Ulug‘ meros vorislarimiz. Buyuk sarkarda Amir Temur tavalludiga 681 yil to‘lishi munosabati bilan

MUXBIR: – Istiqlol sharofati bilan o‘z tariximizni tabarruk manbalarimizdan o‘rganib, Amir Temur bobomizning dunyo e’tirof etgan harbiy va davlatchilik siyosati, umuman, temuriylar saltanatiga jahon sharqshunoslari ham katta qiziqish bilan qaramoqda. Muhammadali aka, tarixiy mavzuda qalam tebratib tajriba orttirgan yozuvchi sifatida davra suhbatimizni boshlab bersangiz. Aslida Sohibqironning o‘arb bilan Sharqni birlashtirib turgan boqiy merosi va tarixiy qudrati nimada?

 

O‘zbekiston xalq yozuvchisi 

Muhammad ALI: 

– Amir Temur tarixi deganda, birgina sohibqiron hayoti va faoliyati nazarda tutilmay, balki salkam besh yuz yil jahon maydonida hukm surgan, jahon xaritasiga o‘zgartirishlar kiritgan shonli Temuriylar tarixi ham anglashiladi. Shu sababdan, Temuriylar tarixini o‘rganish, ularning jahon madaniyati va tarixiga ko‘shgan hissasini targ‘ib etish ziyolilarimiz oldida turgan qutlug‘ vazifalardandir. Amir Temur bobomizni jahon tarixida juda katta xizmatlari bor. Yevropani Yildirim Boyazidning muqarrar hujumidan, Rossiyani Oltin O‘rdaning shafqatsiz zulmidan qutqargan buyuk sarkardadir. Shu sababdan, Yevropada Amir Temur davri va tarixini o‘rganishga qiziqish katta. Frantsiyada «Temuriylar» jamiyati ishlab turibdi. Uni mashhur frantsuz tarixchisi va adibi Lyusen Karen boshqarar edi. U kishi Toshkentda bo‘lganlarida, menga Yevropani xaloskori sifatida Amir Temurning oltindan haykali borligini gapirib bergandi.

Toleni qarangki, Amir Temur mamlakat va millat taqdiri uchun muhim bir pallada jahon tarixi maydoniga kirib kelgan. O‘z zamonasiga nisbatan ancha ilgarilab ketgan buyuk sarkarda bo‘lgan. Milodiy 1358 yildan keyin, ya’ni Turkiston hukmdori Amir Qozog‘on (uning Chingizxon avlodiga hech bir daxli yo‘q) vafotidan so‘ng mamlakatda boshboshdoqlik yuz beradi. Har shaharda bir hokim, har qasabada bir sardor hukmdorlik qilgan. U paytlar taxtsiz mamlakat edi yurtimiz. Bobomiz eng avvalo, o‘zboshimcha amirlarning boshini biriktirish yo‘lidan bordi, bahamjihatlikka, inoqlikka intildi. Bu yo‘lda vaqti, boyligini ayamadi. Donishmand siyosatchi sifatida ish olib bordi. Atrofiga xizmatdan charchamaydigan ajoyib do‘stlari, birodarlari, mardlarni yig‘a oldi. Shunisi qiziqki, hali Sohibqiron davlat boshiga kelmay turib do‘stlashgan Amir Sayfiddin neko‘z, Amir Joku barlos, Abbos bahodir, Davlatshoh baxshi uyg‘ur singari ko‘plab safdoshlari to umrlarining oxirigacha Sohibqiron yonida bo‘ldilar va uning hayotida, davlatimiz taqdirida muhim o‘rin tutdilar. Amir Temur o‘z saltanatini, davlatchiligimiz tarixida buyuk namuna bo‘ladigan davlatni, aytish mumkinki, yo‘q joydan barpo etdi. Davlatning yangi qonunlarini ishlab chiqdi, bu qonunlar hayotning talabi bilan dunyoga keldi. Eng muhimi, bu «Temur tuzuklari» yodgorligi. Unda Sohibqironning jangni qanday tashkil qilish, maydon tanlash, yasol tartibi, qo‘shinlarni jangga kiritish usullari batafsil yozilgan. Shuni mamnuniyat bilan aytish kerakki, Amir Temurning harbiy san’ati, tarixi, olti yuz yildan beri jahon harbiy akademiyalarida o‘rganilib kelinadi. Mashhur frantsuz imperatori Napoleon o‘z yurishlarida Sohibqironning jang san’atidan foydalangan. Dunyoda uni mashhur sarkardalar Iskandar va Chingizxon qatoriga qo‘yishgani ham haqiqat. Amir Temur bobomiz ilm-fanni rivojlantirish uchun imkoniyat yaratib bergan va fan-madaniyatimiz jahonga mashhur bo‘lgan.

