YUKSALISHNING ALP ODIMLARI

Erkin iqtisodiy hududlardan xatlar

Qisqartma so‘zlar, birikmalar bor, ilmiy tilda abbreviatura deyiladi. Aytish, yozish qulay bo‘lishi ham tejamkorlik maqsadida so‘z, birikmalarning birinchi harfini yoki birinchi bo‘g‘inini olib yangi so‘z, ibora yasaladi. Inglizcha, nemischa, frantsuzcha, ruscha birikmalardan tuzilgan yangi so‘z, atamalar bir qator – tarixi uzoq va yaqin o‘tmishga borib taqaladi. O‘zimizda ham, ayniqsa, istiqloldan keyin ona tilimizda yangi, qamrovli qisqartma atamalar paydo bo‘ldi. Navoiy, Jizzax viloyatlarida bo‘lganingizda yangi tuzilmalarning nomi EIIZ, MIZ deya qisqartib aytilishi, yozilishini daf’atan eshitib, ko‘rib avval hayron bo‘lasiz, ishchi, xizmatchilarning o‘zaro gurunglari, telefondagi muloqotlarida “EIIZ”da ishlaymiz”, “Biz “MIZ”danmiz” deyishlariga ko‘p o‘tmay ko‘nikib ketasiz.

 Qisqartma so‘z, iboralarni eshitish, ishlatish bilan birga uning ma’nosini chaqish, mohiyatiga yetish ham kerak. “EIIZ” – erkin industrial, iqtisodiy zona degani. Navoiy EIIZi – keng-mo‘l maydonni egallagan, tevaragi devor bilan o‘ralgan, hozirda yigirmata qo‘shma korxona joylashgan, yana ko‘plab korxonani joylashtirish imkoniga ega maskan. Jizzax “MIZ” – maxsus industrial zona, hozir sanoat zonasi, “promzona” deb yuritiladigan kattagina maydonda qurilgan, qurilayotgan yirik korxona, muhtasham inshootlar ulug‘vor loyihalar, vaqti kelib industrial markazga, shahar ichida shaharga aylanguvchi mavze. “Angren” MIZ” deyilganda ko‘mir zahirasiga boy, Toshkent viloyatini Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lovchi temir yo‘l, avtomobil yo‘li, bir qator korxonalar, loyihada ko‘zda tutilgan yangi inshootlar, bunyodkorlik ishlari tasavvuringizda jonlanadi.

Bu yil xalqimiz mustaqilligimizning yigirma besh yilligini nishonlaydi. Qutlug‘ bayramga butun yurt ahli – bunyodkor va san’atkor, paxtakor va g‘allakor, olim va muallim, ishchi va xizmatchi, o‘quvchi va to‘quvchi, uchuvchi va sportchi, adib va jurnalist, hamma-hamma katta tayyorgarlik ko‘rayotir. Viloyat va tumanlar, shahar va qishloqlarda bayram oldidan turli tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar o‘tayotir. Yozuvchilar ijodiy uyushmasi bayram oldidan sara she’riy, nasriy, dramatik, tanqidchilik, publitsistik, tarjimaviy asarlardan iborat salmoqli to‘plamlar chiqarmoqchi. Shu munosabat bilan uyushmamiz kaminani maxsus industrial, iqtisodiy zonalar faoliyati haqida maqola, ocherklar yozib kelish uchun Navoiy, Jizzax viloyatlariga ijodiy safarga yubordi. Uch kun Navoiyda, uch kun Jizzaxda bo‘ldim.

