AYOLGA BAXT BERGAN MAMLAKAT

Bugun mamlakatimizda ayollarning jamiyatda tutgan o‘rni va haq-huquqlari haqida faxr va iftixor bilan juda ko‘p misollarga, fakt va dalillarga tayangan holda uzoq gapirish mumkin. Darhaqiqat, mustaqillikka erishgan ilk yillarimizdanoq, xotin-qizlarga bo‘lgan yuksak darajadagi e’tibor va e’tirof davlat siyosati darjasiga olib chiqilgani endilikda o‘zining yuqori samaralarini ko‘rsatmoqda. Biz mamlakatimiz taraqqiyotini, jamiyatimiz rivojini ayollarsiz, ularning faol ishtirokisiz tasavvur eta olmaymiz. Shu bois yurtimizda ayol huquqi, erkinligi, tengligi eng oliy, muqaddas qadriyat darajasiga ko‘tarildi.

 Keyingi vaqtlarda O‘zbekistonda bu borada keng ko‘lamli, katta hajmdagi izchil islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini qat’iy kafolatlovchi mustahkam qonunchilik bazasi shakllantirildi va bu jarayon tobora takomillashtirib borilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, ayolga izzat-hurmat, e’zoz-ehtirom ko‘rsatish — millatga ehtirom ko‘rsatishning bosh omiliga aylandi.

Binobarin, jamiyatda siyosiy, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi va taraqqiyoti ayollarga, yoshlarga, oilaga bo‘lgan munosabat va e’tibor bilan bog‘liq. Shuning uchun ham mamlakatimizda ayollarning jamiyatdagi o‘rni va rolini mustahkamlash, ularning bilimli, zamonaviy mutaxassis, malakali kasb egalari bo‘lishlari hamda sog‘lom va mustahkam oila qurishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, birinchi navbatda, sog‘lom bola tug‘ilishi va uni tarbiyalash, onalar va bolalar sog‘lig‘ini muhofaza qilish kabi masalalarga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida qaralmoqda.

Mamlakatimizda ayollarga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlikni yana shunda ko‘rish mumkinki, 1999 yil — Ayollar yili, 2000 yil — Sog‘lom avlod yili, 2001 yil — Onalar va bolalar yili, 2005 yil — Sihat-salomatlik yili, 2012 yil — Mustahkam oila yili, 2013 yil — Obod turmush yili, 2014 yil — Sog‘lom bola yili va nihoyat joriy yilning Sog‘lom ona va bola yili, deb e’lon qilinishi, shu munosabat bilan amalga oshirilayotgan ezgu ishlar, tadbirlar zamirida ham ayolga hurmat, ehtirom, ma’naviy va jismoniy kamoloti xususida fikrlash, qayg‘urish hissi borligi yaqqol namoyon bo‘ladi.

Hozirgi kunda yurtimizda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, boshqaruv va ishlab chiqarish sohalarida 62 foizdan ziyod ayollar ishlamoqda. So‘nggi 10 yil davomida kichik va xususiy korxonalarni boshqarayotgan ayollar soni 1,6 barobarga o‘sgan bo‘lsa, ularning 40 foizdan ortig‘i kichik biznes sub’ektlarining rahbarlaridir. Qishloq xo‘jaligida esa, ayollar band aholining deyarli yarmini tashkil etadi. Tadbirkorlik tashabbusini amalga oshirish doirasida butun mamlakat bo‘ylab maishiy xizmat ko‘rsatish punktlari, go‘zallik salonlari, sog‘lomlashtirish muassasalari ochilmoqda. Bu, o‘z navbatida, ayollarning uy yumushlarini yengillashtirish va ular uchun zarur qulayliklar yaratishga xizmat qilmoqda.

