UCH XONADON, UCH MANZARA

Uni hamma taniydi. Hatto ko‘pgina xorijiy mamlakatlarda asarlari tarjimasini qiziqib o‘qishadi. Ekran orqali ko‘rganda, yig‘ilishlarda so‘zga chiqqanida odamlar uning ana shu obro‘-e’tiboriga yarashiqligidan yayrashardi, havas qilishardi.

Uning uyiga bordim. Ko‘p qavatli binoning oddiy kvartirasi. Ostonadan o‘tib, atrofga razm solaman. Ozoda, orasta. Kiyim ilgichu oyoq kiyim qo‘yadigan jihozlar ham juda oddiy. Lekin o‘z o‘rniga qo‘yilgan. Menga avval u kishining rafiqalari, keyin o‘zlari peshvoz chiqishdi. Ularning samimiy iltifot va takalluflaridan xijolatda edim. Ichkarida boshqa katta-kichik mehmonlar ham bor ekan. Lekin mezbon hammamizga birdek muomala qilar, dilxush mehmonnavozlikni o‘rniga qo‘yardi. Shu dam shiringina bolakay (nabirasi bo‘lsa kerak) buvasiga nimanidir shivirlab ketdi. Bir piyola choy ustida yana atrofga qarayman. Bu yerdagi jihozlar ham, uning ichidagi idishlar ham boshqa yuzlab xonadonlardagi kabi oddiy, lekin juda saranjom edi. Xonada birorta ortiqcha buyum ko‘zga tashlanmaydi. Qandildan tortib darpardagacha hammasi el qatori. Stol atrofidagi muomala, munosabat esa juda samimiy, dilga xush yoqadi. Shu bois xonadondagi hamma narsa: eski jihozlar ham, oddiy shisha qandil ham, yuvilaverganidan rangi uniqqan darparda ham, hammasi go‘zal ko‘rinadi.

Biroz suhbatdan so‘ng kitob bahonasida qo‘shni xonaga kirdik. Bu yerda ham ikki yumshoq o‘rindiqni hisobga olmaganda ortiqcha hech narsa yo‘q. Faqat kitoblar. Javonlarga tartib bilan, chiroyli qilib terilgani uchun xonada o‘ziga xos fayz hukmron. Ularga nazar tashlaymiz. Jahon klassiklariyu shu kunlarda o‘zbek adabiyotiga dadil kirib kelayotgan yosh yozuvchilarning ilk to‘plamlarigacha bor. Qizig‘i shundaki, qahramonimiz zarur kitoblarni hech qiynalmasdan tez topardi. Gap orasida u yoki bu kitobning mohiyatini gapirib o‘tardi. Bu allomaning necha mingdan ortiq kitoblarni deyarli o‘qib o‘rganganidan, ma’naviy barkamolligi shu kitoblar tufayli ekanligidan dalolat berardi. Faqat asarlarning o‘zigina emas, mualliflari haqida ham yo‘lakay fikr aytib o‘tardi. Xoh badiiy, xoh iqtisodiy, xoh siyosiy kitob bo‘lsin, qay biri oldida to‘xtasangiz, shu zahoti qisqa va tushunarli qilib gapirib berardi. Biz zarur kitoblarni olib, xonadan chiqdik. Stol atrofida yana bir piyoladan choy ichildi. Avval oldinroq kelgan mehmonlar ketishga taraddudlanishdi. Shu payt allomaning yana bir ibratomuz fazilatlariga qoyil qoldik. U kishi ham, rafiqalari ham mehmon o‘zlaridan qariyb ikki-uch barobar yosh bo‘lishidan, oddiy xizmat yumushi bilan kelganidan qat’i nazar, chiqib kuzatib qo‘yishardi. Keyin suhbatni davom ettirdik. Yana qo‘ng‘iroq chalindi. Mezbon uzr so‘rab, o‘zlari borib mehmonni iltifot bilan kutib oldilar. Dastxatlarini olib men ham ketishga taraddudlandim. Alloma hozir kelgan kishiga o‘tirib turing, ishorasini qilib, kuzatishga turdilar. Shunda: "O‘tiravering, ovora bo‘lmang, uyingizda keldi-ketdi ko‘p ekan, hammalarini kutib olib, yana birma-bir kuzatib qo‘ysangiz, charchab qolasiz", desam, kuldilar.

