PO‘LATDYEK TOBLANGANLAR

Asakaning gavjum ko‘chalaridan birida Azizbek bobosining qo‘lidan ushlab borardi. Kutilmaganda yo‘lning nargi tomonida bejirim xizmat kiyimida militsiya noziri ko‘rindi.

 Xayol surib kelayotgan bolakay havaslandi:

— Bobojon, qarang, militsiya! Ularning kiyimi chiroyli-a?! Men ham katta bo‘lsam... — Azizbek qo‘li bilan nozirga ishora qildi, — o‘shalardaqa bo‘laman.

Bobo nevarasining bunchalik qiziquvchan, shijotli va o‘zining mustaqil fikriga egaligidan xursand bo‘lib, ro‘parasiga kelib qolgan militsiya noziriga yuzlandi:

— Kechirasiz, komandir amakisi shu... o‘g‘limga oq yo‘l tilab, duo bersangiz. U ham sizlardek harbiy bo‘lishni niyat qilibdi. Kelajakda yurtining koriga yaraydigan, xalqi uchun xizmat qiladigan azamat o‘g‘lon bo‘lib yetishsin.

Nozir Azizbekning umidvor termulib turgan nigohidan iftixor tuydi. Uning yelkasiga kaftini qo‘yib, astoydil tilak qildi.

Ezgu orzularga, sof tuyg‘ularga limmo-lim murg‘akkina qalb egasi oradan yillar o‘tib lochinday yigit bo‘ldi. O‘z oldiga qo‘ygan aniq maqsad uning yigitlik burchini, Vatan oldidagi farzni ertaroq anglatgan edi.

Yurtimizda u kabi alp o‘g‘lonlar juda ko‘p. Epchillik, chaqqonlik doim ularga xos xususiyat. Mardlik, jasorat va metin iroda ularning asosiy shiori. Ular borki, yurtimiz tinch, yo‘limiz charog‘on, ko‘nglimiz xotirjamdir. Mana shu farovon hayotimiz posbonlari bo‘lgan Azizbek singari qanchadan-qancha o‘g‘lonlar vatanimizni qo‘riqlashdek sharafli burchni ado etib kelmoqda. Buni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga qarashli oliy harbiy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan kursantlar misolida ko‘rishimiz mumkin.

Azizbek Homidov o‘zi niyat qilganidek o‘tgan yili Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtiga o‘qishga kirdi. Hozir bilim yurtining 1-bos­qich kursanti hisoblanadi. Tanlagan yo‘lidan olg‘a intilib, ilg‘or natijalarga erishib kelayotgan Azizbekning harakatchanligi, harbiy intizomi va faolligi bilim yurtida ham yuksak e’tirofga sazovor. U yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida sportning boks turi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan chempionatda faxrli 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Ma’lumki, sportning mashaqqattalab mashg‘ulotlari bor. Bugun milliy armiyamizdagi vatanimiz sarhadlarining botir posbonlari aynan shunday sinovlarda toblanib, yuksak mahorat egalari bo‘lib yetishmoqda. Qashqadaryolik Sardor Omonov ham Azizbek singari jur’at egasi.

— Bugun men Vatanim oldidagi yigitlik burchimni ado etar ekanman, bunday sharafdan qalbimda cheksiz faxr tuyg‘usi barq urib, haqiqiy baxtni his qilaman, — deydi u iftixor bilan. — Harbiy xizmatga kelishimdan oldin Chiroqchi pedagogika va sport kollejining dzyudo sport turi yo‘nalishida o‘qidim. So‘ng 2015 yilning fevralida harbiy xizmatga otlandim...

Eng quvonarlisi, Konstitutsiyamizning 23 yilligiga bag‘ishlab O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklarining nufuzli oliy o‘quv yurtlari talaba va kursantlari o‘rtasida "Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim — O‘zbekistonim!" mavzusida ingliz tilida viktorina bo‘lib o‘tdi. Uni iftixor, imkoniyat, iqtidor bellashuvi desa ham bo‘ladi. Sababi, bundan ko‘zlangan maqsad, yoshlarning huquqiy bilim darajasini yanada oshirish, Asosiy Qonunimizning mohiyatini ingliz tilida tushuntirish, yoshlar orasida chet tillarni chuqur o‘rganishni tar­g‘ib qilish, bo‘lg‘usi ofitser va mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligini takomillashtirishga hissa qo‘shish va ularda chet tillarda ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat edi. Buni qarang, birinchi o‘rin O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga qarashli oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlaridan iborat "Motherland defenders" hamda O‘zbekiston Milliy universitetining "Everest" jamoalariga nasib etdi. Bellashuvda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti maxsus fakultetining Shohruh Mahmudov, Botir Taxirov singari 3-bosqich kursantlari ham bor edi. Shohruh respublika oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan ilmiy-amaliy konferentsiyalarda o‘z maqolalari bilan chiqishlar qilib muntazam qatnashib keladi. U ham Azizbek, Sardorjonlar singari niyat qilib Namangan viloyatining Uychi tumanidan azim poytaxt­ga kelib mana shunday yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Botir esa respublika oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan fan olimpiadasining rus tili bo‘yicha 1-o‘rin sohibi. Bundan tashqari ular harbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkaziluvchi "Zakovat", "Tafakkur" intellektual tanlovlarda ham birinchilikni qo‘ldan bermay kelishmoqda.

Odatda harbiy deganda yelkalari keng, barvasta, bo‘y-bas­ti kelishgan sportchi yigitlar ko‘z oldimizga keladi. Muhimi, harbiylar nafaqat jismonan kuchli, balki har tomonlama yetuk bo‘lishlari ham kerak. Ular zehni o‘tkirligi, tafakkuri borasida ham hech shub­hasiz zamon bilan hamnafasdir. Shu bilan ular atrofdagi har qanday voqeliklarni kuzatib, ularga o‘z vaqtida va munosib baho berishga qodir. Bugun ushbu sohani tanlagan, kelajakda yaxshi ofitser yoki harbiy bo‘laman, degan yoshlarimizning zamonaviy bilim olishi, malakali mutaxassis bo‘lib yetishishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Bu boradagi keng ko‘lamli ishlarni ko‘rib havas bilan ko‘zingiz quvnaydi. Xususan, harbiy bilim dargohlarida tahsil olayotgan kursantlar o‘ziga ishongan, kuchli bilimga ega talabchan ekani bilan ham e’tirofga loyiqdir.

Biz harbiy kursantlar hayoti bilan bir muddatgina tanishgan bo‘lsak-da, ularning har daqiqa jondan aziz Vatanimiz taqdirini o‘ylab yashaydigan, xalq uchun ko‘ksini qalqon qilishga tayyor insonlar ekaniga amin bo‘ldik.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.