Darhaqiqat, ayol salomatligi va ayol baxtining to‘kisligi, avvalo, oila mustahkamligining, oila mustahkamligi esa jamiyat taraqqiyotining asosiy omilidir. Shu bois ona va bola salomatligini ta’minlash, oilada sog‘lom muhitni yaratish davlat siyosatining doimiy diqqat markazidagi muhim masalalardan biridir. Hech bir mamlakatda oila taqdiri, xotin-qizlar kelajagi hamda ularning jismoniy va ma’naviy barkamolligini ta’minlash masalasiga bizning yurtimizdagidek e’tibor qaratilmaydi. Keyingi yillarda ayollarimizning o‘rtacha umr ko‘rish yoshi 67 dan 75 yoshga qadar uzaygani yuqoridagi fikrimizning yorqin dalilidir. Shuning uchun ham aholi salomatligi, xususan, onalar va bolalar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasida mamlakatimizda erishilgan yutuqlar 2011 yili Toshkent shahrida o‘tkazilgan «O‘zbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilishning milliy modeli: «Sog‘lom ona — sog‘lom bola» mavzuidagi xalqaro simpoziumda qator xalqaro tashkilotlar, jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YuNISYeF tomonidan yuksak darajada baholandi.

Chindan ham, gender tenglikka erishish barqaror taraqqiyotning asosiy omillaridan biri ekanligi barchaga ayon haqiqat. Inchunun, mamlakatimiz aholisining 51,2 foizini xotin-qizlar tashkil etar ekan, ularning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etishi barqaror rivojlanishimizning muhim mezonlaridan biridir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1995 yil 2 martdagi «O‘zbekiston Respublikasi davlat va ijtimoiy qurilishida xotin-qizlarning rolini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘ta zararli va o‘ta og‘ir mehnat sharoitlarida ishlayotgan ayollarning daromadlariga imtiyozli soliq solish to‘g‘risida»gi Qarori, 2004 yil 25 maydagi «O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi Qarori yurtimizda ayollarga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromning yana bir namunasidir.

Prezidentimizning 1995 yil 2 martdagi «O‘zbekiston Respublikasi davlat va ijtimoiy qurilishida xotin-qizlarning rolini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni ayollarni mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyoti masalalarini hal qilishga, ularning davlat va jamoat boshqaruvidagi ishtirokini oshirishga keng jalb etish uchun keng imkoniyatlar ochib berdi. Mazkur Farmonga binoan Bosh vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etilib, uning zimmasiga xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi rolini yanada oshirish bilan bog‘liq masalalar yuklandi. Mazkur Farmon bilan viloyatlar, shaharlar, tumanlar hokimliklarida hokimlarning xotin-qizlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosarining tegishli lavozimi joriy etildi.

Bugungi kunga kelib ayollarning muammolari bilan bog‘liq siyosatni amalga oshiruvchi ushbu tizim xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini qo‘llab-quvvatlab, salohiyatini ro‘yobga chiqarishda samarali ta’sir o‘tkazmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat va Oila kodekslarida ayollarga alohida imtiyozlar berilib, huquqiy himoyaga olinganini, 1999 yil 14 aprelda «Xotin-qizlarga qo‘shimcha imtiyozlar to‘g‘risida»gi O‘zbekicton RespublikasiQonuni qabul qilinganini alohida ta’kidlash joiz. Muxtasar ifodalaganda, hozirgi paytda oila, onalik va bolalikning ijtimoiy muhofazasi hamda ayollar huquq va erkinliklarini ta’minlovchi 80 ga yaqin qonun va qonun osti hujjatlari mavjud.

Kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishda fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishlari muhim ahamiyatga ega. Bu borada mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqiy va siyosiy savodxonligini oshirish, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirokini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, barkamol avlod tarbiyasida xotin-qizlarga keng imkoniyatlar yaratish demokratik qadriyatlarni amalda ro‘yobga chiqarish kabi vazifalar bilan bog‘liqdir.

Mamlakatimiz hayotida davlat boshqaruvini demokratlashtirish va yanada liberallashtirish islohotlari jarayonida ayollarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, siyosiy ongi va madaniyatini yuksaltirish borasidagi sa’y-harakatlar demokratik qadriyatlarning ijtimoiy hayotimizda o‘z aksini topishida tamal toshi bo‘lmoqda. Bularning bari istiqlolimizning dastlabki yillaridan boshlab mamlakatimiz hayotida xotin-qizlar faolligini oshirishga, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlashga alohida ahamiyat qaratilganining amaldagi natijasidir.

Shu o‘rinda yaqin tariximizga bir nazar tashlasak, muhtaram Prezidentimiz tashabbusiga ko‘ra 1991 yilning yozidayoq jamiyatda ayollar rolini yanada oshirishga xizmat qiladigan va ayniqsa, mamlakatda demografik vaziyatning xususiyatlarini inobatga olgan holda sobiq ittifoqda birinchilardan bo‘lib O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi qayta tiklandi.