Prezidentimizning mamlakatimizda yangi, istiqbolli tuzilma – erkin industrial iqtisodiy zonalar barpo etish bo‘yicha birinchi qarori 2008 yilda chiqqan, shundan beri sakkiz yilcha vaqt o‘tgan, ancha ishlar qilingan, muayyan tajriba to‘plangani bois ijodiy safarni Navoiy viloyatidan boshlash maqbul ko‘rindi. Buyuk shoirimiz nomi bilan atalgan viloyat, boshqa viloyatlar singari, har sohada O‘zbekistonimiz iqtisodiyoti, kuch-qudratiga munosib hissa qo‘shib kelayotgani ma’lum. Ayni chog‘da ikki tuzilmaning o‘rni, mavqei ulkan ekanligini alohida ta’kidlamoqchi edim. Biri – Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati bo‘lsa, ikkinchisi – maxsus industrial iqtisodiy zona. Har ikkisi viloyatning qudratli qo‘sh qanoti. Yurtimizning yetti viloyatida korxonalari joylashgan, 60 mingdan ortiq kishi xizmat qiladigan, yuqori sifatli nodir ma’danlar ishlab chiqaradigan ulkan tuzilma – tog‘-kon kombinati faoliyati bilan to‘rt yil muqaddam tanishgan, Zafarobod, Zarafshon, Uchquduq, Muruntov, Zarmitan va boshqa maskanlardagi ish jarayonlarini kuzatgan, ishchi, xizmatchilar bilan suhbatlashgan, taassurotlarim asosida matbuotda “Navoiyobod”, “Sanoatga esh qishloq xo‘jaligi”, “Ma’naviy ma’danlar” va boshqa maqolalar bilan chiqqan edim. Shundan beri orada to‘rt yildan ortiq muddat o‘tdi. Kombinat yana kengaydi, kuchaydi, bag‘rida qimmatbaho nodir ma’danlarni saqlayotgan, saksovul, yulg‘un, qiyoq, turfa buta, maysa-giyohlar bilan qoplangan sahroda biri-biridan go‘zal, yarqiroq imorat, koshonalar qad ko‘tardi, yangi konlar ochildi, madaniy-ma’rifiy markazlar, sport inshootlari barpo etildi. Tuzilma bosh direktori, fan doktori Quvondiq Sanaqulov O‘zbekiston Qahramoni degan yuksak mukofot bilan taqdirlandi, ayni chog‘da yangi ochilgan Konchilik instituti rektorligidek mas’ul lavozim ham zimmasiga yuklandi. Ikki ulkan tashkilot faoliyati bilan tanishib, yurtimizning o‘nlab, yuzlab korxonalari, daromad keltiruvchi boshqa manbalari, yer osti, yer ustidagi behisob xazinalarni, mehnatsevar, qo‘li gul, bunyodkor insonlarini yurakdan his etib, to‘lqinlanib O‘zbekistonning kelajagi buyuk davlat ekanligi, biz hech kimdan kam emasligimiz, kam bo‘lmasligimiz, uning rahbari hamma joyda o‘ziga ishonib, dadil va dalilli, o‘ktam va o‘tkir gapirishlari, hech kimga so‘zini bermasliklari boisini chuqurroq anglaganday bo‘ldim, cheksiz g‘urur, iftixorga to‘ldim.

Nainki yilma-yil, oyma-oy kengayib, ko‘rkamlashib, ulug‘vor bo‘lib borayotgan qadimiy va navqiron Karmana ko‘chalaridan o‘tib, ikki tarafda qad ko‘tarayotgan ikki, uch qavatli muhtasham binolarga mahliyo bo‘lib Samarqand – Buxoro katta traktiga chiqqaningizni sezmay ham qolasiz. Ko‘p o‘tmay ajoyib manzaraga duch kelasiz: chap tomonda bir necha gektar joyni egallagan xalqaro aeroport, unga daxldor idora, muassasalar, logistika markazi, samolyotlar ortib kelgan yuklarni kerakli manzilga eltuvchi va mahsulotlarni uchoqlarga yetkazib berayotgan bahaybat avtomashinalarga ko‘zingiz tushadi. Yo‘ldan chapda pishiq g‘ishtdan ishlangan katta sardoba, zinalardan tushib tomosha qiladigan yo‘lovchilarga suvning salqini uradi. O‘ngda esa qadimiy Malikrabot karvonsaroyining darvozasi, nariroqda saroyning xarobalari. Ozgina yurilsa zamonaviy to‘rt yulduzli “Zarafshon” mehmonxonasi, asrlar tutashuvini his etasiz: qulog‘ingizda karvon qo‘ng‘iroqlari jaranglaganday, otlar dupuri, tuyalar pishqirig‘i eshitilganday bo‘ladi.

Manbalarning guvohlik berishicha, Malikrabot qadimda kattagina manzilgoh bo‘lgan, mag‘ribdan mashriqqa, mashriqdan mag‘ribga yo‘l olgan karvonlar bu yerda bir muddat to‘xtab, hordiq olib, meshlarini ichimlik suviga, xurjunlarini oziq-ovqatga to‘ldirib, ot, tuyalarini Zarafshondan qondirib sug‘orib, safarni davom ettirishgan.

