XAYRLI ISHLARIMIZ BARDAVOM BO‘LADI

Mamlakatimiz mustaqilligining yigirma beshinchi yili nishonlanadigan 2016 yilni xalqimiz katta umid va ko‘tarinki ruhda qarshiladi. Bir-birlariga ezgu-tilaklar, niyatlar bildirildi. Yangi yil tantanasi to‘kin dasturxonlar tevaragida, oila davrasida quvonch bilan nishonlandi. Ayniqsa, bolajonlarning shodligi shu kunlarda ichiga sig‘maydi. Nega desangiz, ular yangi yilda ajoyib sovg‘alar olish bilan birga, yana bir yoshga ulg‘ayadilar.

 uni iftixor bilan aytish joizki, avvalo, o‘tgan yil Vatanimiz hayotida katta omadlar va zafarlar yili bo‘ldi. Tabiiyki, erishilayotgan barcha yutuq va marralarimizning bosh omili katta mehnat, izlanishlar, eng asosiysi, yurtimizda hukmron bo‘lgan tinchlik-osoyishtalikdir, desak xato qilmaymiz.

Yurtboshimiz Islom Karimovning O‘zbekiston xalq­iga yo‘llagan yangi yil tabrigidagi quyidagi fikrlar ko‘nglimizda kechayotgan his-tuyg‘ularga hamohang bo‘ldi: «Iqtisodiyotimizning yetakchi coha va tarmoqlari jadal taraqqiy topayotgani, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy korxonalarning ishga tushirilayotgani, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng yo‘l ochib berilayotgani, axborot-kommunikatsiya tizimlarining hayotimizga faol joriy etilayotgani, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning dunyo bozorida raqobatdoshligi ortib borayotgani — bularning barchasi biz erishayot­gan yutuqlarning mustahkam poydevorini tashkil etmoqda»,  deb ta’kidlandi mazkur tabrikda.

Ko‘pchilik e’tibor berayotgan bo‘lsa, mana bir necha yillardan buyon yilning qaysi faslida bo‘lmasin, bozor va do‘konlarimizda kundalik iste’mol uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, sabzavot va mevalarning mo‘l-ko‘lligi ta’minlanib, narx-navolar bar­qaror turibdi. Bu albatta, yurtimizda tadbirkorlik va fermerlik harakatining jadal ravishda rivojlanib, g‘alla, go‘sht-sut, meva-sabzavotlar ta’minotining yildan-yilga sezilarli darajada yaxshilanib borayotganini namoyon etadi. Darhaqiqat, mirishkor dehqon va fermerlarimizning o‘tgan yilgi mehnatlari nihoyatda samarali bo‘ldi. Zero, ular turli ob-havo qiyinchiliklariga qaramasdan, 7 million 500 ming tonnadan ziyod g‘alla, 3 million 350 ming tonna paxta, 14 million 500 ming tonnaga yaqin sabzavot va va poliz mahsulotlari, 4 million 300 ming tonna bog‘dorchilik mahsulotlarini yetishtirib, elimiz dasturxonining to‘kin va farovon bo‘lishiga munosib hissalarini qo‘sha oldilar.

Mamlakat kuch-qudrati va salohiyatini, xalq farovonligini yanada oshirish, jahon maydonida Vatanimiz obro‘-e’tiborini yuksaltirish yo‘lida o‘tgan yilda yangidan-yangi marralarni zabt etganimiz, xalqaro miqyosdagi nufuzli rey­ting­larda O‘zbekistonimizning yuqori o‘rinlarni egallayotgani bugun barchamizning ko‘nglimizni cheksiz g‘urur va faxrga to‘ldirib turibdi, albatta.

Ta’kidlash kerakki, o‘tgan yil mamlakatimiz siyosiy hayoti ham tarixiy voqealarga boy bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining ko‘pgina xalqaro anjumanlarda ishtirok etishi, dunyo­dagi yetakchi davlat rahbarlari, siyosiy arboblari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari, muloqotlari, mamlakatimizga tashrif buyurgan oliy martabali mehmonlarning O‘zbekiston haqidagi fikr-mulohazalari ham buning yorqin isbotidir. 