— Ie, qizim, odam bor joyga odam keladi. Bundan sira charchamayman. Aksincha, zavqlanaman. Uyimizga ikki kun odam kelmay qolsa, o‘zimizni qo‘yarga joy topolmay qolamiz, — dedilar eshikkacha kuzatib. Tashqariga chiqar ekanman, shuncha mulozamat, iltifot, samimiyat, kitobga mehr, ma’naviy boylik anchagacha ko‘z oldimdan ketmadi. Kitobning kuch-qudratiga yana tahsinlar aytib, yo‘lda davom etdim.

Borishim zarur bo‘lgan ikkinchi xonadon egalari bilan ham ko‘pdan tanishman. Ish yuzasidan bir necha marta muloqotda bo‘lganman. Muomalali, madaniyatli ziyolilardan. Lekin xonadonlarida birinchi bo‘lishim. Eshikni ochgan o‘n to‘rt-o‘n besh yoshlardagi qiz tanimadi chog‘i, "Sizga kim kerak?" degandek tikilib turardi. Men unga ish bilan kelganimni aytgach, ichkaridan onasini chaqirdi. U hamon eshikni yarim ochgan holda ro‘paramda, men esa ostonada, tashqarida turardim.

— Ha, kim ekan? — onasining erinibgina aytgan so‘zlari yaqqol eshitildi. So‘ng ko‘rib:

— Voy, bu yoqqa kiring desang bo‘lmaydimi, — deb qizini koyigan bo‘ldi. Keyin menga qarab, "Tanimagan-da, bola narsa, qani, kiring ichkariga, marhamat", — deya iltifot ko‘rsatdi.

Ichkariga kirdim. Atrof juda qimmatbaho jihozlarga to‘la bo‘lgani uchun hammayoq yarqirab turardi. Mehmonxonaga kirdik. Hammayoq orasta, baland jihozlar ichidagi turli servizlar o‘rnida bezatilgan. Xonadon bekasi qiziga choy keltirishni buyurdi. Shoshib turganimni aytdim. Bir necha kun avval kitob izlayotganimni aytganimda, bizda bor, deganini eslatdim.

— Hozir-hozir, — deb ichkari uyga kirib ketdi. Oradan ancha vaqt o‘tgach: — Kelib o‘zingiz qarang-chi, topolmayapman, — deb chaqirdi. Kirishga majbur bo‘ldim. U oynavand kitob javonlari oldida turardi.

— Voy, bo‘-o‘. Bu kitoblarni qachon yig‘ib ulgurgansiz?

— Hali bu hammasi emas. Ko‘rayapsiz-ku, sig‘magan. Qanchasi, ana pastda turibdi. Yaqinda narigi xonaga ham jovon olamiz. Yaxshisi, yo‘q, importniysini kutayapmiz.

Men izlagan kitobni qidirib javonga yaqinlashdim. Endi qo‘limni uzatib, olmoqchi bo‘lgandim:

— Voy, aylanay, ularga tegmang. Bu javonlarga umuman qo‘l tekkizmaymiz. Amakingiz urishadilar. To‘g‘ri-da, ushlansa, dog‘ bo‘lib qoladi, — dedi. — Anavi yerdagilarning orasini qarang-chi.

Kitoblar javonlarga, rangiga qarab tartib bilan terilgan. Shuning uchun turfa mavzulardagi kitoblar aralash. Izlagan narsani topish amrimahol edi. Anchadan beri ochilmagani ko‘rinib turibdi.

— Alfavit bo‘yicha joylashtirilganda topish oson bo‘lardi, avtorlari bo‘yicha.

— Avtorlarini kim bilibdi, deysiz. Amakingiz qaerda chiroyli muqovali kitob ko‘rsalar, olib keladilar. To‘plab-to‘plab, mana bir uy qildik.

— Kim ko‘proq o‘qiydi bularni?