M.: – Sultoniya yepiskopi Ioann Grinlo yozib qoldirgan manbalarga qaraganda, Sohibqiron qurdirgan qasrlar ikki yuzdan ortiq bo‘lib, Samarqand, Kesh, Bag‘dod, Isfahon va Sherozda bo‘lgan ekan. Ko‘rinib turibdiki, Amir Temur bobomiz qadami tekkan joylarni obod etgan, xalq turmushini yaxshilashga harakat qilgan. Yanglishmasam, To‘lqin aka anchadan beri bu borada maxsus izlanishlar olib bormoqda.

 

Yozuvchi To‘lqin HAYIT: 

– Nazarimda, tariximizning eng yaxshi jihatlari yoshlarimizga ibrat bo‘lishi kerak. Amir Temur va temuriylarning bunyodkorlik ishlari ham har jihatdan ibratlidir. Bu haqida Ali Yazdiy «Zafarnoma» asarida aynan, Xorazm voqealariga alohida to‘xtaladi: «podsholik marhamati hijriy 793 (milodiy 1391) yili Jangi qavchinning o‘g‘li Musikani Xorazmni obod etishga jo‘natadi. U Qoon mahallasini qo‘rg‘on qilib o‘rab oldi va obod qildi. Hozirgi paytda (XX asr 20-yillarida) Xorazmning eng obod joyi o‘sha erur», deydi. 1381 yilda Xurosonda (hozirgi Afg‘onistonda) olib borgan ishlari ham tahsinga loyiq. Murg‘ob vodiysida to‘xtagan Amir Temur bobomiz barcha sarkardalariga suv chiqarib, bu yerlarni obod etishni buyuradi. Hofiz Abru «Geografiya» asarida ular tomonidan qazilgan ariqlarning nomlarini birma-bir sanab o‘tadi. Aksariyat ariqlarning nomlari qazish ishlarda boshchilik qilgan sarkardalarning ismiga qo‘yilgan. 1403 yilda Qorabog‘da qishlagan Sohibqiron yana bir xayrli ishni amalga oshiradi. Bu yerda Baylaqon shahrini bunyod ettiradi. Shu bilan birga, Bag‘dod shahrini qayta obod qilishni buyurgan va bu ishga amirzoda Abu Bakr boshliq etib tayinlangan. Sohibqiron bobomiz besh, yetti yillik harbiy yurishlarida necha o‘n, yuz, minglab sarbozlar, ular ortidan sodiq va fidoyi xizmatkorlari, savdogarlar, do‘kondorlarni ergashtirib borar, ko‘chma uylar, o‘tovlar, oshxonayu aslahaxonalar, ustaxonalar, hatto masjidlar ham qurdirgan. Ilm ahli, umuman, qo‘lidan ezgu ish keladigan har bir kishini qadrlagan. U mamlakatning iqtisodiy qudratini oshirish uchun ichki va tashqi savdoni rivojlantirgan. Buyuk ipak yo‘lini tiklab, uning xavfsizligini ta’minlagan. Movarounnahrda hunarmandchilik rivojlanishiga zamin yaratgan. Masalan, o‘sha paytlarda baxmalning qizil rangli turi ko‘plab ishlab chiqarilgan. Keyinchalik bu mato «qirmizi baxmal» nomi bilan mashhur bo‘lib, yuqori tabaqa vakillari uchun kimxob to‘nlar tikishda foydalanishgan. Hatto elchilarga ham shu to‘ndan ko‘plab sovg‘a qilingan. Samarqand bozorlarida «fo‘ta» yupqa mato doimiy sotuvda bo‘lgan. o‘arb va Sharq mamlakatlarida karbas, zandanachi, zarbof matolarga talab nihoyatda ortgan. Buxoro yaqinidagi Olachaboftan kishlog‘ida olacha matolar tikilgan. Kulolchilik buyumlari ham Yevropada mashhur bo‘lgan. Etikdo‘zlar turlariga qarab bo‘lingan. Samarqand bozorlarini ko‘rgan Rui Gonzales de Klavixo: «Bu yerning boyligi faqat oziq-ovqatning mo‘l-ko‘lligida emas, balki o‘zida ishlab chiqariladigan ipak matolari: atlas, kimxob, har xil ip va jun, to‘qima matolar, mo‘ynali va ipak po‘stinliklar, attorlik mollari, ziravor va dorivorlar, zarhal, lojuvardlarning serobligidadir», deb hayrat bilan yozadi o‘z kundaliklarida. Frantsiya kiroli Sharl XI (1368—1422 yil)ning 1403 yil 15 iyunda Amir Temurga yozgan maktublarining birida: «Biz yana ham xursand va mamnun bo‘ldikki, savdogarlarimiz, umuman, barcha xristianlarning Sizning mamlakatingizga borib savdo-sotiq ishlari bilan... bemalol mashg‘ul bo‘lishlari janobi oliylariga ma’qul bo‘libdi». 

