MUSTAQILLIK — BORLIG‘IMIZ VA G‘URURIMIZ

Mustaqillik va milliy g‘urur. Bu so‘zlar bir-biri bilan uyqash, chambarchas.  Insonning o‘zligini tanishi avvalo Vatanni, millatni tanishdan boshlanadi. Inson o‘zligini anglagani, nasl nasabini chuqurroq bilgani sari yuragida Vatan tuyg‘usi ildiz otib boraveradi. Shu o‘rinda Davlatimiz rahbarining bundan bir necha yil ilgari ta’kidlagan «Nega biz o‘zimizga, biz kimmiz, degan savolni qo‘ymaymiz? Agar g‘urur bo‘lmasa, iftixor bo‘lmasa, har qaysi millatni millat, har qaysi xalqni xalq qiladigan mana shu tuyg‘u, mana shu da’vat yuragimizdan, qalbimizdan joy topmasa, kelajagimizni tasavvur qilish mumkinmi?», degan fikrlari xayolga keladi.

 

Milliy g‘urur tushunchasi shunchalar serqirra va teranki, uni muxtasar holda, ta’rif va tavsiflashning aslo imkoni yo‘q. U tug‘ilgan tuprog‘imiz, ajdodlarimiz ruhi, ona tilimiz shukuhi, dinu imonimiz, boringki, tomirimizda oqayotgan qonlarimizda mujassam. Ko‘chalarimizni to‘ldirib yurgan bir-biridan o‘zg‘ir va chiroyli avtolar, ko‘rkam inshootlar, gigant zavod va fabrikalar, yaqindagina ishga tushgan Pop—Angren temir yo‘li, olamni hayratga solayotgan sportchilarimiz, xullas, ko‘nglimiz yorituvchi o‘zbegimizga daxldor har neki ezgulik bo‘lsa, u milliy g‘ururimizni jo‘shtiradi. 

Vatani, milliy qadriyatlari, dini, urf-odatlarini ulug‘lagan elning ertasi yorug‘, kelajagi buyuk. Milliy g‘urur hamisha insonni yuksak cho‘qqilarga da’vat qilib turadi. Ildizlari bir necha ming yillarga borib taqaluvchi xalqimiz tarixini olib ko‘radigan bo‘lsak, milliy g‘ururimizni poymol etishga, o‘zligimizni unuttirishga, mutelik iskanjasida ushlab turishga  qanchadan-qancha urinishlar bo‘lgan..

Milliy g‘ururni, millat sha’nini deb, o‘limga tik boqqan ota-bobolarimiz bir soniya bo‘lsa-da, ozodlik ne’matining toti va nashidasini unutmadilar. Jumladan, To‘maris va Shiroq jasoratida o‘z jonini fido qilib bo‘lsa-da, Vatanni saqlab qolgan bobo-momolarimizni ko‘ramiz. Spitamenning Aleksandr Makedonskiyga, Jaloliddin Manguberdi, Najmiddin Kubrolarning mo‘g‘ul bosqiniga qarshi matonat bilan kurashishining zamirida ham yagona maqsad — Vatan va xalq ozodligi turardi. Yuz yildan ziyod qaramlikdan so‘ng Sohibqiron Amir Temur bobomiz azmu shijoati boisgina yurtimiz dushman asoratidan xalos bo‘lgani ham tarixdan ma’lum. Milliy g‘urur bobolarimizga cheksiz jasorat, sher yuragidek yurak ato etgan edi, desak adashmaymiz. 

Jahonni larzaga solgan bosqinchi Chingizxon, «Qani endi Jaloliddin mening o‘g‘lim bo‘lsa edi», — deya uning jasoratiga, mardligiga tan bergani qay birimizga g‘urur bag‘ishlamaydi. Ma’lumki, Mirzo Ulug‘bek bobomiz oddiy asboblar yordamida 1200 dan ziyod yulduzlar joylashishini o‘rgangan ekan. Bu hozirgi zamonaviy kompyuterlar yordamida o‘lchab ko‘rilganda, atigi yarim daqiqaga adashilgani ayon bo‘ldi. Bobomiz Navoiy dostonidagi Farhod obrazi sehrli ko‘zgu orqali olis yurtdagi Shirinni ko‘rib, unga oshiq bo‘lib qolishi-chi? Besh asr avval yashab o‘tgan bobomiz o‘z xayolot dunyosi bilan hozirgi internet, oynai jahon yoxud uyali telefonlarni bashorat qilmagan deb ko‘ring-chi! Ummon ortidagi Amerika qit’asini kashf etgan Beruniy bobomiz fenomeni-chi?!. 

