ULUG‘ MUHADDIS

Yaqinda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Imom Termiziy xalqaro tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorda ta’kidlanganidek, Islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma Abu Iso Termiziy va termiziy allomalarning merosini ilmiy asosda o‘rganish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ular qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish maqsadida Surxondaryo viloyatida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.

 

Imom Termiziy xalqaro markazining asosiy vazifalari etib islom dinining, Qur’oni karim va hadis ilmining asl mohiyatini, hadisshunoslik maktabining ilmiy-ma’naviy asoslarini, Imom Termiziy hamda termiziy allomalar, yurtimizdan yetishib chiqqan mutafakkir zotlar merosini har tomonlama chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish; yuksak insoniy g‘oyalar va muqaddas qadriyatlarimizni o‘zida ifoda etgan manbalarni tizimli asosda tadqiq etish, ulardan diniy ta’lim, ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanish maqsadida zarur darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari, ommabop nashrlar, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlash yuzasidan doimiy ish olib borish; turli mafkuraviy xurujlar avj olayotgan bugungi kunda ajdodlarimizning ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, ulardagi ezgu g‘oya va ta’limotlarni keng xalq ommasiga yetkazish va shu asosda yoshlarda sog‘lom dunyoqarashni kuchaytirish, ularni azaliy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash va boshqa masalalar o‘rin oldi.

Darhaqiqat, istiqlol yillarida hayotimizning turli jabhalarida tarixiy ahamiyatga molik ko‘plab o‘zgarishlarning guvohi bo‘ldik. Ayniqsa, boy tariximiz, qimmatli ma’naviy qadriyatlarimiz, uzoq o‘tmishda yashab olamshumul ahamiyatga ega asarlar yaratgan buyuk allomalarimizning tabarruk nomlarini tiklashdek salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Ko‘hna Turonzamindan yetishib chiqqan yuzlab allomalar, ahli donishlarning muborak nomlari, ularning meroslari haqida nodir ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Abu Iso at-Termiziy ana shu allomalarning peshqadamlaridan biri sanaladi.

Olimning to‘liq ismi Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn az-Zahhok Abu Iso as-Sullamiy az-Zariyr al-Bug‘iy at-Termiziy bo‘lib, u hijriy 209 (melodiy 824) yili Termiz yaqinidagi Bug‘ (hozirgi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududida joylashgan) qishlog‘ida tavallud topgan. Tarixchilar uning «Bobom asli marvlik edi, u kishi Lays ibn Sayyor zamonida yashagan, so‘ng u yerdan Termizga ko‘chib kelgan», — degan fikrini keltiradilar.

At-Termiziy yoshligidan o‘ta tirishqoq, idrokli va zakovatli bo‘lgani sababli o‘z tengdoshlari orasida ajralib turgan. Ilmga o‘ta qiziqishi tufayli o‘sha davrning ko‘pgina ilmlarini, ayniqsa, hadis ilmini chuqur egallagan. Termiz, Samarqand, Marv va Markaziy Osiyoning boshqa yirik shaharlarida istiqomat qilgan mashhur ulamo va muhaddislar asarlarini qunt bilan o‘rgangan. Yoshligidan ilm-fanga tashna at-Termiziy 850 yildan, ya’ni yigirma olti yoshidan boshlab uzoq yurtlarga, qator xorijiy mamlakatlar va shaharlarga safar qiladi. Jumladan, u Hijozda — Makka va Madina, Iroq, Xurosonning qator shaharlarida ko‘plab muhaddis, ulamolar bilan muloqotda bo‘lib, ulardan ta’lim oladi, qizg‘in ilmiy munozara va bahslarda ishtirok etadi. Tarixchi Shamsuddin az-Zahabiyning ta’kidlashicha, at-Termiziy Misr va Shomni shaxsan ziyorat qilmagan, shu boisdan ham bu mamlakatlar ulamolaridan bilvosita hadislar rivoyat qilgan.

Uzoq yillar davom etgan safarlari chog‘ida at-Termiziy nafaqat hadis ilmidan, balki ilm al-qiroat, al-bayon, fiqh, tarix kabi fanning boshqa sohalari hamda ko‘plab ustozlardan saboq oladi. At-Termiziy payg‘ambar alayhissalom hadislarini to‘plashga alohida e’tibor qaratib, bu yo‘lda u har qanday qiyinchiliklarga bardosh beradi. U o‘zi o‘qigan yoki biror roviydan eshitgan hadisini alohida qog‘ozlarga qayd etib borar, ularning asli va isnodini izchillik bilan aniqlab to‘g‘riligiga to‘liq ishonch hosil qilsagina maxsus qog‘ozlarga qayd etardi. Hadislarning to‘g‘riligiga shubha bo‘lganda ularni alohida ajratib yozardi. Shu tariqa hadislar sahiyh (to‘g‘ri, ishonchli), hasan (yaxshi, ma’qul), zaif (bo‘sh, ishonchsiz), g‘ariyb (g‘alati) kabi xillarga ajratilgan.