  M.: – Hazrat Navoiy “Majolisun-nafois” asarlarining yettinchi bobida “Temur Ko‘ragon garchi she’r yozmasa ham doim nazm va nasr o‘qir edi”, deydilar. Bu muhabbat Umarshayxdan Husayn Boyqaro va o‘g‘illariga meros bo‘lib o‘tganini eslatib o‘tadi. Hatto Ulug‘bekning noqobil o‘g‘li Abdullatif ham she’r yozgan ekan. Bugungi badiiy asarlarimizda Samarqand va Xuroson sultonlari, ularning adabiyotga bo‘lgan munosabatlari, bunyodkorlik ishlaridan ko‘ra, negadir bir-birlari bilan taxt talashlari, jangu jadallari va sharobxo‘rliklarini aks ettirishga ishtiyoq baland. Bu bir yoqlama qarashlar tariximizni baholashda o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin. Shunday emasmi? 

 

Akademik Baxtiyor NAZAROV: 

– Tarixan xalqimizni boshqargan podshohlar, xonlar, amir va amirzodalarning jahon ahli havas qilsa arzigulik fazilatlari ko‘p bo‘lgan. Shulardan biri ularning axloqi, odobi, madaniyati san’atga bo‘lgan munosabatida namoyon bo‘lgan. Xususan, she’riy va musiqiy dilbarlik ular tabiatidagi yetakchi xususiyat sanalgan. Tarixdan ularning ko‘plari she’r yozgani ham ma’lum. Navoiy, Bobur, Amir Umarxon, Feruzlarni alohida takrorlab o‘tish zarurati bo‘lmasa kerak, deb o‘ylayman. Sizning yuqoridagi fikringiz ham asossiz emas. Ko‘pgina tarixiy asarlarimizga qarasak, shu holni ko‘ramiz. Lekin, aksar hollarda shunday yo‘l tutish ham beasos emasligini aytishga to‘g‘ri keladi. Nega? Shuning uchunki, bu o‘rinda yozuvchining o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi, degan masalaga e’tibor berish zarur bo‘ladi. Bir misol keltiray.