— Voy, shuncha kitobni o‘qib bo‘ladimi? O‘qiladiganlarining bir nechtasini amakingiz ajratib qo‘yganlar. Bularga tegmaymiz. Menda vaqt yo‘q, o‘zingiz bilasiz. Hammasi noyob kitoblar. Qo‘l ko‘p tegsa, dog‘ bo‘lmasin deymiz-da. Bir kun kerak bo‘lar. Hozir kitob ham boylik bo‘lib qoldi.

Xullas, izlagan kitobimiz topilmadi. Ketishga shaylandim. Shu payt boyagi qiz onasiga "choy olib kelaymi" deb ma’noli qarab tikilib turgandi.

-— Yo‘q, choyni qo‘yaqol. Shoshib turgan ekanlar. Keyin, bafurja kelganlarida mehmon bo‘ladilar, — dedi onasi.

Men tashqariga chiqdim. "Kitob ham boylik" degan gap qulog‘im ostida jaranglaydi. Yo‘lda ketarkanman, kitob faqat o‘qilsagina katta boylik, ma’naviy boylik, degim kelardi.

Uchinchi xonadon sohiblari ham harqalay yarim shaharga taniqli. So‘rab borsangiz, "ikki qavatli uchastkaning egasimi yoki ikkita mashinasi borlarmi?" deyishadi. Chindan ham, bu atrofda uning dang‘illama imorati oldiga tushadigani yo‘q ekan. Eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdim. Ichkaridan:

— Kiravering, eshik ochiq, — degan ovoz keldi.

— Mumkinmi? — deb ichkariladim. Gulzor o‘rtasida shiyponda o‘rta yashar ayol, kim kerak, degandek hayratomuz tikilib o‘tirardi. Yaxshi hamki, ichkaridan dugonam — kelini chiqib qoldi. To‘yiga kelolmagandim.

— Eh-he, bu nima, yur, men senga ichkarini ko‘rsatay, — dedi mening atrofga qarayotganimni sezgan dugonam. Xonama-xona yura boshladik.

— Mana bu Ruminiya xonamiz, — dedi u. Shu zayl har bir xona o‘ziga hos jihozlangan. Aytaylik, bir xonada Ruminiya jihozlari bo‘lsa, darpardalaridan tortib, yerga to‘shalgan gilamgacha shu mamlakatniki. Ikkinchi xonada Olmoniyaga mansub bo‘lgan jihoz, darparda, devordagi suratlar kishini zavqlantiradi. Hatto eshik oldidagi yumshoq shippaklar ham o‘sha davlatnikiga tegishli. Xonalarni aylangunimizcha ancha vaqt o‘tdi.

— Kitoblarni ko‘rsatmading-ku. Ish kabinetlaring qaerda?

— O‘zim ham avvaliga hayron bo‘ldim. Bu xonadonda umuman kitob o‘qishmaydi. Ishonasanmi? Shuning uchunmikin, dunyoqarashlariga umuman ko‘nikolmayapman.

Dugonam hasratga o‘tdi. Bu xonadonda hamma narsa pul va boylik bilan o‘lchanishi, samimiyat, insoniylik, mehmondo‘stlik ikkinchi o‘rinda turishini gapirdi. Yaqinda o‘z stipendiyasidan ikkita kitob sotib olgani uchun qaynotasi rosa janjal qilganini aytib, ko‘ziga yosh oldi. Lekin erini yaxshi ko‘rib qolgani, xonadondagi bu voqealardan bexabarligidan koyindi. Keyin yelpinib o‘tirgan qaynonasi tomonga qarab ko‘zlarini jovdiratib nimanidir so‘ramoqchi edi. Darrov tushundim.

— Yo‘q, dugonajon, ovora bo‘lib dasturxon yozma. Shoshib turibman. O‘qishga bormaganing uchun sog‘lig‘ingni so‘rab kelgan edim.

Men ana shunday keng hovlida havo yetishmayotgandek xayrlashib tashqariga shoshildim. Ko‘chaga chiqib yengil nafas oldim. Lekin qulog‘imda "kiravering, eshik ochiq" degan so‘zu, ko‘z oldimda dugonamning iltijo bilan javdirab qarashi turardi.

Muqaddas ABDUSAMATOVA