Jumladan, o‘tgan yil 11 iyun kuni BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov bilan BMT Bosh kotibining uchrashuvi chog‘ida O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi samarali muloqotni davom ettirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash masalalari, shuningdek, yadro quroli tarqalishiga qarshi kurashish, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, ekologiya muammolarini hal etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, Afg‘onistondagi vaziyatni bar­qarorlashtirish, xalqaro terrorizm va narkotrafik xavfiga qarshi kurashish hamda bosh­qa muhim masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, o‘tgan yil oktyabr oyida Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abe rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. Prezidentimiz Islom Karimovning Shindzo Abe bilan bo‘lib o‘tgan tor doiradagi uchrashuvida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

— O‘zbekistondek ajoyib mamlakatga kelganim, Siz Janobi Oliylari bilan uchrashib turganimdan g‘oyat mamnunman. Yaponiya bilan O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani va izchil rivojlanib kelayotganida Sizning xizmatlaringiz beqiyos. Mamlakatingizda yaponlar bilan bog‘liq tarixiy joylar hurmat-e’tibor bilan asrab-avaylab kelinayotgani uchun Yaponiya xalqi nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman, – dedi Shindzo Abe mazkur uchrashuv chog‘ida.

Sir emaski, ayni kunda jahonda global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz hamon davom etmoqda, dunyo bozorida vaziyat noaniq bo‘lib qolmoqda, terrorizm va ekstremizm balosi tobora kuchayib, urush va taloto‘plar vahimasidan, omilkorlik bilan singdirilayotgan, tajovuz va agressiyaning yangicha uslublaridan dunyo zir qaqshamoqda. Uzoq va yaqin yurtlarda sodir bo‘lib turgan terroristik harakatlar, qudratli davlatlarning mustaqil mamlakatlar ichki ishlariga aralashuvi, turli xil bosim o‘tkazishlar odatiy tusga kirib borayotgani olam ahlini tashvishga solmoqda.

Albatta, bunday vaziyatlar har birimizni yanada hushyorlik va ogohlikka, yurt tinchligidek bebaho ne’matni asrab-avaylash, uni ko‘z qorachig‘idek saqlashga, qadrlashga da’vat etadi. Zero, bunyodkorlik, xur­sand­chilik va bayramlar faqat tinchlik-osoyishtalik hukmron bo‘lgan yurtga yarashadi.

Ta’kidlash kerakki, kirib kelgan yangi yil ham Vatanimiz va xalqimiz hayotida unutilmas voqealarga boy bo‘lishi, yangidan-yangi inshootlar, ob’ektlarning qurilib foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. Xususan, qilinayot­gan prognozga ko‘ra, 2016 yilda iqtisodiyotimizning o‘sish sur’atlari 7,8 foizga, aholining jon boshiga to‘g‘ri keladigan real daromadlari 9,5 foizga, ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalarning miqdori turli manbalar hisobidan 15 foizga oshishi kutilmoqda.

Bularning barchasi shubhasiz, yurt obodligiyu xalq­imiz hayotining farovonligiga olib keladi. Shuningdek, yangi yilda barcha moliyaviy manbalar hisobidan iqtisodiyotga 17 milliard 310 million dollar miqdoridagi kapital qo‘yilmalar yo‘naltirilib, ularning 23,5 foizini chet el investitsiyalari tashkil etadi.

Ayni paytda yurtimizni ulkan bunyodkorliklar maydoniga qiyoslasak xato bo‘lmaydi. Jumladan, Tollimarjon issiqlik elektr stantsiyasida har birining quvvati 450 megavatt bo‘lgan ikkita bug‘-gaz turbinasi, Angren issiqlik elektr stantsiyasida 150 megavatt quvvatga ega bo‘lgan energiya bloki qurilishini tugatish, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 70 ming tonna mis ishlab chiqaradigan metall eritish korxonasini barpo etish kabi o‘ta muhim loyihalar ro‘yobi ham 2016 yilning voqeligiga aylanib, «Kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik?» degan savolga munosib javob bo‘ladi.

Yana bir yaxshi mujda shuki, yangi yilda xitoylik sheriklar yordamida Qamchiq dovonini kesib o‘tayotgan 19 kilometr­lik tunnel qurilishi ham yakuniga yetkazilib, Farg‘ona vodiysini butun mamlakat bilan bog‘laydigan temir yo‘l tarmog‘i ishga tushadi. Albatta, yangi yilimiz bunga o‘xshash ko‘pdan-ko‘p xushxabar va ezguliklar, yangilik va shodiyonalar bilan xalqimizni yanada quvontirishiga imonimiz komil.

  

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.