ravishda buzsalar, bir kun kelib tabiat ulardan o‘ch oladi, o‘shanda hech qanday kuch uni to‘xtata olmaydi», — deya ta’kidlagan edi.

Hozirgi paytda ba’zi mamlakatlarda yuz berayotgan turli tabiiy ofatlar, sel va kuchli to‘fonlar, yong‘inlar, kuchli yer silkinishiyu chang bo‘ronlari balki insoniyatning ona tabiatga nisbatan ana shunday shaf­qatsizligi yoki undan nooqilona foydalanishi oqibati.

Ha, ona tabiatni asrash va sevishda biz kattalar yoshlarning e’tiborsizlik va loqaydliklariga aslo yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. Shunday ekan, maktab, uy, ko‘cha, mahallada bo‘ladimi, ularning xatti-harakatini nazorat kilgan holda o‘git va maslahatimizni ayamasak, albatta, buning samarasi bo‘ladi.

Muhimi, barchamiz shu ona zaminda, gullab-yashnayotgan mamlakatda hayot kechirayotgan ekanmiz, ona tabiatni, yeru osmonni, atrof-muhitni asrab-avaylashga, uni asl holatida kelajak avlodga yetkazishga mas’ul ekanligimizni unutmasligimiz lozim.

 

Maryam AHMEDOVA