“Har bir qo‘shig‘ingda Vatan yaralsin!”

Bu nolalar olis Bobotog‘ning azim daralari bag‘rida dunyoga poklik tilab, jildirab oqib yotgan Oybuloqning ta’rifi. Bu qo‘shiq tarala boshlaganda, ko‘z oldimda beadoq kenglikda qaynab yotgan buloq paydo bo‘lib, undan tulpor sug‘orayotgan bo‘z yigit, kadisiga suv to‘ldirib o‘tayotgan bo‘y qizlarning ajib davrasiga kirib qolgandek bir his kechadi ko‘nglimdan. Xayolimda Oybuloq ham mavjudotdek jonlanadi. Uning necha ming yillardan beri qo‘shiqday qiqirlab o‘ynab chiqishi ko‘ngilga ona tuproq mehrini joylaydi. Darhaqiqat, bu qo‘shiq Vatan haqida, yurtning betakror jamoli haqida. Bu buloqdan suv ichgan hofizning qadrdon sadolari chanqagan ko‘ngillarga suv ulashadi, qo‘shiqni sog‘ingan dillarga bahor yomg‘iriday pok tuyg‘ularni tortiq qiladi:

Kelib sening bo‘yingda,
Akam otin sug‘organ.
Kelib sening bo‘yingda
Onam sendan suv olg‘an.
Aylanayin-ey, Oybuloq,
O‘rgulay, ko‘zim buloq...

O‘zbekiston xalq artisti Mahmud Namozovning rang-barang ijodiy mulkida bunday navolar bisyor. Bu kabi sof o‘zbekona ohanglarni uning yuragiga solgan hayratning qudrati cheksiz. Mahmud Namozov ana shu qudratni ko‘ngildan kechirib yashaydi, shu kechinmalar qurshovida ijod qiladi. “Alpomish”ni yaratgan xalq aytimlarini xirgoyi qilib ulg‘aygan hofiz bilan suhbatimiz ham Vatan haqida, vatandoshlarimiz va ular qalbidagi haqiqiy san’atga bo‘lgan sog‘inch haqidadir.
— Mahmud aka, suhbatni san’atkorlarga beriladigan odatiy savollardan farqliroq tarzda boshlasam... Xabaringiz bor, 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi dasturi qabul qilingan. Bu dastur asosida butun mamlakat miqyosida ulkan islohotlar bormoqda. Shu yurtning bir san’atkori, el nazaridagi inson sifatida ushbu dastur xususida fikrlaringizni bilmoqchi edim.
— Baliq suv bilan tirik, degan gap bor. Insonning taqdiri ham o‘zi mansub xalq, vatan taqdiriga bog‘liq. O‘zing yashab turgan jamiyatning a’zosi, yana tag‘in san’atkori, ziyolisi bo‘lganingdan keyin atrofingda kechlayotgan voqealarga munosabating, aytar so‘zing bo‘lishi kerak-da. 2016 yil oxirida o‘tgan Prezident saylovidan bugungi kungacha yurtimizda kechayotgan o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib boraman. Ochig‘i, ushbu dastur qabul qilingan paytdayoq bir fuqaro sifatida xalqimiz, yurtimiz taqdirida muhim burilish bo‘layotganidan quvongan edim.
“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan so‘zlarning amalga oshayotganligi odamlarni chinakam qaynoq turmushga chorladi. Bir so‘z bilan aytganda, hayotimizga ruh kirdi, mazmun kirdi.
Dasturda ko‘zda tutilgan xavfsizlik, millatlararo totuvlik masalalariga tegishli qismini oling. Men yaqinda qo‘shni Tojikistonda xizmat safarida bo‘ldim. Dini, urf-odati, hatto suv ichadigan daryosi bir bo‘lgan ikki xalqning o‘rtasida ko‘pdan beri kutilgan diydorlashuvga guvoh bo‘ldim. Juda quvondim. Bunday ahillik, bordi-keldilarning san’at rivojida ham o‘rni beqiyos. Qo‘shni yurtdagi muxlislar bilan aka-ukadek suhbatlashdik. Harakatlar strategiyasidagi maqsadlarning amaliy ifodasi shu emasmi!
