SHOVOTNING CHINAKAM PURFAYZLIGI DAVRI

1

Obod va fayziyob Shovot kanali bo‘ylab qadam tashlab, tonglarning barakoti hamda shafoatini jonu dilingizda, butun jismingizda his etasiz. Shu aziz Vatan, undagi tinchlik va osoyishtalik, ahilligu og‘zibirlik baxsh etgani uchun yaratganning o‘ziga shukronalar aytasiz. Kelgusi obodlik, farovonlik kunlarini tasavvur etib, orzu umidlar ulg‘ayadi, ishonch komillik kasb etadi, ko‘nglingizda.

 Shifokorlar sihat-salomatlikni mustahkamlash uchun jismoniy harakatlar, jumladan, sport bilan shug‘ullanishni maslahat beradilar. Ayniqsa, piyoda yurishga, xushmanzara, ko‘ngiltortar joylarda sayr qilishga alohida e’tibor qaratadilar. Buning uchun sihatgohlarda, shifoxonalarda maxsus terrenkur yo‘laklari qurilgan. Ammo, ular nari borsa ikki-uch yoki to‘rt kilometr kelar. Bu masofani yarim soat atrofida bosib o‘tish mumkin. Albatta, ularning ahamiyatini pasaytirib bo‘lmaydi. Lekin Shovot qanali bo‘ylarining yo‘rig‘i boshqa. Uning sog‘lomlashtirish, bardamlashtirish, masofasi 15 kilometrga yaqin. Qolaversa, bu yo‘l keng. Atrofingizda do‘stlaringiz, oila a’zolaringiz, maslakdoshlaringiz bo‘lsa, birgalashib sayr etish uchun qulay.

Bir tarafdan kanalda oqib turgan suv epkinlaridan, azonga to‘yingan, ikkinchi tamondan ko‘m-ko‘k daraxtlaru gullarning, maysalarning ifori bilan kislorodga boyigan havo sohir bir uyg‘unlikda jonga rohat bag‘ishlaydi. Oftob mustaqillikdan qalbi halovat topgan elu ulusga oq yo‘l tilab boshing uzra mehrini sochadi.

Sohil bo‘ylab qurilgan dam olish, xizmat ko‘rsatish muassasalarini sanay boshlaysiz. Ammo hisobda adashib ketasiz. Ular juda ko‘p. Eng muhimi, har biri o‘zgacha bir qiyofada. O‘z faoliyatidan kelib chiqqan holda, ularning binosi milliy va zamonaviy me’morchilik an’analariga xos, mahalliy iqlim sharoitiga mos holda barpo etilgan.

Kanalning ikki qirg‘og‘idan 90 gektar maydon aholi uchun qulay shart-sharoit va imkoniyatlarga ega dam olish, huzur-halovat maskaniga aylangan. Yam-yashil xiyobonlarda, bog‘larda barqaror saramjomlikni ko‘rib dilingiz yayraydi. Bir-biriga mutanosib va umumiy yaxlitlikda ajoyib manzara kasb etuvchi mo‘’jaz favvorachalardan maysa va giyohlarga, daraxtlarga obu hayot ulashmoqda.

Kanal bo‘yida tegrada barpo etilgan va xohlovchilarning sport bilan shug‘ullanishiga imkon beradigan inshoot xizmatga, sog‘ligingizni mustahkamlashga, ko‘maklashishga shay. Ularni chetlab o‘tish mushkul. Ayniqsa, yigit-qizlar uchun bu maskan so‘lim saylgohdir.

Suv sathida qalqib ajib manzara kasb etib turgan, ixcham va zamonaviy qayiq-katerlarda sayr-sayohat qilish biram maroqlidir. Bu sayr-sayohat davomida o‘zingiz uchun qadimiy vohaning, jumladan, Urganch shahri, Shovot bo‘ylarining ko‘pgina go‘zalliklarini kashf etasiz. Turli tantanali tadbirlar, marosimlar ayyomlari oldidan mehnat faxriylari va yoshlarning, ilg‘or ishchi xizmatchilarning, tadbirkorlarning sayru sayohatlari shu ildam kemalarda ham amalga oshirilmoqda.

