Buyuk fiqhshunos olimlar

Yosh bo‘lsa-da tajribali  kishilarday harakat qilayotgan bolani ko‘rsak, «Qonida bor-da» deymiz. Masalan, duradgorning farzandi yog‘ochni san’atga aylantiradi. Cho‘ponning bolasi hali atak-chechak odimlasa-da, tayoqni kiftida o‘ynatadi. Dehqon qo‘lidagi urug‘ bexos tuproqqa tushib ketsa ham, hosil beradi. Bobolarning  endigina olamni anglab borayotgan nabiraga yetti pushtining ismini yod oldirishi, otalarining kasb-hunarini o‘rgatishi bejiz emas. Shu ma’noda o‘ylab qaralsa, bugungi yoshlarning shu tuproqda tug‘ilib voyaga yetgan, jahon ilm-fan va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning hayoti va faoliyatini o‘rganishi ham qarz, ham farzdir.

 

 To‘liq asmi Alouddin Abu Bakr ibn Ahmad al-Kosoniy bo‘lgan ulug‘ vatandoshimiz o‘z davrida “Malik al-ulamo” deya ta’riflangan. Afsuski, bu zotning tug‘ilgan sanasi va yoshlik yillari haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Uning vafoti 1191 yilga to‘g‘ri kelishi tadqiqotchi olimlarimiz tomonidan aniqlangan. Koson – Movarounnahrdagi Shosh viloyatining orqasida, Farg‘ona vodiysi mintaqasi – Sayxun(Sirdaryo)ning shimoliy qismida joylashgan shaharlardan biri. Mana shu shaharda tug‘ilgani sababli unga Kosoniy nisbasi berilgan. 

Alouddin Kosoniy ilm talabida Buxoro shahriga kelib, Imom Alouddin Muhammad ibn Abi Ahmad as-Samarqandiyga shogird tushgan. U ustozining “Tuhvatul fuqaho” nomli asariga sharh sifatida kitob yozib, uni tuhfa qiladi. Yuksak mahorat bilan yozilgan asardan Alouddin Samarqandiy mamnun bo‘lib, yetuk olima va fiqhshunos bo‘lgan qizi Fotimani shogirdiga nikohlab bergan, degan ma’lumotlar bor. Shu sababli ham “ustozining kitobini sharhlab, qiziga uylandi”, degan gaplar o‘z davrida tildan tilga o‘tib yurgan. Oila qurilganidan so‘ng fiqh, hadis va husnixat ilmida benazir bo‘lgan  Fotima va Alouddin Kosoniy hamda ularning ustozi Alouddin Samarqandiy hammaslak bo‘lib faoliyat yuritishgan. 

Alouddin Kosoniy taxminan 1146—1148 yillarda Halab hukmdori Nuriddin az-Zangiyning huzuriga elchi qilib yuboriladi va u umrining oxiriga qadar o‘sha yerda yashaydi. Kosoniy Halabda yashagan davrda hokimiyatni Zangiylar va Ayyubiylar boshqargan bo‘lib, mamlakatda ilmiy muhit barqaror edi. Kosoniy bu yerda qisqa vaqt ichida katta shuhrat qozonadi va mahalliy faqihlarning talablari bilan Nuriddin Zangiy tomonidan qurdirilgan Halaviyya madrasasiga bosh mudarris qilib tayinlanadi. Bu ulug‘ zotdan avval madrasada ar-Roziy as-Saraxsiy bosh mudarris bo‘lib, tili biroz chuchuk bo‘lgani sababli talaffuz xatolaridan toliblarning ko‘ngillari to‘lmas edi. Kosoniyning madrasada hurmati nihoyatda ulug‘ ekanini, manbalarda ta’riflanganidek, mudarrisning yo‘qligida ham unga atab joynamoz solib qo‘yishgani va u kishi kelganidan to turib ketgunicha atrofida o‘tirishganidan anglash mumkin. Kosoniy yuksak saviyali olim, shu bilan birga o‘tkir zehnli notiq bo‘lgan. U ilmiy bahslarda turli aqidaviy oqimlarga qarshi kurash olib borgan. Mana shunday munozaralarda alloma boshqa oqimdagi hamsuhbatlarining nomaqbul qarashlarining asl mazmun-mohiyatini rad etib bo‘lmas dalillar asosida ro‘y-rost ochib tashlashi va har bir fikrga haqiqiy islom ta’limoti asosida xolis, haqqoniy javob bera olgani bilan atrofidagilarning e’tirofiga musharraf bo‘lgan. 