Imom at-Termiziyning ustozlaridan Imom al-Buxoriy, Imom Muslim ibn al- Hajjoj, Abu Dovud, Qutayba ibn Sa’id, Ishoq ibn Muso, Mahmud ibn o‘iylon, Said ibn Abdurrahmon, Muhammad ibn Bashshor, Ali ibn Hajar al-Marvaziy, Ahmad ibn Muniy’, Muhammad ibn al-Musanno, Sufyon ibn Vaqiy’ va qator taniqli muhaddislarni ko‘rsatish mumkin.

Maqhul ibn al-Fazl, Muhammad ibn Mahmud Anbar, Abu ibn Muhammad an-Nasafyun, Hammod ibn Shokir, Xaysam ibn Kulayb ash-Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf an-Nasafiy, Abul-Abbos Muhammad ibn Mahbub al-Mahbubiy kabi yetuk olimlar imom at-Termiziyning shogirdlari hisoblanadi. Ko‘rib o‘tganimizdek, at-Termiziyning ustoz va shogirdlari orasida turli mamlakat va elat vakillari bo‘lgan. Uzoq o‘tmishda ham ilm-fanning taraqqiyoti va ma’rifat urug‘larini tarqatish borasida turli o‘lkalarning vakillari yakdil bo‘lib faoliyat ko‘rsatib samarali hamkorlik qilganliklari, umumbashariy qadriyatlar ravnaqi yo‘lida haqiqiy baynalmilallik ruhi mavjud bo‘lganligi bugun ham g‘oyatda ibratlidir.

At-Termiziy ko‘plab diyorlarga safar chog‘ida hadislarni to‘plab, kitoblar ta’lif qilishga ham kirishgan. Safardan qaytgach, olimu fuzalolar bilan ilmiy munozaralarda qatnashadi, ko‘plab shogirdlarga ustozlik qiladi. Ayniqsa, mashhur muhaddis alloma al-Buxoriy bilan ko‘plab ilmiy bahslar yuritgani haqida at-Termiziy o‘zining «Al-Ilal» kitobida ham yozadi. At-Termiziyning ko‘pchilik tasniflari, jumladan, uning mashhur asari «Al-Jomi’» ham o‘z vataniga qaytganidan keyin yaratilgan. Imom at-Termiziy 892 yilda Termiz yaqinidagi Bug‘ qishlog‘ida vafot etgan va shu joyda dafn qilingan.

O‘z ijodiy faoliyati davrida at-Termiziy o‘ndan ortiq yirik asarlar yaratdi. Uning madaniy ilmiy merosida «Al-Jomi’» asari katta o‘rin tutadi. Mazkur asar «Al-Jomi’ as-sahiyh» («Ishonchli to‘plam»), «Al-Jomi’ al-kabiyr» («Katta to‘plam»), «Sahiyh at-Termiziy», «Sunan at-Termiziy» («Termiziy sunnatlari») nomlari bilan ham yuritiladi. Muallifning yirik asarlaridan yana biri «Ash-shamoil an-nabaviyya» («Payg‘ambarning alohida fazilatlari»)dir. Ushbu asar Saudiya Arabistonida istiqomat qilgan vatandoshimiz Said Mahmud Taroziy (u 1992 yili vafot etgan) tomonidan o‘zbekchaga o‘girilgan (arab alifbosida va kirillchada Toshkentda bir necha bor nashr qilingan).  «Kitob at-ta’rix», «Kitob al-ilal as-sag‘iyr va al-ilal al-kabiyr», «Kitob uz-zuhd» («Taqvo haqida kitob»), «Kitob al-asmo val-kuna» («Roviylarning ismi va laqablari haqida kitob»), «Al-ilal fil-hadiys» («Hadislardagi illatlar yoki og‘ishlar haqida»), «Risola fil-xilof val-jadal» («Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola»), «Asmo us-sahoba» («Payg‘ambar sahobalarining ismlari») shular jumlasidandir.

At-Termiziyning ijodiy faoliyatida yaratilgan asarlari ichida «al-Jomi’ as-sahiyh» («Ishonchli to‘plam») eng asosiy o‘rinni egallaydi. Ushbu asar yuqorida qayd qilganimizdek, «al-Jomi’ al-kabiyr», («Katta to‘plam»), «Sahiyh at-Termiziy», «Sunan at-Termiziy» («Termiziy sunnatlari») kabi nomlar bilan ham yuritiladi. Tarixchi Ibn Xajar al-Asqaloniyning yozishicha, at-Termiziy ushbu asarini 270 hijriy (884 melodiy) yilda, ya’ni qariyb oltmish yoshlarida, ilm-fanda katta tajriba orttirib, imomlik darajasiga erishgandan keyin yozib tugatgan. Asar qo‘lyozmalari dunyoning bir qancha shaharlarida, shuningdek, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida ham saqlanmoqda. Muhim manba sifatida «Al-Jomi’ as-sahiyh» bir necha marta nashr qilingan».