Qo‘sh sohilning turli burjlarida bir nechta to‘yxona faoliyat ko‘rsatadi. Yaqinda shu to‘yxonalarning birida harbiy xizmatchi yigit hamda shifokor qizning nikoh to‘yi munosabati bilan o‘tkazilgan tantana yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Kelin-kuyovga baxt-saodat tilashgan to‘y ishtirokchilari o‘z so‘zlarida Shovot kanali bo‘ylarini obod qilgan bunyodkorlarga rahmat aytishni ham unutmadilar.

Shovot kanali bo‘ylaridagi bu azim va turmushimiz farovonligi ramziga aylangan bunyodkorliklar muhtaram Yurtboshimizning Xorazm viloyatini ijtimoiy iqtisodiy jihatdan yuksaltirish haqidagi beqiyos g‘amxo‘rligi chuqur aks etgan tarixiy qarorlari asosida amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlash zarur.

Bunyodkorlik tadbirlarida respublikamizning barcha viloyatlari quruvchi va ta’mirchi ustalari, ko‘plab tashkilotchi hamda mutaxassislar astoydil ishtirok etdilar. Birgalikdagi istak-intilishlar mamlakatimizda qaror topgan ahillikni va og‘zibirlikni keng namoyon qildi.

Xorazmlik quruvchi-bunyodkorlarning azmu shijoati, tashabbuskorligi ham ko‘zga yaqqol tashlandi. Kanal o‘zanida doimiy akvatoriya hosil qilindi. Buning uchun suv sathi 3 metr chuqurlikda bo‘lishini ta’minlovchi suv inshooti qurildi. 7,3 kilometr uzunlikda yopiq-yotiq drenaj tizimi yaratildi. Shu masofada ikki qirg‘oq va kanal o‘zanining 500 metr uzunlikdagi qismi betonlashtirildi.

— Bunday qurilishlarni 100 yilda bir bo‘ladigan bunyodkorlik deyish mumkin, — deydi quruvchi, mehnat faxriysi Rahimbergan Mahmudov. — Yurtimiz mustaqilligi bois, uzluksiz islohotlar va yangilanishlar sabab, viloyatimizda har yili bosqichma-bosqich qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Qaysi birini aytayin: Pitnakdagi avtomobil zavodinimi, Urganch shahridagi al-Xorazmiy ko‘chasinimi, “Yoshlar shaharchasi”nimi?!.

2

Momo oftob o‘zi yo‘liga ko‘z tikib yotgan Shovot kanaliga nigohini tashladi. Shunda mo‘’jiza yuz berdi. Kanal bir ulkan ko‘zguga aylandi, go‘yo. Quyosh unda o‘z aksini ko‘rdi. Shovot unga nurafshonligi va hayotbaxshligini boshqa ko‘zgulardan ham aniq va tiniq ko‘rsata oldi. Uning yuzida xalqimiz tinchligi, farovonligi o‘z aksini topgandir.

Buning boisi yana quyosh nurlari sohillarni mahkam qucha boshlaganida ayon bo‘ldi. Axir uzoq-yaqindagi hech bir suv havzasi Shovot kanali bo‘ylariday go‘zallikka, ezgulikka burkanmagan, ozodalik va orastalikni tinchlik va osoyishtalik, farovonlik oroyishiga aylantira olmagan. Sohildagi dov-daraxtlar, qishin-yozin yam-yashil maysalar, anvoyi gullar kecha-kunduz ko‘kka boqib duoga qo‘l cho‘zib turgandek, go‘yo.

Hammasi inson uchun, insonning baxt-saodati uchun. Quyoshning ham avvalqadam shiori shu emasmi, aslida. Shu sababli u beqiyos Mehrigiyoga aylanib, Shovot ko‘zgusida anglagan bo‘lsa ne ajab.

