ILM IZLAGANGA ILMDIR DUNYO

Istiqlolning ilk yillaridan boshlab, ulug‘ bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishga kirishildi. Jumladan, benazir alloma Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy asarlari har tomonlama tadqiq etilib, keng jamoatchilikka taqdim qilinayotir. Inchunun, hazratning shoh asarlari “Al-Jome’ as-sahiyh” (4 jildlik) va “Al-adab al-mafrad” to‘lig‘icha kitobxonlarga tortiq etildi. Toshkent islom institutiga Imom Buxoriy nomi berilgan. Qolaversa, bir necha jome’ masjidlari buyuk muhaddis nomi bilan ataladi.

 

1997 yil 29 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Muhammad ibn Ismoil Imom al-Buxoriy tavalludining 1225 yilligini nishonlash va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingandi. Unga asosan Samarqand viloyatining Hartang qishlog‘ida, alloma dafn etilgan go‘shada muhtasham majmua barpo etildi, bu avlodlarning u zotga cheksiz ehtiromi ramzi edi. Mazkur yodgorlik majmui Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Andijon, Namangan, Qo‘qon va Shahrisabz ustalari tomonidan qisqa muddat, ya’ni sakkiz oy mobaynida bino qilindi. Majmua tarkibida hazratning maqbarasi, katta jome’ masjidi, muzey va boshqa inshootlar bor. Shuningdek, bu hududda beshta chinor va ular bo‘yidagi hovuz ham tarixiy ahamiyatga ega. Ushbu daraxtlar XVI asrda Buxoro xoni Ablullaxon davrida ekilgan. Mutaxassislarning aniqlashicha, chinorlarning yoshi 570 dan oshgan. 

Imom Buxoriy nomi dunyo miqyosida chuqur hurmat bilan tilga olinar, xorijda, ayniqsa, musulmon olamida yuksak ehtiromga sazovor bo‘lsa-da, sobiq tuzum davrida o‘z yurtida e’tibordan chetda edi. Hayoti va bebaho merosi deyarli o‘rganilmas, u zot abadiy qo‘nim topgan maskan tashlandiq holda bo‘lganini yoshi ulug‘ yurtdoshlarimiz yaxshi eslaydilar.

— Mustaqilligimizning dastlabki yillaridan ushbu maskanni obod qilishga alohida e’tibor qaratilgani bejiz emas. Negaki, o‘zligimizni, qanday ulug‘ insonlarning avlodi ekanimizni anglash, milliy qadriyatlarimizni tiklash yo‘liga kirishar ekanmiz, bu ishlarning debochasida Imom Buxoriy hazratlarining ma’naviy merosini tiklash vazifasi turishi tabiiy holdir, — deydi Hartang qishlog‘idagi Imom Buxoriy jome’ masjidi imom xatibi Zayniddin Eshonqulov. — Chunki bu dinimizga qilgan xizmati barcha zamon ulamolari tomonidan yuksak e’tirof etilgan. Misol tariqasida qatarlik olim Doktor Muhammad Ali Donaviyning “Al-Umma” jurnalidagi (1982 yil, avgust) “...Darhaqiqat, Islom ummati ko‘pgina fazilatlar, ilm va hidoyat evaziga Buxoriydan qarzdordir. Bu ummat zimmasiga yuklatilgan vazifa shuki, ular farzandlariga maktablarda, oliy ta’lim dargohlarida va majlislarda Buxoriy hazratlari o‘zi kim ekanliklarini o‘rgatmoqlari lozim”, degan so‘zlarini keltirib o‘tish kifoya.

Bu ulug‘ zotning benihoya nodir quvvai hofizasi va ilmi xususida rivoyatlar yuradi. Alloma umri davomida ko‘p safarlarda bo‘lgani ma’lum. Xususan, Basra shahriga kelganida jarchi: «Ey ahli ilm! Muhammad ibn Ismoil Buxoriy keldi!» deya hamyurtlariga xabar qiladi. Uni izlab borganlar Basra jome’ masjidida, ustun ortida namoz o‘qiyotgan yosh yigitni ko‘radilar. U namozini o‘qib bo‘lishi bilan atrofini o‘rab olib, ular uchun imlo majlisi qurishini iltimos qilishadi. U kishi rozi bo‘ladi. Shunda jarchi ikkinchi marta «Batahqiq, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy keldi! Biz undan imlo majlisi qurishni so‘radik! U ertaga falon joyda majlis qurishga rozi bo‘ldi!» deb jar soladi. Ertasiga faqihlar, muhaddislar, hofizlar va nozirlardan minglab odam jamlanadi. 

Bag‘dodda ham ulug‘ allomaning ko‘plab shogirdlari bo‘lgan. Abu Ali Solih ibn Muhammad Bag‘dodiy shunday deydi: «Muhammad ibn Ismoil Bag‘dodda majlis qurar edi. Men uning imlosini odamlarga yetkazib turar edim. Uning majlisiga yigirma mingdan ziyod odam jamlanar edi». Xulosa shuki, hadis ilmining sultoni o‘z davrida ham, keyin ham ustozlarning eng ulug‘i bo‘lgan. Boshqacha aytganda, o‘z bilimini xalqqa yetkazishda benihoya bag‘rikeng va karamli inson sifatida hurmat qozongan.