Yaqinda Muhammad Alining “Navoiy va Boyqaro” degan dramasi e’lon qilindi. Rejissyor Marat Azimov uni Farg‘ona teatrida sahnaga qo‘ydi. Asarda shoh va shoir o‘rtasidagi buyuk do‘stlikni tasvirlashdan tashqari, Husayn Boyqaro bilan o‘g‘li – Badiuzzamon o‘rtasida zimdan taxt uchun bo‘lgan kurashlar ham o‘z ifodasini topgan. Agar yodingizda bo‘lsa, Badiuzzamon Seyiston, Mozandaron, Astrobod hokimigina emas, ajabtovur manzumalar yozadigan shoir ham. Lekin dramaturgiyaning asosiy maqsadi uning shoirligini emas, taxtga ishqibozligi, buning uchun jangu jadallardan qaytmasligini, shu yo‘nalishdagi qiyofasi, obrazini ko‘rsatish. Chunki Badiuzzamon shu boradagi fe’l-atvori, faoliyati bilan tarixga ta’sir ko‘rsatgan. Shoir sifatidagi faoliyati esa bu darajadagi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lmagan. Boshqa shahzodalar, amirzodalarning ham ijtimoiy, insoniy qiyofasiga nisbatan shoir sifatidagi hamda san’atga munosabatlari taxminan, shu darajada.

She’r, madaniyat va ma’rifat faoliyatida alohida o‘rin tutgan, bu boradagi qarashlari va ijodi o‘z davrining adabiy jarayonida muayyan tarixiy o‘rin tutgan, asarlari esa badiiy jihatdan tarixiy e’tiborga munosib vakillar siymosiga bu boradagi ahamiyat e’tiborli bo‘lib keladi va shunday bo‘lishi kerak, degan fikringizga to‘la qo‘shilaman.          

 

Adabiyotshunos olim 

Adhambek ALIMBEKOV: 

– Amir Temur haqida g‘azal yozmasa-da, shunday o‘qirdiki, yozgandan ortiq deyilishi bejiz emas. Amir Temur ma’naviyati yuksak bo‘lmaganda, buyuk bir davlatni adolat bilan boshqara olarmidi?! Adolat degan so‘zga alohida e’tibor bering. Sohibqiron diniy bilimlarni ham, dunyoviy bilimlarni ham chuqur egallaganligi tarixdan yaxshi ma’lum. Ibn Xaldun bu haqda Amir Temur bilan suhbatdan so‘ng o‘zining hayratini yozib qoldirgan. Amir Temur ma’rifatli bo‘lgani uchun farzandlarini ilm olishiga alohida e’tibor bergan. Ilmga, ma’rifatga e’tibor kamroq bo‘lganda, temuriylardan sulton Ulug‘bek olimlar sultoni bo‘larmidi. Qaysi jahongirning Ulug‘bekdek  nabirasi bo‘lgan. Amir Temurning ilmparvarlik, kitobsevarligining hosilasidir. Amir Temur avlodlaridan Sayyid Ahmad Mirzodan boshlab, Shahzoda Bahodirshoh II gacha hisoblansa, o‘ttiz uchta shoirlar chiqqan. Qaysi jahongir avlodlarida shuncha ijodkor bor. 

Endi siz aytgandek, temuriylarning ijobiy tomoni emas, salbiy tarafini o‘rganishga urg‘u berish bu g‘oyaviy xurujning bir ko‘rinishidir. o‘animlarning ataylab salbiy tomonga urg‘u berishidir. To‘g‘ri, taxt talashlar, jangu jadallar bo‘lgani tarixiy haqiqat. Lekin tanganing ikki tomonini teng ko‘rsatish kerak. 