Quyosh iyib ketdi. U o‘zining rahmat-nazarini mo‘l-mo‘l socha boshladi. Bu Shovot bo‘ylariga tashrif buyurishga da’vat ham bo‘ldi. Yonidan oqqan qadrli suvda yoki unga boqib, bekorga o‘tmagan umri, bugungi kuni va kelajak haqida xayol surishni, sayr qilishni istagan eldoshlar, ikki bir, uch bir bo‘lishib kanal bo‘ylariga tashrif buyurishdi.

Samimiy suhbatlar, sog‘lik uchun yurishlar, chiniqish uchun cho‘milishlar, xullas, ko‘pgina ezguliklar mujassam bo‘ldi. Shularning barchasini hayotga tashnalik, bugunga shukronalik, kelajakka ishonch tuyg‘ulari birlashtirdi.

Deyarli har bir kunimiz quyoshli. Demak har bir kunimiz sharofatli saodatli. Yaqinda Polsha safarida bo‘lib xalqaro anjumanda qatnashib kelgan shifokor — hamrohim Komiljon Masharipov kanal bo‘ylariga bir nazar tashlab hikoya boshladi:

— Varshavada ham suv havzalarini obodonlashtirish an’anasi bor ekan. Xususan, Visla daryosi bo‘ylarida ajoyib manzaralar yaratilgan.

U biroz sukutga berildi. Aftidan, asosiy gapni salmoqdor qilib aytish uchun, unga shu qisqa tanaffus kerakday edi. To‘g‘rirog‘i, u kutilmagan bir gap aytib qoyil qoldirmoqchi bo‘ldi. Qoyil qoldirdi ham.

— Lekin to‘g‘risini aytsam, hech yer o‘zimizning Shovot sohillari bilan tenglasha olmaydi. O‘zi dunyoning qaysi joyida o‘n besh kilometrlik piyodalar yurish yo‘lagi bor? Qaysi joyda qo‘shsohil ham biznikiday bog‘u bo‘ston? Dam olish maskanlarini, xizmat ko‘rsatish muassasalarini aytmaysizmi? Hech yerda ular biznikidan ko‘p emas. Bundan faxrlanishimiz kerak. Barchasi o‘zimiz uchun, farzandlarimiz baxtu iqboli uchun.

— Yurtingning bebaho go‘zalliklarini qalbdan his etish uchun chetga ham chiqib turish kerak ekan...

Suhbatdoshimning so‘zlari ko‘ngildagi Vatan tuyg‘usini yolqinlatdi.

Suhbatimiz shu bilan tugallanishi mumkin emasday tuyuldi. Chunki qissadan hissa hali chiqarilmagan edi. Uni ham hamrohimning o‘zi chiqardi.

— Nazarimda yaqin kelajakda parijlik, varshavalik va boshqa mashhur shaharlarning fuqarolari ham Shovot bo‘ylarini bir ko‘rib kelaylik, deb qoladigan bo‘lishsa ajab emas.

Suhbat bilan bo‘lib Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasi ro‘parasidan chiqib qoldik. Xalq qahramonining ulug‘vor haykali salobat bilan qad rostlab turardi. Go‘yo u bizga, bu yurtga kelishni kimlar orzu qilmagan, deyayotgandek bo‘ldi.

Yana biroz yo‘l yurib, Xorazmiy ko‘chasiga chiqdik. Tevarak atrofning ajoyib manzarasiga mahliyo bo‘lib turganimizda, mahobati olamjahon avtobus o‘n qadamcha narida to‘xtadi. Undan xorijlik sayohlar tusha boshladilar...

Ikki suhbatdosh haligina gapirib turgan voqea ko‘z yumib ochguncha muddatda sodir bo‘lganini qalban tuyub bir-birimizga ma’noli qaradik va qah-qah otib yubordik.

 3

Bunyodkorlik mo‘’jizalariga boqib, kechagi kunni ham bir eslab, kim edigu, kim bo‘lganligimizni aniq va ravshan tasavvur etish mumkin.

