BAYRAMLAR RUHIYATNI POKLAYDI

Mustaqillik yillarida o‘tmishimizga, ma’naviy qadriyatlar va an’analarimizga munosabat tubdan o‘zgardi. Davlatimiz rahbari Islom Karimovning «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» kitobida ta’riflanganidek, insonni ruhan poklanish, qalban ulg‘ayishga chorlaydigan, odamning ichki dunyosi, irodasini baquvvat, iymon-e’tiqodini butun qiladigan, vijdonini uyg‘otadigan beqiyos kuch ma’naviyat hisoblanadi.

 Istiqlol yillarida mustabid tuzum davrida millatimizni kamsituvchi, buzib ko‘rsatilgan tarixiy haqiqatlar tiklandi. Milliy bayramlar va urf-odatlar asl holiga qaytdi. Millatning asosiy belgilaridan biri urf-odatlarni asrash va kamol toptirish har bir avlodning muqaddas burchi hisoblandi. Bayramlar hayotning eng yaxshi tomonlarini o‘zida mujassamlashtiradigan va aks ettiradigan ko‘zgudir. Xalq bayramlarining tiklanishi madaniyatimiz tarixida o‘ta muhim voqea bo‘ldi. Shuning uchun azaliy madaniyatning eng qimmatli tomonlarini qoidalashtirishga zamin yaratildi.

Bayramlarning o‘z tasnifi mavjud bo‘lib, ular:

-avloddan avlodga o‘tib kelgan an’anaviy bayramlar va u yoki bu millat tarixidagi muhim voqea-hodisalar nishonlanadigan milliy bayramlar, ya’ni har bir millat (xalq) ning muayyan hayot kechirish sharoitlari, tarixiy, ijtimoiy-siyosiy omillar faqat shu xalq­qa (bu borada o‘zbek xalqi nazarda tutiladi) xos bo‘lgan bayramlar;

8mazmun va ko‘rinishida diniy aqidalar va shariat qonunlariga amal qilish (Ramazon, Qurbon Hayitlari)ga qaratilgan diniy bayramlar;

-muayyan davlatning tashkil topgan kuni, davlatning Qomusi-Konstitutsiya qabul qilingan kun, Vatan himoyachilari kuni, Xalqaro xotin-qizlar kuni – –-mart, Xotira va qadrlash kuni kabi ijtimoiy-siyosiy bayramlar;

-oilaviy bayramlarning tub negizida etnognesiologik xususiyatga molik marosimlar o‘z aksini topgan;

-kasb-hunar bayramlari ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘lib, «O‘qituvchi va murabbiylar kuni», «Shifokorlar kuni», «Transport xodimlari kuni», «Ichki ishlar xodimlari kuni», va boshqa o‘nlab kasb-kor va hunarlar bayramlaridir.

Mustaqillik yillarida, eng avvalo, xalqimizning ehtiyoji, orzu-istaklari hisobga olinib, azaliy bayramlarni tiklashga va yangi bayramlarni shakllantirishga katta e’tibor berila boshlandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni asosida Navro‘z, Ro‘za va Qurbon hayiti bayramlari rasman tiklanib, keng nishonlana boshladi. Shuningdek, istiqlolni sharaflaydigan bayramlar «Mustaqillik kuni» va «Konstitutsiya kuni» umumxalq bayrami deb e’tirof etildi. O‘z navbatida sho‘ro davrida nishonlangan umuminsoniy g‘oya va qadriyatlarni targ‘ib qiluvchi Yangi yil, xotin-qizlar bayrami mamlakatimizda keng nishonlanmoqda.

Bu bayramlar mazmunan umum­insoniy, milliy qadriyatlar bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, O‘zbekiston xalqining o‘tmish ajdodlariga hurmat, zamon yangiliklariga shukronalik, kelajakka ishonch tuyg‘ularining ifodasi sifatida mustaqillik shukuhiga transformatsiyalashgan ya’ni moslashgan insoniy qadriyatlarni tarannum etuvchi bayramlarga aylandi.

Amir Temur kabi ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan ijtimoiy-siyosiy qadriyatlarimizning O‘zbekistonda yangi davlat qurilishiga transformatsiyalashuvi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i (1991 yil 1–-noyabr), Davlat gerbi (1992 yil 2-iyul), Davlat madhiyasi (1992 yil 10-dekabr) to‘g‘risidagi qonunlarning qabul qilinishi, Mustaqil O‘zbekiston davlatining shakllanishi va jahon hamjamiyati tomonidan tan olinishida olamshumul ahamiyatga ega bo‘ldi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, har qanday davlat va jamiyat bayramlarining negizida muayyan maqsad yotganidek, yurtimiz bayramlarining yangi zamon ruhiyatiga transformatsiyalashuvi mohiyatida kishilarni Vatan ravnaqiga, farovon hayot barpo etishga safarbar etadi.

 

Hilola XO‘jaeva,

Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar

ilmiy metodik markazi mas’ul xodimi