Quyoshdan bir hovuch nur

Bugun mamlakatimizning har bir go‘shasida bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. Zamonaviy o‘quv binolar, sport inshootlari barpo etilib, xalqimiz xizmatiga shay holatda turibdi. Toshkent viloyatining so‘lim Chirchiq shahrida ham e’tirofga loyiq ishlar amalga oshirilmoqda.

 

Poytaxtimizdan uncha uzoq bo‘lmagan, bir tomoni so‘lim bog‘-rog‘lar, bir tarafi yuksak tog‘larga tutash Chirchiq shahri Alisher Navoiy shoh ko‘chasi bilan boshlanadi. O‘ziga xos manzara va tarovatga ega bu makonning ariqlari mudom tiniq suvga to‘lib oqishi, havosining musaffoligi, sanoat rivojlanganligi bilan alohida ajralib turadi.

Bir yuz ellik mingdan ziyod aholi istiqomat qilayotgan, yetmishdan ortiq millat va elatlarni o‘z bag‘riga olgan shaharda obodonchilik, bunyodkorlik ishlari jadal kechmoqda.  

– Jonajon diyorimiz kundan-kunga  chiroy ochayotibdi. Eng muhimi, vatandoshlarimiz yuz-ko‘zida quvonch, yaxshi kunlarga ishonch bor, – deydi biz bilan suhbatda Chirchiq shahar hokimligining ma’naviyat-targ‘ibot ishlari bo‘yicha rahbari Rixsi Bekbo‘taeva. – Istiqlolimiz arafasida shahrimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, qurilish ishlarida hamshaharlarimizning fidokorona mehnati, jonbozligi mujassam. Prezidentimizning joriy yil 2 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassamlashtirgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishni rejalashtirganmiz. Bunda tegishli komissiya a’zolaridan tarkib topgan ma’naviyat guruhi vakillari bilan korxona va tashkilotlar, mahallalarda “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” g‘oyasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tadbirlar, davra suhbatlari uyushtirilayapti. Bozorlarimizda ham radio orqali shu mavzuda ellikdan ortiq suhbatlar, qiziqarli eshittirishlar berib borilmoqda. Shuningdek, shahrimizning obodonchiligi yuzasidan istiqlolimizning 25 yillik to‘yiga to‘yona sifatida shahar hokimining buyrug‘iga asosan, 25 ta ko‘cha “Eng namunali ko‘cha” deb e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan. Bunda mahallalar ozodaligi, ko‘chalar ko‘rkamligi, aholi turar joylarining shinamligi va tozaligiga alohida ahamiyat beriladi. Bir so‘z bilan aytganda, shahrimizda bayramni munosib kutib olish ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda. 

 

OZOD YURT FARZANDLARI                                                         

Chirchiq shahridagi G.Chaykovskiy nomidagi 15-musiqa maktabida ham iste’dodli yoshlar talaygina. Bu haqda maktab direktori Nilufar Isroilova shunday deydi:

– Maktabimizda besh yuzdan ortiq yoshlarimiz xalq cholg‘ulari, estrada ijrochiligi, fortepiano, xoreografiya, xalq amaliy san’ati (miniatyura, dizayn) kabi jami 13 ta yo‘nalish bo‘yicha ta’lim oladi. O‘quvchilarimiz iqtidori nafaqat respublikamiz, balki xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilayotgan xalqaro ko‘rik-tanlovlarda ham yuqori baholanmoqda.  “San’at g‘unchalari”, “Yagonasan, muqaddas Vatan!”, “Kamalak yulduzlari” kabi tanlovlarda o‘quvchilarimiz g‘olib va sovrindor bo‘lmoqda. Xususan, Rossiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Turkiya singari davlatlardagi tanlovlarda iqtidorlarini namoyish etishdi. Shu yil 1 va 5 may kunlari Ispaniyada o‘tkazilgan xalqaro tanlovda ham shogirdlarimiz 1 ta birinchi va 2 ta uchinchi o‘rinlarni egallab, yuzlari yorug‘ bo‘lib qaytishdi. Bir necha bor ana shunday xalqaro tanlovlar g‘olibi Ravshan Sadriddinov, Omonbek Rixsimboev, Otabek Baxtiyorov, Azamat Yo‘ldoshev, Farangiz Jalolova, Cho‘lpon Karabekova, Veronika Kim singari iste’dodli yoshlarimiz faxrimizdir. 

Darhaqiqat, iste’dodlarni topish, ularni qo‘llab-quvvatlash o‘qituvchiyu murabbiylar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Ammo yoshlarning salomatligi, ularni hech bir kasallikka chalinmay voyaga yetishi ham muhim vazifadir. Bu borada shahardagi tibbiyot muassasalarida ham rejali ishlar olib borilmoqda. 