Shu dam beixtiyor taniqli tarixshunos olim — ustozimiz Abdulla Sotliqovni esladik. Bu sabru bardoshning, matonatning mehru muhabbatning ramziga aylangan insonning hayoti, bergan saboqlari tarix ilmini anglashda, ardoqlashda, muhim ahamiyat kasb etgan.

Domla o‘tgan asrning 30 yillari mashaqqatli kunlarida qo‘l-oyog‘ini muzlatib qo‘ygan. Faqat hayotga, kelajakka ishonch uni o‘limdan saqlab qolgan. Ikki qo‘lining kaftidan ajralgan, oyoq tovonlari ham qattiq shikastlangan holda ham u ilm olishga, yoshlarga tarixni o‘rgatishga astoydil intildi. Natijada, tarix fanlari namzodi bo‘ldi, professor ilmiy darajasiga erishdi. Yarim asrdan ko‘p vaqt mobaynida, avvalo, Xorazm pedagogika inustitutida, keyin Urganch davlat unversititetida faol xizmat qildi. Undan saboq olgan mutaxassislar son-sanoqsiz. Uning shogirdlari respublikamizning turli viloyatlarida ham xizmat qilishadi. Domla Vatanimizning yuksak mukofotlariga — “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi”, unvoniga, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeniga sazavor bo‘ldi.

Ustoz barmoqlari yo‘qligi sababli xatni soatining bog‘lamasiga mahkamlangan ruchka bilan yozardi. Uning Vatanga muhabbati esa yuragida edi.

Bejiz u kishini eslamadim. Chunki, Shovot kanalining tarixi haqidagi ma’lumotlarni dastlab shu kishidan eshitganman. Domla, o‘shanda ustozi — akademik Yahyo G‘ulomovni mamnuniyat — minnatdorlik bilan yodga oldi. Keyin esa tarix haqidagi so‘zga o‘tdi. Ma’ruza matnini ham tamoman unutdi.

— Xalq Shovotyopni “Purfayz” deb atagan. Bu benihoya fayzli demak, mo‘l-ko‘lchilik ramzi deganidir.

Uning hikoyasidan Shovot kanalini qazish naqadar mushkul bo‘lganligini, bu ishda 10 minglab kishilar bir necha oylab tinmay mehnat qilganliklarini bilib oldik.

So‘ng u bizni hayratda qoldirib “urfayz” so‘zining harflari asosida abjad hisobida kanalning qurilgan yilini hisoblab berdi. Bu esa 1681 yil edi.

Domla o‘z so‘zini esa shunday yakunlagan edi.

— Kanal qazdirgan, uning tevarak atroflarini obod qilgan, kelajak yo‘lida xizmat etgan, el-yurtni jipslashtirgan insonning umri, davlati ziyoda bo‘laveradi.

U ko‘p yillar davomida Shovotda faqat vaqti-vaqti bilan qazuv ishlari olib borilganligini ta’kidlashni ham unutmasdi. Ayniqsa, sho‘rolar zamonidagi obodonchilik masalalariga munosabatdan noroziligini ham sezdirib qo‘yardi. Uning so‘zlari oxir-oqibatda kelajak umidiga bog‘lanib ketardi.

— Hali shunday kunlar keladiki, barcha orzu-umidlarimizga yetamiz. Shovotni boshqacha qadrlaydigan, uning bo‘ylarini bog‘ qilib qo‘yadigan bo‘lamiz.

Ustoz yurtimiz mustaqilligi qaror topgan ayyomlarda behad shodlangan edi. U yana ham maroq bilan, kuch-g‘ayrat bilan ma’ruzalar o‘qidi, hikoyalar qildi, rahmatli.