Ikki tarafiga chiroyli simyog‘ochlar, yoritkichlar o‘rnatilgan (kechqurunlari ko‘zni oladigan darajada porlab turarkan), archalar, gullar ekilgan ko‘chaga mahliyo bo‘lib, hamrohim, jurnalist Azamat Zaripovning maroqli ma’lumotlarini tinglab EIIZ qarorgohiga yetganimizni sezmay qolibmiz. Bir-biriga ro‘baro‘ qurilgan uch qavatli ikki muhtasham bino, chapdagisi “Navoiy EIIZ” direktsiyasi, o‘ngdagisi – moliya, bank, bojxona, soliq, konsalting xizmatlari joylashgan bino.

Yangi tuzilma direktori Azamat Fayziev Prezidentimizning maxsus industrial iqtisodiy zonalar tashkil etish haqidagi qarori mohiyatini dalil, misollar orqali tushuntirar ekan, bu hujjatlar yaqin va uzoq istiqbolni ko‘zda tutib qabul qilinganini alohida ta’kidladi. Keyin “Navoiy EIIZ” maketi yoniga taklif qilib, quyidagi qiziqarli ma’lumotlarni keltirdi: “Erkin zonamiz uchun ajratilgan katta maydonda hozircha yigirma qo‘shma korxona joylashgan, yana saksonta korxona joylashtirish imkoni bor. Barcha infratuzilmalar, jahon standarti talablariga to‘la javob beradigan ofislar tashkil etilgan. Zonamizda elektrotexnika mahsulotlari, telekommunikatsiya asbob-uskunalari, mashinasozlik, o‘lchagich jihozlari, butlovchi qismlar, polimer va plastik buyumlar, dori-darmon va tibbiy jihozlar ishlab chiqarish, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlashga ixtisoslashgan korxonalar faoliyat ko‘rsatadi. Mana bu bukletda Koreya Respublikasi, Xitoy, Hindiston, BAA, Singapur, Italiya, Buyuk Britaniya investorlari bilan tuzilgan qo‘shma korxonalar nomi, qanday mahsulot ishlab chiqarishi yozib qo‘yilgan (o‘qib ko‘rdim: avtomobillar uchun akkumulyator, elektr, emal simlari, generator, kompressor, gaz ballonlari va boshqa uskunalari, svetodiod lampalari, ehtiyot qismlar; TV tyunerlari, ADSL modemlari, planshet, kompyuterlar, noutbuklar, gigiena mahsulotlari ishlab chiqarish va hokazolar).

— Xorijlik hamkorlar pishiq, puxta odamlar, shartnoma tuzish, sarmoya tikishdan oldin hamma narsani miridan-sirigacha o‘rganishadi, ayniqsa infratuzilma, biznes xizmatlariga beriladigan imtiyozlarga, alohida, sinchiklab e’tibor berishadi. Biz ham shunga tayyor turamiz, — dedi Azamat Fayziev. — Eng avval so‘rashadi: gaz bormi? Bor, marhamat, tekshirib ko‘rishingiz mumkin. Ichimlik suvi, texnik suv bormi? Bor. Kranlar qulog‘ini burashimiz bilan suv pishqirib otiladi. Elektr bormi? Marhamat, ana tugmalar, bosib ko‘ring. Telefon aloqa tarmog‘i? Bu muammo emas. Avtomobil yo‘li, temir yo‘l, havo yo‘llari – mahsulotlarni nimada tashib keltirmoqchisiz, olib ketmoqchisiz – o‘zingizga havola. “Sizlarda kerakli, zarur narsalarning bari muhayyo ekan, hamma joyda ham bunday to‘liq sharoit yo‘q, hamkorlik qilsak, qo‘shma korxona tuzsak bo‘ladi, boshqalarga, so‘raganlarga ham aytamiz”, — deganlar ham bo‘ldi.

