O‘QIYDIGAN ZAMON KELDI...

Mehmon deganlari o‘zbekning xonadoniga xohlagan paytda kelaveradi. Ish mahali... Qo‘l telefonim jiringladi, ko‘tarsam, katta amakimning ovozi: “Hoy, jiyan, men Toshkentdaman. “Ippodrom” degan joyda turibman. Meni olib ketasanmi?”

 Nima ham derdim, aytilgan manzilga chopdim...

Uyga kirishimiz bilan amakim: “Ustudent jiyanlarni ham chaqir, hammangni bi-i-ir ko‘rib ketay dedim-da. Kelin, sumkalardagi narsalarni oling. Momongiz tovuq, sorimoy, chakki-pakilar berib yuborgan”.

Mehmonning “amri vojib”, bir pastda “ustudent”lar yetib kelishdi. Hammamiz dasturxon atrofida suhbat qurdik.

– Amaki, uydagilar yaxshimi, qishloqda nima gaplar? – deya hol-ahvol so‘raydi, “selxoz”da o‘qiydigan jiyan.

– Xudoga shukr, hamma sog‘-salomat. Qishloq ham joyida.

– Ha, Muxtor tog‘angning qizi bor-ku, Zulxumor, o‘sha yaqinda karate bo‘yicha musobaqada yutib keldi. Medaliyam o‘n-o‘n beshta bo‘ldi-yov. Maktabda unga yetadigani yo‘q edi. Endi viloyatga ham chiqibdi. Qishloqda sport klubi ochilgani juda yaxshi bo‘ldi-da. Ancha-muncha bolakaylarni chempion qilib yuboryapti. Bolalar bo‘sh bo‘ldi, deguncha o‘sha yoqqa yuguradi.

– Tog‘amning bolalari boshqacha chiqdi-da. Yerga ursang osmonga sakraydi-ya, – deydi Toshkent tibbiyot akademiyasining magistri, do‘xtir jiyan gapni olib. – Katta qizi kollejda tikuvchilikka o‘qidi. Yaqinda borsam, tikuvchilik tsexi ochibdi. Uch-to‘rtta shogirdlari ham bor.

– Seni o‘qishing qalay, magistr, bitay deb qoldimi? O‘ziyam, o‘n yildan beri o‘qiysanov. Otangdan qachon so‘rasam, “o‘qiyapti” deydi.

– Ha, o‘qish ham bitay deb qoldi.

– Bitay degan bo‘lsa, ishning harakatini ham qilyapsanmi? Yo qishloqqa qaytasanmi?

– Qishloqqa borish qochmas. Chet elda uch oylik o‘qish bor ekan, grant yutsam, bilimimni oshirib kelsam devdim.

– Eh-he, niyatlaring zo‘r-ku. Ha, mayli o‘qi, jiyan, o‘qi. O‘qiganlarning davri keldi. Ana Halim qo‘shnining o‘g‘li ham xorijda o‘qidi. Hozir tumanda eng zo‘r mutaxassis. Ham davlatning ishini qilyapti, ham til o‘rgatish markazi bor. Xullas, uning “oshig‘i olchi”.

– Hozir til bilmasa bo‘lmaydi-da, – so‘zidan davom etadi magistr. Qaerga ishga kirmoqchi bo‘lsangiz, chet tilini so‘raydi. Qancha ko‘p til bilsangiz, shuncha ish ko‘p. Ish sizni emas, siz ishni tanlab kirasiz. Hozir 3-4 ta tilni bilish oddiy holga aylanib qolyapti. Kutubxonaga borsam, til markazi o‘quvchilari bilan to‘la. Bu ketishda hamma o‘qimishli bo‘lib ketadi-yov. O‘qiganda ham “suv qilib ichvoryapti”.

– Yaqinda maktab yonidan o‘tayotsam, bir gala bolalar shaxmat o‘ynashyapti. – deb gapni davom ettirdi mehmon. – Ichida bir zo‘ri bor ekan. Hamma bolalarni yutib tashladi. Yana uch yurishda mot qildi-ya. Ancha kuzatib turdim, lekin hech tishim o‘tmadi, shu shaxmatga. Shashkani bilardim-u, shaxmat deganlariga hech aqlim yetmadi. Bolalardan “nechanchi sinfda o‘qiysizlar?” desam “beshda” deydi. E, qoyil dedim, mushtdaygina bo‘lib, o‘ynaganini qara! “Qaerdan o‘rgangansizlar?” desam, “maktabdagi to‘garakda” deydi. Hozirgi bolalarni ko‘rib, havasing keladi. Maktablarda hamma sharoit bor. O‘qisang, bas. Eh, bizning o‘quvchiligimiz...(xo‘rsinadi), paxta dalalarida o‘tgan.   