Shu zaminda Ma’mun akademiyasi tuzilgani, Mirzo Ulug‘bek rahnamoligida Samarqandda ko‘plab olimlar faoliyat ko‘rsatgani, nihoyat, Xusayn Boyqaro davrida Hirotda Alisher Navoiydek zabardast shoirning yetishib chiqishi qonuniyati ana shunda, menimcha.. Samo ilmidan tortib yer ilmigacha, tibbiyot, ilohiyot, riyoziyot, til, qo‘ying-chi, barcha sohalarda ota-bobolarimiz erishgan yutuqlardan endilikda ahli jahon lol bo‘lib turibdi. Biz ana shunday ajdodlarning merosxo‘rlarimiz. Shu tuproqda tug‘ilganimiz, buyuk ajdodlarga vorisligimiz, bag‘rikeng va imonli o‘zbek farzandi ekanimizdan har qancha g‘ururlansak arziydi.

Afsuski, yurt rivoji hamma zamonlarda ham bir tekis kechavermas ekan. Alalxusus, Temuriylar hukmronligidan keyingi uch yuz yildan ziyod vaqt oralig‘ida yurtimiz parokandalik va qoloqlikka yuz tutdi. Uch xonlikka bo‘linib ketgan Turkiston zamini uzoq vaqt ziddiyat va qarama-qarshiliklar, nizolar o‘chog‘iga aylanib qoldi. Tarixning hal qiluvchi burilish pallasida, ya’ni XIX asrning 60-yillariga kelib, xalqimiz eng bebaho boyligi, mustaqilligini boy berib, mustamlakaga aylandi. Xalqimiz oxirgi istibdod bosqichida 130 yildan ziyod muddat davomida yashashga mahkum bo‘ldi. Ushbu fursat mobaynida qanchadan-qancha qurbonlar, yo‘qotishlar va qatag‘onlar yuz berganiga tarix guvoh. Millatning o‘zligini, urf-odatlarini, qadriyatlarini poymol etish, eng asl farzandlarini yo‘qotish istibdodning asosiy maqsadi edi. Buning sababi ma’lum, o‘zligini unutgan xalqni boshqarish oson. Ota-bobolari kim, o‘zining kimligini anglamasdan yashayotgan odamning manqurtdan aslo farqi yo‘q. Milliy g‘ururi bo‘lmagan kimsa loyday gap, undan istagan kishi istagan shaklu shamoyilni yasay oladi. Zotan, buyuk bobomiz mir Alisher Navoiy hazratlari yozadilar:

El netib topgay menikim,

Men o‘zimning topmasam.

Ulug‘ shoir bitiklaridan ham ko‘rinib turibdiki, odam o‘zini tanimas ekan, uni boshqalar ham tanimaydi. 

Nihoyat, 1991 yil 31 avgustda uzoq va ayovsiz davom etgan istibdod saltanati tugatilib, xalqimiz yana ozodlikning beqiyos ne’matiga muyassar bo‘ldi. Albatta, istiqlolning o‘tgan chorak asri ham sip-silliq, oppa-oson kechmaganini hammamiz yaxshi bilamiz. Yurtboshimiz rahnamoligida xalqimiz bu yo‘ldagi og‘ir mashaqqatlarni yengib o‘tgani, har jihatdan og‘ir vaziyatda qolgan, izdan chiqqan ijtimoiy-iqtisodiy hayotni yo‘lga solganining o‘zi katta qahramonlik solnomasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bundan tashqari, bizning tinch-osoyishta hayotimizga hasad qilayotgan yoki bo‘lmasa, qaytadan bizni qullik zanjiriga solmoqchi bo‘layotgan kuchlardan doimo ogoh bo‘lishimizga to‘g‘ri keldi. Eng asosiysi, chorak asr mobaynida Vatan tinchligini asrab-avaylash, el farovonligini ta’minlash maqsadida ko‘plab ezgu islohotlar, rejalarning ro‘yobini ko‘rish bilan bir qatorda hammamiz mana shu o‘zgarishlarning bevosita ishtirokchisiga ham aylandik. Har qanday og‘ir va qaltis vaziyatlarda Yurtboshimiz mamlakatda tinchlik-osoyishtalikning mustahkam qo‘rg‘oni, ishonchli kafolati bo‘lganining guvohiga aylandik. 