— Hozir 800 ish o‘rniga egamiz, bizga ajratilgan maydonga yana saksonta qo‘shma korxona joylashishi mumkinligini avvalroq aytgan edim. Bu  yaqin kelajakda ham yuzlab ish o‘rinlari ochiladi, degani. Tobora kengayib boryapmiz, zona devori atrofidagi namunali uy-joylarni ko‘rayapsizmi, ularda ishchi-xizmatchilarimiz yashashayapti, ularning o‘rtacha yoshi 30-35. Ming eshitgandan bir ko‘rgan afzal, — dedi suhbat asnosida direktor, yaxshisi korxonalarni aylaninglar, guvoh bo‘linglar, besh bosqichli o‘zbek modelining qadamba-qadam amalga oshayotganiga ishonch hosil qilinglar.

“Polietilen quvurlar” qo‘shma korxonasiga yo‘l oldik. Mas’uliyati cheklangan jamoa. 2010 yilda foydalanishga topshirilgan, 58 kishi ishlarkan. Korxona hovlisiga kirishingiz bilan bahri-dilingiz ochiladi. Ko‘rkam beton yo‘lakchalar, bruschatka qoplamalar, mevali, ziynatli daraxtlar, gullar, hammayoq saranjom-sarishta. Sho‘rtan gaz-kimyo kombinati investitsiya ajratgach, tarmoq otib chiqqan shuba korxona. Qarangki, rahbari ham ishbilarmon, tashabbuskor, xushmuomala, nazokatli ayol ekan – Mariya Sabitova, viloyat kengashi deputati, ikki diplom sohibasi – avval Moskva texnologiya institutini, keyin Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tugatgan. Korxonaga kirishingiz bilan namoyish taxtasiga terib qo‘yilgan o‘nlab katta-kichik polipropilen quvurlarga ko‘zimiz tushadi, biri biridan nafis, chiroyli, qordek oq. Hozir nima ko‘p – qurilish ko‘p, nimaga ehtiyoj katta – quvurlarga. O‘zimiz ham dala bog‘ni qurishda arzimasdek tuyulgan, lekin kerakli matohlarni topishga qancha qiynalganmiz, ba’zilarini qora bozordan so‘ragan narxida olishga majbur bo‘lganmiz.

Mariya Erkaevna tabiatda temir rudasi zahiralari kamayib, ekologik muammolar tobora dolzarb bo‘lib borayotgan sharoitda kimyo va neftkimyo sanoati rivojida ilmiy izlanish, tadqiqotlar muhim ahamiyat kasb etayotgani, bu, o‘z navbatida, polimer sanoatida keskin o‘sish yuz berayotgani haqida gapirib berdi: polipropilen quvur, tutashtiruvchi detal – fitinglar yengil, qulay, arzonligi, sovuq, iliq, qaynoq suvlarni oson o‘tkazishi, ventilyatsiya va havoni tozalashda, eng muhimi, zanglamaslikda metal quvurlardan afzal turadi, bundan tashqari, gigiena va sanitariya talablariga javob beradi, zararli toksinlar chiqarmaydi, tovushi yo‘q, titramaydi, uzoq muddat – ellik yilgacha chidab beradi. 2011 yildan boshlab diametri 16 dan 63 millimetrgacha bo‘lgan kichik o‘lchamli quvurlar chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Ikki-uch yil o‘tgach 75 dan 110 millimetrgacha bo‘lgan katta o‘lchamli quvurlar chiqara boshladik, ularning turi 45 taga yetdi. Quvurlarni tutashtirgich fiting deyiladi. 2015 yilda bozor talablaridan kelib chiqib latunli fitinglar ishlab chiqara boshladik. Ilgari latunni chetdan sotib olardik, endi o‘zimizda tayyorlanadigan bo‘ldi.

Soha mutaxassisi Fariz Latipov quvurlar chiqaradigan liniyalarni birma-bir ko‘rsatib, tushuntirish berib bordi. Zamonaviy, murakkab mashina, uskunalarning aksariyati xorijniki. Quvurlar uchun xomashyo ham hozircha chetdan – Eron, Koreyadan keltirilayotgan ekan. Quvur dona-dona granuladan tayyorlanarkan. Gazdan olinadigan oq granula guruchdan kattaroq, do‘ldan kichikroq bo‘larkan, presslarda bosilib muayyan shaklga keltirilarkan. Termoplast-avtomatning ish jarayonini kuzatdik. Maxsus omborda mufta, troynik, fitinglar, katta-kichik, uzun-qisqa, oppoq, silliq quvurlar jo‘natish uchun taxt qilib qo‘yilgan.

