BAXMALNING DILKUSHO, JONFIZOOLMALARI

O‘ylab qolasan kishi, bo‘yqizlarning yuzini olmalarga mengzashlarida asos bormikan? Ularning sershiraligini asal qandga o‘xshatishlarida-chi? Yoki bo‘lmasa, hazrat Alisher Navoiyning “Olmani sundi nigorim...” deb boshlanuvchi tuyuqlarining yaratilishi-chi? Muqimiy bobomizning “Sayohatnoma”sida mevazorlarning jannat bog‘lari bilan tenglashtirilishi-chi? Bunaqa tashbehlarni sanayversak, vaqt degan tushunchaga sig‘armikan?.. Shular haqida o‘ylarkanman, avvalo, buni yaratgan bog‘bonlarga bosh egaman!

Gap — gap, lekin hayot daraxti yashaydi, deydi donolar. Ziroatchilikning noyob turlari dasturxonimizni bezaguncha, ular o‘zlarida qanchadan-qancha tarixlarni boshdan kechirganlar. Shoh va shoir bobomiz Mirzo Boburning asarlarini o‘qisangiz ul zoti muborak Vatan sog‘inchini mevalar orqali izhor etganini sezasiz. Bu bejiz emas, yetilgan mahsulot o‘sha joyning tuprog‘ini, havosini, suvini, quyoshini namoyon etadi. Shuning uchun shoir Vatanining “qovuni birla uzumining hajrida” ko‘z yosh to‘kadi. Bizni shu zaminni ko‘z qorachig‘iday asrashga chaqiradi...

Shular haqida yozyapman-u, ko‘z o‘ngimda baxmal olmalari jonlandi...

Gap shundaki, jannatmonand yurtimizning bu navli olmalarini keyingi olma pishig‘iga qadar saqlash mumkin. Og‘izda bolday erishi, ekologik toza, turli vitaminlarga boyligini aytmaysizmi! Endi ularni yangi navlar bilan boyitishimiz kerak.

Mamlakatimiz rahbarining 2013 yil 13 martidagi respublikada uzumchilik va bog‘dorchilikni yanada rivojlantirish dasturi to‘g‘risidagi qarori baxmalliklarga qo‘llanma bo‘layapti. Ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari va shu sohaga aloqador tashkilotlar tashkil etilib, keng ko‘lamda ishlar olib borilmoqda. Ilg‘or texnologik tajribalar, ekinlarni tomchilatib sug‘orish o‘z samarasini bermoqda. Bu borada intensiv, tez hosilga kiruvchi mevali daraxtlar ekilishiga alohida e’tibor qaratilayapti.

— Intensiv bog‘lar bizning tog‘oldi zonalarimizga juda mos kelayapti, — deyishdi bog‘bonlar. —Ularni o‘g‘itlash, kesish, sug‘orish shakl berish va mevasini terib olish qulay. Baxmal sharoiti juda mo‘’tadil, quyosh nuri yaxshi tushadi. Barvaqt ekilgan daraxtlar mevaga kirdi...

 

Tumanda intensiv bog‘lar yil sayin kengaymoqda. Ular xalqimiz dasturxonining yanada to‘kin bo‘lishiga xizmat qiladi. Intensiv bog‘larning hosildorligi yuqori, mevalarining sifati yaxshi ekanligini baxmalliklar kun sayin sezishayapti. Ularni saqlash, yilning hamma faslida shaharliklar dasturxoniga yetkazib berish uchun sovutkich qurilmasi ishlab turibdi.

