Suzuk ota usta hunarmandlar piri

Islom dini rivoji va islom tarixshunosligida munosib o‘rin tutgan allomalarning aksariyati biz bilan siz yashab turgan ona zamin bag‘rida yashab o‘tgan. Muqaddas Islom dini arkonlarini o‘rganishga bo‘lgan talab, ushbu dinga e’tiqod qilina boshlanganidan buyon davom etib keladi. Chunonchi, Yassaviy, o‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, al Buxoriy, Imom at-Termiziy, Hakim at-Termiziy, Bahouddin Naqshband kabi zabardast tasavvuf ilmi namoyandalarining bepoyon ilmiy merosi  islom olamida katta mavqega ega. Bu ulug‘ zotlarni o‘rganish va ular mangu qo‘nim topgan qadamjolarni ko‘rishni orzu qiladiganlar dunyoning har yerida topiladi.

 

O‘zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan boshlab buyuk ajdodlarimiz merosini va qadamjolarini qayta tiklashga katta e’tibor qaratildi. Mamlakatimizda ilm-ma’rifat yo‘lini tanlab, yuksaklikka erishgan ajdodlarimiz shunchalik ko‘pki, ularni sanab oxiriga yetish qiyin. Jumladan, poytaxtimiz Toshkent ham musulmon olamida muhim ahamiyat kasb etadi. Toshkent zaminida o‘ndan ziyod aziz avliyolar, islom dini va milliy qadriyatlarimiz rahnamolari yashab o‘tgan. Ana shunday ulug‘ ajdodlarimizdan biri — Suzuk ota Mustafoqulidir. 

 

Suzuk ota Mustafoquli 1140 yilda Sayramda tug‘ilgan. Xo‘ja Ahmad Yassaviyning qizlari Gavhari Xushtoj (Xushtari)ning kenja farzandi bo‘lgan. Balog‘at yoshiga yetganida otasining yo‘llanmasi bilan Toshkentning Beshyog‘och dahasidagi Chuqur ko‘prik, Mirlar va Chaqar mahallasi oralig‘idagi joylarga kelib qolganlar. Bolalik chog‘ida bobosi u kishini erkalab “Mening suzigim (suyukligim), xush keldingiz!”, degani bois atrofdagilar ham uni shu ism bilan chaqira boshlagan. Toshkentga ko‘chib kelganidan keyin u kishi Yassaviy ta’limotini yanada mustahkam o‘rganishga kirishadi. Shu bilan birga Toshkent so‘fiylariga Yassaviya tariqatining mazmun mohiyati borasida saboq beradi. Muhtaram zot diniy ta’lim berish bilan birga hunarmandchilik sirlarini ham yaxshi bilgan. O‘z bilganlarini shogirdlariga ham o‘rgatgan. Umrining oxiriga qadar Toshkentda yuzlab shogirdlarga ilm berib, ularni hunarga, halol mehnatga boshlagan. Karomatlar sohibi, aholining dono maslahatgo‘yi, hunarmandlar ustozi, toliblarning pir-murshidi bo‘lgan Suzuk ota 1217 yili vafot etgan. Toshkentning usta hunarmandlariga juda katta ehtirom ko‘rsatgani uchun tabarruk zot yashagan hudud vafotidan so‘ng Suzuk ota nomi bilan atala boshlagan. 

U kishi dafn etilgan Maqbara Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashgan. Ta’kidlash joizki, aksariyat yurtdoshlarimizda Suzuk ota haqida yetarli ma’lumot yo‘q. Buyuk vatandoshimiz merosini o‘rganish ham haminqadar. Ammo u kishining islom dini va tasavvuf olamida tutgan o‘rni juda yuqori. Ahmad Yassaviyning nevarasi bo‘lgani uchun emas, balki islom dini rivojida munosib hissa qo‘shgani va milliy qadriyatlarimizni ulug‘lagani uchun xalq orasida shuhrat qozongan. 

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, istiqlol yillarida mamlakatimizda vijdon erkinligi, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini ta’minlash, ularning qonuniy asoslarini yaratish va rivojlantirish masalalariga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Imon-e’tiqod, mehr-oqibat, muruvvat kabi fazilatlar xalqimiz ma’naviy hayotini yuksaltirishda muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda. 