M.A.: – Amir Temur tarixi Sho‘ro tuzumi davrida biryoqlama o‘rganilib kelingani ko‘p aytiladi. Shunday bo‘lgach, albatta, Amir Temurning faqat harbiy yurishlariga diqqat qaratilgan. Ammo Amir Temur shaxsiyati juda boy va teran mazmunga ega. Xalqimizda “butun odam” degan ibora bor. Ta’bir joiz bo‘lsa, Amir Temurni butun odam degim keladi. Bu degani kam-ko‘sti yo‘q degani. Lekin bobomizda ham kamchiliklar bo‘lgan. Mening nazarimda, bu o‘ta ishonuvchanligi va ortiqcha rahmdilligidir. Amir Temur Nizomiddin Shomiyning ta’biri bilan aytganda, boshlagan ishini oxiriga yetkazmay qo‘ymaydigan, yolg‘onni yomon ko‘radigan, agar u haqida achchiq haqiqatni aytsalar, sabr bilan tinglay oladigan, aytgan so‘zi bilan ishi bir, Sharafiddin Ali Yazdiyning guvohlik berishicha, o‘z vaqtini maishat bilan o‘tkazishga qizg‘anadigan inson. Har narsada me’yorni bilgan, me’yor hayotning chinakam mezoni ekanini anglab yetgan va bunga amal qilgan buyuk zot. Oilada suyukli yor, mehribon padar, ulug‘ bobo. Farzandlariga nihoyatda mehribon bo‘lgan, har farzand tug‘ilganda karnay-surnay chaldirib, o‘zining quvonchini butun mamlakat bilan baham ko‘rgan. Farzandlarining tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullangan. Ularni uylantirish, to‘ylarini o‘tkazish Sohibqironning eng yoqimli mashg‘ulotlaridan biri bo‘lgan. Sohibqiron sadoqat va ixlosni juda ham qadrlagan. Agar dushman askari asir tushsa, uning qanday jang qilgani va qanday asir tushganini surishtirar ekan. Agar asir qochib o‘tgan bo‘lsa, Amir Temur uni o‘zining dushmani deb hisoblar ekan. Chunki u o‘z yurtiga xiyonat qildi. Agar o‘sha askar jon-jahdi bilan jang qilgan bo‘lsa, uni yurtining va lashkarboshisining tuzini oqladi, deb ardoqlashni buyurgan. Men ham o‘tmishimiz, buyuk bobolarimiz merosini chuqur o‘rganish tarafdoriman.

 

T.H.: – Sohibqironning shaxsiyati, bunyodkorlik ishlari haqida so‘z yuritilar ekan, hali bu to‘g‘rida mukammal tadqiqotlar olib borilmaganligini afsus bilan qayd etish mumkin. Uning birgina, “Ko‘chma shahri” haqida Rui Gonzales Klavixoning kundaliklarida keltirilgan qisqa ma’lumotlardan boshqa dalillarga ega emasmiz. Elchi  Samarqanddagi xotiralarining birida shunday deydi: “...xontaxta qarshisida eman daraxti shaklidagi “oltin” daraxt turibdi... Uning shoxlarida eman daraxti barglariga o‘xshash yaproqlar har tomonga taralgan... Daraxtning sarg‘ish, qizil, zangori yoqutlar, zumradlar, feruzalar va ajoyib yirik-yirik tiniq, dumaloq, sara marvaridlaridan “meva”lar ham bor. Bu qimmatli toshlar daraxtga o‘yib o‘rnatilgan. Daraxtga oltin qushlar qo‘nib turibdi...”. Bu manba bizga yana ko‘p narsa haqida ma’lumot beradi. Demak, Amir Temur zamonida oltin qazib olish, hunarmandchilik juda tez taraqqiy etib, yuksak darajaga ko‘tarilgan. Xususan, oltin xom ashyosi bo‘lgan hududlarni aniqlaydigan mutaxassislar, oltinni alohida ajratib oladigan texnologiyalar, buni ixtiro qilgan hunarmandlar bo‘lgan. Oltindan qushlar yasagan ustalarning mahorati-chi? Ularni tayyorlagan maktablarda qay yo‘sinda tahsil berilgan? Xullas, savollar ko‘p. 