Prezidentimiz ikki gapning birida odamlar ishonchini oqlash haqida kuyunib gapiradi. Xalq bilan muloqot, degan tushuncha hayotimizga shunchaki kirib kelmadi, balki amaliy mazmun kasb etdi. Qanchadan-qancha muammolar bor ekan, qanchalar ehtiyojmand, muhtoj kishilar bor ekan. Har birimiz xalqning ishonchini oqlash degan so‘zlar ma’nosini qaytadan kashf etayapmiz. Muhimi, bu ishonch amalga oshayotgan ishlar bilan hamohang kechayotir. Shu vaqt mobaynida yana bir haqiqatni ham angladim. Hayotdan uzilib qolgan ijodkorning ijodidan ham putur ketar ekan. Ijod ahli bir narsani chuqur tushunib olsinki, ko‘zbo‘yamachilik qilishning, soxta “ijod” bilan xalqni aldashning iloji yo‘q. O‘zbek san’ati ham taraqqiyot tezligiga moslashishi kerak, degan tashvishlar chekaman. Bu esa biz — san’atkorlarga bog‘liq.
— Ijodkorning san’atga kirib kelishi va voyaga yetishi jarayonini qanday tasavvur etasiz? Yosh iste’dodlarga tavsiyalaringiz qanday?
— Qo‘shiq aytmoq ham Xudoning marhamati. Ko‘kayi kuyib, barmoqlari do‘mbira torlariga yetgan baxshini yaxshi tushunaman. Shu topda aytmasa, kuylamasa bo‘lmaydi. Ko‘ngilni boricha kuylashdek ilohiy imkon berilgan san’atkor ham qay ma’noda baxtiyordir. Bilasizmi, ana shu baxtni voyaga yetkazish kerak. Uni avaylab, asrab namoyon etish zarur. Bu esa, ko‘p qiyin ish...
Shu o‘rinda Prezidentimizning 2017 yil 3 avgustda O‘zbekiston ijodkor ziyolilari bilan o‘tkazgan uchrashuvida aytgan gaplari yodga tushadi: “Bizning xalqimiz – san’atsevar xalq, o‘zi sevgan, yoqtirgan ijrochilarni nafaqat televizor yoki sahnada, balki o‘zining yaxshi kunlarida, to‘y-hashamlarida ham ko‘rgisi keladi. Buni hammamiz to‘g‘ri tushunamiz. Ming afsuski, bugungi estrada xonandalarining aksariyati hali Yangiyo‘lga, hali Shovotga, hali Yangiqo‘rg‘onga, hali Chiroqchiga to‘yga qatnash bilan ovora. Boshqa biron masala bilan ishi yo‘q.
Albatta, san’atkorda ham oila, bola-chaqa bor, ularning ham hayotiy ehtiyojlari bor. Buniyam to‘g‘ri tushunamiz. Lekin ijodni pulga, mol-dunyoga almashtirgan odamdan san’at shafqatsiz o‘ch oladi. Oxir-oqibatda har qanday yorqin iste’dod ham so‘nib, el-yurt nazaridan qoladi”.
Bu so‘zlarda bir olam ma’no bor, katta umid va maqsad bor. Chunki qo‘shiq ham xuddi adabiyot singari xalq, millat darajasini, ma’naviy qiyofasini belgilaydi. “Yorim ketdi oshga, yoshim oqdi toshga” degan yallama-yorimdan hech kimga naf yo‘q. Aksincha, faqatgina ziyoni tegadi. Bu singari siyqa ohanglar millat san’atining obro‘sini tushiradi. Qo‘shiqchilik san’ati maqom yo‘llarida bo‘ladimi, zamonaviy estradami, folklor uslubimi baribir — ma’naviyatga, xalq intellektining yuksalishiga xizmat qilishi shart! Axir, xalqning qo‘shig‘i — uning qiyofasi-ku! O‘zini hurmat qilgan xalq esa yomon qo‘shiq tinglamaydi. Va albatta kuylamaydi ham.