4

Tong bilan ishni Shovot bo‘ylarida sayr etishdan, tabiat qo‘ynida badantarbiya qilishdan yoki orom olishdan boshlashga odatlangan urganchliklar soni ko‘paygandan ko‘payib bormoqda. Shuningdek, deyarli butun yil davomida Shovot suviga cho‘milishni tark etmaydigan mahalliy  “morj”lar soni ham sezilarli ortdi. Bu bejiz emas. Chunki imkoniyat va shart-sharoitlar ko‘p yaxshilandi. Ona tabiatga kuch-quvvat indi.

Kanal bo‘yida sayr qilib yurgan turli yosh va kasb egalari bo‘lgan eldoshlarimiz bilan suhbatlashish ham maroqli.

— Yurak yetishmovchiligi xastaligidan xalos bo‘laman, degan odam Shovot bo‘yiga kelsin, — deydi mehnat faxriysi Rustam Qutliev xushnud kayfiyatda. — Uch to‘rt kun shu yerda sayr etsa, yurak o‘ziga keladi. Ortiqcha dorilarga ham o‘rin qolmaydi. Har kun erta bilan bir soatcha shu go‘zal qirg‘oqlarda tezkor qadamlar bilan yurib o‘zimni chiniqtirdim. Menga qolsa, Shovot bo‘ylarini o‘ziga xos shifoxona derdim.

— Sport formangiz o‘zingizga juda yarashibdi, — deyman uning ust-boshiga ishora qilib.

— Aslida sport formasi menga emas, men sport formasiga yarashdim, — deydi u hazil aralash.

— Demak kasallikka yo‘l qo‘yilmaydi.

— Kasallikka yo‘l qo‘yish, xatoga yo‘l qo‘yish degan gap.

 5

Qatrada quyosh aks etadi, deyishadi donolar. Bugun Urganch shahrining ulug‘ bobokalonimiz Xorazmiy nomi bilan ataluvchi ko‘chasida bir olam go‘zallik namoyon, deyilsa mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki uning mutlaqo o‘ziga xos va betakror qiyofasi, hatto eng rivojlangan mamlakatlardan tashrif buyurgan mehmonlarni ham xayratlantira oladi.

Bir tarafdan xalqaro aeroportni, boshqa tomondan zamonaviy vokzalni bog‘lovchi mazkur ko‘cha 3,7 kilometrga cho‘zilgan. Samolyotdan tushasizmi, poezddanmi, darhol shu ko‘rkam ko‘chaning ko‘rku tarovatiga ko‘zingiz tashlanadi. U sizni “Qadimiy vohaga xush kelibsiz” degandek, rango-rang gullar bilan qarshi oladi.

Bir tomondan Xorazmiy va Beruniy bog‘lari, ikkinchi tomondan Jaloliddin Manguberdi, “Avesto” bog‘-majmualari tashrifingizga muntazir turadi. Endilikda xalqimizning muqaddas dargohlariga aylangan maskanlarga ehtirom bajo keltirib o‘tish an’anasi kattayu kichikka, mehmonu mezbonga tabiiy ehtiyojga aylangan.

Ko‘cha bo‘ylab qator cho‘zilgan o‘n ikkita ko‘p qavatli turarjoy binolari bugungi farovon turmushimizning, orzu-umid hamda ishonch ustuvorligining ifodasi sifatida ko‘ngillarni to‘lqinlantiradi. Zero, ularning har biri o‘ziga xos qiyofa tarixiga ega. Unda zamonaviy hamda tarixiy me’morchilik an’analari bir-biriga uyg‘unlashib, ajoyib joziba kasb etgan. Rango-rang koshinlar bilan bezatilgan muhtasham imoratlarda xalqimizning o‘tmishga ehtiromi, bugungi kunga mehru muhabbati ifodasini ayon ko‘rish mumkin.

Olimpiya zaxiralari sport kolleji, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti filiali, Aloqabank, Milliy bank, Agrobank filiallari, shuningdek, boshqa o‘nlab muassasa va tashkilotlarning ma’muriy bino va inshootlari bugun Xorazmiy ko‘chasining yaxlit qiyofasida ham, yakka holda ham ko‘rgan ko‘zni quvontiradi.

