YOSHLAR MANFAATINING ISHONCHLI HIMOYACHISI

“Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bugungi kunda yoshlar manfaatlarini ishonchli himoya qiluvchi hujjat bo‘lib hisoblanadi.

 Qonunda yoshlar bo‘yicha davlat siyosatining maqsadlari va tamoyillari, yoshlarning huqu­qiy va ijtimoiy muhofazasi masalalari, ta’lim olish huquqi, iqtidorli yoshlarga nisbatan davlat ko‘magini amalga oshirish kabi jamiyat rivojlanishi uchun zarur va dolzarb masalalar qamrab olingan. Jumladan, qonunga muvofiq yoshlarga oid davlat siyosatining sub’ektlari sifatida davlat hoki­miyati va bosh­qaruvi idoralari, yosh­lar nomidan ularning jamoat birlashmalarining faoliyat ko‘rsatishi belgilab qo‘yildi.

Ushbu qonun 4  ta bob va 33  ta moddadan iborat.

Bu borada ta’kidlash lozimki, demokratik-huquqiy va ochiq jamiyat barpo etishimiz nuqtai nazaridan kelib chiqib, qonunda yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy printsiplari sifatida quyidagilar mustahkamlab qo‘yilgan:

ochiqlik va shaffoflik;

yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda yosh­larning ishtirok etishi;

yoshlar tashabbuslarini qo‘l­lab-quvvatlash va rag‘batlantirish;

ma’naviy, axloqiy va madaniy qadriyatlarning ustuvorligi;

yoshlarning kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmasligi.

Ko‘rinib turibdiki, bu printsiplar yoshlar tarbiyasida nihoyatda muhim ahamiyatga ega.

Qonunning yana bir muhim jihati, u ham bo‘lsa, unda yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari alohida moddada belgilab qo‘yilmoqda. Ularga, yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash;

yoshlarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlash;

yoshlarning ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish;

yoshlar uchun ochiq va sifatli ta’limni ta’minlash;

yoshlarni ishga joylashtirish va ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish;

yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuyg‘usi, bag‘ri­kenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta’sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo‘lgan qat’iy ishonch va qarashlarga ega qilib tarbiyalash;

yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, terrorizm va diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilish;

yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish;

iqtidorli va iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish;

yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;

yoshlarda sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirish, shuningdek ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va yoshlar sportini ommaviy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;

yosh oilalarni ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish bo‘yicha komp­leks chora-tadbirlar tizimini amalga oshirish;

yoshlarning huquqlari va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish borasida faoliyat ko‘rsatadigan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish kabi normalar kiritilgan. 

Qonunda 5  ta asosiy tushuncha berilgan, ya’ni “yoshlarga oid davlat siyosati”, “yoshlar (yosh fuqarolar)”, “yosh oila”, “yosh mutaxassis”, “yoshlar tadbirkorligi” tushunchalarining mazmun-mohiyati ochib berilgan hamda yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlari mustahkamlangan.

Jumladan, “yoshlar (yosh fuqarolar)” deganda, 14 yoshga to‘lgan va 30  yoshdan oshmagan shaxslar nazarda tutilmoqda.

“Yosh oila” tushunchasiga ham ta’rif berilgan. Unga ko‘ra, yosh oila deganda, er xotinning ikkisi ham o‘ttiz yoshdan oshmagan oila yoxud farzand (bola) tarbiyalab voyaga yetkazayotgan o‘ttiz yoshdan oshmagan yolg‘iz otadan yoki yolg‘iz onadan iborat bo‘lgan oila, shu jumladan, nikohdan ajralgan, beva erkak (beva ayol) tushuniladi.

Qonunda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat organlarining tizimi va ularning vakolatlari mustahkamlangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Mahalliy davlat hokimyati organlari, ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlari va ta’lim muassasalari, davlat sog‘­liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari, madaniyat va sport ishlari bo‘yicha organlar, mehnat organlari, prokuratura organlari, ichki ishlar organlari, adliya organlari, mudofaa ishlari bo‘yicha organlar mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyo­satini oshirishda qanday vakolatlarga ega bo‘lishlari mus­tahkamlab qo‘yildi.

Bundan tashqari, qonunda yoshlar nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy maqomi, shuningdek ular faoliyatining davlat kafolatlari belgilangan.

Shuningdek, qonunda yoshlar huquqlari va erkinliklarining kafolatlari, yoshlarni ijtimoiy himoya qilish kafolatlari, iqtidorli va iste’dodli yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, yoshlar tadbirkorligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalari alohida-  alohida moddalarda o‘z aksini topganligini ta’kidlab o‘tish joiz.

Qabul qilingan qonunning yana bir o‘ziga xos jihati shundan iboratki, unda yoshlarni va yosh oilalarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida yoshlar ijtimoiy xizmati faoliyat ko‘rsatishi belgilab qo‘yildi.  

Yoshlar ijtimoiy xizmati faoliyatining yo‘nalishlari quyidagilarni qamraydi:

yosh fuqarolarga psixologik-pedagogik, yuridik yordam ko‘rsatish va maslahatlar berish;

imkoniyati cheklangan yosh fuqarolarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish;

yosh oilalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish;

ta’lim va mehnat jamoalarida yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish;

yosh mutaxassislarga yangi ish joyiga moslashishida, ularni qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ularni uy-joy bilan ta’minlashga ko‘maklashish;

voyaga yetmaganlar uchun ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarida ijtimoiy yordam ko‘rsatish;

ozodlikdan mahrum etish joylaridan va ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan yosh fuqarolarni ijtimoiy moslashtirish;

yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga ko‘maklashish;

huquqiy targ‘ibot, yoshlarni ishga joylashish, ta’lim olish va kasbiy tayyorgarlik borasida, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, turizm va sport sohasidagi imkoniyatlar to‘g‘risida xabardor etish;

yoshlarning yashash joylarida bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini tashkil etish va boshqalar.

Tushunarliki, har qanday jamiyat uchun o‘ta muhim va dolzarb bo‘lgan masalalar milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida qonunda belgilab qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoevning 2016 yil 8 sentyabr kunidagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi so‘zlagan nutqida ham ushbu yo‘nalishlardagi ishlar bundan keyin ham davom ettirilishi alohida ta’kidlandi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, yoshlarimizni bugungi kun talablariga javob bera oladigan, kasb sirlarini mukammal biladigan, vatanparvar, o‘zining mus­taqil fikri va pozitsiyasiga ega bo‘lgan komil va barkamol insonlar qilib tarbiyalashda mazkur qonunning o‘rni nihoyatda katta.

Qonun yoshlarimizni boy o‘tmish tariximizni mukammal biladigan, o‘tmish  qadriyatlarimizni mazmun-mohiyatiga yeta oladigan, yot g‘oya­larga qarshi tura oladigan, omma­viy madaniyat ko‘rinishidagi tahdidlarga qarshi kurasha oladigan, butun dunyoni jiddiy tashvishga solayotgan diniy ekstremizm, xalqaro terrorizm, odam savdosi,  giyohvandlik kabi  balo va  ofatlarga qarshi tura oladigan yoshlar bo‘lib yetishishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ishonamizki, qonun yoshlarimizning tarbiya topib, bilim olib, kasb-hunar egallab, oila qurib, o‘zlariga yaratilayotgan imtiyozlardan oqilona foydalanib  jamiyatda o‘zlarining munosib o‘rinlarini topishlarida  huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

 Odiljon TOJIYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

qonunchilik palatasi deputati

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

March 2017
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.