Xo‘sh, bu ulug‘ niyat ijobati uchun nima qilish kerak? Avvalo, biz, san’atkorlar savod, kitobxonlik masalasi bilan jiddiy shug‘ullanishimiz zarur. Bu shunchaki balandparvoz gap emas, balki oldimizda turgan eng katta muammo. Axir, qaysi davrda yetuk san’atkor yetishib chiqqan bo‘lsa, barchasi juda katta bilim egasi, juda ilg‘or ziyoli bo‘lgan.
Qo‘liga soz ushlab, to‘rt-besh kishining davrasiga san’atkorman deb chiqayotgan har bir mardum avvalo, o‘zini oynaga solib ko‘rsa yaxshi bo‘lardi. Taxminan quyidagi savollarni o‘ziga berib ko‘rsa nur ustiga nur bo‘lardi: Men kimman aslida? Komiljon Otaniyozov, Tavakkal Qodirov, Olmaxon Hayitova kuylagan sahnaga munosibmanmi? Shu ulug‘ san’atkorlarni olqishlagan, ularga mehrini bergan xalq meni qanday kutib oladi?
Albatta, bu ta’kidlar tabiat ovoz va musiqiy did bilan siylagan iste’dodli yoshlarga taalluqli. Qizig‘i, (balki achinarlisi!) qo‘shiqchilikka sira aloqasi bo‘lmagan, na ovoz, na soz sehriga daxli yo‘q kimsalar ham ikki-uchta siyqa narsani aytib-aytmay “men san’atga kirib kelganimda...” deya gap boshlashi ham yolg‘on emas-ku! Bu hol barchamizni, ranjitadi, o‘ylantiradi. To‘g‘ri tushuning, bu gaplarimda ichqoralik yo‘q. Men hamisha iste’dodli yoshlarni ko‘rganimda quvonaman. Ularga biror amaliy ko‘mak bergim, qo‘llagim keladi. Yuqoridagidek ayanchli hollarda esa o‘zim san’at ahliga daxldor bo‘lganim uchun ham juda ezilaman. Axir, xalq mehri degani, to‘y-tomoshalarda to‘rt-besh chaqa pul uchun qiyshanglash degani emas, balki juda muqaddas tushuncha. Shuning uchun ijodda shaxsiyat juda muhim. Odamlar har bir aytadigan so‘zing, o‘zingni tuta bilishing, hatto ust-boshingga qarab baho beradilar. Yoshlar esa ulgu oladi.
— Yaqinda bir taksiga chiqdim. Mashina biroz yurgach haydovchi yo‘l chetida qo‘l ko‘tarayotgan bir o‘rta yoshli kishini ham mindirib oldi. Radioda erkak-ayolligi noma’lum birov qo‘shiq kuylardi. Bundan ensasi qotgan amaki haydovchiga, “bolam, shuni eshitganlaring uchun silarga qo‘shimcha maosh berishadimi?”, deb so‘radi. Haydovchi radio ovozini pasaytirdi: “nima qilaylik, amaki, radioning berayotgani shu bo‘lsa” dedi hijolat chekib. Bunga nima deysiz?
— Izohga hojat yo‘q menimcha...
Ammo...
To‘g‘risi, tayyor musiqani sotib olib, shunga mos so‘zlarni yozib bering, deydigan va shu ishni qilayotganlarni ko‘rsam, xafa bo‘lib ketaman. Bu san’at emas. Bu — ko‘zbo‘yamachilik. San’atga, xalq ishonchiga xiyonat!
Asl qo‘shiq yurakda yetiladi! Qo‘shiqni uning ohanglari bilan uyg‘un va uyqash bo‘lgan she’rlar olib keladi. She’riy kitob sahifasida turgan matn qo‘shiqchining yuragida chin ilhom bilan o‘z-o‘zidan kuyga tusha boshlamasa bu bekor! “She’r” degan so‘zni “sher” deb o‘qiydigan vallomatlarga esa bu gaplarni aytishdan menimcha foyda yo‘q. Bu gapni avvalo sohaga mutasaddi kishilar aytsa yanada foydali bo‘lar edi.