Yurtimizda barcha mo‘min va muslimalarning islom diniga e’tiqod qilishi hamda ta’lim olishi uchun barcha imkoniyatlar bor. Bu o‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun bilan mustahkamlangan. 

— Ushbu masjid va maqbara ma’naviyatimizni yanada yuksaltirishga, yurtimizda ezgulik nurini ziyoda etishga xizmat qilishi kerak.  Bu yerda hunarmandlar markazi va kutubxonasini tashkil etish lozim, —  dedi, mamlakatimiz rahbari yaqinda Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan iqsodiy-ijtimoiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish maqsadida Shayxontohur tumanida bo‘lib mazkur hududda joylashgan “Suzuk ota” maqbarasi va jome’ masjidiga tashrif buyurganlarida. 

Prezident ushbu majmuani ko‘zdan kechirarkan, poytaxt mutasaddilariga maqbara va masjidni rekonstruktsiya qilish, atrofini obodonlashtirish bo‘yicha tegishli vazifalarni berdi.

Mazkur tarixiy maskan mustaqillik yillarida qayta tiklanib, bir muncha obodonlashtirilgan. Biroq, ushbu muqaddas qadamjoni yanada obod etish, bu joyni Xastimom majmuasidan qolishmaydigan darajadagi ziyoratgohga aylantirish zarurligini alohida ta’kidlar ekan, Yurtboshimiz majmua atrofida hunarmandlar markazini tashkil etish g‘oyasini o‘rtaga tashladi. 

“Suzuk ota” mahalla fuqarolar yig‘inida ayni paytda besh mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahalla aholisining aksariyati hunarmandlik, duradgorlik, o‘ymakorlik bilan shug‘ullanadi. Ular bir necha avlod sulola vakillaridir. 

— Tarixiy manbalardan yaxshi ma’lumki, Sohibqiron Amir Temur tasavvuf ilmining yirik namoyandasi Ahmad Yassaviy mangu qo‘nim topgan makon Turkistonda maqbara qurdirgan, — deydi “Suzuk ota” jome’ masjidi imom xatibi Ayubxon So‘piev. — Qo‘shni yurt hududidagi mazkur majmua hozirgi kunda ham sayyohlarni o‘ziga jalb etib kelmoqda. Yassaviyning nevarasi Suzuk ota sharafiga ham sohibqiron bobomiz tomonidan 1363—1364 yillarda maqbara va masjid bunyod etilgan. Ushbu noyob tarixiy-me’moriy obidada 1936 yilga qadar juma namozlari o‘qilgan. Shundan keyin, to mustaqillikkacha bo‘lgan davr mobaynida mahalliy sanoat sohasidagi turli korxonalarning tsexlari ish yuritdi. Natijada, tarixiy obidaning noyob va nafis qiyofasi yo‘qolib xarobaga aylandi. Mustaqillikdan so‘ng muqaddas qadamjo binosidan korxonalar ko‘chirilib, masjidni tiklash ishlari boshlab yuborildi. 1998 yil boshida majmuaning xonaqoh qismi ta’mirlanib, masjid rasman qayta faoliyat yurita boshladi. Bundan tashqari, 2010 yilda ham mahalla fuqarolari va homiylar ko‘magida masjid hududida obodonlashtirish va rekonstruktsiya vazifalari bajarilgan. Yana shuni qo‘shimcha qilish kerakki, XX asrdan boshlab Suzuk ota mahallasi nomi bir necha marta “Bauman”, “Qahramon” va “Obod” deb o‘zgartirilgan. 1992 yildan boshlab esa mahallaga tarixiy — Suzuk ota nomi qaytarildi. Bobomiz Amir Temur tomonidan bunyod etilgan masjid va maqbaraning asosiy qismlari bugungi kungacha saqlangan. 

Albatta, o‘zining boy tarixi va ma’naviy merosini avaylab-asragan, chuqur o‘rgangan millatning poydevori mustahkam bo‘ladi. Vatan taraqqiyoti va rivoji yo‘lida olib borilayotgan islohotlarda yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashda ajdodlarimiz ruhi madadkor bo‘ladi. 

  

Jobir XO‘JAQULOV

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.