Shu o‘rinda Alouddin Kosoniyning turmush o‘rtog‘i hazrati Fotima haqida ham batafsilroq ma’lumot berish joiz bo‘lar. Chunki bu ayol Sharqda nomi chiqqan sanoqli olima ayollardan. U fiqh, hadis va husnixatda benazir bo‘lgan. Ushbu ziyolilar oilasi Halab shahrida umrguzaronlik qilayotganida hukmdor Nuriddin Zangiy tomonidan katta e’tibor va iltifot ko‘rsatilgan. Bu er-xotin fiqhshunoslarning aql-zakovati va ilmiga behad hurmat bilan qaragan hukmdor ayrim muhim ishlarda ular bilan maslahatlashar va turli fiqhiy masalalarda ularning fikri bilan qiziqar edi. Hanafiy fiqh namoyandalaridan biriga aylangan olima hazrati Fotima ba’zan erining sohadagi xatolarini to‘g‘rilab, kamchiliklarini ko‘rsatib bergani, Kosoniy ham uning fikrlarini qabul qilgani manbalarda qayd etilgan. 

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu oila a’zolari Movarounnahrga qaytishga jazm qilganida, Kosoniyning har qanday vaziyatda ham ojizasining ra’yini qaytarmasligini yaxshi tushungan Halab hukmdori Fotima binti Muhammad nomiga shu shaharda qolishlarini iltimos qilib noma yuboradi. Buni qarangki, maktubni olib kelgan elchi erkak kishi bo‘lgani sababli Fotima uni qabul qilmaydi. Olimaning taqvosidan hayratlangan hukmdor ikkinchi marta ayol elchi yuboradi. Hazrati Fotima hukmdorning iltimosini qabul qiladi va bu ikki buyuk alloma umrlarining oxiriga qadar shu shaharda qolishadi. 

Bu fiqhshunos olima o‘zining tilla buyumlarini sotib, ilm ahli ilmga bir oy davomida iftor berib, xayrli an’ana boshlab bergan ilk ayoldir. Hozirga qadar bu an’nana halabliklarda saqlanib qolgan. Shu shaharda vafot etgan hazrati Fotima bugungi kunda “Er-xotin qabri” nomi bilan mashhur bo‘lgan qabristonga dafn etilgan.

Manbalarda zikr qilinishicha, Kosoniy turmush o‘rtog‘ini juda yaxshi ko‘rgan va hurmat qilgan. Fotimaning vafotidan so‘ng u to so‘nggi kuniga qadar haftaning har juma kuni uning qabrini ziyorat qilgan. Ulug‘ fiqhshunos olim 587 hijriy rajab oyining o‘ninchi kuni (1191 yil 3 avgust) vafot etgan. Uning qabri rafiqasining yonidadir. Bugungi kunda bu yer ziyoratgohga aylantirilgan va bu muborak maskanda qilingan yaxshi duolar, albatta, ijobat bo‘lishiga odamlar ishonishadi. 

Alouddin Kosoniy va Fotima binti Muhammaddan Mahmud ismli farzand qolgan. Ayyubiylar hukmdori Sulton az-Zoir o‘oziy uni o‘z qaramog‘iga olib, voyaga yetkazgan.  

“Kosoniyning eng e’tiborli asari, albatta, islom fiqhiga oid. Qolaversa, olimning islom ilohiyotiga oid “As-Sultonul mubin fi usul ad-din” va “Al kitob al-jalil” nomli asarlari borligi ham aytiladi, — deydi tarix fanlari nomzodi, dotsent Muzaffar Komilov. — Turli manbalarda allomaning qalamiga mansub bo‘lgan ko‘plab asarlarning nomlari keltirilgan bo‘lsa-da, ular bizgacha yetib kelmagan”.

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, biz bu ikki ulug‘ ajdodimizning hayoti va ijodi, faoliyatini yanada chuqurroq tadqiq etishga astoydil jazm qilganimizcha yo‘q. Ajab emaski, kelgusida yosh tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlari sabab Alouddin Kosoniy va Fotima binti Muhammad haqida to‘liq ma’lumotlarga ega bo‘lsak.

 

Sitora TOJIDDINOVA,

“Hurriyat” muxbiri

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Qiz bola — elning yuzi

2017-08-02 11:11:46

SHARAFLI UMR BEKATLARI Asil RASHIDOV ...

2017-08-16 13:28:25

Dunyo darakchilar nigohida

2017-08-16 13:24:37

Tabarruk qadamjolar

2017-08-02 11:17:38

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.