Muhammad ibn Yusuf Firabriy aytadi: «Bir kecha Muhammad ibn Ismoilning uyida qoldim. Uning o‘sha kecha o‘n sakkiz marta turib yodiga tushgan narsalarni yozib qo‘yganini hisobladim». Bundan ko‘rinadiki, hazrat ilm yo‘lida nafaqat dunyoviy manfaatlaridan voz kechgan, balki bunday zahmatdan lazzat topgan komil inson bo‘lgan.

Ma’lumki, islom dunyosida Qur’oni Karimdan keyingi o‘rinda imom Buxoriyning «Al-Jome’ as-sahiyh» kitobi e’zozlanadi. Hadislarning diqqat bilan jamlangani, mukammal tartibga keltirilgani yuksak e’tirofga loyiq. Hofiz Shamsiddin Zahabiy «Tarixul Islom» kitobida quyidagilarni yozadi: «Buxoriyning «Al-Jome’ as-sahiyh»i Alloh taoloning kitobidan keyingi Islomning eng ulug‘ va afzal kitobidir.

Darhaqiqat, buyuk allomaning boy merosini o‘rganish, ayniqsa, uning vatandoshlari uchun oliy burch. Shu ma’noda 2008 yilda Prezident farmoni bilan Imom Buxoriy xalqaro Markazi tashkil etildi. Markaz ilmiy tadqiqotlar va malaka oshirish o‘quvlari yo‘nalishida faoliyat yuritadi.

Ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishi ikkita bo‘limdan tashkil topgan. Hadisshunoslik bo‘limi Islom dinining, Qur’oni Karim va hadis ilmining asl mohiyatini, hadisshunoslik maktabining ilmiy-ma’naviy asoslarini, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk muhaddis-allomalarning ilmiy-ma’naviy merosini chuqur tadqiq etadi va keng jamoatchilikka taqdim qiladi. Manbashunoslik bo‘limi esa yuksak insoniy g‘oyalar va muqaddas qadriyatlarimizni o‘zida ifoda etgan manbalarni tadqiq etib, ulardan ta’lim, ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanish uchun zarur darslik va o‘quv qo‘llanmalari, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlaydi, qadimiy qo‘lyozma va toshbosma asarlarni o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar olib boradi. Markazda yiliga to‘rt marta “Imom al-Buxoriy saboqlari” ilmiy-ma’rifiy jurnali nashr etiladi.

Shuningdek, markazda ilmiy tadqiqotlar va malaka oshirishning samaradorligini oshirishga qaratilgan bir nechta bo‘lim faoliyat yuritadi. Xalqaro aloqalar bo‘limi dunyo miqyosida ilmiy konferentsiyalar, simpoziumlar va seminarlar o‘tkazishni, xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirok etishni ta’minlaydi hamda Imom Buxoriy merosi va hadis ilmini o‘rganish borasida xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Axborot-resurs markazi yuqorida ko‘rsatilgan bo‘limlar faoliyatining mukammal bajarilishini ta’minlash maqsadida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish imkoniyatini yaratadi hamda tegishli ilmiy va uslubiy tavsiyalarni tayyorlaydi. Manbalar xazinasi nomli bo‘limda esa nodir qo‘lyozma va toshbosma asarlarni asl holida saqlash, aholi qo‘lida mavjud noyob tarixiy asarlarni yig‘ib olib, ta’mirga muhtojlarini tiklash va bu asarlar ustida ilmiy tadqiqot ishlarining olib borilishini, keyingi avlodlarga asl holida yetkazilishini ta’minlashdek mas’uliyatli vazifa bor.

Muxtasar aytganda, ushbu Markazda Imom Buxoriydek benazir insonning ilmiy merosini puxta o‘rganish, targ‘ib etish vazifasini bekamu ko‘st bajarish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu yo‘lda fidokorona mehnat qilayotganlar esa qalban insoniylikning oliy maqomiga musharraf bo‘lishi shubhasiz. 

Yaqinda muborak haj amalini ado etib qaytgan inson bilan suhbatlashib qoldim. Uning aytishicha, biz u muqaddas joyni tavof qilishni qancha istasak, Saudiya Arabistonida yashovchi dindoshlarimiz Imom Buxoriy dafn etilgan tuproqni bir ko‘rishga orzumand ekan. 

Bugun bu yerga dunyoning turli burchaklaridan ziyoratchilar tashrif buyurmoqda. Yuksak did va mahorat bilan bezatilgan koshinli ayvonlar, mahobatli maqbara, serfayz hovliyu salobatli masjid O‘zbekistondagi tinchlik-osoyishtalik, do‘stlik-totuvlik, diniy bag‘rikenglik muhitining namunasidir.

Sitora TOJIDDINOVA,

“Hurriyat” muxbiri

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Qiz bola — elning yuzi

2017-08-02 11:11:46

SHARAFLI UMR BEKATLARI Asil RASHIDOV ...

2017-08-16 13:28:25

Dunyo darakchilar nigohida

2017-08-16 13:24:37

Tabarruk qadamjolar

2017-08-02 11:17:38

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.