O‘ZIMIZDAN XORIJGA

Mamlakatimizda yengil-sanoat xususan, to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab-chiqarishga katta e’tibor qaratilib, ayni damda eng chekka hududlarda ham kichik tsexlardan tortib, fabrikalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Buning natijasida minglab kishilar ish bilan ta’minlanib, bozorlarimiz milliy mahsulotlarimiz bilan to‘lib bormoqda. 

Ayni paytda "O‘zbekengilsanoat" aktsiyadorlik jamiyati tasarrufida 200 dan ortiq korxonalar faoliyat yuritmoqda. Yana 24 ta yangi korxonani ishga tushirish mo‘ljallanmoqda. Bu loyihalar ro‘yobi bilan 12 ming 700 ta yangi ish o‘rni yaratilib, ko‘plab kollej bitiruvchilari ish bilan ta’minlanadi.

Hozirgi kunda yevropacha uslubda kiyinish urf bo‘lishiga qaramay, ko‘plab xotin-qizlar o‘rtasida milliy liboslarimizga qiziqish ortib bormoqda. Bahorning iliq kunlarida qizlar egnidagi milliy matolarimiz adras va atlaslardan tikilgan liboslarni ko‘rib quvonasan, kishi. Bu haqda "O‘zbekengilsanoat" aktsiyadorlik jamiyati texnika siyosati va prognozlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Dilbar Muhammedova shunday deydi:

— Shunisi quvonarliki, bozorlarimizdagi aksariyat kiyim-kechaklar yurtimiz yengil-sanoat korxonalariga tegishlidir. Bejirimligi, sifati va narxining hamyonbopligi bilan mahsulotlarimiz o‘z xaridorlarini topayotir. So‘nggi paytlarda tovarlarimizning sifatiga yanada e’tibor qaratib, havo o‘tkazishi, yuvganda rangi o‘chmasligi, cho‘ziluvchanligiga ahamiyat berilmoqda. Zero, kiyim inson tanasini tashqi ta’sirlardan asraydigan vosita bo‘lishi bilan birga, o‘ziga va atrofdagilarga estetik zavq bag‘ishlashi lozim. Shu bois milliy elementlardan foydalanib, qulay va zamonaviy dizayndagi kiyimlar ishlab chiqarishga harakat qilyapmiz. Matolarga naqsh, jiyak va kashtalardan bezak berib, milliylikni uyg‘unlashtirgan holda mahsulotlar yaratilyapti. Liboslar dizaynini yaratishda modeler rassom va dizaynerlar bilan ish olib boramiz. Uslubchilarimiz esa chet ellik dizaynerlar bilan hamkorlik qilishayotir.

Darhaqiqat, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlarining sifat darajasi yuqori bo‘lib, jahon standartlariga bemalol javob beradi. Ko‘pchilik sun’iy matolardan uzoqlashib, tabiiy (paxta, jun, ipak,) mahsulotdan tayyorlangan kiyimlarni ma’qul ko‘rishyapti. Poytaxtimiz va mamlakatimizning ko‘plab hududlarida "Lukbo tekstil", "Arje feyshn","Kortekssoks", "Shayxontohur textile", "Crockid", "Biryuza grupp" kabi korxonalarning maxsus do‘konlari ochilgan. Bu yerda jins va yoshga moslashtirilgan, iqlim va faslga mo‘ljallangan liboslar hamda matolarni hamyonbop narxda xarid qilish mumkin.

Dilbar Muhammedovaning ta’kidlashicha, bugungi kunda odamlar orasida teri va allergik kasalliklar uchramoqda. Ayrim hollarda kiyimlar ham bunga sababchi. Shu bois matoni bo‘yashda sintetik aralashmalardan qochishga harakat qilinadi. Bu jarayonda, ayniqsa, bolalar va chaqaloqlar kiyimlariga alohida e’tibor beriladi.

Rossiya, Germaniya, Hindiston va boshqa davlatlarda O‘zbekiston mahsulotiga ehtiyoj va talab ortib bormoqda. Aytish joizki, mamlakatimiz gazlama va matolari endilikda Malayziya va Vetnam mahsulotlari bilan bemalol raqobatlasha oladi.

— "O‘zbekengilsanoat" aktsiyadorlik jamiyati tasarrufidagi korxonalar tashqi bozorlardagi ishtirokini mustahkamlab bormoqda, — deya so‘zida davom etdi suhbatdoshimiz. — Ayni paytda, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik va trikotaj mahsulotlari 55 dan ziyod davlatga eksport qilinmoqda. O‘tgan yili Kolumbiya, Braziliya, Salvador, Pokiston, Gruziya, Xorvatiya, Nigeriya va boshqa davlatlarda yangi bozorlar o‘zlashtirildi. Jamiyatimiz eksport korxonalar mahsulotlari nomenklaturasini kengaytirish, xorijiy davlatlarga tavsiya etish maqsadida Xitoy, Rossiya, Belarus, Latviya, Janubiy Koreya, Turkiya, Germaniya va boshqa mamlakatlarda xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etmoqda.

Ommaviy sport kiyimlari ishlab chiqarish faoliyatning asosiy yo‘nalishlaridan biri sanaladi. 2015 yilda mamlakatimizda 190,8 milliard so‘mdan ziyod mahsulot ishlab chiqarildi. Joriy yilda ham "O‘zbekengilsanoat" korxonalari yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishda davom etadi. Asosiy e’tibor, bolalar sport kiyimlari ishlab chiqarishni yanada ko‘paytirish, eksport hajmini oshirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishga qaratiladi. Jumladan, 2016 yilda 1,1 milliard dollarlik mahsulotlar eksport qilish hamda 32 ta investitsiya loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgani tadbirkorlarga katta imkoniyatlar ochadi.

 Nargiza BOBOMURODOVA

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.