Bugungi kunda bozorlarimizni obod qilib turgan sarxil mevalarni ko‘rib quvonasiz. Hozirgina uzilganday... Ularni tanovul qilsangiz, tanangiz yayraydi, bilagingizga kuch yuguradi. Shunday paytlarda mevalarimizning ramzga aylanib ketayotgani bejiz emasligini o‘ylaysiz... Dashnobod anori, Forish uzumi, Uchqora mayizi, Mirzacho‘l qirqmasi... Bularning birinchilari qatori Baxmal olmasi... Nomi reklamalardan tushmayotgan Baxmal olmasining ertasi yanada porloq ekanini his qilsa bo‘ladi. Shunisi e’tiborliki, yangidan qilayotgan mevali daraxtlarning hammasi iqlim sharoitiga mos, jahonning turli burchaklaridan keltirilib tayyorlangan ko‘chatlar hisobiga ko‘paymoqda. Ularning ekilganlari qat’iy agrotexnika asosida parvarish qilinmoqda. Ekiladiganlari uchun maydonlar talab darajasida tayyorlanmoqda. Tumanda hozir 4,5 ming gektar bog‘ va tok maydonlarida dehqonchilik qilinib, yuqori hosil olinayotgani bu sohaning naqadar ravnaq topayotganini ko‘rsatib turibdi. Tumandagi Oyqor qishlog‘ida agrofirma tashkil etildi. U 8 gektar maydonga pakana bo‘yli olma ko‘chatlari ekib yil sayin hosildorlikni oshirib bormoqda. Baxmallik tadbirkor fermerlar faqat olma emas, mevaning boshqa turlarini ham yetishtirib dasturxonimizni serob qilishga astoydil kirishganlar.

Biz Baxmal tumanidagi qishloqlarda bo‘lganimizda olma yetishtirish har bir xonadon uchun katta faxr va iftixor tuyg‘ulari bilan oshufta ekanini yaqqol sezdik. “Sangzor” xo‘jaligining Qora qishlog‘ida yashovchi Juman ota Nurimovni bunga misol qilsa bo‘ladi. Butun umrini bog‘dorchilikni rivojlantirishga baxshida etgan otaxon o‘g‘li Kamoljonga dehqon fermer xo‘jaligini topshirib qarilik gashtini surayapti. Yo‘q, yillar davomida orttirilgan boy tajribasini yoshlarga o‘rgatib, bog‘bonlar safini kengaytirayapti. O‘tgan yili fermerlar 20 gektar maydonda yuqori hosil yetishtirib, shartnoma talablarini muvaffaqiyatli bajardilar. Ayni damlarda erishilgan yutuqlarni mustahkamlash uchun bahorgi ishlarni qizitib yuborgan.

— Fermer xo‘jaligida o‘ndan oshiqroq olma navlari yetishtiriladi, — deydi Kamoljon Nurimov. — Biz pakana, tez hosil beradigan, intensiv navlar bilan bir qatorda erta yetishtiriladigan xo‘raki navlarni ham ko‘paytirayapmiz. Xabaringiz bor, bir paytlar may oyining oxirlarida yetiladigan janoqi navli olmalarimiz ko‘p bo‘lar edi. Keyingi yillarda ana shu navlarni yetishtirishga e’tibor berayapmiz. Olimlar va mutaxassislar bilan aloqa bog‘lab unutilayotgan navlarni ko‘paytirishga harakat qilayapmiz.

Muzbuloq qishlog‘ida bo‘lganimizda oqsoqol Sulton Esonov olmazor barpo etib, uning nomini “Do‘stlik” deb ataganini eshitib xursand bo‘ldik. Farzandi Iskandar fermer xo‘jaligiga rahbarlik qiladilar. Bu bog‘da yetishtirilgan mevalar o‘zining uzoq saqlanishi, shaharliklar dasturxonini qishin-yozin mevalar bilan serob qilishini aytganida, Yurtboshimizning bozorlarni bezayotgan mevalar haqida gapirgan so‘zlarini esladik. Ha, bog‘bonlarning mehnati samarasini ko‘rish uchun faqat bog‘larga emas, bozorlarga ham borishimiz kerak. Odamlarning qanday yashayotganini bilmoqchi bo‘lsang, bozorga bor, deb bekorga aytilmagan...

— Dunyo dehqonlari olma yetishtirishni bizdan o‘rgansin, — deydi qishloq fuqarosi, olim Safarali Rustamov. Ularda Oyqortog‘ning buloqlaridan oqib kelayotgan malhamlarni olish mumkin. Toza ekologiyaning rangini shu mevalarda ko‘rsa bo‘ladi.

To‘g‘ri aytdingiz Safarali aka! Tabiat – tabiat, lekin dehqonlarimizning ham xizmatini unutmasligimiz kerak. Ular bugun bahorning saxovatidan foydalanib yurtdoshlarimiz dasturxoniga munosib noz ne’matlar hozirlashayapti. Vatanga bo‘lgan muhabbatini mehnatlari bilan izhor etish niyatidalar.

 

Pardaboy TOJIBOYEV