2016 yildan shisha, bazalt tolali, bosim bilan ishlaydigan murakkab propilen quvurlar, latunli tutashtirgich, flants aralashmali fitinglar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilayotgan ekan. M.Sabitova korxona chiqaradigan mahsulot to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el valyutasiga bog‘liqligini, ba’zan xomashyo olishda o‘z valyuta mablag‘larimiz yetinqirab qolmayotgani, shu bois u kechikib kelayotgani, mahsulot o‘rnini bosadigan o‘z xomashyomizni chiqarishga e’tiborni kuchaytirish, bu borada Surgil koni negizida Ustyurt gaz-kimyo kombinati bilan o‘rnatilgan aloqa yaxshi samara berayotgani haqida gapirdi.

“Polipropilen quvurlar” va Sho‘rtan gaz-kimyo kombinati o‘z yurtimizdagi qo‘shma korxonalar bo‘lsa, “O‘zavtosanoat AK” tarmog‘idagi korxonalar, xususan, MChJ maqomidagi “UzErgeCable”, “UzEraeAlternator” QK, “O‘zminda” XIIKlarda qo‘shimcha ravishda xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilgan holda yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda. “O‘zminda” korxonasini borib ko‘rdik. Xorijiy investitsiyalar hissa qo‘shadigan, ustav jamg‘armasi 2 million 600 ming AQSh dollari bo‘lgan korxona “Navoiy EIIZ” ishtirokchisiga aylanibdi. Loyihaning umumiy qiymati 9 million AQSh dollarini tashkil etarkan. 3 million 200 ming dollarlik zamonaviy asbob-uskunalarni hindistonlik mutaxassislar o‘rnatishibdi. ”Matiz” avtomashinasining tashqi eshik dastalari ishlab chiqarishdan boshlagan korxona bugungi kunda “Damas”, “Neksiya”, “Kobalt”, “Lasetti”, “Jentra”, “Aveo”, “Matiz” mashinalari uchun haydovchiga axborot berib boruvchi va xavfsizlik tizimiga oid jihoz, uskunalarni tayyorlamoqda.

Yaqin-yaqingacha bo‘sh, yaydoq bo‘lib yotgan joyda qad ko‘targan muhtasham inshootning ichiyu tashi, tsexlaridagi noyob, qimmatbaho jihoz, asbob-uskuna, chiqarilayotgan turfa mahsulotlar, avtomobillarning ehtiyot qismlari... Taassurotingiz, hayratingizni so‘z bilan ifodalash qiyin. Ishlar bo‘limi boshlig‘i Behzod Qurbonov tushuntirish berib bordi. Qo‘shma korxona 2010 yil 15 martda ro‘yxatdan o‘tgan, 2011 yildan mahsulot bera boshlagan. Jami 24 turdagi ehtiyot qismlar ishlab chiqilib, “GM Uzbekistan” avtomobil zavodiga yetkazib berilayotgan ekan. O‘tgan yilning ikkinchi yarmidan boshlab qo‘shimcha investitsiya evaziga “Jentra”, “Aveo” avtomobillari uchun yangi avlod spidometrlari chiqarila boshladi, ular tezlikni aniqlash bilan birga, kompyuter yordamida yoqilg‘i sarfi, tashqaridagi harorat, shinalardagi bosimni aniq ko‘rsatib beradi, shuningdek, yana bir qancha elektron tizimlar bilan ta’minlandi, uzoq yillar xizmat qiladigan diodli yoritish moslamalaridan foydalanildi. Respublikamizda ilk bor azot gazi yordamida plastmassa quyish texnologiyasi o‘zlashtirildi. 2017 yilda avtomobil salonini ishga tushirish mo‘ljallangan, isitish, sovutish tizimining boshqaruv qurilmasini mahalliylashtirish jarayoni ketayotgan ekan. Mahsulotlar xili, sonini ko‘paytirish, ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash maqsadida yangi turdagi xalq iste’moli mollari, jumladan, elektron soat, sekundomer, sportchi vaznini aniqlovchi elektron tarozi ishlab chiqarila boshlabdi va respublika bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasiga 300 million so‘mlik mahsulot yetkazib berilibdi. 2012 yilda 100 ming, 2013 yilda 160 ming, 2014 yilda 227 ming AQSh dollariga teng mahsulot eksport qilinibdi, bu yilgi mo‘ljal 250 ming dollarlik ekan. Korxona mahsulotlari Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarboyjon, Ukraina, Hindistonga eksport qilinayotir.