Amakimning gaplarini eshitayapmanu, xayolimda maqola yozayotgandek, bo‘ldim. U kishi  aytganicha bor. Bugun yurtimizda maqtashga, faxrlanishga arziydigan ishlar bo‘lmoqdaki, birov aytsa, bizga erish tuyuladi. Hatto xorijdagilar ham yutuqlarimizni bekorga e’tirof etishayotgani yo‘q-da! Keling, ta’lim sohasidagi ayrim o‘zgarishlarga nazar solsak. 

Agar o‘tgan yillar silsilasiga nazar tashlasak, ta’lim sohasi butkul yangi yo‘nalishda borayotganiga guvoh bo‘lamiz. Dunyoda katta qiziqish uyg‘otayotgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va Maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy davlat dasturi, ta’lim-tarbiya sohasining katta sur’atlar bilan rivoj topishida mustahkam asos bo‘layotir. Unga ko‘ra, ko‘p bosqichli va uzluksiz ta’lim tizimiga o‘tildi. Yurtimizda akademik litsey, kasb-hunar kollejlari paydo bo‘ldi va ularda bugungi kunda ming-minglab yoshlar ta’lim olmoqda. Shuningdek, istiqlol yillarida mamlakatimizda ko‘plab nufuzli yangi universitet, institut va o‘quv markazlari tashkil etildi. Ayniqsa, dunyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Vestminster, Inxa, Turin politexnika universitetlari kabi o‘quv yurtlarining yurtimizda faoliyat yuritayotgani yoshlarimizga jahonga chiqishda keng imkoniyatlar eshigini ochdi.

Mamlakatimiz ta’lim tizimida to‘plangan eng yaxshi tajribalarni hisobga olgan holda, ta’limning barcha turlari uchun yangi davlat standartlari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Ushbu standartlarga javob beradigan yuzlab darsliklar hamda o‘quv qo‘llanmalari tayyorlanib, chop etildi. O‘zgarib borayotgan talablar asosida o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimi shakllantirildi. O‘quv yurtlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy o‘quv va laboratoriya uskunalari bilan jihozlashga katta e’tibor qaratilayotir. Yangi axborot texnologiyalarini o‘zlashtirishga  alohida ahamiyat berilib, o‘quvchilar elektron darsliklar yordamida bilim olmoqda. Ayni damda barcha o‘quv maskanlari internetdan foydalanish imkoniga ega. Kutubxonalar esa elektron kataloglarga o‘tkazilayapti.

Bilim olishga, maktab, kollejdan keyin oliy o‘quv yurtlariga kirib o‘qishga intilayotgan yoshlar soni yildan-yilga ortmoqda. Buni abiturientlarning oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirishi yil sayin ko‘payib borayotganida ham ko‘rish mumkin.

Yana bir gap. Bugun biror tilni bilmasdan jahonga chiqib bo‘lmaydi. Shularni inobatga olib, umumta’lim maktablarining birinchi sinfidan chet tillarni o‘rgatishning uzluksiz tizimi joriy etildi. Barcha umumta’lim muassasalarida chet tillarni o‘rgatish bo‘yicha o‘quv xonalari tashkil etildi. 1-sinf o‘quvchilari uchun multimedia varianti ilova qilingan, darslik chop etildi. Mamlakatimizning barcha hududlarida chet tillarni bir xil sharoitda o‘qitish, qishloq joylarga yuqori malakali ingliz tili o‘qituvchilarini jalb etish maqsadida, tarif stavkalariga 30 foiz qo‘shimcha haq belgilangan holda, ularni moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy etildi. Yurtimizda ta’lim sohasi uchun har yili sarflanayotgan xarajatlar yalpi ichki mahsulotga nisbatan 10-12 foizni tashkil etmoqda. Bu YuNYeSKOning mamlakatni barqaror rivojlantirishni ta’minlash uchun ta’limga yo‘naltirilishi zarur bo‘lgan investitsiyalar miqdori bo‘yicha tegishli tavsiyalaridan, ya’ni 6-7 foizdan qariyb 2 barobar ko‘pdir.

Shu o‘rinda yana bir ma’lumotni keltirsak. O‘tgan yili bu sohada 384 ta ob’ektning moddiy-texnik bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha qiymati 423 milliard so‘mlik ishlar amalga oshirildi. Namunaviy loyihalar asosida 29 ta yangi umumta’lim maktabi barpo etildi, 219 ta maktab rekonstruktsiya qilinib, 136 tasi kapital ta’mirlandi. Bu raqamlarni faqat oddiy ko‘z yugurtirish emas, balki ularni tahlil qilib ko‘rishimiz lozim. Ana shunda qilingan ishning mohiyatini anglaymiz...

Qisqasini aytganda, ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar, erishilgan natijalar haqida yana ham ko‘p yozish, ma’lumotlar keltirish mumkin. Biroq ularni bilish ayniqsa, bolalarimizga yaratilayotgan sharoitlarni anglatish har birimizning burchimiz.

Darvoqe, mehmonimiz bahonasida ancha-muncha ma’lumotlarni bilib oldik. Maqola yozishdan ham maqsad shu edi.

 

Bobur MUHAMMADIYEV,

“Hurriyat” muxbiri

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.