 

A.A.: –  “Zafarnoma”, “Temur tuzuklari”, “Boburnoma”, “Humoyunnoma”, “Akbarnoma”lardan tashqari, hali kitobxonlarga yetkazilishi kerak bo‘lgan “... nomalar” anchagina. Sharqshunoslik qo‘lyozmalar instituti  va ilmiy muassasalar kutubxonalarida o‘rganilishi lozim bo‘lgan qo‘lyozmalar bisyor. Shuningdek, turli sabablar bilan xorijga olib ketilgan, bevosita bizning ma’naviy mulkimizga tegishli manbalar ham ko‘p. Bularni avvalo, xalqimizga va jahon xalqlariga yetkazish uchun ko‘p tadqiqotlar qilinishi darkor. Rahmatli ustoz Hamid Sulaymon domlaning qilgan ishlari o‘rnak bo‘lishi kerak. Keyingi yillarda bu borada ancha ishlar qilingan bo‘lsa-da, (Masalan: Mirzo Muhammad Haydarning “Tarixiy Rashidiy”, tarixchi Xondamirning kitoblari nashr qilinishi, “Boburnoma”ning tabdili) bu juda oz. Ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirib qaerda bo‘lishidan qati nazar, nodir qo‘lyozmalarimizni o‘rganish, kitobxonlar e’tiborini tarixiy manbalarga tortish bugungi kunda ziyolilar oldida turgan dolzarb vazifadir. Mamlakatimizda kitobxonlik, kitob o‘qish madaniyatiga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda, bu yanada muhimdir.

 

B.N.: – Bu mulohazalaringiz Prezidentimiz Sh.Mirziyoevning kitobxonlik madaniyatini oshirishga bag‘ishlangan maxsus qaroriga daxldorligi bilan e’tiborlidir. Kitobxonlik madaniyatini oshirish, ma’naviyat va ma’rifatni takomillashtirishda faqat bugungi adabiyot, zamonaviy asarlar bilan cheklanib qolmasdan, olis tarixdagi asarlarga ham alohida e’tibor berishimiz kerak. Bu borada siz sanab o‘tgan tarixiy asarlar nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Katta yoshdagilarga mo‘ljallangan bu kitoblarni aynan, o‘zidan tashqari, qay yo‘sinda bo‘lmasin – tabdilidanmi, tavsifidanmi yoki qisqaroq shaklidagi nomalarini o‘rta maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallab chop etish, ularni maktab kutubxonalari uchun arzonroq narxlarda yetkazish imkoniyatlarini izlash kerak. Chunki Amir Temur va uning davriga oid ilmiy va badiiy asarlar barchani qiziqtiradi. Lekin bu asarlarning ko‘pi shahar bo‘ylab kitob do‘konlarida sochilib yotibdi. Ba’zan izlab borgan do‘koningizdan topolmaysiz. Shuning uchun shaharda shunday azim kutubxonalar ochaylikki, toki u yerdan Amir Temur haqida, umuman, O‘zbekiston va boshqa ellarda chop etilgan kitoblar, tarjima adabiyotlarni topish imkoni bo‘lsin. Yaxshi asarlarni ko‘paytirish, targ‘ib va tashviq qilishgina emas, bo‘sh, sayoz asarlarning yaratilishi va ommalashuvining oldini olish, xorij adabiyotining ma’naviyatimiz, madaniyatimiz, axloqimiz va milliy an’analarimizga zarar yetkazadigan namunalari yurtimizga kirishini bartaraf etish lozim. 