Soxta so‘z va yurakdan chiqmagan navo yurakka yetib bormaydi. Xalq va vaqt degan oliy hakamlar albatta, o‘zining odil bahosini beradi. Afsuski, hali o‘zini tanimagan, asl qo‘shiqdan soxtasini ajratolmaydigan yoshlarni bunday almoyi-aljoyi aljirashlar chalg‘itib qo‘yadi. Bu holatga esa shunchaki, iching achimay qaray olmaysan.
Istaymizmi-yo‘qmi, bugungi kunda she’rni bir kishi o‘qiyotgan bo‘lsa, qo‘shiqni yuzlab kishilar tinglayapti. Tabiiyki, shunga yarasha ta’siri ham kuchli. Shunday ekan, xalqning bu qaynoq mehru muhabbatini oqlash zarur! Mashhurlik yaxshi, mashhurlik san’atkor uchun zarurat, ehtiyoj. Ammo unga mubtalo bo‘lish yomon. Uni suiste’mol qilish fojia. Nega dersiz? Millatning didini o‘tmaslashtirib, uni har baloni beparvo tinglaydigan darajaga tushirib qo‘yish ijtimoiy hayotda ham katta o‘pirilishlarga olib keladi.
Shularni o‘ylab turib, yosh, go‘zal ovoz bilan safimizga kirib kelayotgan, ammo na musiqa, na adabiyot ilmidan mutlaqo bexabar iste’dodlarga qarata joningni koyitib o‘z ustingda ishla, o‘z darajangni bil. Kitobga, she’riyatga oshno bo‘l. Qolgani o‘z-o‘zicha amalga oshaveradi, deb aytgim keladi.
Bu gaplarim bilan yoshlarimizni kamsitmoqchi emasman. Yoshlikning o‘zi zo‘r, avji baland qo‘shiqdir. Ularning xatolari ham o‘ziga xos. Aynan ism-sharifini aytmasam-da, yoshlarning ichida ovozini topganu, musiqasini topmagan, ikkisini ham topsa, qo‘shiqning so‘zini topib ulgurmaganlari bor. Bu kamchiliklar menimcha vaqtinchalik. Bularsiz yoshlarning kattalardan farqi qoladimi?
— Iste’dod kamolotida hal qiluvchi omil mehnat yoki iste’dod degan tushunchalar mavjud. Siz bunga qanday qaraysiz?
— Xalqimizda “Mehnat ikki ko‘zdan issiq” degan ajoyib naql bor. Inson uchun eng aziz bo‘lgan ko‘zdan ham taftliroq, issiqroq narsa mehnat. Mehnatni bekorga insonning ikkinchi onasi, insonni ulug‘lovchi yagona omil, deb qaralmaydi-da.
Ijodiy safarlarimiz chog‘ida bir o‘rta yoshli kishini oldimga boshlab kelishdi. Qo‘shiq aytarkan, Kasbi oddiy quruvchi, ishchi. Shu odamni bir eshitib ko‘rsangiz deyishdi. Ishonasizmi, ro‘paramdagi qoramag‘iz ozg‘in odam Ma’murjon To‘xtasinov kuylagan Bobur g‘azaliga bastalangan qo‘shiqni shunday zo‘r avj bilan kuylay boshladiki, bu ovozni rahmatli hofizning o‘zi eshitganida ham qoyil qolardi. Ammo qo‘shiq yarimlagan chog‘da haligi kishini yo‘tal tutdi. So‘ngra ovoz pasayib ketdi. Buni o‘zi ham vaqtida ilg‘adi, chog‘i aytishni bas qildi.
“Aka, Toshkentga ketasizmi, ijodni davom ettirasizmi?” degan savolimga o‘sha odam iymanibgina javob berdi: “Endi bu gaplarni aytmang, hofiz. Namoz ham vaqtida farz, deyishgan-ku. Biz vaqtni boy berib bo‘lganmiz...”