1992 yilda O‘zbekiston BMTga a’zo bo‘lganidan so‘ng BMTning «Xotin-qizlarni kamsitishning har qanday shakllarini tugatish to‘g‘risida»gi konventsiyaga qo‘shildi.

O‘zbekiston ayollar huquqini xalqaro me’yor va huquqiy standartlarga muvofiq ta’minlash maqsadida bu sohadagi ayollarga nisbatan diskriminatsiyaning barcha shakllarini bekor qilish haqidagi Konventsiyaga (CEDAW), ayollarning siyosiy huquqlari va onalikni muhofaza qilish haqidagi konventsiyalar hamda ayollar huquqi bo‘yicha boshqa xalqaro hujjatlarga qo‘shildi.

Ayollarimizning davlat va jamiyat qurilishidagi rolini kuchaytirish, boshqacha aytganda, ularning siyosiy huquqlarini ta’minlash maqsadida 2004 yilda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovlar to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, siyosiy partiyalardan ayollar nomzodini ko‘rsatish bo‘yicha 30 foizlik kvota joriy etildi. 1999 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga o‘tkazilgan saylov yakunlari bo‘yicha jami saylangan deputatlarning 7 foizini xotin-qizlar tashkil etgan bo‘lsa, 2005 yilda bu ko‘rsatkich 16 foizga yetdi. 2009 yilda ikki palatali parla-mentga o‘tkazilgan saylovdan so‘ng xotin-qizlar quyi palata umumiy tarkibining 22 foizini tashkil etdi. 2014 yildagi saylovlardan so‘ng esa, 24 nafar xotin-qiz Qonunchilik palatasida deputat sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Umuman, bugungi kunda mamlakatimizning siyosiy hayotida, davlat va jamiyat boshqaruvida, iqtisodiyotimizning barcha tarmoqlarida, madaniyat, ilm-fan, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, sport kabi ijtimoiy sohalarda ayollarimizning o‘rni va roli ortib borayotganligi quvonarli holdir.

Ayniqsa, fermerlik, kichik biznes, xususiy tadbirkorlik, ishbilarmonlik faoliyati kabi sohalarda ham xotin-qizlarning faol ishtiroki va nufuzi tobora kuchaymoqda. Ayollarga o‘z biznesini rivojlantirishi uchun salmoqli moliyaviy mablag‘lar ajratilmoqda. Masalan, agar 2004 yilda ayol tadbirkorlarga qariyb 90 milliard so‘m kreditlar berilgan bo‘lsa, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha bu ko‘rsatkich 1,2 trillion so‘mdan ham ortib ketdi.

Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston BMTning ayollar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan barcha tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlab va ma’qullab keladi. Mamlakatimizda xotin-qizlarning, ularning millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy ahvoli hamda turar joyidan qat’i nazar, barcha huquqlarini ta’minlash masalalari hukumatimizning doimiy diqqat markazida. Davlatimiz tomonidan ham shahar, ham qishloq joylarida yashaydigan ayollarning turmushini yaxshilashga mutanosib yondashuv ta’minlanmoqda.

O‘zbekistonda ayollar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha izchil va tizimli siyosatning asosiy yo‘nalishlari esa, quyidagilar hisoblanadi:

- birinchidan, ayollar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida qabul qilingan qonun hujjatlarini bajarilishini ta’minlash hamda huquqiy asosni yanada takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish;

- ikkinchidan, ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ishlarning ahvolini doimiy ravishda va kompleks monitoring qilish, ularning oilada, jamiyatda hamda jamoat va davlat ishlarini boshqarishdagi rolini oshirish;

- uchinchidan, ayollarning bandligini ta’minlash bo‘yicha samarali choralar qabul qilish va amalga oshirish, ularni ishga joylashtirish uchun har tomonlama yordam ko‘rsatish, ayollar orasida, ayniqsa, qishloq joylarida tadbirkorlikning turli shakllarini rivojlantirish;

- to‘rtinchidan, ayollarning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-huquqiy faolligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, ayollar nodavlat notijorat tashkilotlarining mamlakatning ijtimoiy va siyosiy hayotida faol ishtirok etishi uchun ko‘maklashish.