Bugun yigirma besh yoshni qarshilayotgan Vatanning qay go‘shasida bo‘lmaylik, ulkan o‘zgarishlar va yangilanishlarga duch kelamiz. Asosiysi, odamlarning ongi, dunyoqarashi hamda hayotga munosabati tubdan o‘zgargan. Kattayu kichik eldoshlarimiz o‘zi va jamiyat uchun bir foyda yetkazishni diliga tugib yashamoqda. Bugun faxru g‘ururga arzigulik yutuq va muvaffaqiyatlarimizni sanab sanog‘iga yeta olmaymiz. Zero, O‘zbekistonimizda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati oxirgi 11 yil mobaynida 8 foizdan kam bo‘lmayotgani, mamlakatimizning nufuzli Jahon iqtisodiy forumi reytingiga muvofiq, 2014 –2015 yillardagi rivojlanish yakunlari hamda 2016-2017 yillarda iqtisodiy o‘sish prognozlariga ko‘ra, jahondagi eng jadal rivojlanayotgan besh mamlakat qatorida turgani ham har birimizga ulkan g‘urur baxsh etadi.

Yurtboshimiz Islom 

Karimov o‘zining «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» asarida shunday ta’kidlaydi: «Tarix haqiqati shuni ko‘rsatadiki, tomirida milliy g‘urur, Vatan ishqi jo‘sh urgan odamgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi. Biz shunday ma’naviy muhit yaratishimiz kerakki, yurtimizning har bir burchagida, barcha shahar va qishloqlarimiz qiyofasida Vatandan faxrlanish hissi ko‘zimizni, qalbimizni yashnatib tursin».

Shu o‘rinda e’tiboringizni ayni kunlarda «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovlarga tortmoqchiman. Unga ko‘ra, Vatanimizning turli xududlarida istiqomat qiluvchi har xil yoshdagi va turfa millatga mansub yurtdoshlarimizdan 98,9 foizi mamlakatimizning buyuk kelajagi hamda taraqqiyotiga ishonch bilan qarashlarini ta’kidlashgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 98,2 foizi yurtimizdagi bugungi iqtisodiy-ijtimoiy holatni ijobiy baholab, uning barqaror ekanligini bildirishgan. Respondentlarning 99,6 fozi tinchlik hamda osoyishtalikning ta’minlanishi va mustahkamlanishi, ijtimoiy-siyosiy, millatlararo, dinlararo hamda harbiy mojarolar va qarama-qarshiliklar yo‘qligini mustaqilligimizning eng katta yutug‘i, deb hisoblaydi. 

Ushbu bitta tadqiqotning o‘zi ham mamlakatimiz mustaqilligining 25 yilligi bo‘sag‘asida Aholi ijtimoiy kayfiyati indeksi yuqoriligini yaqqol tasdiqlab turibdi. 94,4 foiz ko‘rsatkich, sotsiologlarning qayd etishicha, yurtdoshlarimizning o‘z hayotidan mamnunligini ifodalaydi. Moddiy ta’minlanganlik, maishiy sharoit, huquqiy himoya kafolati, oila va mamlakat kelajagiga ishonch yuqoriligi shular jumlasidandir. 

Ha, azizlar, millatning g‘ururini tog‘day yuksaltiruvchi vosita, bu — ozodlik ekanini hurriyatga erishgach, yanada teran va puxta angladik. Vatan osoyishta va tinchlikda, el ahillik va hamjihatlikda har tomonlama taraqqiy eta olishining bugun jonli guvohi bo‘lib turibmiz. Ulkan bayram arafasida olis Rio-de-Janeyro shahrida hamyurtlarimiz — bokschi Hasanboy Do‘smatov va og‘ir atletikachi Ruslan Nurudinovlar XXXI jahon Olimpiadasi oltin medallarini qo‘lga kiritdilar. Ular sharafiga O‘zbekiston bayrog‘ining yuksak ko‘tarilib, madhiyamizning jahon uzra jaranglagani g‘ururimizni yanada yuksaltirib yubordi. Xullas, g‘ururulanishimiz uchun asos bo‘ladigan mujdalar, o‘zgarishlar g‘oyatda bisyor. 

Beg‘ubor osmonda charx urayotgan qushlarga, quyosh nurlarida erkalanib yotgan paxtazorlarga, bolga to‘la bepoyon bog‘larga, bunyodkorlik, yashnatish shavqi bilan mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizga g‘urur va mehrla boqaman. Dunyoning hech yerida bunday jannatmonand o‘lka, bunday mehnatkash, bag‘rikeng xalq yo‘q, menimcha! Zotan,shoir aytganidek, o‘xshasa o‘ziga o‘xshaydi, o‘zbek. Yurtimizda Istiqlol shukuhi kezib yurgan shu damlarda tinchligimizga aslo ko‘z tegmasin, gullab-yashnayotgan ona yurtimiz uzra istiqlol quyoshi mangu porlab tursin, deymiz.

Abdumajid AZIMOV

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.