Hijriy uchinchi asr (melodiy to‘qqizinchi asr) hadis ilmining rivojida oltin davr hisoblanadi. Dastlab bu davrda yashab ijod qilgan Imom al-Buxoriy, Imom Muslim kabi allomalarning sermahsul faoliyati katta ahamiyat kasb etadi. O‘z ustozlari Imom al-Buxoriy, Imom Muslim asos solgan xayrli ishni Imom at-Termiziy chuqur mas’uliyat bilan davom ettirdi. Hadisshunoslikning ilmiy asosda rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shib, musulmon dunyosidagi eng nufuzli muhaddislardan biri darajasiga ko‘tarildi. Abu Iso at-Termiziyning shoh asari bo‘lmish «Al-Jomi’ as-sahiyh» olim mashaqqatli mehnatining mahsuli sifatida hadis ilmida katta ahamiyatga ega. Muallif o‘z asarini alohida-alohida boblarga bo‘lgani holda, imkoni boricha har bir hadis roviylarini keltiradi.

Tarkibiy jihatdan asar quyidagi boblarga bo‘linadi. Undan tahorat, salot (namoz), zakot, ro‘za, haj, janoza, nikoh, emizish, taloq, savdo-sotiq, qozilik ahkomlari, tovon to‘lash, me’yor, sayd  (ov), qurbonlik, nazr-nuzur, iymon, siyratlar, jihod, kiyim-kechak (libos), taomlar, ichimliklar (al-ashriba), xayr-ehson va saxovat, tabobat, farzlar, vasiyatnomalar, xayrixohlik va taqdir, xuruju fitnalar, bashoratlar, shahodatlar, zohidlar, jannat va jahannam sifatlari, ilm, izn so‘rash, odob va axloq, masallar, Qur’on fazilatlari, qiroat, tafsir, duolar, manoqiblar (fazilatlar), illatlar haqidagi boblar keltirilgan.

Mashhur olim Toshko‘briyzoda Imom at-Termiziy faoliyatiga yuqori baho berib shunday yozadi: «Imom at-Termiziyning hadis ilmi sohasida ko‘plab tasnifotlari bor. Ul zotning «As-Sahiyh» asari ushbu kitoblarning eng yaxshisi va g‘oyat foydalisidir. Bu kitobda «sahiyh», «hasan», «g‘ariyb» kabi turli xildagi hadislar bayon etiladi. Kitobning «Kitob al-ilal» qismi illatli hadislarga bag‘ishlangan holda foydali mulohazalarni o‘z ichiga olgan. Ushbu asarni mutolaa qilgan kishi uning noyob durdonalaridan bebahra qolmaydi».

At-Termiziy zamonidagi olimlar uning hadis ilmidagi xizmatlarini yuksak baholaganlar. Hadis imomlaridan biri Abdurahmon ibn Muhammad al-Idrisiy «at-Termiziy hadis ilmida iqtido qilinadigan imomlardan biridir», deb yozsa, Taqiuddin ibn Taymiya «Abu Iso at-Termiziy birinchi bo‘lib hadislarni sahiyh, hasan, zaifga taqsim qilgan olimdir», deb yozadi. Hofiz ibn Rajab o‘zining «Sharh ilal al-Jom’» nomli kitobida «bilgilki, Imom at- Termiziy birinchilardan bo‘lib o‘z kitoblarida hadisni sahiyh, hasan va g‘ariybga bo‘lganlar», deb allomaning xizmatlarini alohida ta’kidlaydi.

Imom at-Termiziyning ushbu asarida hadis ilmining turli masalalari kabi roviylar masalasiga ham alohida e’tibor berilgan. Bu jihatdan mazkur asar muallifning boshqa asarlaridan tubdan farq qiladi.

Imom at-Termiziy asarining ushbu foydali tomonlari xususida al-Hokim an-Naysoburiy «al-Madxal ilo ma’rifat kitob al-iqliyl», al-Muqaddasiy «Shurut al-aimmat as-sitta» kabi asarlarida alohida ta’kidlab o‘tgan. Shu bilan birga hadis ilmining istilohlarini yaratishda ham Imom at-Termiziyning hissasi katta. Hadis ilmiga doir istilohlarni o‘rganishda asosiy manbalar hisoblangan «U’lum al-hadiys» («Hadis ilmlari») kitoblarida uchraydigan barcha istilohlar «al-Jomi’» asarida keng ko‘lamda keltirilgan.

 Imom at-Termiziy o‘z ustozi Imom al-Buxoriy suhbatida bo‘lganda u at-Termiziyga «Men sendan ko‘rgan foyda sen mendan ko‘rgan foydadan ko‘proq», deb uning bilimi va aql-idrokiga yuksak baho bergan. Mana shu fikr-mulohazadan ham ko‘rinib turibdiki, Imom at-Termiziy hadis ilmi ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan buyuk alloma bo‘lgan.

Abdumajid AZIMOV

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

May 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.