MINTAQA BOZORIDAGI FAOLLIK

Tojikistonning Xo‘jand shahrida 6-7 iyul kunlari o‘tkazilgan “Sug‘d — 2018” xalqaro savdo ko‘rgazmasida mamlakatimizning qator viloyatlaridan sanoat korxonalari o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan faol ishtirok etib, olti million dollardan ortiq yetmishdan ziyod shartnoma imzoladi. Bu bilan kompaniyalarimiz ko‘rgazmada ishtirok etgan boshqa davlatlar, jumladan Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston vakillari orasida birinchilikni qo‘lga kiritdilar.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha harakatlar strategiyasida eksport faoliyatini liberallashtirish va soddalashtirish, eksport tarkibini va geografiyasini diversifikatsiya qilish, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini kengaytirish va safarbar etishga alohida e’tibor qaratilgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil 9-10 mart kunlari Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalarni rivojlantirish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishilgan edi.
Ayni paytda mazkur kelishuvlarni amalga oshirish, o‘zaro savdo aylanmasini yanada ko‘paytirish, uning an’anaviy tarkibini diversifikatsiya qilish borasida salmoqli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Buni Ho‘jand markazida joylashgan Sug‘d sport saroyida o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston vakillari ochgan pavilonlarda yaqqol ko‘rish mumkin edi.
– Shu yilning aprel oyida Samarqand va Sug‘d viloyatlari tadbirkorlari ishtirokida Samarqand shahrida o‘tkazilgan biznes forum ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi, — deydi Sug‘d viloyat hokimligi Axborot-tahlil boshqarmasi boshlig‘i M.Yunusov. – Amalda boshlangan ana shunday yaqin iqtisodiy-tijoriy munosabatlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston hududlaridagi ishlab chiqaruvchilar bu gal Ho‘jandga tashrif buyurishdi.
– Bir yil oldin ushbu ko‘rgazmada O‘zbekistondan 32 kompaniya asosan xomashyo mahsulotlarini namoyish etgan edi, — deydi  Toshkent viloyati Savdo sanoat palatasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari D.Mengliev. – Bu safar respublikamizning qator hududlaridan, xususan, Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Samarqand va Xorazm viloyatlaridan kelgan qirqdan ortiq korxona  yuqori sifatli, raqobatbardosh sanoat mahsulotlari va xizmatlarini taklif etdi. Bu mamlakatimizda sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasi gurkirab rivojlanayotgani, eksport salohiyatimiz tobora oshayotganining amaldagi ifodasidir. 
O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar xalqaro ko‘rgazmadagi ishtiroki to‘g‘risida “Hurriyat” gazetasi muxbiriga quyidagilarni gapirib berdilar.
— Biz tashqi bozorlar uchun xaridorgir qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarayapmiz, — deydi “Uzpolitex holding” kompaniyasining tijorat direktori B.Voisov. — Ular ekologik toza va yuqori sifati bilan ajralib turadi. Ko‘rgazmada mintaqa firmalaridan tashqari Polsha, Serbiya, Belarus, Xitoy, Malayzii va Yaponiyadan kelgan ishbilarmonlar bilan ham o‘zaro hamkorlik istiqbollari haqida bevosita muzokaralar olib bordik.
“Original Colormix” kompaniyasi direktori R.Yusupov: —  Biz mintaqa bozoriga lok-bo‘yoq va qurilish-pardozlash mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallashga harakat qilayapmiz. Ishonch bilan aytamanki, “Sug‘d—2018” biz uchun omadli bo‘ldi.
Yuqori texnologiyalarga asoslangan O‘zbekiston kompaniyalaridan yana biri “Standart IT-Sektor” xavfsizlik va qo‘riqlash tizimlari texnikasi, turniketlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. – Yo‘nalishimiz va taklif etayotgan mahsulotlarimiz mintaqa bozori uchun yangilik hisoblanadi, — deydi kompaniya bo‘lim boshlig‘i M.Safrankina. – Robotlashtirilgan turniketlarimiz nafaqat ta’lim muassasalari, balki davlat idoralari va ishlab chiqarish ob’ektlarida ham yaxshi samara bermoqda. Qo‘shni davlatlar, xususan Qozog‘iston bilan yaqin hamkorlik aloqalariga egamiz. Ushbu ko‘rgazma natijasida, Tojikistonda ham o‘z hamkorlarimizni topdik.
“Sug‘d—2018” xalqaro savdo yarmarkasi doirasida qator biznes forumlar, taqdimotlar bo‘lib o‘tdi. Jumladan Farg‘ona va So‘g‘d viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga bag‘ishlangan iqtisodiy anjuman ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Beruniy ALIMOV
Toshkent — Xo‘jand — Toshkent.