Butun kun davomida quyosh nuri Xorazmiy ko‘chasidagi binolar peshtoqlaridagi naqshu nigorlar uzra jilvalanib, maftunkor manzara kasb etadi. Guyo nur o‘ziga raqs tushadigan maydon topgandek... Oqshomlari muazzam bayrog‘imiz ranglarida jilvalanayotgan naqshinkor chiroqlar, turli ko‘rkam shakllardagi yoritkichlar zarhal shu’lalar, oppoq nur taratib faxr tuyg‘usini junbushga keltiradi.

Suhbatdoshim O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, taniqli rassom va me’mor Otaxon Ollaberganovning iftixori uning dil so‘zlaridan ayon bo‘ldi.

— Mamlakatimizda shaharsozlikda misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishilmoqda, — deydi u. — Har bir shahrimiz, hatto har bir ko‘cha o‘ziga xos ko‘rkam va yaxlit manzara kasb etgan. Ayniqsa, buni Urganch qiyofasida yaqqol ko‘rish mumkin. Alohida Xorazmiy ko‘chasi xaqida to‘xtalib, me’moriy yechimlarning o‘ziga xosligini ta’kidlash mumkin, har bir bino nazarimda go‘yo bir vujudning ajralmas bo‘lagiga aylangan. Ularning hammasida hayot nashidasi ufurib turganday.

Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida bo‘lib mahalliy xalq faxrlanadigan katta ko‘chalarni ko‘rib kuzatganman. Urganchimizning katta ko‘chasi mening ko‘zimga, to‘g‘risini aytsam, hammasidan ham ulug‘vor va ustuvor ko‘rinadi. Qolaversa, bizning faxrimiz hammanikidan ziyod, desam ishonavering.

Bir narsa juda aniq. Hech bir mamlakatda ulkan bunyodkorliklar biznikiday qisqa muddatlarda amalga oshirilmaydi.

Xorazmiy ko‘chasida ko‘plab oromgohlar, xiyobonlar, bolalar o‘yingohlari bunyod etilgan. Ularda, ko‘rkam favvoralar atrofida, oila a’zolaring farzandlaring bilan dam olib, hordiq chiqarishga nima yetsin. Ayniqsa, madaniyat muassasalari namoyandalari, yosh ijrochilar dilrabo kuy va qo‘shiqlar bilan xushnud etib, raqsga chorlab turishsa, bahri-dili ochilib, kim o‘yinga tushib ketmaydi?.. Bunday manzaralarga tez-tez guvoh bo‘lish mumkin.

Xorazmiy ko‘chasi “Sog‘lom ona va bola yili” munosabati bilan belgilangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning ham markazi sifatida e’tibor topmoqda. Har kuni bu yerda, butun kun davomida, sho‘x va quvnoq bolalarimizning shodon kulgulari baralla yangramoqda. Baxtiyor onalarning mamnun qiyofalari ko‘rgan ko‘zni quvontiradi.

— Har kuni Xorazmiy ko‘chasidan o‘taman, — deydi mehnat faxriysi Bikajon Bekjanova. — Unda yurtimizda xalqimiz uchun ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va yaratilayotgan imkoniyatlar to‘la to‘kis o‘z aksini topgan. Shu ma’noda u har birimizda kelajagimiz yanada nurafshon bo‘lishiga ishonchni mustahkamlaydi. Yoshlar bilan muloqotlarda shu haqda ko‘p gapiraman. Ularga yurtimiz boyliklarini, jumladan, shahrimiz mulkini, ko‘z qorachig‘iday asrashni uqtiraman. Xorazmiy ko‘chasi nazarimda yorqin kelajak timsoli.