– Oilaviy poliklinikamiz tasarrufida ellik mingdan ortiq aholi bo‘lsa, ulardan 12 600 nafari bolalardir, – deydi Chirchiq shahar 2-oilaviy poliklinika umumiy amaliyot shifokorlari bo‘limi mudiri, oliy toifali shifokor Dilfuza Oripova. – Ayni paytda umumiy amaliy shifokorlar va hamshiralarimiz mahallalarga biriktirilgan bo‘lib, ular bolalar salomatligini asrash va tiklash yo‘lida xizmat qilmoqda. Shu kunga qadar hududimizda onalar o‘limi kuzatilmadi. Bolalar o‘limi esa to‘rt barobarga kamaydi. Tizimli ravishda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga vitaminizatsiya va degelmentizatsiya ishlari olib borilib, A vitamini  bilan umumlashmagan bolalar to‘liq qamrab olindi. Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘iga asosan, hududda ichki tarmoq rejasiga binoan bolalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bunda bolalar o‘rtasida kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlash, davolash hamda shifoxona va sanatoriy-kurort maskanlari tomon yo‘naltirish ishlari bajarildi. Mamlakatimizda onalar va bolalar salomatligiga e’tibor yildan-yilga ortib borayotgani shifokorlar zimmasidagi vazifalar ko‘lamini yanada orttiradi. Bu esa har birimizdan o‘z vazifamizga o‘ta mas’uliyat bilan yondashishni talab etadi. 

EL

DUOSI

Nuroniylarning duosini olish, ularning boy tajribasini, hayotiy o‘gitlarini tinglash har birimiz uchun ibratlidir. Shu kunlarda qutlug‘ 100 yoshni qarshilayotgan, qo‘llari elning duosida bo‘lgan Zubaydulla ota Toshmatov ham yoshligini Ikkinchi jahon urushining olovli yillariga bag‘ishlagan, xalqimizning osoyishtaligi uchun xizmat qilgan fidoyi keksalarimizdan. Odatda kitoblarda o‘qigan, suratlarini, filmlarini tomosha qilgan urush haqida otadan eshitish, tafsilotlarini tinglash bizga hayajonli bo‘ldi.

– Urushni ko‘rgan ko‘zlar dahshatdan qotdi. Tahlikadan bir kunda sochlari oqarib ketganlarni ham ko‘rganman, – deydi Zubaydulla ota 1941 yilning yoz oylarini eslab. – Urush rostmana dahshat edi. Bir yoqda zambaraklar gumburlasa, yana bir tarafda ko‘kdan tushgan bombalar yerni zir titratardi. Tank-larning guvillashi esa quloqni qomatga keltirardi... Olti marta yaralandim. Kechalari okoplarda izg‘ib, qo‘limizda qurol bilan qachon urush tugarkin, qachon ota-onamizning diydorini ko‘rarkanmiz, deb tong ottirardik. Ana shunday kunlar boshimizdan o‘tdi. Yaratganga behad shukur, tinch, osoyishta yurtda yashayapmiz. Bugungi yoshlarga boqib, o‘zim ham yosharib ketganday bo‘laman.

Zubaydulla ota singari urush faxriylari bugungi farahbaxsh kunlardan, saodatli onlardan bahramand bo‘lishdi. Hukumatimiz tomonidan ularga alohida g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatilmoqda.

 

XOTIMA         

Bir rivoyatda aytilishicha, o‘zga yurt mulkiga ko‘z tikkan g‘anim shu o‘lkaning sarhadlari oldiga kelib, qulay payt poylabdi. Shunda g‘anim lashkarboshisining ko‘zi nogoh yerda don-dun orqalab ketayotgan chumolilarga tushibdi va ko‘p o‘tmasdan qo‘shinning ortga qaytishini buyuribdi. Jangavor shaylikda turgan askarlar hayron bo‘lib, buning boisini so‘rashadi. Shunda lashkarboshi:

– Mana bu jonivorlarga qarang. Ularning yelkalaridagi don – pishgan guruch donalari. Chumolilariki, shunday to‘q, farovon yashar ekan, bunday yurtni mavh etish mushkul, – debdi u o‘z mulozimlariga. 

Aslida shu mamlakat podshosi sal avval xalqiga osh berib, xayr-saxovat tadbirlarini o‘tkazgan ekan. Yerga tushgan guruch donalari esa o‘sha bayram va tantanalardan qolgan bo‘lib, xokisor chumolilar odil podsho sabab, yurtini saqlab qolgan ekan. 

Yuqorida tilga olganimiz ona Vatanimizning birgina hududida amalga oshirilgan yangiliklar, quyoshdan bir hovuch nurday go‘yo. Bunday ezgu ishlarning sanab adog‘iga yetolmaymiz. Zero, bugun har bir yurtdoshimiz mustaqil va tinch mamlakatimizdagi fayzli kunlar Yaratganning ulug‘ inoyati, Vatan ravnaqiga ulush qo‘shish har birimiz uchun oliy saodat ekanini yaxshi bilishadi. 

 

Nargiza ASADOVA

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.