Yuqoridagi turfa sanoq, quruq raqamlar sizni zeriktirmasligini, aksincha, ularning mag‘zini chaqishingiz, mohiyatiga yetishingizni istardik. Ba’zan birgina quruq raqam bir necha sahifali “ho‘l” mulohazaning o‘rnini bosadi. Eksport qilinib keltirilgan foyda – yuzlab, minglab AQSh dollarlari, avtomashinaning kichik bir detali zamirida qanchadan-qancha insonlar –loyihachi, muhandis, ishchi, xizmatchi, turfa mutaxassislarning aql-zakovati, peshona teri, zahmatlari yotibdi. Mashinangizni yurgizadigan kalit sinib yoki yo‘qolib qoldi, deylik. Kichik bir matoh. Lekin uni, ayni o‘lchamlari, uzun-qisqaligi, qalin-yupqaligi mos keladiganini topguncha qancha sarson bo‘lasiz. Jizzaxdan Toshkentga Dilmurod degan yigitning “Neksiya”sida ketaturib spidometri ishlamasligigi e’tibor berdim. Sababini so‘raganimda, spidometr topish mushkulligi, Jizzaxda uni tuzatadigan birgina usta borligi, navbati kelishini uzoq kutish kerakligini aytdi. “O‘zMinda”da turfa yengil mashinalar uchun bu ehtiyojtalab narsa ko‘plab chiqarilayotganini ko‘rdim, ish jarayonini kuzatdim. Ulug‘bek Naimov degan yigit maxsus kabinada spidometr tezligi, ogohlantiruvchi belgilarining risoladagidek chiqishini ko‘rayotgan, tekshirayotgan ekan. “Biror nuqsoni aniqlansa, qaytaramiz, xalqaro standart talablariga javob berishi kerak, axir”, — dedi. Navoiy industriya-iqtisod kollejini tugatgan 24 yoshli Dilnavoz Tursunova tayyor spidometrlarni chiroyli qutichalarga joylashtirayotgan ekan, har kuni 550 tani jo‘natishga tayyor qilishini aytdi. “Avval faqat “Matiz” eshik dastasini qo‘lda yig‘ardik, endi 20 xildan ortiq dastani ham qo‘l, ham texnika yordamida yig‘ayapmiz”, — dedi poytaxtda texnika universitetini bitirib kelib ishlayotgan Fazliddin Avulov. Yigitlar ko‘z o‘ngimda plastmassadan mashina eshigi dastasini chiqarishdi, pressga solishdi, qizitishdi, sovutishdi, bittasini, esdalik uchun, berishdi, yengil, chiroyli.

Korxonada xizmat qilayotgan 90 ishchining yarmidan ko‘pi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, texnika oliy o‘quv yurtlarida tahsil olganlar ham ancha. Ishchi, mutaxassislar vaqti-vaqti bilan Toshkentdagi Turin politexnika universitetida, Koreya, Hindistondagi turdosh korxonalarda malaka oshirib kelisharkan. “Hindistonlik menejer Arxiprava Goshning o‘zbekcha binoyidek gapirishini ko‘rsangiz havas qilardingiz, afsus u hozir Toshkentga ketgan”, — deyishdi. Inglizcha, ruscha biladigan ishchilar ham ancha ekan. “Bolalar tagliklari, xotin-qizlar gigienasi mahsulotlari chiqarishga ixtisoslashgan qo‘shma korxonamiz ham bor, mahsulotlariga ehtiyoj, talab katta, ko‘ramiz desalaring marhamat”, — dedi Behzod kulimsirab. “Rahmat, ayollar kelib ko‘rgani ma’qulroq”, dedik biz ham hazil ohangida.

Sankt-Peterburgda Ermitaj zallarini uch soatcha aylanganman. Miriqib ko‘rish, to‘liq tasavvur hosil qilish uchun kamida bir oycha kerak bo‘ladi, deyishadi. Vaqti kelib, 564 gektar maydonda joylashgan, o‘nlab zamonaviy, turfa korxonalarni, antiqa shaharni ko‘rishga uzoq muddat kerak bo‘lsa ajabmas.

Saydi UMIROV

Navoiy — Toshkent

«Hurriyat» uchun maxsus tayyorlandi.

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.