Umuman, O‘zbekistonda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash borasida davlat ahamiyatiga molik salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Zero, jamiyat rivojini xotin-qizlarsiz, ularning ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois ayollarning oilada ham, davlat va jamoat ishlarida ham emin-erkin faoliyat yuritishlari, ularning huquq va manfaatlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida mamlakat miqyosida qator chora-tadbirlar ishlab chiqilib, hayotga joriy etilmoqda.

Joriy yilning “Sog‘lom ona va bola” yili, deb e’lon qilinishida ham ayollarga ko‘rsatilayotgan alohida mehr va g‘amxo‘rlik aks etgan chuqur ramziy ma’no bor.

Binobarin, Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida alohida e’tirof etilganidek, “Biz mustaqillikka erishganimizdan so‘ng sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, birinchi navbatda, oila, onalik va bolalikni himoya qilish masalasini o‘zimiz uchun eng muhim, ustuvor vazifa sifatida belgilab oldik”.

Mazkur yil doirasida qabul qilingan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida ham ayollarimizning har tomonlama yetuk, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishlari uchun yana bir qator qulayliklar, imtiyoz va imkoniyatlar yaratib berilishi nazarda tutilgan. Chunki, sog‘lom bola sog‘lom va ahil oilaning mevasi bo‘lib, faqatgina sog‘lom onadan sog‘lom bola tug‘iladi. Shuning uchun ham bugun “Ona va bola sog‘lom bo‘lsa, oila baxtli, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘ladi” degan hayotbaxsh g‘oya har bir yurtdoshimizning qalbidan chuqur o‘rin egallab, ana shu ulug‘ ishga munosib hissa qo‘shish umumxalq harakatiga aylanmoqda.

Haqiqatan ham, millat o‘z ayolini nechog‘li ulug‘lasa, uning o‘zi ham shunchalik ulug‘lanadi. Millat o‘z ayolini qanchalar sharaflasa, o‘zi ham shunchalar sharaflanadi. Davlat ayolning farovon turmush kechirish shart-sharoitini, uning erkin hayoti, huquq va manfaatlari, or-nomusi himoyasini qanchalik keng yaratsa, ayol iftixori, uning qadri, kelajak oldidagi mas’ulligi uchun shuncha keng imkoniyat paydo bo‘ladi.

Bizning O‘zbekistonda ushbu jihatlarning barchasi namoyon. Bu yurtda ayolning baxt og‘ushida yashashi, saodatmand bo‘lishi uchun hamma qulayliklar bisyor. Bu mamlakat ayolga baxt bergan mamlakat sifatida jahon hamjamiyatida dovrug‘ qozondi. Vatanimiz taraqqiyotidagi shiddatli ko‘tarilish, o‘sish va o‘zgarishlarda ana shuning uchun ham ayol tafakkuri, ayol qo‘lining zalvorli ishtiroki bor. Zero, ayol hamisha, hayotimizning har bir jabhasida bizga insoniylik, mehr-muhabbat, sadoqat, vatanparvarlik tuyg‘ularidan saboq berib turadi. Qolaversa, oqila, go‘zal ayollar o‘zlarining g‘amxo‘rligi, mehribonligi, qalbi daryoligi bilan oiladagi, qolaversa, butun jamiyatdagi muvozanatni, poklik, halollik, samimiyat va adolat muhitini saqlab turadilar.

Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Yaratganning buyuk mo‘’jizasi bo‘lgan aziz ayollarimiz timsolida hayot abadiyligini ta’minlab kelayotgan tabarruk zotlarni ko‘ramiz.

Yer yuzida hayot paydo bo‘libdiki, odamzod mo‘’tabar ona siymosi oldida hamisha ta’zim qiladi. Muborak hadislardagi “Jannat – onalarning oyog‘i ostidadir” degan so‘zlar ham ana shu yuksak mehr va ehtiromning yorqin ifodasidir.

Ayollarga sharqona ehtirom va e’zoz ko‘rsatish – biz uchun ota-bobolarimizdan qolgan ibratli meros bo‘lib, biz bunday an’analarimizga doim sodiq bo‘lib yashaymiz”.

Xulosa o‘rnida aytganda, ayolga baxt bergan mamlakat yuksak marralarni zabt etaveradi, gullab-yashnayveradi, taraqqiy etaveradi. Ana shu baxtga hech qachon ko‘z tegmasin!

 

Shuhrat DEHQONOV,

jurnalist, huquqshunos

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.