Jahonning qator qo‘lyozmalari fondida, o‘zimizda saqlanayotgan tarixiy-adabiy nodir asarlarni o‘rganish, chop etish bo‘yicha e’tiborli ishlarimiz yo‘q emas. Ularning ayrim yuksak namunalarini e’tirof etish bilan cheklanish mumkin. Xususan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi olimlari tomonidan nashrga tayyorlangan Sharq va Turon olimlarining insoniyat tamaddunida tutgan o‘rni fundamental ravishda tadqiq etilgan salmoqli kitob katta ilmiy jamoa mehnati samaralari o‘laroq maydonga kelgan “Bobur entsiklopediyasi” nashrga tayyorlangan. Mahmud Qoshg‘ariy qalamiga mansub uch jildlik “Turkiy so‘zlar devoni”ning birinchi jildi va O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol tarjimasidagi Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy” kitobi ham chop etilgan.    

M.: – Bugun Amir Temur va temuriylar haqida ko‘plab asarlar yozilayapti. Ajablanarlisi shundaki, ularni bir-birlari bilan muqoyasa qilganda, tarixiy sanalar, yurishlarida shu qadar yanglishishlar borki, kitobxonlarni chalg‘itishi mumkin. Ayting-chi, xalqimiz o‘tmishiga doir tarixni nodir manbalarga asoslanib qalamga olishga olim va ijodkorlarimizga nima xalaqit beryapti? 

 

A.A.: – Amir Temur va Temuriylar haqida so‘nggi yillarda ko‘plab asarlar yozilyapti. Buni xalqimizning tarixga bo‘lgan qiziqishi umuman, avval yoritilmagan mavzularni o‘rganishga, tarixdagi “oq dog‘”larni  bilishga ishtiyoq deb qarash kerak. Amir Temur shaxsi va temuriylar haqida ko‘proq asarlar yozilishi bu ma’lum ma’noda, ruhiy ehtiyoj hamdir. Masalan: temuriylardan sulton Ulug‘bek Mirzo, Bobur shaxsi bilan xalqimiz qancha faxrlansa arziydi. Bunday ulug‘ siymolar yoshlarimizning ma’naviy yuksalishida bir o‘rnak vazifasini o‘tashi mumkin. Tarixiy mavzuda yozilgan asarlardagi chalkashliklarga kelsak, bu yozuvchining tarixiy manbalarni puxta o‘rganganlik darajasi bilan bog‘liq. Tarixiy mavzuda asar yozishga qo‘l urgan ijodkor tarixiy faktlarni yaxshi bilishi va o‘sha davr ruhini his qilmog‘i lozim. Badiiy voqelik bilan tarixiy voqelik imkon qadar bir-biriga mos kelishi kerak. Ayni paytda badiiy asarga (Amir Temur haqida tarixiy mavzuda yozilgan badiiy asarni) ilmiy manba sifatida yondashib bo‘lmaydi. Chunki, badiiy asar o‘z nomi bilan badiiy. Yozuvchi tarixiy voqelikka munosabat bildirishi mumkin. Lekin tarixiy dalillarni buzishga haqqi yo‘q. Masalan: Amir Temurning Yildirim Boyazid bilan jang qilganligi, bunga yozuvchi o‘z fikrini to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘ldi, deb aytishi mumkin. Ammo g‘olibni mag‘lub, mag‘lubni g‘olib ko‘rsata olmaydi. Badiiy asardagi tarixiy faktlarni noto‘g‘ri talqin qilinishi shunga yarasha tasavvur uyg‘otishi mumkin. Masalan: Marsel Brionning Amir Temur haqida “yozgan” “Menkim, sohibqiron – jahongir Temur” kitobiga kiritilgan qo‘shimcha badiiy to‘qimalar bugungi kunda u kitobni o‘qiyotgan o‘zbek yoshlarini chalg‘itishi tabiiy. Mashaqqatli mehnat qilib badiiy puxta asar yaratgan yozuvchi bu borada muvaffaqiyatga erishishi mumkin.  