Tekis va ravon yo‘llar-doimiy hamrohimiz. Ular turmush farovonligiyu obodligini anglatib turuvchi mezon ham Xorazmiy ko‘chasidagi ko‘rkam bino va inshootlarning ishonch nigohlarini o‘ziga qaratib turgan katta yo‘l, xalqaro mezonlar darajasida mukammal. Shaharning aksariyat hududlarida tor hamda ko‘rimsiz, haydovchiyu piyodalarning harakatida noqulayliklar tug‘diradigan, xalal beradigan yo‘llar o‘rnini, keng va ravon yo‘llar egalladi. Ulardagi yo‘l chiziqlaridan tortib, qoida buzilishlarini cheklab turuvchi panjaralargacha xalqaro andozalar darajasida o‘rnatilgan. Ayniqsa, aylanma kichik va katta xalqa yo‘llar, shahar ahli uchun o‘ziga xos yangilik bo‘ldi. Bunday yo‘llar, avvalo, tirbandlikning oldini olsa, ikkinchidan, yo‘lovchilarga shahar manzarasini tomosha qilishga imkon beradi.

— O‘zimizning o‘xshashi yo‘q yengil avtomobillarimizda, go‘yo kemada o‘tirib suvda suzgan kabi huzurlanib borar ekansiz, beixtiyor baxt sururini his etasiz, — deydi tadbirkor Arslon Nurullaev. — Ayniqsa, Xorazmiy ko‘chasidan o‘tganda bunyodkor, ijodkor xalqimizga, bugungi ajoyib zamonamizga, ulug‘ yurtimizga shukronalar dilda takrorlanadi. Shu aziz Vatanning yuksalishlariga munosib hissa qo‘shish orzusi ortib boraveradi.

 6

Yomg‘ir ancha uzoq yog‘di. Lekin hech kim ko‘chadan qochmadi. Aksincha, osmondan go‘yo dur yog‘ayotganday, chehralarda quvonch balqidi. Ruhiyatda ajib bir surur uyg‘ondi. Odamlar yomg‘irni tabiatning o‘zlariga baxshida ne’mati, deb his etdilar.

Qo‘llarida yomg‘irpo‘sh ushlaganlar ham, ushlamaganlar ham birday mamnun edilar. Kattalar ajoyib kundan rohatlanardilar. Bolalar yomg‘irga yuzlarini tutib jilmayardilar.

Aftidan yaqindagina turmush qurishgan, yigit bilan qizning shodligini aytmaysizmi. Ular qo‘llarini jipslashtirib katta ko‘cha bo‘ylab yugura boshlashdi. Bahor iforini, atirgullar bo‘yini taratayotgan yomg‘irdan kuch olishardi ular.

Yoshlar asta odimlayotgan onaxonning oldida to‘xtashib, odob bilan salom berishdi. Onaxon mamnun bo‘ldi. Keyin ohista so‘radi:

— Bu qanday yomg‘ir ekanini bilasizlarmi?

— Bilgandaymizu, ammo, onaxon o‘zingiz aytib bersangiz...

— Bu rahmat yomg‘iri! Ya’ni bag‘ributun, og‘zibir elu yurtga fayzu baraka yomg‘iri.

Yigit bilan qiz onaxonning so‘zlariga qiziqishib qolishdi. Yigit so‘radi:

— Onaxon, axir yomg‘ir hamma yerda yog‘adi-ku. Bizniki boshqachami?

— Ha, boshqacha, bolam. Sen oldin yomg‘irning tinchlik hukm surmagan ozoda bo‘lmagan, obodonlashtirilmagan joyga yog‘ishini o‘yla. Keyin bu ko‘chadagi yomg‘irning yo‘llarni yuvib turishini ko‘r.

Suhbatga qiz aralashdi.

— Xudoga shukr bizning yo‘llarimiz ham ko‘chalarimiz ham ozoda va orasta. Ayniqsa, shu Xorazmiy ko‘chasini aytmaysizmi...

— Mustaqil va obod yurtda tug‘ilganliklaringiz uchun ham shukr qiling.

Onaxon duoga qo‘l ochdi. Yigit bilan qiz yana olg‘a intilishdi.

Erkin hayot manzarasi ko‘ngilni to‘lqinlantirdi...