Bu odamning gap-so‘zlarida, yuz-ko‘zida katta bir mungni ko‘rdim. Ha, u o‘zi juda yaxshi biladi: o‘zida qo‘shiqchilik iste’dodini ham, vaqtning o‘tganini ham...
— Qo‘shiqlaringizning yaralish jarayoni qanday kechadi?
— Bolaligimdan dostonu ertaklarga, she’riyatga yaqin bo‘lib o‘sdim. Qo‘shiqning asosini ruhimda aylanayotgan musiqiy ohanglarda qanchalik ko‘rolsam, she’rda ham undan kam ko‘rmayman. Yaxshi she’rni yomonidan ajratolmagan kishi ichida dovulday aylanayotgan musiqani ham tinglay olmaydi. Qo‘shiqning jonini avvalo she’riy kitoblardan topaman. Ammo yaxshi kuy ham, she’r ham hali qo‘shiq emas. Uni yaratish mutlaqo boshqa. She’r ham bir asar, musiqa ham mustaqil asar. Qo‘shiq esa bu ikki noyob manbalarning uyg‘unlashuvidan paydo bo‘ladigan alohida bir asardir. Buni farqlash zarur. Gohida bitta qo‘shiqning yozilishi uchun yillar o‘tadi, ayrimlari bir necha kunda ham tayyor bo‘lishi mumkin. Tag‘in ilhom degan mo‘’jiza ham bor. Ana shu eng muhimi! Usiz hammasi zoe ketadi. Ammo qachon kelarkin, deb ilhomini kutish yaramaydi. Chunki asl ijodkor o‘z ilhomini jilovlay oladi.
— Bugungi kunda sizni eng ko‘p bezovta qilayotgan muammo nima?
— Bugun O‘zbekistonda risoladagiday yashash uchun hamma sharoit bor. Paydo bo‘lgan to‘siqlar ham basma-bas olib tashlanmoqda. Buni davlatimiz odil siyosat yo‘li bilan amalga oshirmoqda. Shunday vaziyatda meni ma’naviyatimizdagi evrilishlar ko‘proq bezovta qiladi. Bu o‘zgarish ayrim kishilarning nazari ochligi. Yo‘l chetida yotgan bitta g‘ishtni ham uyiga qarab tortishi... Biz aslida qanday xalqmiz, kimning avlodlarimiz? Ota-bobolarimiz qanday saxovatli, avval xalqni o‘ylab, so‘ng ortsagina o‘zini ham o‘ylaydigan kishilar emasmidi?
Nazari och, faqat o‘zini o‘ylaydigan odamga nimani ishonib bo‘ladi? Unga yurt mehri, tuyg‘usi begona. Va bunday odamda g‘urur ham bo‘lishi mushkul. Biz kelajak avlodni o‘z qo‘shiqlarimiz bilan ruhlantirib, halol, mag‘rur insonlar etib tarbiyalashimiz lozim. Bu juda katta vazifa!
— Qo‘shiqchilik iste’dodi ham suyak suradimi? Avloddan avlodga o‘tadimi?
— Ota-bobolarimda qo‘shiqchi o‘tmagan. Ammo bu narsa suyak surib, avloddan-avlodga o‘tmasa ham bir haqiqatni bilaman. Iste’dod pokiza joyda paydo bo‘ladi. Pokiza joydagina, pok tilaklardan keyingina maydonga chiqadi.
Shuning uchun ham ota-onamdan juda minnatdorman. Ular meni hamisha qo‘llab-quvvatlashgan. Ehtimol ular menda san’atning bir uchqunini ilg‘agandirlar.
Ota-ona oldidagi qarz bilan Vatan oldidagi qarz — bir! Ikkalasi ham muqaddas. Xalqimiz belni besh joyidan bog‘lab, g‘ayrat qil, deydi. Bu ibora qalbida Vatan tuyg‘usi lovullab turgan har bir kishiga tegishli. Qani endi, hammaning yuragi Vatan deb ursa! Hofizning har bir qo‘shig‘ida Vatan yaralsa!

Shodmonqul SALOM
 suhbatlashdi.