 

T.H.: – Amir Temur va temuriylar haqida manbalar behisob bo‘lgan bir paytda kitobxonni ishontira bilish ham ijodkordan katta mas’uliyatni talab qiladi. Masalan, Ibn Arabshohning asarini qo‘lga olgan va ilk bor Amir Temur haqida o‘qigan kitobxon chalg‘ib ketadi. Unda bir voqea uch xil ko‘rinishda, ya’ni Ibn Arabshoh o‘zi eshitgan rivoyatni, o‘zganing hikoyasini va o‘z haqiqatini aytadi. Ko‘rdingizmi, asarning murakkabligi, o‘quvchining o‘zi bundan haqqoniy gapni ajratib olishi kerak. Bugun Amir Temur siymosi badiiy asarlarimizda to‘liq aks etmoqda. Kitobxonlarimizga O‘zbekiston xalq yozuvchilari Pirimqul Qodirovning “Amir Temur siymosi”, Muhammad Alining “Ulug‘ saltanat” asarlarini topib o‘qishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim. O‘zim ham Amir Temur haqida ishonarli, to‘liq risola, hatto olib yurish va o‘qish uchun ixchamgina kitob tayyorlayapman.

 

B.N.: – Avvalambor, Amir Temur haqida badiiy asar yozishni orzu qilgan hamda yozishga kirishgan kishi – u tajribali mashhur yozuvchimi yoki endi adabiyotga kirib kelayotgan havaskor qalamkashmi, bundan qat’i nazar, bo‘ynida katta mas’uliyatni his eta bilmog‘i zarur. Bu mas’uliyat esa o‘ziga munosib ravishdagi iqtidorni talab etishi tabiiy. Shu ma’noda, sizning Amir Temur haqidagi tarixiy tadqiqotlarga ham, badiiy asarlarga ham tarixiylik nuqtai nazaridan nihoyatda talabchan bo‘lish lozimligi haqidagi fikringizga qo‘shilaman. Biroq, shuni ham aytish joizki, mustaqillik davriga kelib, Amir Temurga, uning davri va zamoniga, u bilan bog‘liq tarixiy shaxslar va hodisalarga bag‘ishlangan qator muvaffaqiyatli asarlar yaratildi. Turli janrlarga mansub Odil Yoqubovning “Fotihi muzaffar yoki parivash asiri”, Abdulla Oripovning “Sohibqiron”, Muhammad Alining to‘rt kitobdan iborat “Ulug‘ saltanat”,  Nurali Qobulning “Buyuk turon amiri”, “Yetti iqlim hoqoni”, “Sultonning so‘nggi kuni”, Shahodat Isaxonovaning “Sohibqiron nabiralari” kabi asarlardan Amir Temur tarixiga doir birorta iqtibos olishga ikkilanmasligimiz mumkin. 

M.A.: – Bir adib do‘stim Termizda Sohibqiron hayotiga bag‘ishlangan konferentsiya o‘tkazib kelganimizni eshitib, “Ha, Amir Temur bo‘yicha ancha-muncha ishlar qilindi”, deb qoldi. Bu gap meni o‘ylantirib qo‘ydi. Amir Temur haqida chindan ham ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirildi. Lekin hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlarimiz bundan ham ko‘proq. Oldimizda turgan muhim vazifalardan yana biri Amir Temur va temuriylar davri tarixini yana ham chuqurlashtirishdan iborat. Sohibqiron Amir Temur millat rahnamosi sifatida ta’rif etilayotgan ekan, tariximizning “oltin davri”ni teranroq o‘rganish kerak. Sohibqironga bag‘ishlangan tarixiy asarlar va ilmiy tadqiqotlarni xalqimiz mulkiga aylantirish, ularga xalqaro tus berish, ilmiy kuchlarni birlashtirish, shu kungacha qilinayotgan ishlarni yana ham yiriklashtirish lozim. Shunda Amir Temur haqidagi haqiqatlar  yana ham kengroq ko‘lamda jahon afkor ommasiga yetib boradi. 


Sahifani “Hurriyat” muxbiri

 Adiba UMIROVA  tayyorladi.

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.