Yodimga Urganchda 1982 yilda yomg‘ir tufayli yuz bergan ayanchli voqealar tushdi. Qatorasiga uch kun yomg‘ir quydi. Bu favqulodda holatni yuzaga keltirdi. Buni chinakam fojia desa ham bo‘lar edi. Shahar ahlining katta qismi yashaydigan Ko‘na qal’aga kirib ham chiqib ham bo‘lmadi.

Tor ko‘chalarda hatto yuk mashinalari ham loyga botib qolishdi. Yiqilib tushib u yer bu yeridan jarohat olganlar ham ko‘p bo‘ldi. Uydagi holatlar ayanchli bo‘ldi. Omonat tomlar kuchli yomg‘irga bir soat ham bardosh berolmadi. Tomdan o‘tayotgan yomg‘ir ostiga qo‘yilgan chelak va laganlar tez to‘lib ketardi. Ularni tashqariga tashib, ado qilib bo‘lmasdi.

 Shahar ma’muriyati dovdirab qoldi. Aholi bu tabiiy fojia bilan yolg‘iz kurasha boshladi. Yomg‘ir tugagandan so‘ng, shaharga ko‘shni tumanlardan texnika vositalari keltirilib, bir hafta mobaynida Ko‘na qal’a yomg‘ir suvlaridan tozalandi. Aholi ko‘p talofat ko‘rdi. Yomg‘ir desa ko‘pchilik qo‘rqadigan bo‘lib qoldi.

Viloyatdagi katta amaldorlardan birining haydovchisi aynan Ko‘na qal’ada yashar edi. Shu vaqtda u vafot etib qolsa bo‘ladimi? Hamma janozaga aytilgan. Lekin marhumning uyiga o‘tishning imkoni yo‘q. Bir amallab o‘n-o‘n besh odam yetib kelishdi. Hammadan ham katta yoshulliga qiyin bo‘ldi. Uning yengil mashinasi janoza joyiga yaqinlasha olmadi ham. Ammo bormasa ham gap-so‘zga qolishi tayin edi. U piyoda, loy bosib, ichidan kimlarnidir so‘kib manzilga yetib bordi. U kelgunicha janoza o‘qilmadi...

Hozir shularni eslab, gohida bular tushmidi, deb o‘ylab qolaman. Lekin xotira yolg‘onni bilmaydi. U qalbga muhrlangan voqea-hodisalardan shahodat beradi.

Ortda qolgan og‘ir kunlarning o‘tgani rost bo‘lsin. Bundan keyin xotiralarga hech vaqt ojizlik va nochorlik g‘uborlari qo‘nmasin. Mustaqilligimizning qudratli kuchi yomg‘irlarimizni obi rahmatga aylantiraversin.

Bugungi Urganchda Ko‘na qal’a o‘rnida barpo bo‘lgan ko‘p qavatli ko‘rkam imoratlar, tennis korti, shahar madaniyat va istirohat bog‘i yonidan o‘tayotib, shularni niyat qildim. Bu joylarning barchasi Xorazmiy ko‘chasiga tutash...

 7

 Qo‘lga qalam olish istagi ustun kelib, O‘zbekiston halq yozuvchisi Muhammad Ali akaning vohamiz ijodkorlari bilan uchrashuvda aytgan so‘zlari yodimga tushdi:

— Yozuvchining ayni yozadigan payti hozir, – degan edi ustoz. — Publitsistik asarlar bugun juda muhim. Ular uchun mavzu to‘lib toshib yotibdi. Ayniqsa, Xorazmda...

Darhaqiqat, bugun Xorazm ulkan bunyodkorliklar maydoniga aylangan. Yangi qurilishlarning har biri haqida o‘nlab maqolalar, lavhalar, ocherklar yozsa arziydi. Beixtiyor xayolimda yangilangan maskanlar jumladan, Shovot kanali, uning bo‘ylari hamda Xorazmiy ko‘chasi jonlandi, ular tasviri qog‘ozga ko‘cha boshladi...

 

Sotim AVAZ, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi                  

Urganch shahri